Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
38 3 Quvaliklar tong yorishgandan kun yoyilguncha bo‘lib o‘tgan bu falokatni narigi qirg‘oqdagi devor va tomlardan mo‘ralab ko‘rib turar edilar. Ularning ba’zisi «yog‘iy battar bo‘lsin», deb shodlansa, ba’zisi ne-ne yigitlarning suvga oqib, balchiqqa botib, ming azoblar bilan o‘layotganidan achinardi. Tohir kechasi o‘rtoqlari bilan qilgan ishlarini boya Fazliddin tog‘asiga «uddasidan chiqolmadik», degan ma’noda ma’yuslanib aytib bergan edi. Keyin yuz bergan hodisani tomga chiqib ko‘rgan mulla Fazliddin narvondan tez pastga tushdi-yu, Tohirni bir chetga imlab chaqirib oldi: — O‘rtoqlaringga ayt! Hammalaring tezroq berkininglar! — Nechun, mulla tog‘a? — Ko‘prik arralangan joyidan singanga o‘xshaydi. Agar ko‘prikka o‘t qo‘yib yuborganlaringda ham bunchalik talafot bo‘lmas edi. Chunki yog‘iy ko‘prikning yongan joyini tuzatmaguncha ustiga cherik chiqarmas edi. Ular g‘aflatda qolib baloga yo‘liqqan! Agar qilgan ishlaringni bilib qolsa, hammamizni qirib tashlashlari aniq! — Yog‘iy hali naryoqda-ku? — Chig‘dovullari bu yoqqa o‘tgan ekan, men ko‘rdim. Gapni ko‘paytirmay, tezroq yashirin. To‘qayga chiqib ketinglar. Tez! Tog‘asi astoydil xavotir bo‘layotganini sezgan Tohir boshqa e’tiroz qilmadi-yu, o‘rtoqlariga sekin xabar berib chiqdi: — Arqon bilan o‘roq olinglar. Kim so‘rasa, o‘tinga boramiz, denglar. Lekin xo‘rak ikki-uch kunlik bo‘lsin. Besh yigit odamlarning ko‘ziga tashlanmaslikka tirishib, qishloqdan yakka-yakka chiqishdi-yu, to‘qay ichida uchrashishdi. Ko‘prik sinmasidan oldin berigi tomonga o‘tib qolgan chig‘dovullar Quvaning kadxudosini topib, uning yordamida duradgor ustalarni ko‘prik tuzatishga haydab chiqdi. Naryoqda qolgan navkarlar arqon tashlab, yog‘och tashib, ularga ko‘maklasha boshlashdi. Ko‘prik tuzatishga chiqqanlarning orasida Tohirning otasi ham bor edi. U kechasi o‘g‘lining qayoqqadir borib, sahar paytida charchab qaytganini sezgan edi. Duradgorlardan biri yog‘ochning arralangan joyini Tohirning otasiga ko‘rsatib, o‘z shubhasini aytmoqchi bo‘lganda, usta buning oldini olib labini tishladi: — Damingizni chiqarmang, — deb shivirladi. — Agar yog‘iy biror gumoningizga ishonsa, butun Quvaga o‘t qo‘yadi. Hammamizni qilichdan o‘tkazadi! — Gapingiz haq! Shundan keyin bu to‘g‘rida hech kim og‘iz ochmadi. Ikki kun deganda ko‘prik naridan- beri tuzatildi-yu, yovning otliq askarlari bitta-ikkitadan bo‘lib, ehtiyot bilan o‘tishdi. Nihoyat, podshoh ham mulozimlari bilan ko‘prikdan o‘tib, Quvada to‘xtamasdan yo‘lida davom etdi. Yovning aravalarga ortilgan og‘ir yuklari va tuya karvonlari ko‘prikdan narida qolib ketdi. Shunga qaraganda yovning rejalarida qandaydir bir o‘zgarishlar yuz bergan edi. To‘qayda yashirinib yurgan Tohir Robiyadan xavotirda edi. Ota-onasi qizni qo‘llaridan kelganicha avaylab, yashirib yurganlarini bilsa ham, yovning hamon Quva atrofida o‘ralashib yurgani juda tahlikali edi. Uchinchi kuni yigitlarning xo‘raklari ham tugadi. Ahvol qanday bo‘layotganini bilish va xo‘rak g‘amlab kelish uchun Tohir o‘zi boradigan bo‘ldi. U kechki payt bir bog‘ qamishni orqalab sekin hovlilariga yaqinlashdi. Darvoza zanjir ekan, qo‘lining uchini tiqib, zanjirni tushirdi. Mulla Fazliddin bostirmaning oldida aravaning g‘ildiraklarini ko‘zdan kechirayotgan edi. Qamish ko‘tarib kirgan Tohirni ko‘rib unga qarab chopdi: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling