Boqiy va ezgu an’ana
Download 9.47 Kb.
|
ShAXAR
Boqiy va ezgu an’anaO‘zA, Bahor Xidirova, 15.03.2010 15:39 Mamlakatimizda 13-14 mart kunlari umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tdi. Navro‘z bayrami arafasida hashar o‘tkazish xalqimizning azaliy an’analardan. Bunday tadbirlar zamirida ajdodlarimizning tabiatga bo‘lgan beqiyos muhabbati, ezgu an’analarni, bilim va tajribasini kelgusi avlodlarga mukammal holda yetkazishga intilishi va kelajak avlodlar kamoloti oldidagi mas’ullik hissi namoyon bo‘ladi. Ushbu bebaho qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga asl holicha yetkazish istiqlol yillarida ma’naviy-ma’rifiy jabhada olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylandi. Jumladan, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari arafasida umumxalq hasharini o‘tkazish o‘ziga xos an’ana tusini olgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 4 martda qabul qilingan farmoyishiga binoan mart-aprel oylari yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilindi. Oylik doirasida 13-14 mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad Navro‘z bayramini munosib nishonlash, xalqimizga xos ezgu fazilatlarni yanada yuksaltirish, qishloq va shaharlarni, mahallalar hududlarini, aholi turar-joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya-epidemiologik holatni yanada yaxshilash, «Barkamol avlod yili» Davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishdan iborat. O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamg‘armasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hashar mamlakatimizning barcha hududlarida uyushqoqlik bilan, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bu jarayonda 17 millionga yaqin yurtdoshimiz ishtirok etdi. Hasharchilarning sa’y-harakati bilan 35 ming gektardan ziyod maydon obodonlashtirildi. Bog‘larga, hovli-joylarga, xiyobonlarga, ko‘chalarga mevali, manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekildi. Yangi tutzorlar barpo etildi. Mavjud daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Ariqlar, lotoklar tozalandi, ziyoratgoh va qabristonlar obodonlashtirildi. Hashar kunlari yangi inshootlarni foydalanishga topshirish, bolalar sport maydonchalarini qurish, yangi bog‘lar barpo etish, ehtiyojmand oilalarga uy-joylarni ta’mirlashda ko‘maklashish bilan bog‘liq tadbirlar yanada keng quloch yoydi. Jumladan, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi “G‘ayrat” qishloq fuqarolar yig‘inida hashar yo‘li bilan qurilgan mahalla guzari ishga tushdi. Farg‘ona tumanining Beruniy va Tinchlik mahallalarida qurilgan qishloq fuqarolar yig‘inlari binosining ochilish marosimi o‘tkazildi. Sirdaryo viloyatida bu yil 77 savdo do‘koni, dorixona, tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish sexlari, sport maydonlari va boshqa inshootlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Umumxalq hashari kunlari ushbu inshootlar qurilishida ish yanada qizidi. Hasharchilar, bunyodkor yoshlar quruvchilarga qurilish va obodonlashtirish ishlarida ko‘maklashdilar. Xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish maqsadida aholini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlash dasturlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda. Namangan shahrida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida 40 mingdan ko‘proq hasharchi quruvchilarga ko‘mak berdi. Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Sho‘rsoy va Mustaqillik mahallalariga ichimlik suvi, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi Tuyabo‘g‘iz qishlog‘iga esa gaz tarmoqlari tortildi. Hashar kunlari xalqimizga xos insonparvarlik, olijanoblik, saxovatpeshalik singari ezgu urf-odatlar yanada keng namoyon bo‘ldi. An’anaga ko‘ra, ehtiyojmandlar, kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar, boquvchisini yo‘qotganlar, nogironlar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj qariyalarga moddiy yordam ko‘rsatildi, uy-joylarini ta’mirlashda ko‘maklashildi. Hashar kunlari ishlab topilgan bir kunlik ish haqi O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamg‘armasi va uning joylardagi bo‘limlari hisobraqamiga o‘tkaziladi. Bu mablag‘ “Barkamol avlod yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni bajarishga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini qo‘llab-quvvatlashga, mahallalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahallalardagi sport maydonchalarini ta’mirlash va zarur jihozlar bilan ta’minlashga sarflanadi. Download 9.47 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling