Bodring va poliz ekinlarini issiqxonada yetishtirish kasallik va zararkunandalarga kurashishning ekologik ususllari


Download 132 Kb.
bet8/13
Sana05.05.2023
Hajmi132 Kb.
#1429058
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
Bodring va poliz ekinlarini issiqxonada yetishtirish kasallik va zararkunandalarga kurashishning ekologik ususllari

Qo‘zg‘atuvchining belgilari. Alternaria cucumerina. Sun’iy ozuqa muhitida gifalar rangsizdan zaytun tusligacha, ko‘p hujayrali, eni 4-9 mkm, mitseliy oq yoki zaytun tusli. Konidioforalar dog‘lardagi to‘qimalardan bittadan yoki bir nechtadan guruhlarda chiqadi, och-qo‘ng‘ir, to‘q-qo‘ng‘ir tusli, to‘g‘ri yoki bukilgan o‘lchami 15-72(110)x5-6(10) mkm, 1-6septali, pastki qismi shishgan. Konidiyalar konidioforalarda bittadan (juda kam hollarda 2 ta dan iborat zanjirchada) joylashgan, och-qo‘ng‘ir, so‘ngra to‘q-qo‘ng‘ir, tuxum, teskari-to‘qmoq va urchuq-teskari-to‘qmoq shaklli, 1-10 eniga va 5-13 bo‘yiga to‘g‘ri yoki qiyshiq joylashgan septali, o‘lchami 33,6 - 129,4 x 13 - 33,6 mkm, bo‘yinchasi 2-6 septali, o‘lchami 20 - 336 x 1 ,3 - 5 mkm.


Kurash choralari. Chidamli navlar yaratish va qo‘llash; urug‘ni ekishdan oldin samarali fungitsid bilan dorilash; o‘simlik qoldiqlarini daladan chiqarib, yo‘qotish tavsiya qilinadi (MacNab et al., 1983; Bernhardt et al., 1988; Fletcher, 1987; Vyangelyauskayte i dr. 1989; Sagdullayeva i dr., 1990).
Bodringda oq chirishni Sclerotinia sclerotiorum zamburug‘i qo‘zg‘atadi. Zamburug‘ bodringdan tashqari boshqa poliz ekinlari hamda pomidor, baqlajon, qalampir va ko‘p boshqa ekinlarni zararlaydi.
Issiqxonalarda bodring ochiq daladagiga nisbatan kuchliroq zararlanadi. Uning ildizi, poyasi (ayniqsa poyaning ostki qismi va poyaga shoxlar birikkan joylari), barg va barg bandlari hamda mevalari zararlanadi. Zararlangan to‘qimalar yumshaydi, nam bo‘ladi, biroz shilimshiq va oq, momiq mog‘or bilan qoplanadi. Vaqt o‘tishi bilan zararlangan poya titilgan shakl oladi, sinadi va o‘simlik nobud bo‘ladi. Bosh poya zararlansa, o‘simlik so‘lishi mumkin. Zamburug‘ning konidiyalari mavjud emas. Keyinchalik mog‘or ichida o‘lchami moshday keladigan qora sklerotsiylar rivojlanadi.
Vegetatsiya davrida oq chirish qo‘zg‘atuvchining mitseliysining parchalari bilan shamol, ishlov asbob-anjomlari va ishchilarning qo‘llari orqali tarqaladi. Zamburug‘ o‘simlik to‘qimalariga deyarli barcha hollarda mexanik jarohatlar orqali kiradi.
Sklerotsiylar o‘simlik qoldiqlarida va tuproqda erkin holda ko‘p yillar davomida saqlanishi mumkin. Qishlagan sklerotsiylar yozda apotetsiylar hosil qilib o‘sadi, ulardagi xaltachalardan havoga askosporalar zarb bilan otiladi va o‘simlik qismlariga tushib, zararlaydi. Issiqxonalarda sklerotsiylar mitseliy hosil qilib o‘sadi va o‘simliklarning ildiz bo‘g‘zini kontakt paytida zararlaydi.
Kasallik rivojlanishi uchun uzoq davom etadigan past havo harorati (14-16°S), yuqori nisbiy namlik (95-98%) va yomg‘ir qulay hisoblanadi.
Issiqxonalarda ekinni sovuq suv bilan sug‘orish, havo harorati birdan 14-16°S gacha pasayib ketishi o‘simlikni zaif va zamburug‘ bilan zararlanishga chidamsiz qilib qo‘yadi.
Kurash choralari. Navbatdagi ekin ekishdan oldin issiqxona tuprog‘ini zararsizlantirish yoki almashtirish; birinchi kasallangan o‘simliklarni darhol yulib olib, chiqarib, yoqib yuborish; harorat keskin o‘zgarib turishiga yo‘l qo‘ymaslik, mu’tadil harorat (21-22°С) va namlikni ta’minlash; issiqxonalarni tez-tez shamollatish; iliq suv bilan sug‘orish, ammo ortiqcha sug‘ormaslik (ayniqsa yozning ikkinchi yarmida); dalalarda chuqur kuzgi shudgor; kasallik keng tarqalish xavfi bo‘lganda ekinga fungitsid (benzimidazollar, iprodion, vinklozolin va b.q.) purkash tavsiya qilinadi (Gerasimov, Osnitskaya, 1961; Fletcher, 1987; Bernhardt et al., 1988; Vyangelyauskayte i dr. 1989; Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
O‘GEBI xodimlarining xabarlariga ko‘ra, bodringda sklerotinioz Toshkent viloyati issiqxonalarida ham qayd etilgan.
Bodring va qovunning meva chirishlarini, jumladan fuzarioz chirishini Fusarium spp., rizoktonioz chirishini Rhizoctonia solani, kulrang chirishini Botrytis cinerea zamburug‘lari qo‘zg‘atadi.
Fuzarioz qovunda, kulrang chirish - bodringda, rizoktonioz esa ham qovun, ham bodringda ko‘proq uchraydi.
Rizoktonioz mevalar yerga tekkan joylarida oldin qaynoq suvga kuyganday, rangsiz, so‘ngra jigarrang va to‘q-qo‘ng‘ir yaralar paydo qiladi, ular chatnab, yorilib ketadi.
Fuzarioz qovunning uchi tomonidan boshlab chirishini qo‘zg‘atadi, chirigan to‘qimalar oq yoki och-qizg‘ish tus oladi.
Kulrang chirish bilan bodring issiqxonalarda zararlanadi. O‘simlikning barglari, barg bandlari, gajaklari (chirmovuqlari), poyasi, gullari, yosh tugunchalari va mevalari zararlanadi. Poyaning pastki qismi zararlansa, butun o‘simlik, boshqa joyi zararlansa, o‘sha joydan tepa qismi so‘lib qoladi. Zararlangan bodringning uch qismi chiriydi va qo‘zg‘atuvchining mitseliy, konidiofora va konidiyalaridan tashkil topgan qo‘ng‘ir-kulrang, momiq yoki kukunsimon mog‘or bilan qoplanadi. Kasallik sog‘lom o‘simliklarga konidiyalar vositasida tarqaladi. Zamburug‘ konidiyalari tuproq ustida 20 kungacha, tirik o‘simlik to‘qimalarida 3 oygacha hayotchanligini saqlaydi. Noqulay ob-havo sharoitlarida patogen sklerotsiylar hosil qiladi; ular tuproqda bir necha yil saqlanishi mumkin. Qulay sharoitda sklerotsiylar mitseliy va konidiyalar hosil qilib o‘sadi va o‘simliklarni zararlaydi (Bernhardt et al., 1988; Vyangelyauskayte i dr. 1989; Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
Bu chirishlar bodring va boshqa poliz ekinlarda O‘zbekistonda uchrashi va zarari o‘rganilmagan.

Download 132 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling