Chirchiq davlat pedagogika unversiteti
Imomqulixon, Nadr Muhammadxonlar faoliyati
Download 194.34 Kb.
|
Ashtarxoniylar davriga oid manbalar
1.2. Imomqulixon, Nadr Muhammadxonlar faoliyati.
Bu davrga kelib mahalliy hukmdorlarning o‘zboshimchaligi haddidan oshib, bu holat ayniqsa o‘troq aholi turmush tarziga salbiy ta’sir eta boshladi. Imomqulixon esa aynan o‘zboshimcha hokimlar harakatini susaytirishga muvaffaq bo‘ldi. U Xorazm va Xurosonni qayta qo‘lga kirita olmagan bo‘lsada, Toshkent, Andijon, Turkiston shaharlariga xavf solib turgan qozoqlar, qalmiqlar va boshqa ko‘plab ko‘chmanchilarga qarshi kurash olib bordi. Ayrim hollarda ularga yon berib, ko‘chmanchilar kuchidan Eron shohlariga qarshi kurashda foydalandi. Imomqulixon Toshkent va uning atrofidagi yerlarga o‘g‘li Iskandar Sultonni hokim etib tayinladi. Ammo, toshkentliklar Iskandar Sultonning talonchilik siyosatidan norozi bo‘lib isyon ko‘tardilar. G‘alayon natijasida u o‘ldirildi. Buning evaziga Imomqulixon 1613 yili Toshkentda misli ko‘rilmagan qirg‘in-barot o‘tkazganligini tarixiy manbalar nadomat bilan ta’kidlaganlar. Imomqulixon ba’zan qozoq sultonlari bilan siyosiy maqsadlardan kelib chiqqan holda ittifoq bo‘lib harakat qilishga ham to‘g‘ri keldi. Masalan, Sirdaryo bo‘yidagi ba’zi hududlar Eshim sultonga hokimlik qilish uchun topshirildi. Shunga qaramasdan qozoq sultonlari baribir talonchilik yurishlarini davom ettiravergach, Imomqulixon ularga qarshi qatiy kurashlarga otlandi.Imomqulixon jung‘orlar (qalmiqlar) bilan ittifoqlikda Talas vodiysida Qozoq xonligiga qaqshatqich zarba berib, to‘liq g‘alabaga erishdi. Lekin, tez orada shimolda tashkil topgan jung‘orlar (qalmiqlar) ning Oyrat xonligi (Jung‘oriya (1635-1758))ning tashkil topishi tashqi siyosiy munosabatlardagi vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Jung‘orlarning qozoqlar bilan butun Buxoro xonligiga nisbatan yurishlari tez-tez amalga oshirila boshlandi. Bu esa, o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq, shaharlar hayotiga kata xavf solar edi. Ularning yurishlari bois qozoqlarning ma’lum qismi Movarounnahr hududiga ham ko‘chib o‘ta boshladilar. Imomqulixonning shu davrdagi sadoqatli amaldorlaridan biri Yalangto‘shbiy otaliq bo‘lib, u olchin urug‘idan chiqqan edi. Yalangto‘shbiy katta yer-mulk egasi, Imomqulixonni hokimiyatga kelishida qo‘llab-quvvatlagan shaxs bo‘lib hisoblanar edi. Keyinchalik ham u xon hokimiyatini qo‘llab-quvvatlab, bir necha yillar davomida Samarqand hokimi bo‘lib turdi. Yalangto‘shbiy katta vakolat, boylik, o‘z qo‘shiniga ega bo‘lib, Samarqandni deyarli mustaqil boshqarardi. “Bahr al-asror” asarining muallifi Mahmud ibn Valining yozishicha, Samarqand hokimining xazinasi xon xazinasiga teng bo‘lib, bu uning iqtisodiy jihatdan qudratli shaxs bo‘lganligidan darak berar edi. Aynan Yalangto‘shbiyning buyrug‘i bilan Samarqandda mashhur Sherdor (1619-1636) va Tillakori (1641-1646) madrasalari barpo etilgan edi. Manbalarning guvohlik berishicha, Imomqulixon davrida xon hokimiyatining mavqei oshib, ichki vaziyat, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy holat ancha yaxshilanadi. Muhammad Yusuf (ibn Xoji Baqo) Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy” asarida berilishicha, “Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi. Uning zamonida na kambag‘al, na bechora qolmagandi. Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlariga qattiq turdi, qorong‘i tushishi bilan oddiy kiyim kiyib vaziri va qo‘rchi bilan bozorlar-u mahallalarni aylanib, oddiy xalqning haqiqiy ahvolidan xabardor bo‘lib turardi”. Din Muhammadxon ibn Jonibekxonning o‘g‘li, Buxoro xoni Imomqulixon (1611-1642) ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, sulola kelajagini o‘ylagan holda, 1642 yil ukasi Nadr Muhammadxon foydasiga taxtdan voz kechib, Haj ziyorati uchun Makka va Madinaga yo‘l oladi. U Mashhad va Isfahon shaharlarida Eron safaviylari shohining ehtiromli qabul marosimlarida bo‘ladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, hajga yo‘l olgan Imomqulixonga nufuzli davlat arbobi sifatida Eron davlatida katta qabul marosimi ham uyushtiriladi.Imomqulixondan so‘ng taxtga uning ukasi Nadr Muhammad (1642-1645 yy.)1 o‘tirdi. Nadr Muhammad xon bo‘lguniga qadar Balx hokimi (1606-1642) bo‘lib, uzoq vaqt taxtni boshqara olmadi. U hokimiyat tepasiga kelgach, mamlakatdagi ahvol tezda o‘zgarib ketdi. Chunki, xon davlat ishlarida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan zodagonlarga yaqinlasholmay, ular bilan til topisha olmadi. Undan tashqari Nadr Muhammadxon mamlakatning ijtimoiy - siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan amirlar va sultonlar mavqeini cheklash bilan birga mamlakatning asosiy viloyatlarini o‘zining olti o‘g‘li, bir nabirasi va ikki jiyaniga bo‘lib berdi. Jumladan, o‘g‘illari Abdulaziz Sultonga Samarqand, Xisrav Sultonga Badaxshon bilan Qunduz, Bahrom Sultonga Toshkent, Subhonquli Sultonga Balx, Qutluq Muhammad Sultonga Hisor, Abdurahmon Sultonga Shiburg‘on va Andxud, nabirasi Qosim Sultonga Xuzor, jiyanlari Muhammadyor Sultonga Shahrisabz, So‘fi Sultonga Toliqon berildi. Bunday sharoitda oradan ko‘p vaqt o‘tmay vaziyat keskin o‘zgardi. Saroydagi lavozimlardan ozod etilgan amaldorlarning noroziligi kuchayib turgan bir paytda, mamlakat hududlariga shimoldan ko‘chmanchilar hujumlari boshlandi. Nadr Muhammadxon ko‘chmanchilarga qarshi kurashga o‘g‘li Abdulazizxon boshchiligidagi qo‘shinni jo‘natadi. Hukmdordan norozi bo‘lgan bir guruh amaldorlar 1645 yilning aprelida Uchtepa atrofidagi Yangisaroy degan joyda Nadr Muhammadning katta o‘g‘li Abdulaziz Sultonni xon deb e’lon qiladilar. Bu paytda Qarshi dashtlarida ov qilib yurgan Nadr Muhammadxon bu xabarni eshitib Balxga kochadi.2 Abdulazizxon va Subhonqulixonlar davrida Buxoro xonligi. Abdulazizxon hukmronligi davri (1645-1681) o‘zaro kurashlar bilan boshlandi. Balxda o‘rnashib olgan Nadr Muhammad qolgan o‘g‘illariga va yangi xondan norozi bo‘lgan Buxoro amirlariga tayanib, Abdulazizxon hokimiyatini tortib olishga urindi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Shundan so‘ng, Nadr Muhammadxon Hindiston hukmdori boburiy Shoh Jahondan yordam so‘radi. Bundan foydalangan boburiylar Balx va Badaxshonni egallab, bu hududlarda ikki yil hukmronlik qildilar. Nadr Muhammadxon esa Eron shohi huzuriga qochib ketdi. 1647 yil oktabrda Abdulazizxon Balxga hujum qilib uni boburiylardan tortib oldi. Nadr Muhammadxon esa 1651 yilda haj safariga chiqib, yo‘lda vafot etdi. Xiva xonligi bilan olib borilgan urushlar ustiga mamlakatdagi turli ijtimoiy qatlamlar o‘rtasidagi ixtiloflarning keskinlashib borishi mamlakat hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Manbalar tili bilan aytganda, Abdulazizxon davrida “Movarounnahr va Balx viloyatlari xorazmliklar va qozoqlar hujumlari tufayli halokat yoqasiga kelib qoldi”. Qarib qolgan Abdulazizxon dushman hujumlarini qaytarolmay qolgandi. Undan tashqari, uning davrida yirik yer egalarining iqtisodiy va siyosiy mustaqilligining kuchayishi markaziy hokimiyatni yanada zaiflashtirgandi. 1680 yili Karmanaga yo‘l olib, Buxoroni nufuzli amaldor Iskandarbiyga topshirdi. Buni bilgan Xiva xonligi qo‘shini poytaxtga hujum qildi. 1681 yilda Abdulazizxon taxtni ukasi Subhonquli Sultonga topshirib, o‘zi haj safariga jo‘naydi va o‘sha yerda vafot etadi. Takidlash joizki, Abdulazizxon hukmronligi davri bir tomondan parokandalikni kuchaytirishga olib kelgan bo‘lsada, xon o‘z vakolati doirasida markaziy hokimiyatni mustahkamlashga ham harakat qildi. Afsuski, bu harakatlar tegishli samara bermadi. Subhonqulixon (1681-1702) hukmronligi yillarida ham mamlakatdagi ijtimoiy - iqtisodiy va siyosiy vaziyat o‘zgarmadi. Chunonchi, Subhonqulixon davrida uning o‘g‘illari o‘rtasida Balx hokimiyati uchun kurash yanada avj oldi. Bu jarayonda uning o‘g‘illarini Balxdagi obro‘li xonadonlar qo‘llab turdilar. Mahalliy amaldorlar davlat xazinasiga ham soliqlar to‘lamaganlar. Bu holat markaziy hokimiyatning Balxdagi mavqeini nihoyatda zaiflashib ketganidan va mahalliy siyosiy kuchlarning, xususan yirik amirlar mavqei oshib ketganidan dalolat berardi.Yangi hukmdorning hokimiyat tepasiga kelishi Buxoro va Xiva munosabatlarini yumshatmadi. Xiva qo‘shinlari Karmana, Vardonze va Buxoro atroflariga qadar bo‘lgan yerlarni egallab, Samarqandni ham qo‘lga olishdi. Bu davrdagi nufuzli shaxslardan biri bu – Badaxshon hokimi Mahmudbiy otaliq edi. U asli qatag‘on urug‘idan bo‘lib, Abdulazizxon davridanoq mamlakatdagi nufuzli amaldorlardan biriga aylangan edi. Subhonqulixon aynan shu Mahmudbiy otaliq yordamiga tayanib Samarqanddan Xiva qo‘shinini haydab chiqardi. Samarqand ahlini xivaliklarga tobe bo‘lishda ayblab, unga katta boj solig‘i solindi. Subhonqulixonning o‘g‘li Siddiq Muhammad Balx hokimi bo‘lib, otasiga qarshi bir necha marta bosh ko‘targan edi. Xon bu g‘alayonni bostirishni avval Mahmudbiy otaliqqa topshiradi. Keyinchalik o‘zi ham Balxga yurish qilishiga to‘g‘ri keldi. Samarqand va Balxdagi yurishlari uchun Subhonqulixon Mahmudbiy otaliqqa katta miqdordagi sovg‘a-salomlar va qimmatbaho buyumlar tortiq qiladi. Subhonqulixon tushib qolgan vaziyatdan foydalangan Xiva xoni Anushaxon Buxoroga qayta hujum qilib, uning shimoliy hududlarini talon- taroj qiladi. Xiva xoni talonchiligidan charchagan Subhonqulixon unga qarshi fitna tayyorladi. Fitna natijasida Anushaxon 1686 yili tutib olinib, ko‘ziga mil tortiladi. Xiva taxtiga o‘tirgan Erengxon (Irnoq) Buxoro xoniga bo‘yin egishni istamadi. Hatto xon Balxga ketgan vaqtida poytaxtni qamal ham qildi. Bunday vaqtda Subhonqulixon Mahmudbiy otaliq yordamida xivaliklarni haydab chiqardi. Xonga berilgan “yordam evaziga” Subhonqulixon 1688 yili Balx viloyati hokimligini Mahmudbiy otaliqqa topshiradi. Holbuki, Balx hamma vaqt bo‘lg‘usi taxt vorislari hokim bo‘ladigan hudud hisoblanar edi. Subhonqulixon Xiva xonligi ichki ishlariga aralashishni davom ettiradi. 1688 yili Erengxon Xivada o‘ldirilib, Buxoro xoni ma’lum vaqt oliy hukmdor sifatida tan olinadi. Shohniyoz Xiva hududlari hokimi deb elon qilinadi. O‘z vaqtida Mahmudbiy esa Balx hokimi sifatida xonga ham bo‘ysunmay qo‘ydi. Subhonqulixonning hukmronligi davri ancha ziddiyatli va murakkab tarzda kechdi. Bir tomondan u Ashtarxoniylar davlatining mavqeini kuchaytirishga harakat qildi. Xususan, u Xiva xonligini o‘ziga bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Balx, Badaxshon va boshqa hududlarni o‘z izmida ushlab turdi. Markaziy hokimiyatni kuchaytirish maqsadida soliqlarni ko‘paytirib, qo‘shin sonini oshirdi. Subhonqulixon qo‘shni davlatlar bilan ham o‘zaro munosabatlarni o‘rnatishga harakat qildi. U boburiy podshoh Avrangzeb bilan bir necha marta maktub almashgan. 1689 yili Hindistondan Zabardastxon boshchiligidagi elchilik guruhi Buxoroga tashrif buyurgan. 1690 yili xon Rossiyaga o‘z elchilarini jo‘natgan. 1691 yili esa Usmoniy turklar davlati elchisi Mustafo chovush Subhonqulixon qabulida bo‘lib, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga kelishib olishgan. Subhonqulixon obodonchilik va qurilish ishlariga ham homiylik qilgan. O‘zi ham “Nishoniy” taxallusi ostida she’rlar yozgan. Ashtarxoniy hukmdorlarining islohotchilik faoliyati Subhonqulixonning o‘g‘li Ubaydullaxon (1702-1711) mamlakatda hukm surayotgan siyosiy tarqoqlikni tugatishga hamda markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlashga harakat qilgan so‘nggi ashtarxoniy hukmdori bo‘ldi. Uning Samarqand, Hisor, Termiz va Shahrisabzga qilgan yurishlari natijasiz tugagan bo‘lsada, uzoq qamaldan so‘ng Balxni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Manbalarning guvohlik berishicha, Ubaydullaxon Balxni egallagach, qo‘shindagi otlar va tuyalar dehqonlar ekinlarini payhon qilmasliklari haqida buyruq berdi. Bu bilan u o‘ziga soliq to‘lovchi aholi manfaatini ko‘zlagan va oddiy aholini o‘ziga og‘dirishga harakat qilgan. Shunga qaramasdan Ubaydullaxonning mahalliy hokimlar hamda amirlarning ayirmachilikharakatlarini sindirish yo‘lidagi ko‘plab sa’y- harakatlari tegishli samarasini bermadi. Ubaydullaxon davlatdagi boshqaruv apparatida islohot o‘tkazishga harakat qilib, ko‘plab amaldorlarni mansabidan chetlashtirdi. Ularning o‘rniga hunarmandlar va savdogarlarning farzandlarini mansablarga tayinladi. Shuningdek u mamlakatdagi yirik yer egalari bo‘lgan jo‘ybor shayxlarining soliq imtiyozlarini ham bekor qildi. Ammo, Ubaydullaxonning bu harakatlari unga norozi kuchlarning ko‘payishiga xizmat qildi,xolos. Ubaydullaxon mustaqil amirlarning iqtisodiy qudratiga zarba berish, davlat xazinasini boyitish hamda mamlakat moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida 1708 yilda pul islohotini o‘tkazdi. Bu islohotga ko‘ra, xazinada mavjud kumush tangalar eritilib, har biridan to‘rtta kumush tanga qayta zarb qilindi. Qiymati past bo‘lgan yangi tangalar eski tangalar bilan bir xil muomalada bo‘lishi e’lon qilindi. Ammo, zarb etilgan past qiymatli tangalar bozorlarda savdogarlar tomonidan olinmasdan do‘konlar yopib qo‘yildi. Natijada aholining noroziligi kuchayib, Buxoroda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Bu qo‘zg‘olon katta kiyinchilik bilan bostirilgan bo‘lsada, mamlakatdagi ahvol yaxshilanmadi. Ubaydullaxon davrida jung‘orlar Movarounnahr hududiga harbiy yurishlarini amalga oshirdilar. Ular Toshkent va Samarqandga xavf sola boshlagach, xon o‘z qo‘shini bilan ularga qarshi yurishni ham amalga oshirdi. Ubaydullaxon davlat ishlariga kelib chiqishidan farqli ravishda hunarmand va savdogarlarning farzandlarini ham jalb qila boshladi. Bu davrda qo‘shbegi lavozimiga o‘tirib, katta mavqega ega bo‘lgan To‘raquli qushbegi kelib chiqishi bo‘yicha zodagon oiladan bo‘lmay, bu esa saroydagi ko‘plab amaldorlarning noroziligiga sabab bo‘lganligini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Shubhasiz, Ubaydullaxonning markazlashgan davlat sari yo‘l tutishi, nizo-parokandalikka qarshi turishi zodagonlar, harbiylar, yuqori darajadagi amaldorlarning bir qismi noroziligining yanada o‘sishiga olib keldi. Bunga katta nufuzga ega bo‘lgan Mahmudbiy faoliyatini ham misol qilib keltirish mumkin. Mahmudbiy Balx hokimi bilan birga xon hokimiyatiga ochiqchasiga qarshi chiqadi. Mahmudbiyning ta’siri ostida xonning jiyani Muhammad Muqim Sulton (1697-1707) Balx hokimi sifatida xon hayotlik chog‘idayoq oliy hukmdorlikka da’vo bilan chiqadi. Ubaydullaxon o‘zaro nizo va ayirmachilikka qarshi chiqib, markazlashgan 3davlat uchun harakat qilgan oxirgi ashtarxoniy hukmdori bo‘lib qoldi. Ubaydullaxon II obodonchilik ishlariga ham e’tibor beradi. U Buxoroda madrasa, poytaxt g‘arbida Xonobod chorbog‘i barpo ettiradi. Ubaydullaxon 1711 yili fitna natijasida o‘ldirildi. ASHTARXONIY HUKMDORLARINING DAVRIDA BUXORO XONLIGI Download 194.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling