2.1. Kimyoviy bog’lanishlar. kovalent bog’lanishning to’yinuvchanligi va yo’naluvchanlgi - Kimyoviy bog’lanish deganda, biz atomlararo ta’sir etuvchi va ularni birgalikda ushlab turuvchi kuchlarni tushunamiz.
- Atomlarning o’zaro ta'siri natijasida kimyoviy bog’lanish vujudga kelib, barqaror ko’p atomli sistemalar, molekulyar ion, kristallar hosil bo’lishi mumkin. Kimyoviy bog’lanish qanchalik mustahkam bo’lsa, uni uzish uchun shunchalik ko’p energiya sarf bo’ladi. Kimyoviy bog’lanish hosil bo’lishda hamma vaqt o’zaro ta'sir etuvchi elektron va yadrodan iborat sistemaning potentsial energiyasi kamayadi, ya'ni energiya ajralib chiqadi. Shu sababli hosil bo’ladigan molekulalar, kristallarning potentsial energiyasi dastlabki erkin atomlarning energiyasi yig’indisidan doimo kichik bo’ladi. Demak, bog’lanish ta'sir etuvchi atomlar sistemasining potentsial energiyasining kamayishi natijasida hosil bo’ladi.
- Kimyoviy bog’lanish molekula yoki kristall hosil bo’lishida ishtirok etuvchi elektronlar va atom yadrolarining elektr maydonlarining o’zaro ta'siri natijasida vujudga keladi. Bu o’zaro ta'sirning xarakteri atom tuzilishi va elektronning korpuskulyar-to’lqin xossalari asosida aniqlandi. Atom tuzilishining asosiy momentlari ma'lum bo’lgandan keyingina kimyoviy bog’lanish nazariyasini yaratish imkoni tug’ildi.
- Ionlanish energiyasini elektr maydonida tezlashtirilgan elektronlar yordamida atomlarni bombardimon qilish yordamida aniqlash mumkin. Atomlarni ionlash uchun yetarli darajada elektronlarni tezlatish uchun ketadigan maydonlarning kuchlanishi ayni element atomining ionlanish potentsiali deb ataladi Ionlanish potentsiali qanchalik kichik bo’lsa, ya'ni atomdan elektronni ajratib olish qanchalik oson bo’lsa, elementning metallik xossasi shunchalik kuchli ifodalangan bo’ladi. Atomlar faqat elektron beribgina qolmay, elektronlarni biriktirib olishi ham mumkin. Atomga elektron birikishi natijasida ajralib chiqadigan energiya atomning elektronga moyilligi deb ataladi. Elektronga moyillik ionlanish energiyasi kabi volt (V) lar yoki elektronvolt (eV) larda o’lchanadi.
- Elektron nazariya asosida atomlararo ikki xil bog’lanish mavjudligi aniqlandi. Birinchi xil bog’lanishda molekula zaryadlanmagan zarrachalardan iborat bo’ladi. Bu xil bog’lanish kovalent bog’lanish deb ataladi. Ikkinchi xil bog’lanishda molekula qarama-qarshi elektr bilan zaryadlangan ionlardan iborat bo’lib, bu bog’lanish ion bog’lanish deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |