Bir necha kun ichida yangi Turkman birodarlarim bilan qalin do’stlashib, bemalol uylariga ham bordi-keldi qila boshladim. Ust-boshimni o’zgartirib, turkmancha liboslar kiyib oldim
Download 9.34 Kb.
|
Asiralar
Asiralar Bir necha kun ichida yangi Turkman birodarlarim bilan qalin do’stlashib, bemalol uylariga ham bordi-keldi qila boshladim. Ust-boshimni o’zgartirib, turkmancha liboslar kiyib oldim. Dehqonchilikdan tashqari shahardagi ishlariga ham ko’maklasha boshladim. Shu yo’l bilan shahar bilan aloqa o’rnatib, qori Ma’sud tushuntirib bergan manzillarni topdim. Ular vositasida bergan omonatlarimni ham qo’lga kiritdim. Daraxtlarning bargi ham sekin-asta to’kilib, tutning ustidagi qarorgohim ham ko’zga tashlanib qoldi. Yahudiy boshliqlardan bir muncha ish haqi oldim. Ko’proq qismini tanish dehqonlarga hadya etdim. Bundan ular yanada mamnun bo’lishdi, oramizdagi mehr-muhabbat ziyoda bo’la boshladi. Ular menga “Imom Karki” mozori atrofidagi hujralardan birini olib berib, qo’limga bir “sertifikat” berdilar. Unda: “Bu shaxs mohir dehqon va “o’zbektur”ning dehqonchilik ishlari bo’yicha noziridir”, - degan mazmundagi so’zlar yozilgan edi. Bu “sertifikat” menga juda qo’l kelib, shaharda bemalol yura olganimdan ko’pincha peshinni shaharda o’qib qaytardim. Kunlarning birida shahardan sakkiz dona Turkman noni sotib olib, boshimga qo’yib, “Imom Karki’ning mozorlari tomon yo’l oldim. Biroq beixtiyor katta, to’g’ri yo’l qolib, boshqa bir ko’chaga qarab yurib ketibman. Ancha yurganimdan so’ng xatarli bir ko’chaga kirib qolganimni payqadim. Har dam bitta-ikkita qizil askarga yo’liqa boshladim. Orqamga qaytib ketmoqchi bo’lardim-u, lekin qandaydir kuch meni oldinga qarab tortib ketmoqda edi. Shahardan juda olislab ketgandim. Yo’lning so’l tomonida katta bir viqorli qal’a ko’rinib turardi. Atrofida qizil askarlar ko’pligi uchun o’zimni o’ng tomondagi keng maydonga burdim. Bu yerni “shahar hokimiyati” deb nomlar ekanlar. Ikki yuz-uch yuz qadamcha yurgan ham edimki, qarshimdan chang-to’zon ko’tarilib kela boshladi. Hayolimga biror tijorat karvoni kelyapti, degan fikr keldi. Karvon yaqinlashganda o’zimni yo’qotib, hayratdan yoqamni ushlab qolgan edim. Bu tijorat karvoni emas… balki minglarcha yosh-yalang asira qiz-juvonlar karvoni edi! Bu nozik-nihol asiralar change g’ubor ichra har qanday toshyurakni eritadigan holatda sudralib kelishardi. Quyosh ko’rmagan oppoq yuzlar change g’uborga belanib, nomahramning hatto nigohi ham tushmagan ko’ylaklar tilka-pora bo’lgan edi… Ko’rinishlaridan o’ziga to’q, sharofatli xonadonlarning qadr-qiymatli hamda sevimli farzandlariga o’xshardilar. Har birining qo’lida bittadan belkurak, oyoqlarida esa choriq etik… Ellikka yaqin askar ularni qo’y-echkilar suruvidek haydab kelardi. Asiralar meni ko’rib, atrofimni o’rab olishdi. Boshimdagi nonlarni ko’rib: -Nonvoymisiz? – dedi, ulardan biri o’zbek shevasida. -Yo’q, lekin olishlaringiz mumkin – deya, nonni taqsimlashga tushdim. Keyin ulardan o’zlarini tanitishlarini so’radim. - Biz – dedi, ulardan biri, - Samarqand, Buxoro, Qarshi, Xo’jand, Toshkent, Qo’qon, Andijon, Namangan singari turli viloyatlarning aziz farzandlari edik. Bizlarning aybimiz otalarimiz, akalarimiz yoki umr yo’ldoshlarimizning din ulamolari ekani yoki ishbilarmonligi, uddaburon savdogarligi, millat rahbari yoxud izzat-obro’li kishilardan ekanidir. Ularning dinu millat hamda Vatan himoyasi uchun qilgan harakatlari “jinoyat”, “zolimlik” deb atalib, qattiq qoralandi, butun oila a’zolari bilan turli yerlarga badarg’a qilindilar. Hozir ularni sovuq joylarga surgun qilishgan yoki o’ldirib yuborishgan. Bizlarni esa bu yerda cho’ri kab ishlatishyapti. Kunduzi olti soat, kechasi to’rt soat turli yumushlarga majburlashadi… - dedi iztirob bilan. - Hozir qayerdan kelyapsizlar? - Ekinzordan… Javobini tugatmagan edi hamki, qizil askar yetib keldi. Uning ko’rinishi vajohatli tusda bo’lib, juda badbashara edi. Dag’dag’a bilan: “Sen kimsan?” dedi o’ris tilida. Nima deyishimni bilmay turganimda, qizlar jonimga oro kirdi: - Bu kishi nonvoy ekan, biz uning nonlarini yeb qo’ydik, endi bizdan haqqini so’rayapti, - deyishdi. Bu himoyasiz mazlumalarning ayanchli va achchiq hikoyalaridan yuragim to’lib, zo’rg’a turgan edim. Ikkinchi askarning ham “To’g’ri so’zlayaptimi?” deb urgan do’q-po’pisasidan keyin qalbimdagi iztirob yig’i bo’lib otilib chiqib ketdi. Meni, bechora nonvoy nonlari uchun alamdan yig’layapti, deb o’ylab, indamay qoldi. Bu orada qolgan asiralar ham yetib kelishdi. Nazoratchilarning kattasi nonlarning haqqini undirib olishim uchun bir xat yozib berib: - Ertaga kelib shu yerdan haqqingni olib ket, - dedi. Tanishtirish yodimdan ko’tarilibdi, bu yer asiralar yashaydigan qamoqxona edi. Ular ichkariga kirayotib, birma-bir nomlarini aytib, qayta-qayta ro’yxatdan o’tar edilar. Qizlar hushyor ekan. Menga o’zlarini tanishtirib qo’yish uchun o’zining va otasining ismini baland ovozda aytib kira boshladilar. Ularning bir nechtaginasini yodlab qoldim, xolos. - “Botirboy qizi Hadija, Andijondan”, “Andijonlik Turdi domla qizi Tursunoy”, “Ismoiljon qori domla qizi Zubayda, Namangandan”. To’rtinchisi endi og’iz juftlagan edi, nozir baqirdi: - Faqat ismingni ayt! – So’ng menga g’azab bilan tikilib: “Bu yerda nimaga qaqqayib turibsan, yo’qol bu yerdan!” – dedi. Dardimga yana bir ulkan dard qo’shilib, bu yerdan jo’nat ketdim… Download 9.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling