Materialistlar va idealistlar. U yoki bu faylasuflar savolning birinchi qismiga qanday javob berishiga qarab, -dunyo azaldan moddiy, ong esa bu materiyaning mahsulidir, deb hisoblovchilar materialistlar va dunyo zamirida materiyadan oldin paydo bo‘lgan va uni yaratuvchi ideal narsalar va hodisalar yotadi, degan fikrni himoya qiluvchi idealistlarga ajratiladi.
Bunda idealizmning ikki turi – ob’ektiv va sub’ektiv idealizm farqlanadi. Ob’ektiv idealistlar - qandaydir nomoddiy va inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan (ya’ni ob’ektiv mavjud bo‘lgan) narsalar va hodisalarni ( Xudo,dunyoviy aql, g‘oya, ruh va shu kabilar) butun borliqning asosi deb e’tirof etadilar. Falsafa tarixida Platon, Avliyo Avgustin, Foma Akvinskiy, G.Gegel, N.Berdyaev kabi mutafakkirlar ob’ektiv idealizm namoyandalaridir.
Sub’ektiv idealistlar - dunyo faqat individual (sub’ektiv) ong mahsuidir deb hisoblaydilar. J.Berkli, D.YUm, I.G.Fixte sub’ektiv idealizmning yorqin namoyandalari hisoblanadi.
Falsafaning asosiy funksiyalari. Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g‘oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan shu tariqa) har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi insonning o‘z-o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o‘z burchini qanday talqin qilishida namoyon bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, inson dunyoqarashida e’tiqodlar va bilimlar, tuyg‘ular va emotsiyalar, oqilonalik va irratsionallik, tajriba, intuitsiya va hokazolar chambarchas bog‘lanadi.
Gnoseologik funksiyasi tajribada sinash, tavsiflash yoki shak-shubhasiz inkor etish mumkin bo‘lmagan, ya’ni fan ochib berish, tadqiq etish va tahlil qilishga qodir bo‘lmagan narsalar va hodisalarni oqilona yo‘l bilan tushuntirishga harakat qilishdir. Falsafa gnoseologiyada hal qiladigan boshqa bir muhim vazifa «Haqiqat nima?», «Uning mezonlari qanday?», degan masalalar bilan bog‘liq, zero har qanday bilish jarayoni oxir-oqibatda, u yoki bu tarzda haqiqatning tagiga etishga qarab mo‘ljal oladi, bu esa eng muhim masaladir.
Do'stlaringiz bilan baham: |