Biznes va tadbirkorlik nima


INQIROZGA QARSHI CHORALARNING 2009 — 2012-YILLARGA MO‘LJALLANGAN DASTURINI SO‘ZSIZ BAJARISH BORASIDA MAHALLIY HOKIMIYAT ORGANLARINING ROLI VA MAS’ULLIGI TO‘G‘RISIDA


Download 313.78 Kb.
bet16/18
Sana04.01.2023
Hajmi313.78 Kb.
#1078384
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18
INQIROZGA QARSHI CHORALARNING 2009 — 2012-YILLARGA MO‘LJALLANGAN DASTURINI SO‘ZSIZ BAJARISH BORASIDA MAHALLIY HOKIMIYAT ORGANLARINING ROLI VA MAS’ULLIGI TO‘G‘RISIDA
2008-yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi amalda dunyodagi barcha mamlakatlarga daxl etdi va ko‘p jihatdan oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan tus olmoqda. Jahon inqirozi, uning oqibatlari, O‘zbekiston iqtisodiyotining jahon xo‘jalik va moliyaviy-iqtisodiy aloqalar tizimiga integratsiyalashuv jarayoni tobora ortib borayotganligi inobatga olinsa, mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatdi va hamon ta’sir o‘tkazishda davom etmoqda.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan puxta, chuqur o‘ylangan iqtisodiy strategiya sharofati bilan, isloh etish hamda modernizatsiya qilishning O‘zbekiston modeli izchillik bilan ro‘yobga chiqarilayotganligi, tarkibiy tuzilishdagi tub o‘zgarishlar, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish natijasida inqirozning og‘ir oqibatlaridan holi qolishga va iqtisodiyotimizning barqaror faoliyat ko‘rsatishiga erishishga, uning izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlashga muvaffaq bo‘lindi.
Jumladan, 2008-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 9 foizni, sanoatda 12,7 foizni, shu jumladan iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda 17,7 foizni va xizmat ko‘rsatish sohasida 21,3 foizni tashkil etdi.
Mehnatni rag‘batlantirish, ish haqini oshirish va aholi daromadlari o‘sishini ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida shu muddat mobaynida budjet tashkilotlarida o‘rtacha ish haqi 1,4 barobar oshdi, aholining real daromadlari jon boshiga 23 foiz ko‘paydi.
Mamlakat moliya-iqtisod, budjet, bank-kredit tizimlari barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshirildi. Banklarning likvidligi muammosi keskinlashuvidan holi qolishga muvaffaq bo‘lindi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekiston tijorat banklari aktivlarning summasi 13 trillion 360 milliard so‘mdan oshdi yoki aholi hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning jalb etilgan depozitlari hajmlaridan taqriban 2,4 barobar oshib ketdi.
Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsion muhit sharofati bilan keyingi ikki yil ichida jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobardan ziyodroq oshdi.
Ayni bir vaqtda jahon tovar bozorlarida konyunktura yomonlashib borayotganligi, O‘zbekiston korxonalari eksportga chiqarayotgan ayrim turdagi mahsulotlarning bahosi va hajmlari pasayganligi hamda boshqa qator omillar mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekistonda Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan yaxlit kompleks dasturi qabul qilingan bo‘lib, unda makroiqtisodiy mutanosiblikni hamda iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlarini, iqtisodiyot tarmoqlari barqaror ishlashini ta’min etishga, aholini ish bilan ta’minlashga hamda uni samarali tarzda ijtimoiy muhofaza qilishga, eksport qiluvchi korxonalarni, sanoatning yetakchi tarmoqlari korxonalarini hamda kichik biznesni aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar va inqirozga qarshi boshqa choralar nazarda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 13-fevralda bo‘lib o‘tgan majlisida qilgan ma’ruzasida bayon etilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi asosini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda uni yanada rivojlantirish maqsadida 2009-yil 20-yanvarda qabul qilingan “Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2009-yil 26-yanvarda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2009-yil 27-yanvarda qabul qilingan “2009-yilda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarorlar hamda inqirozga qarshi qaratilgan boshqa bir qancha muhim hujjatlar tashkil etdi.
Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish borasida Dasturda belgilangan choralar so‘zsiz bajarilishini ta’minlashi talab etiladigan mahalliy hokimiyat organlari oldida katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi.
Oliy Majlis Senatining maxsus tuzilgan komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturi amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan mamlakatimiz mintaqalarida mahalliy hokimiyat organlari tomonidan anchagina ishlar qilinmoqda. Mintaqalarning aksariyatida viloyat hokimliklari tomonidan kompleks harakatlar dasturlari qabul qilingan va ular xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ma’qullangan bo‘lib, moliyaviy-iqtisodiy inqiroz oqibatlarini betaraf etish, mintaqalarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari ayni ana shu dasturlarga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda. Inqirozga qarshi choralar dasturlarining amalga oshirilishi hozirning o‘zidayoq sezilarli natijalar bermoqda.
Inqirozga qarshi choralar dasturiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, mahsulot tannarxini kamaytirish yo‘li bilan korxonalar raqobatbardoshligini ta’minlash negizida ularni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, energiyani tejashning samarali tizimini joriy etish, import o‘rnini bosadigan tovarlarni, materiallar va xomashyoni mahalliylashtirish, shuningdek ichki talab-ehtiyojni rag‘batlantirish uchun omillar yaratish masalalariga alohida e’tibor bermoqdalar.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan ishlar faol tarzda olib borilmoqda. Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari faoliyatini o‘rganish hamda ana shu soha oldida turgan vazifalarni amalga oshirishda davlat va xo‘jalik boshqaruvining hududiy organlariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida xalq deputatlari viloyat Kengashining deputatlari orasidan ishchi guruhlari tuzilgan.
Inqirozga qarshi choralar dasturining talablaridan kelib chiqib joylarda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish yuzasidan keng ko‘lamdagi kompleks choralar amalga oshirilmoqda.
Faoliyati o‘rganilgan viloyatlarning deyarli barchasida qishloqlarda meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchi ixcham korxonalar barpo etish ishlari olib borilmoqda, aholini zarur sifatli meva-sabzavot mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlash uchun parnik va issiqxonalar, shu jumladan energiyaning muqobil manbalari asosida ishlaydigan parnik va issiqxonalar qurilishiga alohida e’tibor berilmoqda.
Andijon viloyatida 2008-yilda kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2007-yildagiga nisbatan ikki baravar ko‘p, ya’ni 90,9 milliard so‘m kredit ajratilgan. 2009-yilda ana shu maqsadlarga 105,7 milliard so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ish bilan ta’minlash tizimi samaradorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari barpo etish, uy-joy qurish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalari mahalliy hokimiyat organlarining e’tibor markazida turibdi.
Shu bilan birga Inqirozga qarshi choralar dasturini so‘zsiz bajarish borasida mahalliy hokimiyat organlarining ishida jiddiy kamchiliklar va foydalanilmayotgan rezervlar ham mavjud.
Inqirozga qarshi tadbir-choralar dasturlari Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining bir qanchasida muhokama etilmagan, inqirozga qarshi kompleks choralar ishlab chiqilmagan.
Xususan, Surxondaryo viloyatida Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish masalalari faqat xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan, ayni vaqtda xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlarida bu masalalar ko‘rilmagan. Shu sababli xalq deputatlari Kengashlari doimiy komissiyalarining ish rejalari qabul qilingan inqirozga qarshi choralar dasturlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqilmagan va ularda belgilangan vazifalarni bajarishga deputatlar jalb etilmagan. Ayni chog‘da o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda mintaqadagi 20 dan ortiq yirik va qariyb 1100 ta kichik korxona yangi texnika bilan ta’minlashni va texnologik qayta jihozlashni talab etmoqda. Ayrim tarmoqlarning mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliy xomashyo asosida mahalliylashtirish imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayapti. Mahalliylashtirish davlat dasturiga mintaqa bo‘ysunuvidagi uchtagina loyiha kiritilgan, xolos.
Bir qancha hollarda mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari mamlakat va mintaqa miqyosida sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar haqida, jahon inqirozi oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida aniq-ravshan tasavvurga ega emas. Shuning oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini hal etishda deputatlar korpusida ba’zan talab etilayotgan darajada faollik va tashabbuskorlik yetishmayapti.
Masalan, xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi sessiyalarida ko‘rib chiqiladigan masalalar ro‘yxatiga “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi qabul qilinganligi bilan bog‘liq chora-tadbirlarning hududiy dasturini hamda inqirozga qarshi boshqa choralarni tasdiqlashdek muhim masalalar kiritilmagan. Ayni vaqtda, aytaylik, Chortoq, Uychi, Kosonsoy, Chust va Mingbuloq tumanlarida tasdiqlangan investitsiya dasturlarini, elektr energiyasi sarfini hamda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar tannarxini kamaytirish tadbirlarini bajarish borasidagi ishlar talab darajasida emas.
Toshkent viloyatidagi bir qancha tumanlarning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturlari to‘g‘risida”gi Farmonini bajarish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda amalga oshirishga mazkur hujjat qabul qilinganidan uch oy o‘tganidan keyingina kirishilgan. O‘rta Chirchiq va Chinoz tumanlaridagi hokimiyat organlarining ish rejalarida belgilangan tadbirlar qog‘ozda qolib ketavergan.
Ayni bir vaqtda viloyatda Inqirozga qarshi choralar dasturida nazarda tutilgan butun bir kompleks muammolar hal etilmog‘i kerak. Toshkent viloyatida kichik biznes subyektlarining 10 foizga yaqini ishlamayapti. Bir qancha shaharlar va tumanlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish umumiy hajmida kichik biznesning ulushi hamon pastligicha qolmoqda. Mazkur viloyatda xususan, zotdor qoramollarni xorijdan xarid etish yuzasidan qabul qilingan dasturlar bajarilmagan.
Inqirozga qarshi choralar dasturida belgilangan tadbirlarning bajarilishini ta’minlash borasidagi vazifalarni hal etishda deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlaridek ishning samarali shaklidan yetarlicha foydalanilmayapti. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, uchrashuvlar ko‘pincha yuzaki o‘tmoqda, ularda saylovchilar tomonidan o‘rtaga qo‘yilgan dolzarb masalalar mahalliy davlat hokimiyati organlarining e’tiboridan chetda qolmoqda.
Jahon iqtisodiy inqirozining O‘zbekistondagi vaziyatga ta’siri haqida, inqiroziy hodisalarning oldini olish yuzasidan davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan choralarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari talab darajasida olib borilmayotir. Bu ishni tashkil etishda ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan yetarlicha samarali foydalanilmayapti.
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturida nazarda tutilgan tadbirlar so‘zsiz bajarilishi borasida mahalliy hokimiyat organlarining roli hamda mas’ulligini oshirish, bu sohadagi mavjud kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. “Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturini bajarish borasida mahalliy hokimiyat organlarining roli va mas’ulligi to‘g‘risida”gi masalani o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati komissiyasining axboroti, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari rahbarlarining hisobotlari ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent, Surxondaryo va Namangan viloyatlaridagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish borasidagi ishi durust tashkil etilmaganligi ko‘rsatib o‘tilsin.
Qayd etib o‘tilsinki, mazkur mintaqalarning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari mamlakatimiz miqyosida qabul qilingan hamda amalga oshirilayotgan Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturidan kelib chiqadigan masalalarni hal etishdan o‘zlarini chetga olganlar. Ijtimoiy-iqtisodiy sohada yuzaga kelayotgan vaziyatni chuqur o‘rganish, inqiroziy hodisalarning yanada kuchayishi oldini olishga, ularni batamom bartaraf etishga qaratilgan choralar ishlab chiqish hamda amalga oshirish, shuningdek inqirozdan keyingi taraqqiyot bilan bog‘liq masalalarni hal etish borasida ular tomonidan yetarli darajada ish olib borilmayapti.
Belgilab qo‘yilsinki, to‘qqiz oylik yakunlar bo‘yicha xalq deputatlari Toshkent, Surxondaryo va Namangan viloyat Kengashlari rahbarlarining hisobotlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida takroran eshitiladi va vaziyatni o‘zgartirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmagan bo‘lsa, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining shu lavozimda bo‘lishi maqsadga qanchalik muvofiq ekanligi to‘g‘risidagi, shuningdek xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining inqirozga qarshi choralar dasturlarini amalga oshirish ishlaridan o‘zlarini chetga olgan ayrim deputatlarini chaqirib olish to‘g‘risidagi masala ko‘tariladi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 13-fevraldagi majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashni izchil davom ettirish - davr talabi” degan ma’ruzasida ilgari surilgan vazifalar og‘ishmay va samarali tarzda bajarilishini ta’minlasin;
mamlakatimiz miqyosida qabul qilingan Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirishni o‘ta muhim vazifa deb hisoblasin hamda shu munosabat bilan mintaqalarda yuzaga kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni teran tarzda tahlil qilish asosida Dasturda belgilangan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish hamda faoliyat yo‘nalishlarini samarali hal etish yuzasidan kompleks choralar ishlab chiqsin va ularning amalga oshirilishini ta’minlasin;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalarining inqirozga qarshi choralar dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan qarorlarni ishlab chiqish hamda qabul qilishdagi ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatni kuchaytirish choralarini amalga oshirsin;
mahalliy davlat boshqaruvi organlarining inqirozga qarshi choralarning hududiy va tarmoq dasturlarini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish uchun mas’ul rahbarlarining hisobotlarini eshitib borishni xalq deputatlari Kengashlari faoliyati amaliyotiga kiritsin;
Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirishda mahalliy vakillik hokimiyati organlari bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlari o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik hamda uyg‘unlikni ta’minlash kompleks chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
moliyaviy-iqtisodiy inqirozning mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ta’siri haqida, inqiroz oqibatlarining oldini olish hamda ularni yumshatish yuzasidan davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan choralarning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish tadbirlari rejasini ishlab chiqsin hamda uning amalga oshirilishini ta’minlasin. Dasturni bajarish iqtisodiyot har bir subyektining, mamlakatimiz har bir fuqarosining muhim ishi bo‘lib qolmog‘i kerak. Bu ishga jamoat birlashmalari, “Mahalla” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, shuningdek ommaviy axborot vositalari keng jalb etilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturining asosiy qoidalarini tushuntirish yuzasidan vazirlik va idoralarning, shuningdek mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot markazlarining ekspertlarini jalb etgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitalarining hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalarining raislari ishtirokida seminarlar va davra suhbatlari tashkil etilishi hamda o‘tkazilishini ta’minlasin.
5. Xalq deputatlari Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Toshkent va Qashqadaryo viloyat Kengashlarining rahbarlari:
Senat komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlari asosida to‘plangan va tahlil etilgan materiallarni xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli mintaqalardan saylangan a’zolari ishtirokida muhokama etilishini bir oylik muddat ichida 1-ilovaga muvofiq tashkil qilsin;
muhokama yakunlari asosidagi umumlashma axborotlarni (viloyatlar bo‘yicha) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga 2009-yil 10-mayga qadar taqdim etsin.
6. “Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturini bajarish borasida mahalliy hokimiyat organlarining roli va mas’ulligi to‘g‘risida”gi masalani o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining komissiyasi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlaridagi va Toshkent shahridagi davlat hokimiyati mahalliy organlarining Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturining asosiy qoidalarini amalga oshirish borasidagi faoliyati ilova qilinayotgan jadvalga (2-ilova) muvofiq o‘rganilsin;
amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisi muhokamasiga kiritish uchun 2009-yil 1-iyulga qadar Oliy Majlis Senati Kengashiga taqdim etsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, xalq deputatlari Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining rahbarlari:
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish masalasini Senat komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari majlisida va nomlari yuqorida aytib o‘tilgan xalq deputatlari Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida muhokama etilishini tashkil qilsin, ularda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish ishlaridan o‘zlarini chetga olgan deputatlarining javobgarligini oshirish to‘g‘risida tegishli xulosalar chiqarilsin;
amalga oshirilgan ishlarning yakunlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etilsin.
8. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga yuborilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari ushbu Qarorning bajarilishi jarayoni haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga 2009-yil 10-oktabrgacha axborot taqdim etsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi o‘rinbosari F. Muhitdinova zimmasiga yuklatilsin.

Download 313.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling