Chirchiq davlat pedagogika unversiteti
Ashtarxoniy hukmdorlarining islohotchilik faoliyati
Download 194.34 Kb.
|
Ashtarxoniylar davriga oid manbalar
2.1. Ashtarxoniy hukmdorlarining islohotchilik faoliyati
Ashtarxoniylar sulolasi vakillari davrida ham muayyan darajada tashqi aloqalar olib borildi. Qayd etish lozimki, bu sulola amalga oshirgan tashqi aloqalar ulardan oldin davlat tepasida turgan shayboniylarning tashqi siyosatini davom ettirgan bo‘lsada, bu davomiylik sust holdagi ko‘rinishga ega edi. Ashtarxoniylar ham shayboniylar kabi Xuroson masalasida o‘z tashqi munosabatlarini Eron va Hindiston bilan olib borishga harakat qildi. Abdullaxon II ning harakatlari natijasida shayboniylar ixtiyoriga o‘tgan Hirot va Xurosonni qaytarib olish uchun kurashgan bu hukmdor va uning o‘g‘li Abdulmo‘min o‘limidan so‘ng bu hududlar yana safaviylar qo‘liga o‘tib ketdi. Safaviylar Balx va Buxoroni qo‘lga kiritish yo‘llarini ham qidira boshladilar. Xususan, ular Balx hukumatiga o‘z odamlarini o‘tkazishga harakat qilganlar. Ammo bir necha marta qilgan urinishlariga qaramay (1602, 1605, 1606, 1607), ular mag‘lubiyatga uchraganlar. Ular 1610 yilda Eronga qochib borgan ashtarxoniy hukmdor Vali Muhammad orqali o‘z niyatlarini amalga oshirishga harakat qilganlar. Natijada Vali Muhammad hatto Buxoro taxtiga o‘tirishga ham muvaffaq bo‘lgan. Biroq Imomqulixon tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bu hukmdor butunlay siyosiy hayotdan chetlashtiriladi. Safaviylar o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida, keyinchalik, Vali Muhammadxonning o‘g‘li Rustam sultondan XVII asrning 40-yillarigacha foydalanishga harakat qildilar. Ular bu ashtarxoniyzodani qo‘llab-quvvatlash orqali Balxning Andxud, Shibirg‘on kabi yerlariga doimiy zug‘um uyushtirib turganlar. O‘z navbatida ashtarxoniylar ham bu masalada faollikni qo‘ldan bermaslikka harakat qilganlar. 1623 yili Yalangtushbiy, 1632-1637 yillarda Abdulazizxon boshchiligidagi qo‘shin Bolo Murg‘ob, Mashhad, Hirot tomonlarga bir necha marta yurish uyushtirib, vaqtinchalik muvaffaqiyatga erishadi. Biroq asosiy masala – Xurosonni Buxoro xonligi hukmiga butunlay o‘tkazish ishini ijobiy hal qila olmaganlar. Natijada Balx mulkining janubiy hududlarini himoya qilish davlat tashqi siyosati oldida turgan vazifalardan biriga aylanib qolgan. Xuroson va Hirot qo‘ldan ketgan. Bundan ruhlangan safaviylarning faolligi oshgan. Ular Xorazm siyosiy kuchlariga, Eronga yordam so‘rab borgan Vali Muhammadxon, Nadr Muhammadxon (1646)larga harbiy ko‘mak berish bilan birga mamlakatdagi siyosiy qarama-qarshilikni kuchaytirishga intilganlar. Shimol va g‘arbda mamlakatga Usmoniylar tahdidi kuchayganda vaziyatdan chiqish uchun yana Buxoro bilan do‘st bo‘lishga intilib, ashtarxoniylar davlatiga elchilar yuborib, “tinchlik”, “do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik” siyosatini ishga solganlar. Ular Nadr Muhammadxonga harbiy yordam berish bahonasida katta harbiy kuchlarni Xurosonga tashlab, ular orqali 1649 yilda boburiylar qo‘l ostida bo‘lgan Qandahorni egallashda foydalanganlar. Ashtarxoniylar Hindiston bilan aloqalarda barqarorlikni ushlab turishga harakat qilganlar. O‘zaro do‘stona munosabatlar Imomqulixon davrida qayta tiklanadi. Hindistonda Akbarshohdan keyingi boburiy sultonlar Jahongir (1605-1627) va Shoh Jahon (1627-1658) hukmronlik qilgan davrlarda diplomatik aloqalar rivojlanib bordi. Buxoro xoni Imomqulixon (1611- 1642) 1614 yilda o‘z elchilarini imperator Jahongir saroyiga yuborgan. Buxoro elchilari Imomqulixonning Jahongir nomiga yozgan maktubini olib kelgan. Maktubda o‘zbek xoni marhum Abdullaxon va Akbar zamonlarida Turkiston va Hindiston mamlakatlari o‘rtasida o‘zaryu ittifoq tuzilgan bo‘lib, bu ittifoq natijasida Iroq va Eronning ko‘p qismi va Xurosonning bosib olinganligi to‘g‘risida yozilgan edi. Shu voqealardan so‘ng ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalar biroz to‘xtab qoldi. Lekin 1658 yilda boburiylar imperiyasining taxti Avrangzeb (1658- 1707) qo‘liga o‘tdi. U taxtni egallaganda otasi Shoh Jahon tirik bo‘lib (1666 yilda vafot etdi), to o‘limiga kddar Avrangzeb kishilarining nazorati ostida bo‘ldi. Avrangzeb zamonida Hindiston bilan Turkiston o‘rtasidagi munosabatlar birmuncha do‘stona ahamiyat kasb etadi. Bu munosabatlar Buxoro xoni Abdulazizning Avrangzeb podshohlik taxtiga o‘tirganligini qutlovchi xati bilan boshlanib ketdi. 1684 yilda Avrangzeb Buxoroga elchi yuborib, “dahriy” shialarga qarshi birgalashib hujum qilish taklifini bildirgan. Shu bilan birga ushbu tashabbusdan yana bir alohida maqsad ham bor edi. Buning ma’nosi boburiylarning Qandahorni qaytarib olishga intilishi edi. Xuddi shu fikr “Tarixi Muqimxoniy”da ham bildiriladi. Undagi ma’lumotga ko‘ra Hind elchisi bilan Buxoro xoni o‘rtasida Eronga qarshi bir ittifoq tuzilgan. Subhonqulixon shu ittifoqqa suyangan holda Xurosonni bosib olish uchun bir necha bor hujum uyushtirgan, lekin o‘sha vaqtda Xorazm xoni Ernak sultonning Buxoroga qo‘shin tortib kelishi Xuroson urushining muvaffaqiyatli chiqishiga to‘sqinlik qilgan edi. Avrangzeb ham o‘z navbatida maratxlar qo‘zg‘olonini bostirish bilan, keyinchalik esa Dekanni bo‘ysundirish bilan uzoq vaqt band bo‘lgani sababli, Eronga qarshi kurashda Buxoroning ittifoqchisi sifatida ishtirok etolmadi. Turkiston va Hindistondagi boburiylar imperiyasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tahlil etar ekanmiz, bu aloqalar ko‘proq ikki tomonning safaviylar sulolasi hukmronlik qilgan Eronga qarshi kurashda ittifoqtuzish rejasini amalga oshirish maqsadini ko‘zlab olib borilgan deb taxmin qilish mumkin. Bu borada uchala tomon ham muayyan manfaatlarni ko‘zlab, ya’ni o‘z chegaralariga yaqin joylashgan hududlar, xususan, Xuroson va hozirgi Afg‘oniston yerlari ustidan nazorat o‘rnatish uchun kurash olib borganlar Ashtarxoniylarning Usmoniy sultonlar bilan olib borgan aloqalari shayboniy hukmdorlarning bu yo‘nalishdagi faoliyatiga nisbatan sustroq edi. Manbalarda Balx hokimi Muhammad Muqim sulton tomonidan Sulton Ahmad III (1703-1730) huzuriga elchi yuborgani, 1691 yilda Usmoniylar sultoni Sulton Ahmad II (1691-1695) tomonidan Subhonqulixon saroyiga elchi Mustafo yuborilib, u turk humdorining Eron shialariga birgalikda kurashish taklifini keltirganligi haqidagi ma’lumotlar mavjuddir. Biroq bu borada birorta harakat amalga oshirilmaganligi ham ma’lum. Ashtarxoniy hukmdorlar Rossiya bilan tashqi aloqalarni muayyan darajada olib borishga harakat qilganlar. Rossiya bilan aloqalarni amalga oshirgan ashtarxoniy hukmdorlar, shayboniylar singari, elchilar orqali o‘z savdogarlari uchun qulay sharoitlarni yaratishga intilganlar. Buxorodan Moskvaga yuborilgan Mulla Farruh (1671) elchiligi ulardan biri bo‘lib, u ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashga qaratilgan edi. Rus hukumati o‘rtaosiyolik savdogarlarning Rossiyada erkin faoliyat yuritishiga qarshi bir qator to‘siqlar qo‘ygan edi. Jumladan, bu mamlakatdan olib ketilishi ta’qiqlangan ayrim mollar bo‘lib, savdogarlar ularni emin- erkin harid qilib, o‘z yurtlariga olib keta olmaganlar. Ular jumlasiga metall va undan yasalgan buyumlarni kiritish mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad aniq bo‘lib, bu harbiy sohada katta ahamiyat kasb etgan metall va undan tayyorlangan harbiy qurollarning (miltiq, zambarak va h.k.) Turonga yetib borishining oldini olishdan iborat bo‘lgan. Shuningdek, turkiylar dunyosi bilan aloqador bo‘lgan Volga bo‘yi, Ural, G‘arbiy Sibir aholisining o‘rtaosiyolik savdogarlar bilan aloqaga kirishishlarining oldini olishga ham harakat qilganlar. Shunday qilib, ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida, ayniqsa, XVII asrning oxiri – XVIII asrning birinchi yarmida mamlakat siyosiy hayotida boshbodoqlik, turli urug‘ vakillarining separatizmi kuchayishi, markazlashgan davlat salohiyatining tushishi ko‘zga tashlanadi. Siyosiy salohiyati turli darajada bo‘lgan sulola vakillari davlat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi ob’ektiv va sub’ektiv holatlarni bartaraf etishga, davlat boshqaruvi, soliqlar va moliya tizimida muayyan islohotlar o‘tkazishga, mamlakat hududining shayboniylar davridagi chegaralarini saqlab qolish borasida faol tashqi siyosat olib borishga harakat qildilar. Ularning sa’y-harakatlari bilan shaharlarda katta qurilish ishlari amalga oshirilib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti tez sur’atlarda rivojlanib bordi. Buxoro xonligining ma’muriy tuzilishi va ijtimoiy tuzim Ashtarxoniylar hukmronligi davrida Buxorodan keyingi eng nufuzli shahar Balx bo‘lib, uni taxt vorisi boshqarar edi. Rasmiy darajadagi davlat boshqaruvi ikki bosqichli bo‘lib – markaziy va mahalliy boshqaruv tizimiga ega edi. Viloyat hokimlarining markaziy hokimiyatga bo‘ysunishi belgilangan yillik soliqlarni to‘plab xon xazinasiga yuborib turishi, xon farmoniga ko‘ra, harbiy yurishlarda o‘z qo‘shinlari bilan qatnashishdan iborat bo‘lgan xolos. Ko‘p hollarda o‘zlarini markaziy hokimiyatdan mustaqil deb hisoblagan viloyat amirlari va hokimlari ham o‘z boshqaruv tizimiga va harbiy kuchlariga ega bo‘lgan. Bu davrda amaldorlar toifasiga kirgan shaxslar o‘z egallab turgan lavozimlaridan ma’suliyatli vazifalaridan tashqari siyosiy jarayonlar va harbiy yurishlarda ham ishtirok etganlar. Misol uchun, manbalarga ko‘ra, 1722 yilda Vobkent ostonasidagi Muhammad Hakimbiy otaliq boshchilik qilgan Abulfayzxon va Samarqand hokimi Rajab Sulton qo‘shinlari bilan bo‘lgan to‘qnashuvda devonbegi, qo‘shbegi, parvonachi, dodxoh, miroxo‘r, eshikog‘aboshi, to‘qsabo, dasturxonchi kabi mansabdorlar ham ishtirok etganlar. Bu davrdagi boshqaruvda dunyoviy lavozimdagi amaldorlar bilan bir qatorda diniy lavozimdagi amaldorlarning ham mavqei baland bo‘lgan. Boshqaruv tizimida yirik din peshvolari xojalar va diniy mansab egalari bo‘lmish shayxulislom, sadr, qozi kalon va boshqalar katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ilgarigi davrda bo‘lgandek, bu davrda ham davlat boshqaruvida Jo‘ybor xojalarining mavqei baland bo‘lib, asosiy diniy mansabdorlar ular ichidan tayinlangan. Buxoro shayxulislomi ham Jo‘ybor shayxlari orasidan tayinlanib, Abulfayzxon davrida bu lavozimni Xoja Yahyoning o‘g‘li Muhammad Hakim Xo‘ja egallagan. Shayxulislom jamiyatda juda katta rol o‘ynagan bo‘lib, nafaqat diniy, balki barcha ishlar bo‘yicha hukmdorning doimiy maslahatchisi bo‘lgan. Har bir viloyatning o‘z qozisi bo‘lib, ular diniy, oilaviy, vorischilik hamda jinoiy ishlarni ko‘rib chiqqanlar. Harbiylar uchun ham alohida qozilar bo‘lib, ular qoziyi-askar deb atalgan. Buxoro xonligidagi huquqiy masalalarni hal etishda muftining o‘rni alohida bo‘lgan. Mufti fiqh (huquq) va hadisni juda yaxshi biladigan qonunshunos bo‘lishi lozim bo‘lgan. XVII asrning oxiri – XVIII asr boshlarida davlat hokimiyatining zaiflashuvi oqibatida darvish guruhlarining ham roli ortib borgan. Ashtraxoniylar davriga kelib Buxoro xonligi hududlari keskin qisqarib ketdi. XVIII asr boshlariga oid manbalarda xonlikka bo‘ysunuvchi oltita viloyat: Buxoro, Samarqand, Sagaraj, O‘ratepa, Shahrisabzm Xuzor tilga olinadi. Imomqulixon hukmronligi davrida Hisor, Turkiston, Farg‘ona va Balx viloyatlari vaqtinchalik qayta birlashtirilgan bo‘lsada, Abulfayzxon davriga kelib Xiva (viloyati) va Qo‘qon xonliklari alohida davlat edi. Mavjud manbalarda Buxoro xonligi bo‘ysunuvchi viloyatlar o‘rtasidagi aniq ma’muriy chegaralar haqida ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Ko‘pgina viloyatlar, xususan Hisor, Shahrisabz, Farg‘ona amalda yarim mustaqil boshqarilib Buxoroga nomigagina tobe hisoblangan. Avvalgi davrda bo‘lganidek, ashtarxoniylar davlati viloyatlar, tumanlar va boshqa ma’muriy birliklarga bo‘lingan. Ashtarxoniylar davrida Buxoro xonligining markaziy va mahalliy boshqaruv tizimi. Ashtarxoniylarning davlat tizimi va ma’muriy boshqaruvi o‘z tuzilishi hamda mazmun - mohiyatiga ko‘ra, Shayboniylar davri davlatchiligidan deyarli farq qilmas edi. Manbalarning ma’lumot berishicha, XVII – XVIII asrning birinchi yarmi davlat boshqaruvida hokimiyat markazda ham viloyatlarda ham asosan bir idora – dargohda mujassamlashib borgan. Shuningdek, Shayboniylar davrida bo‘lgani kabi Ashtarxoniylar davrida ham davlat tizimida o‘troq turmush tarzi an’analari bilan birga ayrim yarim ko‘chmanchilarga xos udum va odatlar ham saqlanib qolgan. Bu davrda ham xon rasman oliy hokimiyat boshlig‘i bo‘lib, davlatdagi ichki va tashqi siyosatga bog‘liq barcha masalalar uning ixtiyori bilan hal etilgan. Barcha oliy farmonlar xon tomonidan joriy etilib, uning nomidan tangalar zarb qilinar, xonning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilardi. Ammo, amaldagi boshqaruvda ko‘pgina ashtarxoniy hukmdorlari saroydagi katta mavqega ega bo‘lgan amaldorlar hamda yirik ulamolar qo‘lida qo‘g‘irchoq edilar. Imomqulixon, Subhonqulixon, Ubaydullaxon II kabi xonlar markaziy hokimiyat obro‘sini ko‘tarishga, bebosh amirlar mavqeini cheklashga harakat qilgan bo‘lsalar-da, ularning bu harakatlari deyarli samara bermadi. Bu davrda markaziy davlat boshqaruvi saroy amaldorlariqo‘lida to‘plangan bo‘lsa, joylardagi mahalliy hokimiyat viloyat hokimlari ixtiyorida bo‘lgan. Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida ham naqib, otaliq, parvonachi, dodxoh, devonbegi, qo‘shbegi, chuhraboshi, yasovul, inoq, qo‘rchi, harbiy qozi, harbiy mufti, eshik og‘a boshi, mirzaboshi, saroy kutubxonasi boshlig‘i, dasturxonchi kabi lavozimlar mavjud bo‘lgani ma’lum. Shu bilan birga ularning ayrimlarida ma’lum o‘zgarishlar yuz berganini ham ta’kidlash lozimdir. Bu davrda Buxorodan keyingi eng nufuzli shahar Balx bo‘lib, uni odatda taxt vorisi boshqarar edi. Rasmiy darajadagi davlat boshqaruvi ikki bosqichli bo‘lib - markaziy va mahalliy boshqaruv tizimiga ega edi. Viloyat hokimlarining markaziy hokimiyatga bo‘ysunishi belgilangan yillik soliqlarni to‘plab xon xazinasiga yuborib turishi, xon farmoniga ko‘ra, harbiy yurishlarda o‘z qo‘shinlari bilan qatnashishdan iborat bo‘lgan, xolos. Ko‘p hollarda o‘zlarini markaziy hokimiyatdan mustaqil deb hisoblagan viloyat amirlari va hokimlari ham o‘z boshqaruv tizimi va harbiy kuchlarga ega bo‘lganlar. Download 194.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling