4-mashq. “Qaychi bilan qanday qirqamiz” - Mashq maqsadi: kichkintoylarda qo‘l harakatlarini boshqarish malakalarini rivojlantirish. Qo‘l muskullarini mashq qildirish. Diqqatni jamlashga o‘rgatish va yozishga tayyorlash. Kerakli jihozlar: stol ustida bolalar qaychisi, bir nechta qalin rangli karton. Ayrim kartonlarda qirqish chizig‘i chizib qo‘yiladi. Mashqning borishi: stol ustiga qaychi va rangli kartonlar qo‘yiladi. Bola o‘ng qo‘li bilan qaychini ushlaydi va kartondan mayda bo‘lakchalar qirqadi. Keyinroq chiziq bo‘ylab qirqadi va asta-sekin turli shakllarni ham qirqa boshlaydi.
5-mashq. “Shakllarni joyiga to‘g‘ri qo‘y” - Mashq maqsadi: bolalarning so‘z boyligini oshirish, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga o‘rgatish. Kerakli jihozlar: kartondan tayyorlangan hayvonlar, o‘simliklar, uy-ro‘zg‘or buyumlari tasvirlangan shakllar. Mashqning borishi: stollarga hayvonlar, o‘simliklar, uy-ro‘zg‘or buyumlari shakli solingan quticha qo‘yiladi. Ular hayvonlarni birinchi qatorga, o‘simliklarni ikkinchi qatorga, uchinchi qatorga esa uy-ro‘zg‘or buyumlarini qo‘yib chiqadilar. Bu mashq orqali bolada mantiqiy fikrlash rivojlanadi hamda atrof-olam haqidagi tasavvurlari mustahkamlanadi. Kichkintoylar kartondan hayvon, o‘simlik yoki uy-ro‘zg‘or buyumlari shakllarini qirqishlari ham mumkin.
6-mashq. “Kartada o‘ynash” - Mashqning maqsadi: bolalarning so‘z boyligini oshirish. Rasmlarni taqqoslash. Buyum va narsa nomlarini aytishga o‘rgatish. Kerakli jihozlar: turli xil qizil, yashil va sariq rangda kartonga chizilgan hayvonlar, o‘simliklar, buyum yoki narsalar to‘plami. Jonli yoki jonsiz tabiat aks ettirilgan bo‘lishi mumkin. Mashqning borishi: bolalar stol ustiga qizil karton to‘plamini terib chiqadilar. Masalan “uy hayvonlari”, “yovvoyi hayvonlar”. Har bir bola kartonda tasvirlangan rasmning nomini aytib izohlaydi. Agar kichkintoylar rasmdagi hayvonlar nomini bilmasalar tarbiyachi yordam beradi. Mashqning ikkinchi variantida barcha kartonlar aralashtiriladi yoki teskarisi qo‘yib chiqiladi. Kichkintoylar tartib bilan bir-biriga mos rasmlarni ajratib joylashtiradilar va taqqoslaydilar.
- Italiyalik pedagog Mariya Montessori o‘zining pedagogik qarashlaridan kelib chiqib bolalarni aqliy jihatdan rivojlantirish, ularni his qilishga o‘rgatish kerakligini ta’kidlaydi. Bolalarda sensorika va motorikani rivojlantirish kichkintoylarda yozish, hisoblash ko‘nikmasini shakllantiradi. Montessori metodikasining asosiy mohiyati bolada mustaqil faoliyat orqali shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilishga sharoit yaratish va yordam berishdan iborat. Shuningdek, Montessori materiallari kichkintoylarda mantiqiy tafakkurni rivojlantiradi. Bolada ichki kuchni rivojlantirish va uning shaxsiy sifatlarini shakllanishiga turtki beradi. Bundan tashqari bolada atrof-muhit to‘g‘risidagi tasavvurlar ham tizimga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |