Bozor infratuzilmasi unsurlarining tarkib topishi va rivojlanishi Bozorning turlari va tuzilishi


- resurslarning qayta tiklanmaydigan turlarini saqlash imkoniyatining yo‘qligi


Download 76.36 Kb.
bet4/9
Sana13.05.2023
Hajmi76.36 Kb.
#1457980
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
BOZOR INFRATUZILMASI UNING ASOSIY SOHALARI VA UNSURLARI 01

- resurslarning qayta tiklanmaydigan turlarini saqlash imkoniyatining yo‘qligi;


- mehnat qilish bilan bog‘liq kafolatlarning mavjud emasligi;
- fanda fundamental va amaliy tadqiqotlarning rivojlanishiga ko‘maklashuvning yo‘qligi;
- rivojlanishning beqarorligi hamda ijtimoiy ishlab chiqarishning pasayish holatlarining mavjudligi.
Shuningdek, 2008 yilda AQSH ipoteka kreditlash tizimida vujudga kelgan hamda ko‘plab rivojlangan mamlakatlarga tarqalib, avval iqtisodiyotning moliyaviy sektorida, keyinchalik esa real sektor hamda ijtimoiy sohasida jiddiy talofatlarga olib kelgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ham ko‘p tomondan bozor iqtisodiyotining ziddiyatli jihatlari ta’siri bilan bog‘liq. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda bozorning o‘zini-o‘zi tartiblash mexanizmini mutlaqlashtirish va bunda davlatning nazorat qilish, tartibga solish vazifalariga umuman e’tibor qaratmaslik pirovardida inqiroz holatlarining ro‘y berishiga olib keldi. O‘zbekistonda davlat tomonidan bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni tartibga solish jarayonlariga doimiy e’tibor qaratilib, zarur bo‘lganda iqtisodiyotda davlat tomonidan boshqaruv usullari qo‘llandi va bunday yondashuv oxir-oqibatda o‘zini to‘la oqladi1.





1.3. Bozor infratuzilmasi faoliyatining shart-sharoitlari,
Bozor tushunchasi bozor iqtisodiyotining markaziy kategoriyasi bo‘lib, iqtisodiyot nazariyasida ham, xo‘jalik yuritish amaliyotida ham, barcha mamlakatlar tajribasida ham qo‘llaniladigan ilmiy-amaliy tushunchadir.
Eng avvalo «bozor» va «bozor iqtisodiyoti» tushunchalarining bir-biridan farqlanishini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. CHunki, ko‘pincha bu ikki tushunchani bir xil ma’noda ifodalash, ba’zi adabiyotlarda sinonim so‘zlar sifatida qo‘llash yoki ularni chalkashtirish hollari uchraydi. Bozor jamiyatda bozor iqtisodiyoti shakllangunga qadar mehnat taqsimotining ro‘y berishi natijasida vujudga kelgan bo‘lib, u ijtimoiy takror ishlab chiqarishning ayirboshlash jarayonini o‘z ichiga oladi. Bozor iqtisodiyoti esa bozor munosabatlarining tarixan uzoq davr mobaynida rivojlanishi natijasi bo‘lib, tovar-pul qonunlari asosida tashkil etiluvchi va faoliyat ko‘rsatuvchi iqtisodiy tizimni anglatadi.
Bozor iqtisodiyoti takror ishlab chiqarishning barcha fazalarini: ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol jarayonlarini qamrab oladi. Bozor esa faqat bitta fazani, ya’ni ayirboshlash fazasini o‘z ichiga oladi.
Bozor tushunchasi yuzaki qaraganda oddiy tushunchaga o‘xshab ko‘rinadi, ayrimlar bozorni tovarlar sotiladigan va xarid qilinadigan joy deb o‘ylashadi. Lekin uning ichki mazmuniga e’tibor berilsa, u ko‘p qirrali bo‘lib, mazmuni o‘zgaruvchan ekanligini, turli davrlarda turli ma’noni anglatishini bilib olish mumkin. Bozor tushunchasi tovar ayirboshlashning kelib chiqishi va rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, u ibtidoiy jamoa tuzumining oxirlarida kelib chiqqan va dastlab tovar almashuv, tovar ayirboshlash joyi yoki maydoni degan mazmunni anglatgan.
Dastlab bozor ikki yoki bir necha qabila a’zolari bir-birlari bilan tovar almashuv joyi sifatida namoyon bo‘lgan bo‘lsa, hunarmandchilikning rivojlanishi, shaharlarning paydo bo‘lishi bilan alohida maydonlar ajratilib, unda kishilar oldi-sotdi qilganlar. Lekin hali u davrlarda tovar ayirboshlash T – T ko‘rinishida, ya’ni bir turdagi tovarga boshqa turdagi tovarni ayirboshlash shaklida bo‘lgan. Bunday ayirboshlashda vaqt va masofa bo‘lmay, bir vaqtning o‘zida o‘sha joyda almashuv jarayoni sodir bo‘lgan. Keyinchalik tovarlarni bunday tarzda ayirboshlashning ziddiyatlari kuchayib borishi natijasida pul kelib chiqib, sotish va sotib olish jarayoni ikkiga ajralgan va T – P – T ko‘rinishini olgan. Endi tovarni sotish (T – P) va sotib olish (P – T) zamon va makon jihatidan mos kelmasligi mumkin. CHunki sotuvchi o‘z tovarini bir joyda pulga ayirboshlab, o‘ziga kerakli tovarni boshqa vaqt va boshqa joyda sotib olishi mumkin. Pulning kelib chiqishi bilan savdogarlar, ya’ni tovarlarni ishlab chiqaruvchidan olib iste’molchiga, bir joydan ikkinchi joyga olib borib sotish bilan shug‘ullanadigan maxsus guruhlar paydo bo‘ldi.
Mehnat taqsimoti chuqurlashib savdo sohasi vujudga keldi. Bu soha tovar-pul harakatini tezlashtirish imkonini berib, iste’molchi bilan ishlab chiqaruvchini bog‘laydigan vositaga aylandi. Bunda ishlab chiqaruvchi bilan iste’molchi ham bir-birlari bilan uchrashishi shart bo‘lmay, ular savdogarlar-vositachilar orqali aloqa qilishlari mumkin bo‘lib qoldi. Endi bozor tushunchasining mazmuni o‘zgarib, yangi ma’no kasb etadi, ya’ni tovar-pul muomalasining yangi shakli sifatida namoyon bo‘la boshladi. Oldi-sotdi jarayonida yangi o‘ziga xos muhim tovar – ishchi kuchining paydo bo‘lishi bilan bozor umumiy tus olib, uning mazmuni yanada kengaydi. Endilikda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlargina emas, balki ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi ham bozor jarayoni orqali o‘tib, ishlab chiqarishga jalb etila boradigan, ularning bir-biriga o‘zaro ta’siri to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki bilvosita – bozor orqali sodir bo‘la boshladi.
Shunday qilib, hozirgi davrda bozor ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilarning ko‘p qirrali murakkab aloqalarini, ularning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ta’sirini bog‘laydigan bo‘g‘in, jamiyat taraqqiyotida modda almashuvini ta’minlaydigan jarayon sifatida shakllandi. Bozor – ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar (sotuvchilar va xaridorlar) o‘rtasida pul orqali ayirboshlash jarayonida vujudga keladigan munosabatlar majmuasi.
Bozorning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
- sotuvchi va xaridorlarning o‘zaro kelishuvi, ekvivalentlilik prinsipi asosida ayirboshlash;
- sotuvchilarning xarajatlari qoplanib, foyda olishi;
- to‘lovga layoqatli bo‘lgan xaridorlarning talabini qondirish va raqobatchilik.
Bozor tovarlarni ishlab chiqarish va ayirboshlash, pulning vujudga kelishi, ularning rivojlanishi natijasida kelib chiqqan tarixiy tushuncha bo‘lib, hozirgi davrda keng tarqalgan ob’ektiv iqtisodiy jarayondir.
Bozordagi tovar va xizmatlar miqdori talabga nisbatan kam bo‘lsa narxlar oshib ketadi, ayirboshlashning ekvivalentlik muvozanati buziladi, natijada tovarni sotuvchi me’yoridan ortiqcha daromad olish imkoniga ega bo‘ladi. Aksincha, bozorda tovarlar miqdori talab miqdoridan oshib ketsa, narxlar pasayib ketib, sotuvchilar zarar ko‘radilar. SHuningdek, ishlab chiqarish jarayonida sustkashlik, no‘noqlik va xo‘jasizlik yuz berib, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yilsa ham zarar oshib ketadi, chunki bozor bunday behuda sarflarni hisobga olmaydi. Bularning barchasini bozor o‘z mexanizmi orqali amalga oshiradi. Bozor mexanizmi – bozor iqtisodiyotining faoliyat qilishini tartibga solishni va iqtisodiy jarayonlarni uyg‘unlashtirishni ta’minlaydigan dastak va vositalar.
Bozorning iqtisodiy mazmunini ochib berishda uning ob’ekti va sub’ektini ajratib ko‘rsatish lozim bo‘ladi. Bozor ob’ekti – ayirboshlash munosabatlariga jalb qilingan iqtisodiy faoliyat natijalari va iqtisodiy resurslar, tovar, pul va unga tenglashtirilgan moliyaviy aktivlar.
Hozirgi sharoitda oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari do‘konlari, avtomobilga xizmat ko‘rsatish stansiyasi, benzin quyish shaxobchalari, sanoat tovarlari do‘koni, tijoratchilarning savdo shaxobchalari, turli xil supermarketlar, yirik savdo markazlari va savdo yarmarkalari, umumiy ovqatlanish shaxobchalari bozorning odatdagi ko‘rinishlari hisoblanadi. Fond birjalari, valyuta bozori, don birjalari va auksion kabilar bozorning yuqori darajada rivojlangan ko‘rinishlaridir.
Bozor sub’ekti – ayirboshlash munosabatlari qatnashchisi. Bozor sub’ektlari ikki guruhga – sotuvchi va xaridorlarga bo‘linib, ular bozor munosabatlarining turli vazifalarini bajaradi. Sotuvchilar bozorga tovar va xizmatlarni taklif etadi, xaridorlar esa ularga talab bildiradi. Bozor o‘z sub’ektlari manfaatini bir-biriga bog‘lab, ularni muvofiqlashtiradi. Ayrim turdagi bozorlarda sotuvchi va xaridorlar o‘rtasida bevosita aloqa mavjud bo‘lsa, boshqalarida bilvosita aloqa mavjud bo‘lib, ular hech qachon bir-birini ko‘rmaydi yoki bilmaydi.
Bozorning asosiy vazifasi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan tovar va xizmatlarni, iqtisodiy resurslarni iste’molchilarga etkazib berishdan iboratdir. Bu erda bozor ishlab chiqarish bilan iste’molni bir-biriga bog‘laydi, ishlab chiqarilgan tovar yoki xizmat o‘z iste’molchisini topadi. Bunda bozor vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Bozorda qiymat shakllari almashadi. U qiymatni tovar shaklidan pul shakliga aylantiradi. Individual mehnat sarflari sifatida chiqqan tovarlar bozor tomonidan tan olinsa, ijtimoiy mehnat sarfini namoyon qiladi va tovarning bozor qiymati hosil bo‘ladi.
Bozor ayirboshlash kategoriyasi bo‘lib, ishlab chiqarishning uzluksiz takrorlanib turishiga yordam beradi. Ishlab chiqarish, yangidan boshlanishi uchun yaratilgan tovarlar sotilishi va ularning pulga aylanishi, puldan esa kerakli iqtisodiy resurslar xarid qilinishi zarur. Bozor vositasida tovarni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobiga, ishlab chiqaruvchilar resurslar sotib olish yo‘li bilan sarflangan ishlab chiqarish vositalari o‘rnini qoplaydigan va ishlab chiqarishni kengaytirish uchun kerakli moddiy va mehnat resurslariga ega bo‘ladilar. Bozor orqali resurslarning erkin harakati ta’minlanadi va ularning tarmoqlar o‘rtasida taqsimlanishi ro‘y beradi. Iste’molchilar bozorda u yoki bu tovarga bo‘lgan talabini bildiradi. Bozor bu talabni ishlab chiqaruvchilar va resurslarni etkazib beruvchilarga uzatadi. Resurslar talab bildirgan tarmoqlar va sohalar o‘rtasida taqsimlanib turadi.
Bozor iqtisodiyotni tartibga solib turish vazifasini talab, taklif, raqobat va narxlar yordamida bajaradi. U o‘zida talab va taklifni jamlab, bu bilan nimani, qancha miqdorda va qaysi vaqtda ishlab chiqarish kerakligini aniqlab beradi. Bozor narx vositasida iqtisodiy resurslarni tovarlarga talab kamaygan tarmoqlardan talab ortgan tarmoqlarga oqib kelishini ta’minlaydi.
Shuningdek, adabiyotlarda bozorning boshqa ko‘plab qo‘shimcha vazifalari ham keltiriladi. Bu vazifalarni yaqqolroq tasavvur etish uchun ularni maxsus chizma ko‘rinishida ifodalash mumkin.
Bozor turli xil vazifalarni bajarsa-da, ular o‘zaro bog‘liq va bir-birini taqozo qiladi. Bozorning iqtisodiy mazmunini chuqurroq tushunish uchun uning turlari va ichki tuzilishini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Hozirgi davrda bozor murakkab tuzilishga egadir. Bozorning ichki tuzilishi murakkab bo‘lganligi sababli uni turkumlashga quyidagi mezonlar asos qilib olinadi: bozorning etuklik darajasi, sotiladigan va sotib olinadigan mahsulot turi, bozor sub’ektlari xususiyatlari, bozor miqyosi, iqtisodiy aloqalar tavsifi va boshqalar.
Bozorning etuklik darajasiga qarab rivojlanmagan bozor, erkin (klassik) bozor, hozirgi zamon rivojlangan bozorlarga bo‘linadi. Rivojlanmagan, shakllanayotgan bozor tasodifiy tavsifga ega bo‘lib, unda tovarni tovarga ayirboshlash (barter) usuli ko‘proq qo‘llaniladi. Bozorning bu turi tarixan hali haqiqiy pul mavjud bo‘lmagan davrga to‘g‘ri keladi. Lekin hozirgi davrda ham ayrim mamlakatlarda pul inqirozga uchrab, ijtimoiy ishonchni yo‘qotgan, bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida ham bozorning bunday turi amal qilishi mumkin.
Erkin (klassik) bozor – tovar va xizmatlarning har bir turi bo‘yicha juda ko‘p ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar, sotuvchilar va xaridorlar mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida erkin raqobat amal qiluvchi, narxlar talab va taklif o‘rtasidagi nisbatga qarab erkin shakllanuvchi bozordir. Erkin bozorda raqobatning turli usullari qo‘llanilib, aholi va ishlab chiqaruvchilar keskin tabaqalanishi ro‘y beradi.
Hozirgi zamon rivojlangan bozori ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash va aholini ijtimoiy himoyalash maqsadida bozor aloqalarining davlat tomonidan tartibga solib turilishiga asoslanadi. Demak, davlat ham bozor ishtirokchisi bo‘lib, u bozor aloqalarini tartiblashtiradi va boshqaradi. Hozirgi zamon rivojlangan bozorida turli xil birjalar va boshqa oldi-sotdi jarayoniga xizmat qiluvchi sohalar taraqqiy etgan bo‘ladi. Raqobatning asoratli kurashlari, aholining tabaqalashuvi yumshatilib, ularning daromadlari o‘rtasidagi tafovutlar me’yor darajasida ushlab turiladi.
Bozor hududiy jihatdan ham turlicha bo‘lishi mumkin. Bular mahalliy bozorlar (Toshkent bozori, Samarqand bozori, Urgut bozori, London bozori, Nyu-York bozori, Pekin bozori va boshqalar); milliy bozorlar (O‘zbekiston bozori, Rossiya bozori, Ukraina bozori, Angliya bozori, Amerika bozori, Xitoy bozori va boshqalar); hududiy bozorlar (Markaziy Osiyo yoki Osiyo bozori, G‘arbiy Evropa bozori) va nihoyat jahon bozori.
Sotiladigan va sotib olinadigan tovar, xizmat turiga ko‘ra bozorlar quyidagi turlarga bo‘linadi: iste’mol tovarlari va xizmatlari bozori, ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi (resurslar) bozori, valyuta bozori va fond birjalari, ilmiy-texnika kashfiyoti va ishlanmalar bozori.
Muomalaga chiqadigan sub’ektlarning xususiyatiga ko‘ra ulgurji va chakana savdoni ajratish mumkin. CHakana savdoda asosan sotib oluvchilar fuqarolar hisoblanadi. Turli shakldagi korxonalar, firmalar, xususiy do‘konlar va boshqalar esa sotuvchi hisoblanadi. Ulgurji savdoda mahsulotlar yirik partiyalarda ko‘tarasiga sotiladi.
Bozorning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib iste’mol tovarlari va xizmatlar bozori hisoblanadi. Bu bozorda xo‘jalik sub’ektlarining barcha uchta turi: uy xo‘jaliklari, davlat va korxonalar qatnashadi.
Iste’mol tovarlari va xizmatlari bozorining maxsus turi intellektual tovarlar bozoridir. Bu bozorda aqliy mehnat mahsuli bo‘lgan tovarlar – ilmiy g‘oyalar, texnika yangiliklari, san’at va adabiyot asarlari, har xil axborotlar oldi-sotdi qilinadi. Intellektual bozor tarkibida ilmiy-texnika ishlanmalarini ayirboshlash katta o‘rin tutadi. U amalda patent, litsenziya va nou-xau sotishdan iborat bo‘lib, bu bozorda asosan innovatsiya firmalari ish ko‘radi. Mazkur firmalar yangiliklar yaratish, bozorda sotish va ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.
Ishlab chiqarish vositalari (resurslar) bozorida tovar sifatidagi mehnat vositalari va materiallar oldi-sotdi qilinadi. Bu bozorda mashina, asbob-uskuna, xomashyo, yoqilg‘i va materiallar kabi ishlab chiqarish vositalari ulgurji ravishda sotiladi. Resurslar bozoridagi tovarlar shaxsiy iste’molga emas, ishlab chiqarish iste’moliga xizmat qiladi, ya’ni ishlab chiqarish talabini qondiradi.
Bozorning barcha sub’ektlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar iste’mol tovarlari va resurslar bozori orqali ancha to‘liq va yorqin namoyon bo‘ladi.
Chizmadan ko‘rinib turibdiki, uy xo‘jaliklari va davlat iqtisodiy resurslarga egalik qilib, ularni resurslar bozoriga etkazib beradi. Korxonalar resurslarga talab bildiradi. Korxonalarning resurslarni sotib olishga sarflagan pul mablag‘lari resurslarni etkazib beruvchilarning daromadlari (ish haqi, renta, foiz va foyda) oqimini tashkil qiladi.
Uy xo‘jaliklari resurslarni sotishdan olinadigan pul daromadlarini sarflash jarayonida ko‘plab tovar va xizmatlarga o‘zlarining talabini bildiradi. Bir vaqtda korxonalar aynan shu bozorda tovar va xizmatlarni taklif qiladi. Tovar va xizmatlarga iste’mol sarflari oqimi korxonalarning pul tushumi yoki daromadini tashkil qiladi.
Iqtisodiy resurslar bozorining tarkibiy qismini ishchi kuchi bozori tashkil qiladi. Ishchi kuchi bozorida o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan iqtisodiy resursning oldi-sotdi bitimi amalga oshiriladi. Bu bozorda biznes tomonidan ishchi kuchiga bo‘lgan talab, uy xo‘jaliklari tomonidan bildirilgan ishchi kuchi taklifi bilan to‘qnash keladi. SHunday ekan, ishchi kuchi bozorida iqtisodiy sub’ektlarning ikki turi – tadbirkorlar va yollanma ishchilar harakat qiladi. Ishchi kuchi insonning mehnat qilish qobiliyati sifatida tovarga aylanadi, bu qobiliyat bozor orqali uning egasidan ajratib olinishini bildirmaydi. Ishchi kuchi bozorida insonning o‘zi emas, uning mehnat qilish qobiliyati ma’lum muddatga sotiladi.
Moliya bozori turli-tuman va ko‘p jihatli bo‘lsa ham oldi-sotdi ob’ekti bitta, ya’ni pul (pulga tenglashtirilgan qog‘ozlar) hisoblanadi. Ortiqcha mablag‘larga ega bo‘lgan xo‘jalik sub’ektlari o‘z moliyaviy resurslarini ularga ehtiyoj sezgan sub’ektlarga taklif qiladi.
Moliya bozorini moliyaviy bitimlarning harakatiga qarab turkumlash mumkin. Bunda moliya bozori ikkiga ajraladi: qarz majburiyatlari bozori va kapital (mulk) bozori. Qarz majburiyatlari bozorida pul vaqtincha qarzga olinadi va shaxsiy iste’mol uchun ishlatiladi. Kapital (mulk) bozorida jamg‘arishga qo‘yilgan puldan daromad olish huquqi sotiladi va sotib olinadi. Bu bozorda mablag‘lar kapital sifatida ishga solinib, foyda keltiradi. SHuni hisobga olib kapital bozorini ikkita bo‘g‘inga ajratish mumkin: ssuda kapitali bozori va qimmatli qog‘ozlar bozori. Ssuda kapitali bozori – pul shaklidagi kapitalning foiz to‘lash sharti bilan qarzga berish bo‘yicha oldi-sotdi munosabatidir. Bu bozorda asosan davlat va banklarning qisqa muddatli majburiyatlari muomalada bo‘ladi.
Qimmatli qog‘ozlar bozori – turli ko‘rinishdagi qimmatli qog‘ozlar (aksiya, obligatsiya, veksel, chek, depozit kabilar)ni oldi-sotdi munosabati. Mazkur bozor amalda fond birjalari, auksionlar va banklardan iborat bo‘lib, unda broker va dilerlar vositachilik qiladi.
Qimmatli qog‘ozlarning harakati xususiyati bo‘yicha moliya bozori birlamchi va ikkilamchi (hosila) bozorlarga bo‘linadi. Birlamchi bozorda yangi nusxadagi qog‘ozlar sotiladi va sotib olinadi, ikkilamchi bozorda oldin chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar harakat qiladi. Birlamchi bozorda qimmatli qog‘ozlar sotilsa, ikkilamchi bozorda qayta sotiladi.
Iqtisodiyot uchun qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozori favqulodda muhim ahamiyatga ega. U xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida moliyaviy vositalarning erkin harakat qilishini ta’minlaydi.



Download 76.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling