UCHINCHI BOB
Jelsomino biroz yo’l yurdi
Va g'alati mushukni ko'rdi.
Bu notanish mamlakatda Jelsominoning ko'zi birinchi marta
kumush tangaga tushdi. U yo'lkaga yaqin yerda, hammaga
ko'rinib, yarqirab yotardi. "Qiziq, uni hech kim olmayapti-ya, —
deb o'yladi Jelsomino. — Lekin mendan qochib qutulolmaydi.
Pulim ozgina edi, u ham kecha kechqurun tamom bo'ldi. Bugun
og'zimga uvoq ham solganim yo'q. Bu tangani o'tkinchilarning
birontasi tushirib qo'ymaganmikin, avval shuni bilvolay".
U o'zaro shivirlashib, uni kuzatib turgan bir to'da kishilarning
yoniga bordi-da, tangani ko'rsatdi.
— Janoblar, bu tangani birontangiz tushirib qo'yganingiz
yo'qmi? — pichirlab so'radi u, o'z ovozi bilan cho'chitib
yubormaslik uchun.
— Jo'nab qol! — deyishdi ular. — Agar boshimga falokat
tushmasin desang, bu tangani ko'rsata ko'rma!
— Kechirasiz, — Jelsomino xijolatdan shunday dedi-yu,
"Oziq-ovqat va boshqa mollar" deb yozib qo'yilgan magazin
tomon yo'l oldi.
Vitrinada yaxna go'sht va murabbo solingan bankalar o'rnida
dasta-dasta daftarlar, turli bo'yoqlar solingan qutichalar, siyoh
to'la shishalar turardi.
Janni Rodari. Jelsomino yolg‘onchilar mamlakatida
Do'stlaringiz bilan baham: |