Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur


Boburning nasriy asarlari


Download 26.02 Kb.
bet3/4
Sana17.02.2023
Hajmi26.02 Kb.
#1205484
1   2   3   4
Bog'liq
Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur

Boburning nasriy asarlari.
Bobur «Boburnoma» ni 925 hijriy- 1518-1519 milodiy yilda yozishga kirishib, shu vaqtdan boshlab keyingi yillarda sodir bo’lgan voqealarni ketma-ket yozib borgan. 934 hijriy - 1527 milodiy yildan so’ng, ya’ni Rano Sango ustidan g’alaba qozonib, shimoliy Hindistonda o’z saltanatin imustahkamlagan Bobur o’z kitobida boshdan kechirgan sarguzashtlarini, ya’ni 899 hijriy - 1494 milodiy yildan 925 hijriy - 1518-1519 milodiy yilgacha bo’lgan voqealarni ham kiritishni ma’qul deb bilib, ularni esdalik uslubida yozib borgan. Shuning natijasida «Boburnoma»da 899 hijriy - 1494 milodiy yildan 936 hijriy - 1529 milodiy yillarda sodir bo’lgan voqealarning sanaviy tartibdagi bayoni o’z aksini topgan. Shuni ham nazarda tutmoq lozimki, «Boburnoma»da ana shu yillar orasida o’n olti yil (910, 915-924, 927, 928, 930, 931 va boshqa hijriy yillar) voqealarining alohida bayoni uchramaydi. Ammo bu «Boburnoma»ning yaxlitligiga katta ta’sir ko’rsatmaydi.
Shunday qilib, «Boburnoma»da Boburning Farg’ona viloyati hokimi bo’lib,Kobulda o’zini podshoh deb e’lon qilgani va nihoyat Hindistonda o’z saltanatiga asos solgani bilan bog’liq voqealar tizmasi o’z aksini topgan.
«Boburnoma»ning mazmuni unda tasvirlangan hodisa-voqealar shunchalik boy va ko’p qirraliki, buning natijasida u Movarounnahr, Afg’oniston vaHindistonning XV asr va XVI asr boshlaridagi tarixiy, madaniy, urf-odatlar, ilmi va adabiyoti, o’simliklar va hayvonot dunyosi, shahar, qishloq, meva va gullarining boy manzarasini chizuvchi nodir manbaga aylanib qoldi.
Asarning bosh qahramoni-hikoya qiluvchisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. «Boburnoma»ni o’qigan kishi bosh qahramonning achchiq-chuchuk sarguzashtlari, o’ziga xos fazilatli shaxsiyati, nihoyatda hassos, qiziquvchan, o’tkir zehn va serqirra idrokli, keng dunyoqarashli ekanligi, mard va jasur, to’g’ri so’z va mustahkam iymon-e’tiqodli bo’lganligining guvohi bo’ladi. Shunisi muhimki, bosh qahramon-Bobur o’zgalar aybini axtarishga intilmaydi, balki o’z aybi va xatosini ham, o’zining «gunohlarini ham shafqatsiz bo’lib qalamga oladi. Shundan-da, Bobur ba’zan qiyin ahvolda qolganini ham yozib, shunday deydi:«Manga bisyor dushvor keldi, beixtiyor g’alaba (ko’p) yig’ladim» (Boburnoma,113-bet).
«Boburnoma» - da hayotiylik, haqqoniylik, haqgo’ylik va sodda-turkona bayon yetakchilik qiladi. Boburning quyidagicha yozganlari ham bu fikrlarni qo’llab-quvvatlaydi: «Chun bu tarixda andoq iltizom qilinibdurkim, har so’zning rostini bitilgay va har ishning bayoni voqeini tahrir etilgay» (Boburnoma,292-bet).
Asarda o’sha davrning tarixiy shaxslari - otasi Umarshayx mirzo, amakisi Sulton Mahmud mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Shayboniyxon va boshqa ko’plab tojdorlar, hokimlar, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Solih, Badriddin Chochiy kabi ijodkorlar ham qalamga olingan. Ularning tasviri esa bir xil emas, balki har birining tashqi siymosi-surati, ichki dunyosi, urf-odat, qilmishlari, afzaliyat va kamchiliklari boburona ko’rish va qarash asosida o’ziga xos tarzda tasvirlanadi. Masalan, Sulton Husayn Boyqaroning tasvirini nazardan o’tkazaylik:
«Shujo’ va mardona kishi edi… Temurbek naslidin hech kim ma’lum emaskim, Sulton Husayn mirzocha qilich chopmish bo’lg’ay. Tab’i nazmi bor edi. Devon ham tartib qilib edi. Turkiy aytur edi. Taxallusi «Husayniy» edi… Bovujudkim, ham yosh va ham saltanat bila ulug’ podshoh edi, kichiklardek qo’chqor saxlab, kabutar o’ynar edi, tovuq ham urushqa solur edi…»
«Boburnoma»dagi tabiat mo’jiza va manzaralari tasvirlari ham Boburning yozuvchi sifatidagi nozik didi, Shoirona idroki, qiziquvchan va hassosligidan dalolat beradi. Jumladan, Kobulning sharqi-shimolidagi Ko’histon tasvirida chilg’o’za daraxti haqida shunday yozadi: «Ko’histon elining chirog’lari tamom chilg’o’za yig’ochindindur, sham’dek yonar, xele g’arobati bordur»
Yoki, Dashti shayx deb ataladigan mavze tasvirida quyidagicha yozganlari qiziqarlidir: «Bu domanada (tog’ etagida) rango-ranga har nav’ lola bo’lur. Bir qatla sanattim, o’ttiz ikki-o’ttiz uch nav’ g’ayri mukarrar lola chiqti. Bir nav’ lola bo’lurkim, andin andak (ozgina) qizil gul hidi kelur, lolai gulbo’y, der eduk» (Boburnoma, 193-bet).
«Boburnoma»da Hindiston bilan bog’liq voqea-hodisa, joy hamda tabiat manzaralari va boshqa tasvirlarda urdu tilidagi so’zlardan foydalanish ham ko’zga tashlanadi. Shunisi borki, Bobur urdu tilini o’rgana boshlagan va hatto o’zbekcha-urducha ayrim baytlarni ham yozgan:
Mango na havoi kuch-u havasi monak-u mutti,
Faqr ahlig’a bas bo’lg’usidur poni-yu rutti.
Baytda ishlatilgan urducha so’zlarning izohi: kuch-hech narsa; monak-qasr; mutti-marvarid; poni-suv; rutti-non.
Agar diqqat qilinsa, mazkur o’zbekcha-urducha baytda «faqir-mening faxrim», degan hadisning mazmuni Boburona uslubda bayon etilgan.
Shunday qilib, «Boburnoma» tarixiy-esdalik va badiiy asar sifatida Boburning yozuvchilik mahoratini o’zida mujassam etgan ko’pqirrali va teran ahamiyatga molik yodgorlik bo’lib, faqat o’zbek nasrininggina emas, balki jahoniy nasrning shoh asarlaridan biridir.
Shuning uchun Yangi Dehlidagi milliy muzeyning mutasaddisi janob G.N.Pantning «Boburnoma»ga oid maqolasini quyidagicha yakunlashida hikmat ko’p:
«Hindiston tarixida uning (Boburning) qutlug’ xizmatlari chinakam buyukdir, ammo solnomachilik bobidagi xizmati esa undan ham buyuk. «Boburnoma» ajoyib adabiy va tasviriy san’at asaridir, tarixiy hujjat sifatidagi qiymati esa aslo beo’lchov. Amir Temur tarjimai holi (ya’ni, «Temur tuzuklari») kashfiyot bo’lsa, Boburning tarjimai holi (ya’ni «Boburnoma») bu kashfiyotning oliy nuqtasidir».



Download 26.02 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling