Chig’atoy gurungi
Download 10.03 Kb.
|
9 mustaqil ish
“CHIG’ATOY GURUNGI” Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy va ilmiy-adabiy tashkilot (1919-21). Fitrrat boshchiligida Toshkentda tuzilgan. Turkiston muxtoriyati hukumatining ag’darilishi va Kolesov voqeasi (1918 yil Fevral—mart) dan keyin asosan Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan jadidlar taktik maqsadlarni ko’zlab, sovet hokimiyati bilan yaqinlashishga majbur bo’ldilar. Fitrat sovet hokimiyatidan siyosiy tashkilot tuzish uchun ruxsat ololmagach, madaniy qurilishga xizmat qiladigan millatparvar tashkilot tuzishga intilgan. Turkiston ASSR milliy ishlar xalq komissarligi tomonidan “siyosatga aralashmaslik sharti bilan “Chig’atoy gurungi” tuzilishiga rasmiy ruxsat berilgan. Ushbu tashkilot nomlanishi 13-14 asrlarda mavjud bo’lgan Chig’atoy ulusi va 14-16-asrlarda eski o’zbek tili ma’nosida qo’llangan Chig’atoy tili kabi atamalar va istilohlar bilan bog’liqdir. Fitrat tashkilotga nom tanlashda Turkiston hududida yashagan turkiy xalqlarga daxldor merosni o’rganishga e’tibor qaratgan. “Chig’atoy gurungi” turkiy xalqlar madaniyati, san’ati, adabiyoti, tarixi, til va imlosi kabi sohalarni jiddiy o’rganishga kirishgan. “Gurung” a’zolari o’zbek tilining sofligi uchun kurashish bilan bir qatorda yangi o’zbek milliy madaniyatini barpo etishga intilganlar. O’sha davrda mavjud bo’lgan “Temur”, “Turon”, “Turon to’dasi”, “Turk kuchi”, “Izchi” kabi to’dalar va uyushmalarga nisbatan “Chig’atoy gurungi” samarali faoliyat ko’rsatgan. “Chig’atoy gurungi” nizomida yozilishicha, u bir nechta shu’balardan iborat bo’lgan. Bu shu’balar “til va imlo to’dasi”, “adabiyot to’dasi”, “san’at va teatr to’dasi” va boshqalar deb nomlangan. “Til va imlo to’dasi”ga dastlab Cho’lpon, so’ngra Elbek rahbarlik qilgan. Fitratning “tilimiz” (1919) maqolasida ushbu to’daning dasturiy yo’nalishi belgilab berilgan bo’lib, Ashurali zohiriy, Elbek, Shorasul Zunnun, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, G’ozi Olim Yunusov kabi olimlarning tilshunoslikka oid ishlari ushbu dasturga binoan bajarilgan. “Gurungchilar” tomonidan 1919 yilda Arab alifbosini isloh qilgan hodda yangi alifbo yaratilgan. Til va imlo qurultoyi (1921 yil yanvar) bevosita “Chig’atoy gurungi” tashkilotchiligida o’tgan. “Chig’atoy gurungi” tarix sohasidagi ishni manbashunoslikdan boshlagan. Turkiston o’lka musulmonlar byurosi 1919 yilda Fitrat, Nazir To’raqulov va Laziz Azizzodadan iborat hay’at tuzib, tarixiy merosni o’rganish zarurligiga e’tiborni qaratgan edi. Ularning Buxoro, Samarqand va Farg’ona vodiysiga qilgan ilmiy safarlari natijasida ko’plab tarixiy asarlarning qo’lyozmalari topildi va Toshkentga olib kelindi. “Chig’atoy gurungi” adabiyot va san’at sohasida muhim ishlarni amalga oshirgan. Fitrat, Cho’lpon, Botu, Elbek qalamiga mansub “O’zbek yosh shoirlari” (1922) to’plami, Fitratning “Temur sag’anasi”, “O’g’uzxon”, “Abo Muslim” va “Qon” singari dramatik asarlari bunga misoldir. “Chig’atoy gurungi” a’zolari o’z g’oyalarini “yangi Sharq”, “Uchqun” gazetasi va “Tong” jurnali orqali ifodalashgan. Tashkilotning “Chig’atoy gurungi” nomli maxsus jurnalining 1-soni chop qilingach, jurnal taqiqlangan. 1921 yil boshlarida “Chig’atoy gurungi” tashkiloti faoliyati Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi tomonidan to’xtatilgan. Jadidshunos Zaynobiddin Abdurashidov ta’biri bilan aytganda, Fitrat 20-asrning qomusiy olimi bo‘lishdan tashqari, yaxshi siyosatchi ham edi. Turkistonliklar ilmli bo‘lishini va o‘z yeriga o‘zi egalik qilishini xohlagani, Fitratning siyosiy, ilmiy va badiiy faoliyati asosi bo‘lgan. Shuning uchun ham u Stalin qizil terroridan omon qolmagan. “Otishga hukm qilinishidan oldin unga shunday ayblovlar qo‘yilgandiki, ularni bajarishga bir odamning umri kamlik qiladi”, – deydi Fitratning mahbuslik anketasi bilan tanishgan tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova. Buxorodagi Mir Arab madrasasida o‘qigan Fitrat shu yerdan islohotchilik harakatlariga qo‘shiladi. Buxorodagi bilimli yoshlar qatori “Tarbiyai atfol” jamiyati ko‘magi bilan Istanbulga o‘qishga jo‘naydi. Fitrat Turkiyadan islomchilik, turkchilik, usmonchilik g‘oyalari bilan to‘yinib, Buxoroga qaytadi va jadid maktablarini ochadi. 1917 yildagi inqiloblar natijasida Oq podsho ag‘darilgach, Buxoroda ham islohotlar boshlanadi. Jadidlar amirdan islohotlar o‘tkazishni talab qilib, namoyishlarga chiqadilar. Dilnoza Jamolovaning aytishicha, Fitrat “Yosh buxoroliklar” harakatining mafkurachisi va g‘oyaviy rahbarlaridan biri bo‘lgan. Harakatning Fitrat boshchiligidagi so‘l qanoti islohotlar uchun bo‘lgan namoyishlarda qatnashgan. Amir qo‘shinlari namoyishni bostirgach, jadidlarning bir guruhi Samarqandga jo‘naydi. Jadidlar orasida bo‘lgan Fitrat Samarqandda butun Turkiston jadidlarining asosiy nashri bo‘lgan “Hurriyat” gazetasida muharrirlik qiladi. Rossiya imperiyasi hududiga olib kirish taqiqlangan asar “Munozara” – Fitratning eng mashhur asarlaridan. Asar Istanbulda chop etilgan va u Rossiya imperiyasi hududiga olib kirish taqiqlangan kitoblar qatorida bo‘lgan. “Asarga taqiq Buxoro amiri tomonidan emas, rus hukumati tomonidan qo‘yilgan. Peterburgda xorijda nashr etilgan asarlar va ularning maxsus ro‘yxati bo‘lgan”, – deydi Zaynobiddin Abdurashidov. Download 10.03 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling