1-rasm. Daryo qisqichbaqasining tashqi tuzilishi: 1 – boshko‘krak; 2 – qorin; 3 – uzun mo‘ylov; 4 – kalta mo‘ylov; 5 – jag‘lar; 6 – jag‘oyoqlar; 7 – qisqich; 8– yurish oyoqlari; 9 – qorin oyoqlari; 10 – dum suzgich Ko’payishi - Harakatlanishi. Odatda, qisqichbaqa suv tubida ko‘krak bo‘limidagi to‘rt juft yurish oyoqlari yordamida o‘rmalab yuradi. Lekin u biror xavf sezib qolsa, dum suzgichlarini qorin tomonga tez-tez siltab, orqa tomoni bilan suzadi.
- Nafas olishi. Qisqichbaqa jabralar orqali nafas oladi. Jabralar ko‘krak bo‘limidagi jag‘oyoqlari va oldingi to‘rt juft yurish oyoqlari asosida joylashgan. Jag‘oyoqlari harakati tufayli jabralarda suv almashinib turadi.
- Ko‘payishi va rivojlanishi. Qisqichbaqalar ayrim jinsli. Urg‘ochisining qorin bo‘limi boshko‘kragiga nisbatan kengroq, erkaginiki, aksincha, torroq bo‘ladi. Urg‘ochisi erta bahorda qo‘ygan tuxumlarini qorinoyoqlariga yopishtirib olib yuradi. Yoz boshlanishi bilan tuxumlardan qisqichbaqalar yetishib chiqadi. Ular urg‘ochisining qorinoyoqlariga yopishib oladi; keyinroq mustaqil hayot kechira boshlaydi. Qisqichbaqalar hamma bo‘g‘imoyoqlilar singari eski qattiq po‘stini tashlab, ya’ni tullab o‘sadi. Tullagan qisqichbaqaning eski qoplag‘ichi ostida yangisi hosil bo‘ladi. U tez o‘sa boshlaydi. Lekin ohak modda shimilgan qoplag‘ichi asta-sekin qattiqlashib, o‘sishdan to‘xtaydi va yana tullaydi.
- Muskullari va tana bo‘shlig‘i. Daryo qisqichbaqasining muskullari alohida muskul boylamlaridan iborat. Muskullar organlar atrofida to‘p-to‘p bo‘lib joylashgan. Xitin qoplag‘ichi keng tana bo‘shlig‘ini o‘rab turadi. Ichki organlar ana shu bo‘shliqda joylashgan.
- Hazm qilish sistemasi. Qisqichbaqaning og‘zi boshining ostida joylashgan. Oziq og‘iz, qisqa halqum va qizilo‘ngach orqali ikki bo‘lmali oshqozonga o‘tadi (2-rasm). Oziq avval katta oshqozonda maydalangach, keyin kichik oshqozonga tushadi. U yerdan oziq suzilib o‘tgach, ichakka va undan jigar naylariga tushib hazm bo‘ladi. Hazm bo‘lmagan oziq qoldiqlari dum suzgichining o‘rtasida joylashgan anal teshigi orqali chiqariladi.
- Qon aylanish va nafas olish sistemalari. Boshko‘krakning orqa tomonida qonni haydab beruvchi oqish yurak joylashgan (3-rasm). Qon aylanish sistemasi ochiq. Qon yurakdan chiqqan tomirlar orqali tana bo‘shlig‘iga o‘tib, to‘qimalarga oziq moddalar va kislorod olib boradi. U yerdan qon tomirlarga yig‘ilib, jabralarga boradi. Bu yerda kislorod suvdan qonga o‘tadi; qonda to‘planib qolgan karbonat angidrid jabralar orqali suvga chiqadi. Kislorod bilan to‘yingan qon yurak devoridagi uch juft teshikchalar orqali uning bo‘shlig‘iga o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |