Boburiy hukmdorlardan Avrangzeb Olamgir nomi bilan butun dunyoda mashhur boburiy hukmdor va sarkarda, Islom dinining faol targ‘ibotchisi, taqvodor inson sifatida tanilgan


Download 30.68 Kb.
Sana06.05.2023
Hajmi30.68 Kb.
#1436146
Bog'liq
DILSHOD


Boburiy hukmdorlardan Avrangzeb Olamgir nomi bilan butun dunyoda mashhur boburiy hukmdor va sarkarda, Islom dinining faol targ‘ibotchisi, taqvodor inson sifatida tanilgan.
Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad (Birinchi Olamgir ham deyishadi) milodiy 1618 yilning 4 noyabrida (ba’zi ma’lumotlarda 24 oktyabrda) Hindistonning Gujarot viloyatidagi Dohad shahrida tug‘ilgan. U Zahiriddin Muhammad Boburning avlodlaridan Shohjahon va uning rafiqasi Mumtoz Mahal begimning o‘g‘li edi. Forscha “Avrangzeb” so‘zi “toj-taxt bezagi” ma’nosini bildirsa, “Olamgir” esa “olamni zabt etuvchi” ma’nosidadir. U juda erta Qur’onni to‘liq yod oldi, bolaligidayoq hadis va fiqh ilmini hamda arab, turk, fors, hind tillarini chuqur o‘rgandi. 1658 – 1707 yillarda Hindistonning yarmini egallagan, tarixga “Buyuk mo‘g‘ullar saltanati” nomi bilan kirgan boburiylar davlatiga salkam yarim asr hukmdorlik qildi. Tarixchilarning yakdil fikriga ko‘ra, uning hukmronligi “saltanat tarixidagi oltin davr, eng oliy cho‘qqi” bo‘ldi. Islom olamida hanafiy fiqhining qomusi hisoblangan “Fatavoyi Olamgiriya” asari bevosita uning tashabbusi va rahbarligida tasnif qilingan. Rossiyada nashr etilgan “100 buyuk qo‘mondon” kitobidan Amir Temur va Avrangzebgina joy olgan. Avrangzeb 1707 yilning 3 martida to‘qson yoshida vafot etgan.
Avrangzebning otasi – Hindistonda Boburshoh asos solgan sulolaning uchinchi hukmdori Akbarshohning nevarasi bo‘lmish Shoh Jahon, onasi – mashhur malika Mumtoz Mahal edi. Agradagi mashhur Toj Mahal yodgorligi ana shu malika sharafiga qurilgan. Er-xotinning to‘rt o‘g‘li bo‘lgan: Doro Shukuh, Shoh Shujo’, Avrangzeb va Murod Baxsh.
Shoh Jahon ancha zakovatli va ziyrak uchinchi o‘g‘lining ta’limi haqida jiddiy qayg‘urib, buning uchun yurtdagi eng mashhur olim va ustozlarni saroyga taklif etadi. Bola sakkiz yoshida Qur’oni karimni yod oladi, hadis va fiqh ilmlaridan chuqur tahsil oladi. U rasmiy davlat tili bo‘lgan forschadan tashqari arab, hind-urdu, bobokalonlari tili bo‘lmish turk (chig‘atoy) tillarini puxta bilib oladi. Katta bobosi Bobur kabi adabiyotga katta mehr qo‘ygan, o‘zi ham g‘azallar bitib turardi. Avrangzeb xattotlikka ham qiziqib, bu sohada ham ancha yutuqlarga erishadi, arab xatining nasta’liq va shiksta usullarida mohir xattotlardan qolishmasdi. Uning xattotlik san’ati namunalari hozirgacha saqlanib qolgan.
Bola saroydagi hasham, mol-dunyo va mansab fitnalariga qiziqmas, aksar vaqtini kitob mutolaasi va harbiy san’atni o‘rganish bilan o‘tkazardi. U qurol ishlatish va harbiy mahoratini oshirishda ham katta natijalarga erishib, bu narsa uning keyinchalik boshlagan harbiy yurishlarida nihoyatda qo‘l keldi. U keyinroq Markaziy Osiyo va Qandahorga qilgan yurishlarida, Gujarot va Dekkon o‘lkasining to‘rt viloyatida hokimlik qilib turgan paytlarida harbiy sohada katta tajriba orttirdi va uning bu tajribasi saltanat taxti uchun olib borgan kurashlarida uning foydasiga ishladi. Ilohiy muqaddarot go‘yo uni ulkan saltanatning dono va jasur hukmdori bo‘lib yetishishiga zamin tayyorlayotgan edi.
Avrangzeb o‘smirlik chog‘idanoq, hali taxtga chiqmay turib Boburiylar saltanatidagi o‘z o‘rnini topishga uringan shahzoda edi. 1636 yili, u endi o‘n sakkizga kirganida otasi Shoh Jahon tomonidan markazi Avrangobod shahri bo‘lgan Dekkon viloyatiga hokim etib tayinlanadi. 1645 yili Shoh Jahon o‘g‘lini avval Gujarotga, so‘ngra Balx va Badaxshonga hokim qilib jo‘natdi. 1652 yili otasi Shoh Jahon Avrangzebni yana Dekkonga qaytardi, u yana Dekkon viloyati hokimi etib tayinlanadi va bu vazifada 1657 yilgacha qoladi.
Otasining Islom dini talablariga xilof o‘laroq shon-shuhrat, hasham va isrofga o‘chligi ham ota bilan farzand orasida kelishmovchilikka sabab bo‘ladi. Hukmdorning sevimli xotini Mumtoz Mahal sharafiga Agrada hashamatli maqbara – Toj Mahalni qurdirgani ham Avrangzebga yoqmadi. U bunchalik mahobatli maqbara qurilishini davlat xazinasini sovurish, katta isrofgarchilik deb atab, buning Islomga zid ekanini aytadi. Buning ustiga Shoh Jahon Toj Mahaldan tashqari o‘zi uchun yana bir muhtasham maqbara qurish taraddudida edi. Bu esa davlat xazinasini batamom bo‘shab qolishiga hamda saltanatning barbod bo‘lishiga olib kelishi tayin edi. Avrang¬zeb boburiylar saltanatini saqlab qolish va uni har tomonlama taraqqiy ettirish yo‘lida otasiga qarshi borishga majbur bo‘ladi. Avrangzebning hokimligi boburiylar saltanatining nihoyatda kengaygan davriga to‘g‘ri keldi. Saltanat butun Hindiston hududini egallab olgan, janubda Pennar va Tungabxadra daryolarigacha yastanib yotar, shimolda esa Kashmir va afg‘onlarning Kobul va G‘azna yerlarini qamragan edi. Faqat Qandahor forslarning qo‘l ostida edi.
Taxt uchun hal qiluvchi janglarning biri 1658 yilning 29 may kuni Agra yaqinidagi Samugarhda bo‘lib o‘tadi. Katta aka Doroning ellik ming kishilik o‘rdusi (armiyasi) ikki ukasining o‘rdusiga qarshi jangga kiradi. Bu muhorabada Avrangzeb va Murod to‘la g‘alaba qozonishadi.
Ushbu jangda Doroning o‘n ming tarafdori halok bo‘ldi, uning o‘zi esa Panjobga qarab qochdi. 1658 yilning yozida Avrangzeb Agraga kirib bordi va bu vaqtda xasta bo‘lgan otasining taxtiga o‘tirib, o‘zini boburiylar saltanatining podshohi Abul Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb Bahodir Olamgir Podshohi G‘oziy deb e’lon qiladi.
Barcha g‘animlarini daf qilib bo‘lganidan keyin Avrangzeb taxtga mustahkam o‘rnashib oldi va salkam ellik yil ulkan saltanatni adolat bilan mohirona boshqardi. Iqtidorli sarkarda, tadbirli rahbar, boshqaruvning miridan-sirigacha yaxshi biluvchi bu hukmdor ayni paytda qattiqqo‘l ham edi. U ayniqsa shariat talablariga qat’iy rioya etilishini talab qilar, bu borada murosaga borishni aslo istamas edi. Yoshligidan kamtar, hashamlardan uzoqda yashashga o‘rgangan Avrangzeb taxtga o‘tirganidan boshlab to umrining oxirigacha bu odatini tark etmadi. U sharob ichmas, mol go‘shti yemas, faqat suv va kambag‘al kishilar yeydigan arpa noni bilan kifoyalanardi. U quruq yerda uxlar, oddiy kiyinar, ko‘pincha ro‘za tutib yurar edi. Tarixchilar uning saroyida qimmatbaho oltin va kumush idishlar mutlaqo bo‘lmaganini yozishadi. Hukmdor axloq masalasida o‘ta murosasiz bo‘lib, irodasi kuchli bo‘lgani uchun hech qachon o‘z a’yonlari va malikalarning ta’siriga berilmasdi. Xarajat qilishda o‘ta tejamkor, hatto xasis bo‘lgan Avrangzeb saxiylarcha sadaqa-ehson ulashar, o‘z janglarini e’tiqod uchun urushga aylantirgan edi.
Avrangzeb Olamgirning taqvodorligi, ya’ni Allohdan qo‘rqishi uning faoliyatida har qadamda ko‘rinib turardi. Mamlakatda Alloh taolo harom qilgan mayparastlik, giyohvandlik, qimor o‘ynash kabi ishlarga chek qo‘yildi. Mamlakatda uning hukmronligidan oldin urf bo‘lgan zarb qilinajak tanga pullarga Qur’oni karim oyatlarini o‘yib yozish odatidan voz kechilib, bu ish taqiqlandi. Fahsh ishlarning oldini olish maqsadida ersiz ayollarga erga tegish, aks holda mamlakat hududidan chiqib ketish talabi qo‘yildi. Saroyda g‘ayridinlarning hozirgacha nishonlanib kelingan turli marosimlarini, shu jumladan hukmdorning tug‘ilgan kunini tantana qilishni o‘tkazishga barham berildi. Hatto u Akbar davridan buyon urfda bo‘lgan hindlarning milliy kiyimini kiyishni ham tark etdi.
Shuningdek, aholi orasida shar’iy ahkomlarni bajarish, shariat taqiqlagan ishlar bilan shug‘ullanmasliklarini tekshirib, nazorat qilib turuvchi maxsus lavozim – muhtasiblik ta’sis etildi. Muhtasiblarga cheksiz huquqlar, jumladan shariat talablarini buzuvchilarni jazolash huquqi berildi.
Avrangzeb masjid va madrasalar, xonaqohlarni ta’mirlash, yangilarini qurish haqida farmon bergani holda g‘ayridinlarning butxonalari va maktablarini ta’mirlash, yangilarini qurishni to‘xtatib qo‘ydi. 1679 yildan boshlab musulmon bo‘lmagan hindlardan jizya (musulmon mamlakat himoyasida yashayotgan nomusulmonlardan olinadigan jon solig‘i) undirish, ularning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilganlari uchun qo‘shimcha soliq to‘lashlari tartibi joriy qilindi.
Musulmon savdogarlardan tijorat molining besh foizi miqdorida olinadigan soliq bekor qilingani holda g‘ayridin savdogarlar uchun bu soliq turi saqlanib qoldi. Soliq, zakot yig‘uvchi idoralarda musulmon bo‘lmagan kishilarning ishlashi taqiqlab qo‘yildi. 1688 yildan boshlab esa mansabdor g‘ayridinlarning taxtiravonda va chiroyli otlarda yurishlari ham cheklab qo‘yildi. Bunday tadbirlardan kutilgan maqsad, ularning haq-huqularini cheklash emas, balki mahalliy hindlarni musulmon bo‘lishga undash edi. Ayni paytda Islom diniga o‘tishni istagan hindlarga katta imtiyozlar ham belgilab qo‘yilgan edi: ularga lavozimlar, katta miqdorda pul, yer-mulk, nafaqa va boshqalar beriladigan bo‘ldi.
Hukmdor davlatni boshqarishda din olimlari va arboblariga tayangan holda ish olib bordi. U kundalik faoliyatini, har bir tadbirini, boshlagan islohotlarini Islom shariati talablariga muvofiq bo‘lishi haqida qayg‘urar, beqiyos hokimiyatga ega bo‘lgan podshohligidan dinni targ‘ib qilishda foydalanar edi. O‘z navbatida dinga keng yo‘l ochilishi, uning ahkomlariga qat’iy rioya etilishi mamlakat ravnaqiga, davlatni odilona boshqarishga katta imkoniyatlar ochib berardi.
Avrangzebning din yo‘lidagi xizmatlari bu bilan cheklanmaydi. Olamgir musulmonlarning bosh shaharlari Makkai mukarrama, Madinai munavvara, boshqa tabarruk markazlarni doimo qo‘llab-quvvatlab turdi, ionalar berdi. O‘sha paytlarda Avrangzeb boshchiligidagi saltanat dunyo musulmonlarining ishonchli tayanchlaridan biri sifatida xizmat qildi.
Olimlardan biri shunday yozadi: “Hindistondagi boburiylar sulolasidan bo‘lmish hukmdor Avrangzeb Olamgir o‘zining Ahli sunnat va jamoa e’tiqodiga va hanafiylik mazhabiga mustahkam amal qilishi bilan tanilgan edi. U o‘z qizi Zebunniso begimni ham xuddi shunday tarbiya qilgani aniq. Ana shu Zebunnniso “Zeb at-tafosir” Qur’oni karimning fors tilidagi bir necha jildli tafsirini yozgan”.
Boburiy podshohlarning hukmronligi davrida saltanat hukmdorlarining dinga munosabati borasida 1658 – 1707 yillar mobaynida taxtda bo‘lgan Avrangzeb Olamgir alohida o‘rin tutadi. Avrangzeb yoshligidan o‘ta taqvoli, xudojo‘y, gunoh ishlardan tiyilgan, adolatparvar musulmon edi. Boshqa hukmdorlar saroylarida bir necha xotin, o‘nlab kanizaklarni saqlagani holda uning xotinlari soni shariatdagi to‘rt nafardan ortmagan, bittagina kanizak saqlagan. Avrangzeb ibodatga qattiq edi, namozlarini kanda qilmas, ramazon oyi ro‘zasini tutar, nafl ibodatlarga ham vaqt ajratar edi. Hindistonlik tadqiqotchi Sri Sharmaning yozishicha, Markaziy Osiyo o‘lkalariga qilingan harbiy yurishlardan birida bo‘lib o‘tgan shiddatli jangda muhoraba rozi qizg‘in pallaga kirgan paytda otdan tushib, peshin namozini ado qilgan va so‘ng yana otiga minib, jangga kirib ketgan.
Avrangzeb o‘z saltanatida barcha sohalarda Islom shariatiga muvofiq ish yuritilishi imkoniyatlaridan ustalik va tadbir bilan foydalandi. Ungacha jamiyat hayotining biror sohasida savol tug‘ilib qolguday bo‘lsa, muftiylarga murojaat qilinar, ko‘p hollarda bir masalada ularning fikri turlicha ham chiqib qolar edi. Ana shunga barham berishda, shar’iy fatvolarni o‘zlashtirishni yanada osonlashtirishda barcha fatvolarni bir kitobga jamlash, ularni tasnif va tahqiq qilish ehtiyoji tug‘ildi. Bu ishni hukmdor o‘z zimmasiga oldi. Avrangzeb Olamgirning ko‘rsatmasiga binoan mamlakatning qirqdan ortiq salohiyatli fiqh olimlari hanafiy mazhabining fatvolarini saralab, to‘rt jildli to‘plamni tuzib chiqishdi. Hindistonda “Fatavoi Olamgiriya”, undan tashqarida “Fatavoi hindiya” nomi bilan mashhur bo‘lgan fatvolar to‘plami ana shu tarzda yuzaga keldi. Hanafiy mazhabining o‘ziga xos bu fiqhiy qomusi Nizomuddin Burhonpuriy (Shayx Nizom) boshliq yigirma to‘rt nafar olim tomonidan Qur’on, Sunnat, ijmo’ va qiyosga muvofiqligi tekshirib chiqildi. To‘plamni yaratishda to‘rt guruhga bo‘linib ishlangan: avvalgi to‘rtdan biriga Shayx Vajihiddin, ikkinchi qismiga Shayx Jaloliddin, uchinchi qismiga Qozi Muhammad Hasan, oxirgi bo‘lagiga Mulla Hamid Junpuriy boshchilik qilgan hamda Shayx Nizom rahbarligi va muharrirligida muvaffaqiyatli tugatilgan. Shundan keyingina Avrangzeb mazkur kitobni barcha amaldorlarga tarqatib, bundan keyin barcha davlat va qozilik ishlarida ana shu fatvolarga qat’iy rioya qilishni, Islom shariati talablarining har qanday buzilishiga qarshi kurash olib borishni topshirdi. Shu tariqa mamlakatda xiyla ildiz otgan xamr ichish, qimorbozlik va fahsh ishlar kabi illatlarga shariat talablariga binoan kurash olib borishga kirishildi. Shuningdek, Islom shariatiga zid bo‘lgan ayrim soliqlar ham bekor qilindi. Bu tadbirlar saltanat hududida yashab turgan ming-minglab aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Keyinchalik “Fatavoi Olamgiriya” arabchadan urdu tiliga tarjima qilinib, 1889 yili Laknavda nashr qilindi. Bu asar Hindiston va Bayrutda ham bir necha bor nashr etilagn. Mazkur kitobning bir necha nusxasi O‘zbekiston kutubxonalarida ham saqlanmoqda.
Hamisha Avrangzebning yonida yurib, uning har bir qadami va ishiga shaxsan guvoh bo‘lgan Muhammad Musta’idxon Soqiy o‘zining “Ma’osiri Olamgiriy” (Olamgirning xayrli ishlari) xotira kitobida ulug‘ saltanat rahbarining ajoyib fazilatlari haqida go‘zal satrlarni yozib qoldirgan: “Onhazrat saodatta’blik taqozosi bilan dinni rivojlantirishda kamoli qat’iyatlik xislatiga ega edilar. Islomning besh binosi omilkori Imomi A’zam – Abu Hanifaning hanif mazhabini joriy etdilar va mustahkamladilar. Tahorat suvidan ajralmas, shirinsuxan hamda boshqa vaqtda ish va salomlashish borasida muloyimso‘z edilar. Farz namozlarini masjidda, masjid bo‘lmagan joyda jamoa bilan, barcha sunnatlari, nafl va mustahablarini itoatkorlik-bo‘ysungan holda ado etardilar. Oy va quyosh hisobidagi ko‘p kunlarda hamda haftaning payshanba, juma, dushanba kunlarida ro‘za tutib, juma namozini jome’ masjidida barcha mo‘min-musulmonlar bilan birgalikda o‘qir edilar. Muborak kechalarda tunni bedor o‘tkazib, Allohning din va davlat ravnaqini orttiruvchi fayzi nuridan bahramand bo‘lardilar. Nihoyatda haqiqatparastlik yuzasidan kechalari davlatxona masjidining maqsurasida Alloh do‘stlari bilan suhbatda bo‘lardilar. Xilvatda aslo taxtga qaramaganlar...
Muborak ramazon oyini ro‘za tutish bilan o‘tkazib, to oy oxiriga qadar sunnatni ado etish, kamol toptirish, Kalomullohning xatmi va to tunning ikkinchi qismiga qadar solihlar va fuzalolar bilan birgalikda jamoaga Qur’oni karimni tushuntirish bilan shug‘ullanganlar. Suhbat so‘nggida masjidda e’tikof qilardilar. Muqaddas xotirda haj qilish rasm-odatini ijro etish to‘la-to‘kis va kerakligicha zuhur topgan edi... Saltanat davrida ikki Harami sharif muvojirlariga goh yilda, goh ikki-uch yilda katta mablag‘lar yuborib turdilar...
Aslo noshar’iy kiyimlarni kiymaganlar va kumush-oltin zeb-ziynatlardan mutlaqo foydalanmaganlar. Muqaddam manzil hisoblanmish saroyda hech vaqt biror g‘iybat va fisqu fasod hamda yolg‘ondan iborat noshoista so‘z so‘zlanmagan va munavvar makon – saroy xizmatkorlari agar arz qilingan paytda so‘zda g‘iybat aralashsa, uni ajoyib iboralar bilan ta’birlasinlar, deb o‘rgatilgan edilar. Har kuni ikki-uch mahal devoni adl va dodda ochiq chehra va muloyimlik bilan turib, adolat dargohiga hech bir mone’siz to‘da-to‘da bo‘lib kelib turuvchi hamda Onhazratning nihoyatda diqqat bilan eshitishidan hech bir qo‘rquv va hadiksiz o‘z maqsadlarini arz etuvchi adolattalablarga odillik baxsh etardilar...
Xayr-saxovat, marhamat, lutf-karam shu darajada amalga oshib sodir bo‘ldiki, o‘tgan sultonlar, podshohlardan buning o‘ndan biri ham voqe’ bo‘lmagan edi. Va muborak ramazon oyida oltmish ming rupiya va boshqa oylarda bundan biroz kamroq pul haqdorlarga yuborib turilardi. Ojiz va miskinlar taomlanishi uchun dorul-xilofat (poytaxt) va boshqa shaharlarda ko‘pdan-ko‘p taomxonalar mavjud edi. Qaerda musofir va sayyohlar qo‘nadigan rabot va saroylar yo‘q bo‘lsa, darhol paydo qilindi. Saltanatdagi masjidlarni ta’mirlash uchun fayzasar saroydan imom-xatiblar, muazzinlar tayinlandi, shunga ko‘ra bu ishlar uchun katta mablag‘ va ko‘p oltin-zarlar sarf etildi. Ushbu ulkan mamlakatning barcha shahar-qishloqlaridagi fozillar, mudarrislarni vazifalariga yarasha kundalik maosh, yer-suv bilan ta’minlab, tolibi ilmlarga yuqori darajadagi maishiy holat va vositalarni belgilab qo‘ygan edilar...
Onhazratning kasbi kamollaridan biri Tangri ato qilgan holatga ziynat baxsh etib, tafsir, hadis va fiqhdan iborat diniy ilmlarni o‘rganish edi. Hujjatul-islom Muhammad G‘azzoliy va boshqa ulug‘ shayxlarning kitoblarini doimo mutolaadan o‘tkazar edilar. Ul xudojo‘y hoqonning ulug‘ fazilatlaridan yana biri Mulki allom Alloh taolo Kalomi hifzini rivojlantirish edi. Agar davlat va iqbolning dastlabki holatida sharofatli Qur’onning ba’zi bir suralarigina zo‘r diqqat bilan xotir tomonidan qiroat qilinib yod olingan bo‘lsa, Alloh Kalomining to‘la yod olinishi saltanat taxtiga o‘tirilganidan so‘ng amalga oshirildi va butun jahdu jadal hamda shohona azm bilan sharofatli xotirda nur sochib jilolandi...
Dunyo va xalqlar tanlagan ul shoh latif axloqining mazmuni tahrir ko‘lamiga sig‘maydi va bayonining chegarasi nihoyatda poyonsizdir. Aqli-zakovati butkul noqis menday faqirga ul har qanday maqtovga sazovorni ta’rif etib tushuntirish qayoqda deysiz?!”
Avrangzeb Olamgirning o‘zi go‘zal fazilatlar, yuksak axloq va komil ma’rifatga sazovor bo‘libgina qolmay, zurriyotlarini ham Qur’on va sunnatga muvofiq tarbiya etib, kamolga yetkazgan edi. Avrangzebning turli ayollaridan besh o‘g‘li va besh qizi bor edi. Ularning bari maqtovli xislatlarga ega podshohzodalar va iffat siohibasi bo‘lgan begimlar bo‘lib tarbiya topishgandi.
So‘nggi buyuk temuriy sarkarda – Avrangzeb Olamgir salkam ellik yillik hukmronlikdan so‘ng 1707 yili 89 yoshida Ahmadobod shahrida vafot etdi. U Avrangobod yaqiniga dafn etildi. Keyinchalik uning jasadi Davlatobodga ko‘chirilib, hashamdor maqbaraga emas, marmar lavh qo‘yilgan oddiygina qabrga qo‘yildi.
Avrangzeb o‘limi oldidan o‘g‘illariga shunday vasiyatni yozib qoldirdi: “Men bu dunyoga yakka keldim va yakka ketmoqdaman. O‘zimning kimligimni va nimalar qilganimni ham bilmayman. Sarf qilingan kunlar o‘z ortidan faqat nadomatlar qoldirdi. Men hech qanday davlat boshqaruvini tuza olmadim, ra’iyat haqida g‘amxo‘rlikni ham ta’minlay olmadim. Nihoyatda qimmatli hayot befoyda narsalarga sarf bo‘lib ketdi”.Shunday qilib, Avrangzeb Olamgir Hindiston mintaqasida ulkan saltanatga asos solgan bobokaloni Zahiriddin Muhammad Boburdan bir yuz ellik yil keyin taxtga o‘tirgan bo‘lsa, ushbu sulola Avrangzebdan keyin yana bir yuz ellik yil hukmronlik qildi. Avrangzeb vafotidan keyin uning o‘g‘illari boburiylar saltanatiga hukmronlik qilishdi. Ammo ular salohiyat va tadbirda otalariga o‘xshamagani uchun bir-biri bilan kurash olib borgan turli feodal guruhlarning qo‘g‘irchoq hukmdorlariga hamda ojiz gumashtalariga aylanib qolishdi. Bu paytlarda ingliz mustamlakachilari boy va go‘zal boburiy saltanatni qo‘lga kiritish maqsadida makkorona xatarli “o‘yin”larini boshlab yuborishgan edi.
Download 30.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling