Bola aziz, odobi undan aziz
Download 26.35 Kb.
|
BOLA AZIZ, ODOBI UNDAN AZIZ
BOLA AZIZ, ODOBI UNDAN AZIZ Farzand dunyodagi har bir ota-ona uchun eng qadrli, eng bebaho ne’mat sanaladi. Ayniqsa, bolajon xalqimiz bag’rini bolasiz tasavvur etish qiyin. Ko’rar-ko’zim, shirin so’zim, deya erkalab, uning boshini mehr bilan silab, borlig’ini baxshida etadi. Bola bir nihol bo’lsa, bog’bon ota va ona, bog’ esa oiladir. Bog’dagi nihollarning o’sib, yashnashi, shirin mevalar berishi bog’bonning mahoratiga, mehnatiga bog’liq bo’lgani kabi oiladagi o’g’il-qizlarning har jihatdan sog’lom rivojlanishi, unib-o’sib kamolotga yetishida ota-onaning o’rni va roli benihoya kattadir. “Qush uyasida ko’rganini qiladi”, deganlaridek, oiladagi sog’lom muhit, ota-onaning bir-biriga bo’lgan munosabati, bola ongiga, uning tarbiyasiga asta-asta o’z ta’sirini ko’rsata boshlaydi. SHu sababli ham tarbiyani avvalo oiladan boshlash maqsadga muvofiqdir. “Farzandga tarbiya beruvchi ota-onalar avvalo o’zlari tarbiyalangan bo’lishi kerak”, deydi donishmandlar ham. Darhaqiqat, bola ongi toza varaq kabi beg’uborki, unga nima yozilsa, qalbiga qanday g’oyalar singdirilsa, shunga binoan hayotda o’z yo’lini tanlaydi, bolalikda olgan saboqlariga tayanib, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’ladi. Buyuk ajdodimiz, tabobat olamining yetuk dahosi Abu Ali ibn Sinoning huzuriga bir kuni er-xotin kelib “Biz farzandli bo’ldik, uning tarbiyasini qachondan boshlaganimiz maqul?” – deb so’rashibdi”. Tabib: “Bolangiz necha kunlik?”, deb so’raganida, ular chaqaloqning qirq kunlik ekanini aytishibdi. SHunda tabib “Afsus sizlar sizlar to’qqiz oyu–qirq kunga kechikibsizlar”, deya javob bergan ekan. Bundan bilsa bo’ladiki, bolani ona qornidaligidanoq tarbiyalash lozim. Zero, donishmand xalqimizning “Bola boshidan” degan gapi bejizga aytilmagan. Zotan, bolaning ulg’ayishida, ota-onadan tortib, bobo-buvilar aka, opalarning ta’siri muhim ahamiyatga egadir. Oilada otaning o’rni yuksak maqomda turadi. Farzandlar mardlikni, shijoatni, sabr-toqatni, g’ururni, mashaqqatlarni yenga olishdek jasoratni otalaridan o’rganishadi. Ayniqsa, o’g’il farzand onasiga aytolmagan sirlarini otasiga aytib, undan maslahat so’raydi. SHunday vaziyatlarda bolasiga dalda bo’lish, to’g’ri yo’l ko’rsatish, har qanday vaziyatda ham ko’nglini cho’ktirmay do’stona munosabatda bo’lish otalarning vazifasidir. Ba’zi oilalar borki, ota bilan o’g’il munosabatiga chindan–da havasingiz keladi. Ular mehr-oqibati mustahkam ota-bola, oralaridan qil ham o’tmaydigan sadoqatli do’st, yoshi ulg’aysa ham maslahatlarini jon qulog’i bilan tinglab, ezgu ishlarni amalga oshirishda davom etadigan toza qalbli insonlar sifatida odamiylikdan saboq beradi boshqalarga. Ammo ayrim oilalardagi otalar, farzand borki, otasidan zir titrab turishi kerak, berilgan topshiriqlarni itoatkorlik bilan bajarib, kerak bo’lgan vaqtda, jazolanishi ham shart, degan fikrni ilgari surishadi. Bu, albatta, noto’g’ri fikrdir. Tan olish kerak otaning oilada qadri baland, uni hurmat qilish, aytganlarini o’z vaqtida bajarib, komil farzand bo’lish o’g’il-qizlarning muqaddas burchidir. Biroq otasini ko’rganda yuragida mehr emas, vahimali o’y xayollar o’tishi, unga ro’baro’ kelganda go’yoki dushmanga yo’liqqandek hayiqishi, bolani oila bag’ridan, otadan uzoqlashib borishiga zamin yaratadi. SHuningdek, bolaning kelgusida injiq fe’lli inson bo’lib voyaga yetishida, ko’nglida, qahr-g’azab tuyg’ularining oshib borishiga xizmat qiladi, o’ziga va boshqalarga nisbatan ishonchsizlik ortib, irodaning zaiflashishiga olib keladi. Muqaddas kitoblarda ham bu haqdagi fikrlar aniq va ravshan bayon etilgan. Ya’ni xadislarda aytilishicha, Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: “Rasululloh bir kuni nabiralari imom Husaynni o’pdilar. Bu vaqt huzurlarida Aqra ibn Hobis ismli bir kishi o’tirgan edi. SHunda o’sha kishi payg’ambarimizga savolona murojaat bilan: “Mening o’nta bolam bor, ulardan bittasini ham o’pgan emasman”, –dedilar. Janobi (r.a.v.) unga qaradilar–da, dedilar – “Marhamatli bo’lmagan kishilarga Alloh taolo ham marhamat nazari bilan qaramaydi”. SHundan anglash mumkinki, farzandga yetarlicha mehr ko’rsatish, unga muloyim munosabatda bo’lish, shirin so’zlab, ko’nglini topish otalarimizning burchi va vazifasidir. Zero, bolalariga qilgan bu yaxshiliklari ertaga, albatta, o’z samarasini berishi shubhasizdir. Oilada qiz bola tarbiyasi ayolga, onaga ishonib topshiriladi. Qizlar oila va hayot saboqlarini bobo-buvisidan, ota onasidan, aka opalaridan, qo’ni-qo’shnilariyu, jamiki mahalladoshlaridan o’rganadi, ibrat oladi. Tarbiyada eng mas’uliyatli vazifa onaga topshirilar ekan, onajonlarimiz bu jarayonlarga yanada e’tiborli bo’lib, qizlarining sog’lom unib o’sishi, ilmu hunar egallab, odob-axloq, ibo hayoda ham boshqalarga o’rnak namunasini ko’rsatadigan qiz bo’lib kamolga yetishishiga ahamiyat qaratadilar. Jamiyatda, ana shunday ibratli oilalarda ulg’aygan qizlarga boqib ulug’ adibimiz Abdulla Qodiriy asarlarida keltirilgan Kumushu Ra’nolar ko’z oldimizda qayta gavdalanadi. Ularning shirin muomalasiyu bajarayotgan ezgu ishlariga nazokatli chehrasi va olgan ta’lim-tarbiyasiga tasannolar aytamiz. Xulqu odobi, guldek hunari ularning husni jamolini ming karra oshirgandek go’yo. Bunday dilbar qizlarni kelin qilish esa har qanday qaynonalarning orzusidir. Lekin afsuski, guruch kurmaksiz bo’lmaydi deganlaridek, ko’p joylarda qizlarning o’zini tutishi, odob darajasidan chetga chiqib ketayotganini ko’rib xafa bo’lib ketadi kishi. Xususan, ayrim ota-onalar ro’zg’orning bir uchin olsin, deya qizini bozorga, savdo sotiq ishlariga chiqarayotgani, hattoki, maktab, kollejni tamomlamasidan, tijoratga jalb etayotgani, “O’qib shahar olib berarmiding” kabi kinoyali gaplar ohangida yoshlarning bilim olishga bo’lgan ishtiyoqini susaytirib yuborayotgani g’oyat achinarlidir. Natijada, bunday qizlar ayni o’smirlik, yoshlik yillarini bozorda o’tkazib, hech narsani o’rganmay, daromad ketidan quvishga, pul topish ilinjida kattayu kichik bilan janjallashib, o’z obro’sini to’kib yashashga majbur bo’lmoqda. bozorlarda yosh sotuvchi qizlarning o’zidan anchagina yoshi katta savdogar ayollar bilan uyatli so’zlar aytishib, tortishayotganini, nojoiz xiringlab, kimlarnidir masxara qilishayotganiga ba’zida guvoh bo’lib qolamiz. Nafs yo’lida yerga yumalashib, yuz-ko’z, soch yulishib janjal-to’polon ko’tarayotgan qizlarni ko’rgan har qanday odam, ularning ota-onasiga aslo rahmat aytmaydi. Jamoat joylarida, avtobus bekatlari yonida bemalol tamaki chekib, bu nomaqbul qilmishlari bilan odamlarni o’ziga qaratayotgan va ularning qalbida nafrat tuyg’ularini uyg’otayotgan qizlarni ham onalar dunyoga keltirgan, otalar erkalatib katta qilgan, tarbiyasiga befarq qaragan. Axir kunlar o’tib shu qizlarning ham turmushga chiqishi, farzand ko’rishi bor. O’zi nosog’lom bo’lgan onalar esa qanday qilib sog’lom bolani dunyoga keltiradi. Tarbiyadagi ozgina no’noqlik, loqaydlik insonga ham jamiyatga ham bir buncha tashvish olib kelishi, shubhasizdir. Bunday holatlarga yo’l qo’ymaslik uchun avvalo ota-ona, mahalla–ko’y, ustozlar birlashib, hamkorlikda ish olib borishsa, yoshlarning bilimini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish borasida amaliy sa’y-harakatlar olib borilsa, ertangi kelajagimiz yanada obod, farzandlarimiz baxtiyor, yurtimiz farovon bo’lib boraveradi. Download 26.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling