Cho’lponing adabiy-tanqidiy qarashlari xususida


Fitratning adabiy-tanqidiy qarashlari xususida(1886-1938)


Download 40.26 Kb.
bet2/4
Sana02.11.2023
Hajmi40.26 Kb.
#1740403
1   2   3   4
Bog'liq
2-amaliФитрат, Чўлпон адабий танқидий қарашлари

Fitratning adabiy-tanqidiy qarashlari xususida(1886-1938)
“Fitrat” so’zi forscha bo’lib Abdurauf Abduraxim o’g’lining taxallusi mazkur so’z tabiiy talant ma’nosini anglatadi. Fitrat XX asr o’zbek adabiyotining asoschilaridan biridir. Uning ijodisiz o’zbek adabiyoti ancha kambag’al ko’ringan bo’lur edi. Fitrat tilshunos va tarixchi olim, davlat arbobi sifatida ham katta ishlarni amalga oshirdi. Fitratning 250 bosma tabog’dan ortiqroq adabiy merosi e’lon qilingan, 100 bosma tabog’dan ortiq badiiy va ilmiy asarlari esa hali e’lon qilinmagan. Masalan, uning “Feodalizm davri o’zbek adabiyoti” (1938. 12 bosma tabog’); “Jadidlar davri o’zbek adabiyoti tarixi ocherki” (1935. 15 bosma tabog’);“Firdavsiy ijodi va hayoti” (9 bosma tabog’). Fitrat ijodi asosan O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin keng o’rganila boshlandi. U Buxoroda ziyoli oilasida tug’ilgan. Buxoro, Istambul madrasalari va dorilfununda o’qigan. U arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o’zlashtirgan. Adibning otasi savdo ishlari bilan shug’ullangan bo’lib, 1918 yilgacha Qashqarda turib qolgan. U asosan, onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo’lib, u tufayli Bedil, Navoiy, Fuzuliy, Zebuniso, Uvaysiy kabi ulkan shoirlarning g’azallaridan xabardor bo’lgan. Fitrat 1909 yili Turkiyaga o’qishga borib, 1913 yilgacha Istambul dorilfununida tahsil ko’rgan. Turkiyada tashkil topgan “Buxoro ta’limi maorifi” uyushmasida faollik ko’rsatgan. Uning ilk to’plami 1911 yilda “Sayha” (“Chorlov”) nomi bilan chop etilgan. “Sayyohi hindi”, “Munozara” kabi asarlari ham shu yillarda Turkiyada nashr etilgan. 1909-1913 yillarda Turkiya dorilfununida o’qiyotganida jadidchilik g’oyalari bilan tanishib, shu g’oyalar bilan sug’orilgan asarlar yozgan. U Turkiyadagi tahsili davrida o’ziga Fitrat (zukko, dono, bilimdon) deb taxallus olgan. 1913 yili yozgan «Munozara» nomli asarida o’z xalqini zulm botqoqidan qutqarib, “najot yo’li”ni izlaganligini tasvirlaydi. Bu davrda Ovro’pa fani va madaniyatini targ’ib qilish ham Fitrat ma’rifatparvarligining muhim yo’nalishini tashkil etadi. Fitrat 1917 yilda “Hurriyat” gazetasini tashkil etib, unda xalqni istiqlol uchun kurashga da’vat etuvchi she’r va maqolalarini chop ettirdi. Uning “Hurriyat” gazetasida bosilgan “Yurt qayg’usi” nomli she’r va sochmalarida Turkistonning hurligi uchun kurashga bel bog’lagan lirik qahramonning “Men sen uchun tug’ildim, sen uchun yasharman, sening uchun o’larman, ey turkning muqaddas o’chog’i!” degan da’vati baralla eshitiladi. Uning “Qon”, “Begijon”, “Temur sag’anasi”, “O’g’izxon”, “Abu Muslim”, “Hind istilochilari”, “Chin sevish” kabi dramalarida milliy mustaqillik uchun kurash mavzui tabiiy ifodasini topgan. 1922 yili nashr etilgan “O’zbek yosh shoirlari” to’plamida Cho’lpon, Elbek she’rlari bilan birga Fitratning she’rlari ham nashr etildi. Uning “Mirrix yulduziga”, “Behbudiyning sag’anasini izlab”, “Sharq”, “Shoir” kabi she’rlarida shoir millatparvar va vatanparvarlik pozisiyasida turadi. Shoir “Abulfayzxon”, “Arslon”, “Vosye qo’zg’oloni”, “Shaytonning tangriga isyoni” kabi dramalarini yaratdi. Fitrat 1921-23 yillarda Buxoro xalq jumhuriyatida maorif xalq noziri bo’lib xizmat qilgan. 1923-24 yillarda esa frunzechilar tomonidan quvg’in qilingan shoir Maskvadagi Sharq tillari institutida ilmiy faoliyat bilan shug’ullangan.
Fitratning o’zbek tili grammatikasiga oid darsliklari 1925-30 yillarda besh marta chop etilgan. Unga o’zbek olimlaridan birinchilardan bo’lib, professor unvoni berilgan. 1991 yil 25 sentyabrda Fitratga o’zbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy Respublika Davlat mukofoti berildi. Fitrat yirik olim, adabiyotshunos sifatida “Adabiyot qoidalari”, “Eski o’zbek adabiyoti namunalari”, “Aruz haqida” kabi ilmiy kuzatuvlari o’zbek adabiyotshunoslik fanining shakllanishida muhim rol o’ynaydi. Uning Umar Xayom, Firdavsiy, Navoiy, Bedil haqidagi tadqiqotlari adabiyotimiz tarixini o’rganishda muhim manba bo’lib xizmat etadi. Fitrat 1917 yilda “Ibtidoiy maktablarning so’ng sinf o’quvchilari uchun” darslik tayyorlab,unda adabiyotning eng umumiy va asosiy jihatlarini bayon etdi. Unga Navoiy, Bobur kabi mumtoz shoirlar ijodidan tortib, XX asr o’zbek adabiyoti vakillarigacha namunalar kiritib, adabiyotdan o’ziga xos “sabog’noma” tayyorladi. 1918 yili Fitrat tashkil etgan “Chig’atoy gurungi” to’garagi til, imlo va san’at masalalari bilangina cheklanibgina qolmay, Chig’atoy adabiyotining vujudga kelganidan tortib, uning zamonaviy ko’rinishigacha bo’lgan o’lkan tarixni dunyoga tanitishda jiddiy faoliyat ko’rsatdi. Olimning “She’r va shoirlik” adabiy mubohasasida (2) “she’rni she’r qilgan vazn va qofiyagina emas, uning go’zallik qonuniyatlariga asoslanadigan qator badiiy sifatlari borligini” tushuntirdi. Ayni shu yillarda turkiy xalqlar yaratgan boy ma’naviy merosini to’plash, o’rganish va nashr qilish harakati boshlandi. Bu faoliyatning ilk mevasi sifatida “Insoniyat haqida Navoiy qanday fikrda?” risolasi dunyoga keldi (risolada muallif nomi ko’rsatilmagan bo’lsa-da, uning uslubi va zamondoshlarining shahodatlaridan kelib chiqib, bu asar Fitrat qalamiga mansub ekanini isbotlash mumkin.). Risolada Navoiy ijodi, inson mavzusi borasidagina emas, balki Navoiy va tasavvuf, Navoiy va badiiy ijod, shoirning san’atkorligi xususida ham chuqur kuzatishlar mavjud. Fitratning Maskovdalik davrida ulug’ Sharq mutafakkiri haqida “Bedil” badihasi chop qilinadi. Asarda muallif ma’naviy hayotimizda keng tarqalgan “bedilxonlik” tasviri bahonasida ulug’ shoirning falsafasi, tasavvufga munosabati, u yozgan asarlarning tasnifi, shoirona uslubini g’oyat noziklik bilan tahlil etib, chuqur xulosalarga keladi. (1.Fitrat. “O’quv. Ibtidoiy o’rta maktablarning so’ng sinflari uchun”. Boku, 1917.
2.Fitrat. She’r va shoirlik “Ishtirokiyun” 1919, 24, 25 iyul, 1, 30 avgust.
3.Insoniyat haqida Navoiy qanday fikrda? “Musulmon ishtirokiyun firqalarining o’lka byurosi huzuridagi nashriyot sho’basi”. Toshkent, 1919. Bu haqda qarang: H.Boltaboyev. “Mir Alisher Navoiy Fitrat talqinida” “O’zbek tili va adabiyoti”, 1992, 1-son.
4.”Fitrat, “Bedil” (Bir majlisda). Moskva, Millat ishlari Komissarligi qoshidagi markaziy “Sharq” nashriyoti, 1923). Bu kitobda muallif bayon qilgan nazariy umumlashmalar doirasi bilangina Bedil ijodi doirasida qolib ketmaydi: “Bedil mutafakkir bir adibdir. Uning so’zlarida biz uchun unumli ko’p fikrlar bor... Har narsaga yuzadangina qarab hukm qilguvchi bizlar bunga ham yuzadangina qaraymiz. Uning so’zdagi ustaliklariga, kuchiga, hunariga, o’yinlariga berilamiz. Butun “voy-voy”larimiz, “ofarin”larimizni Bedilning so’zlari uchungina aytamiz. Uning tub fikrlarini esa, hyech tushunmaymiz yo tushunmak istamaymiz. Bedilning biz uchun-da, o’zi uchunda muhim fikrlarini ajratmoq, tortib ko’rmoq, saralamoq, munoqasha qilmoqni kerak topmaymiz”. Fitratning bu istehzosidan seziladiki, badiiy asarni tushunish faqat undan ta’sirlanish, zavq olish uchungina emas, balki uning zamiridagi fikrlarni aql tarozusida tortib ko’rmoq, uni zamondoshlari ijodi bilan mug’oyasa qilib, shoirning “tub tilak”lari orqali ifodalanayotgan haqiqatni topmoq va boshqalarga anglatmoq hamdir. Fitrat Bedil asarlari tahlilida bunga erishgan bo’lsa ham, endi ana shu she’riyat masalalarini keng miqyosga olib chiqish va badiiy asar tahliliga oid shaxsiy tajribalarini o’z zamoni bilan payvandlab, kitob shaklida umumlashtirishga jur’at etdi. Adib “Adabiyot qoidalari”da ko’proq maqsadni badiiy asarning tahliliy jihatiga qaratadiki, kitobning asosini tashkil etgan bu masalani ham taqrizchi Oybek yaxshi sezgan: “Kitobdagi materiallar sistematik tuzilib, adabiyot qoidalari to’g’risida ma’lumot berilgan ham yangi shoirlarimizning parchalari bilan cheklanmasdan, o’rtoq Fitrat Navoiy, Bobur ... kabi eski shoirlarimizdan ham misollar olgan va durustgina tahlil etgan”. “Adabiyot qoidalari” muallifning san’atga bergan ta’rifi bilan ochiladi. Albatta, bu ta’rif san’atga ijtimoiy ong shakllaridan biri deb qaragan ma’lum nazariyani takrorlamaydi. Chunki, Fitrat san’atni bir yoqlama mafkuraviy nigoh bilan tahlil etish uchun boy va go’zal imkoniyatlarini cheklab qo’yishini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham garchi u Maskovdalik davrida materialistik dunyoqarashga yaqinlashgan bo’lsa ham, masalaga u san’atning kelib chiqishi nuqtai nazaridan, bugungi ilmiy ibora bilan aytganda, istorizm nuqtai nazaridan kelib chiqib yondashadi. Fitrat san’atning asosiy xususiyati sifatida boshqalar ma’naviyatiga “ta’sir etishi”ni tayin qiladi va san’at asarining kuchi kitobxonni qay darajada to’lqinlantirishiga bog’liq degan (garchi ibtidoiy bo’lsa-da talablar bilan yondashadi. Bu fikrlar garchand kitobda o’ta qisqa va bir oz hukmnoma tarzda bayon etilgan bo’lsa-da, adibning bu mavzuga yana qaytib, alohida maqola e’lon etganini uning o’quvchilari yaxshi bilishadi. Biroq, munaqqidlar, hatto kitobning eng asosiy jihatlarini yaxshi tushunib, unga o’rinli baho bergan Oybek ham Fitratni ayni mana shu masalada ayblaydi: “Fitrat san’at va adabiyotga bu kungi ko’z bilan qaramagan». Fitrat san’at turlari haqida so’z yuritib, ular uchun umumiy bo’lgan jihatlarni (“yurak, fikr, to’yg’u to’lqinlarini ... jonlantira chiqarib, boshqalarda ham shu to’lqinni yoratmoq hunari”) ajratib ko’rsatadi, ilmiy adabiyot ta’biri bilan aytganda, san’atning hissiy (ekspressiv) jihati, ya’ni obrazlilik uning barcha turlari qanday qilib o’sha to’lqunni (hissiyot to’lqini, obrazni) yaratayotganiga, yana ham aniqrog’i, o’sha “to’lqin” yaratuvchi vosita va qurollarga (“so’z, tovush, bo’yov, shakl, harf, harakat kabi materiallar”) ahamiyat beradiki, hozirgi adabiyotshunosligimiz ham san’at turlarini farqlashda ayni shu yo’ldan boradi. Fitrat bu xususiyatlardan kelib chiqib, go’zal san’atlarning olti turini (“musiqa, rasm, haykalchilik, me’morlik, o’yin, adabiyot”) farqlaydi. Ularning “bir-biriga yaqinlashmoq e’tibori bilan ikki turkumga ayriladir” deb yozadi hamda “adabiyot, musiqa, o’yin - bir turkum; rasm, haykal, me’morliq bir turkum bo’lish”ligini belgilaydi. Fitrat nazariy umumlashmalarining umriboqiyligini ta’kidlashdan o’zimizni tiysak ham, har holda u san’atga “ijtimoiy ideologiyani tashuvchi” deb qaramagan, balki amalda uning tub mohiyatini o’rgana borib, jamiyatdagi kuch va qudratini o’zicha his qilib, shunday nazariy umumlashmalarga kelgan deb, xulosa qilishimiz mumkin. Chunki, Fitrat san’atning turlari, xususan, so’z san’ati bo’lgan adabiyotga ta’rif berarkan, ko’proq so’z san’atini sharqona ma’nisidan kelib chiqadi va uning xususiyatlarini inkishof etishda ham asosan, Sharq she’riyatining go’zal va boy tajribasiga tayanadi. Kitobning asosiy bo’limlaridan biri “Yozish qoidalari” deb nomlanadi. Bunda Fitrat yozuvchining hayotga dastlabki nigohidan tortib, badiiy asarga so’nggi nuqta qo’yilishigacha bo’lgan ijodiy jarayondagi asosiy bosqichlarni (mavzu, mundarija, tartib, ifoda va uslub) belgilaydi. Albatta, badiiy asar tahlilida shakl va mundarijaning uzviy birligiga va uni tashkil etgan har bir tomonning uzvlari (mundarija-mavzu, g’oya va masala; shakl esa obraz, syujet, kompozisiya va badiiy til) munosabatiga asoslanib yondoshadigan hozirgi adabiyotshunosligimiz uchun bu yo’l ancha ibtidoiy ko’rinishi mumkin. Biroq, Fitrat badiiy asar tahlili uchun yo’riqnoma berayotgani yo’q, balki “zehniy yumush”ning natijasi o’laroq dunyoga keladigan ijod jarayonini tushuntirishga harakat qilyaptiki, bu yo’nalishda muallif keltirgan bosqichlar va ularning o’zbekona istilohlar bilan atalishi e’tiborga loyiqdir: g’oya-tilak, tartib-syujet, ifoda-shakl va hokazo. Masalaning mohiyati har bir tushunchaga munosib so’z (atama) tanlab, ifoda qilishdagina emas, balki o’sha ifoda orqali hodisa yoki tushunchani kitobxonga ochiq va lo’nda qilib tushuntira bilishdadir. Fitrat bu o’rinda faqat ta’rif berish bilan cheklanmay, badiiy asarning go’zalligi va butunligini ta’minlagan xususiyatlar ayni mana shu “mavzu tanlash”, “mundarijani tayin etish”, “adib tilagi”ni o’ziga mos “ifoda”lar bilan “tartib”li hamda betakror “uslub”da aks etishi lozimligini ham talab qiladi. Bu jarayonda o’sha talabga rioya qilmaslik, ya’ni me’yorning buzilishi qanday “ifrot” (chegaradan chiqish)lar yetkazishini aytadi: “bu turli yozilgan hikoyalar, dostonlar bir turli, bir tusda, o’zgarishsiz, harakatsiz yurib borgani uchun o’quvchilarni bezdiradir, miyaga og’irlik qiladir”. Qo’llanmaning eng ahamiyatli va nazariy jihatdan chuqur yozilgan qismi uslub haqidadir. “Adabiy hayotimizning sust davri” (Oybek) bo’lgan 20-yillarning o’rtalarida emas, hatto hozirgi kamolot davrida ham o’zbek adabiyotshunosligining uslubshunoslik deb atalgan qismi juda kam rivojlangan. Bir-ikki yirik ijodkorlar uslubiga bag’ishlangan ayrim risolalarni hisobga olmaganda, keng va chuqur nazariy umumlashmalar beradigan risolalar nihoyatda ozdir. Fitratning bundan yarim asrdan avvalroq yozilgan quyidagi satrlarini eslaylik: “Shoirning xayol, o’y, tushunish shakllari tugal, komil bo’lgach, o’ziga yarasha uslubi ham borliqqa chaqqon bo’ladur ... bir asardagi fikrlar, ma’lumotlarning eski, boshqa shoirlar tomonidan aytilgan bo’lishi mumkindir. Ularning eskiligini bizga sezdirmasdan, bildirmasdan ifoda qilib, uni bizga o’quta olg’on kuch uslubdadir. Eski adabiyotimizda “Layli-Majnun” dostoni bor. Buni fors shoirlari, turk shoirlari necha daf’alar yozganlardir. Hammasida hikoya birdir va voqyea bir turlidir. Biroq forscha-turkcha bilgan bir kishi ularning forsiylaridan Nizomiyni, ondan keyin Jomiyni o’qiydir. Xisravga kelgach, Navoiyni albatta ularga tarji’ qiladir. Fuzuliyni ko’rgach, Navoiyning “Layli-Majnun”ini tokchaga qo’yib, Fuzuliyni o’qishga majbur kabu bo’ladir. Mana bular uslubning ishidir”. Mana shunday sodda va aniq tushuntirishni yetmish yil davomida sog’inmaganmidik, sog’inib kutmaganmidik?! Hatto, ijodkor o’ziga xosligini ham u yaratgan asarlarning “g’oyaviy mundarijasidan kelib chiqib baholash barobarida buni sosialistik realizmning sharofati” deb o’rganmaganmidik. Adabiyotning, san’at asarining milliyligi uning bosh sifati ekanini bila turib, u haqda darsliklarimizning eng so’nggi sahifalarida, shunda ham baynalmilallik va umuminsoniy jihatlardan so’z ochish uchungina besh-to’rtta noaniq jumla bilan cho’chibgina yozmasmidik? Xuddi mana shunday nazariy taraqqiyotimiz davomida uslubning milliy hodisa ekani, har bir millatning dunyoni badiiy ko’rsatadir”. Demak, uslubning milliyligi, biror-bir xalq adabiyotining milliyligi kabi hammaga oydin hol ekan. Har qanday badiiy asarning milliyligi, dastlab o’sha millat tilida yozilgani va avvalo o’sha millat yoki o’sha tilda so’zlashuvchilar uchun qaratilgani kabi hodisalarda oydinlashar ekan, o’sha millatning voqyea va hodisalar tasvirida betakror, faqat o’sha millat egalarigagina xos ifoda yo’sini, ya’ni uslubi borligini bila turib, “milliy uslub” tushunchasiga qarshi o’t ochib keldik... Fitrat ehtiroslarga berilmay, ilmiy kuzatishlarini yana ham chuqurlashtiradi: “Go’zal san’atlarda har millatning o’ziga maxsus uslubi bo’lgani kabi har zamonning o’ziga maxsus uslubi bordir... Navoiy, Bobur, Boyqarolar zamonidagi uslub bilan Umarxon, Fazliylar zamonidagi uslub bir emasdir... Navoiy, Bobur, Boyqaroning uch g’azalini bir yonda, Botu, Cho’lpon, Elbekning uch she’rini bir yonda qo’yib qarasoq, oralaridagi uslub boshqaligi ochiq ko’rinadir”... Bizning adabiyotshunosligimiz ayni mana shu “zamon uslubi”ni ko’p ishladi, ishlaganda ham o’tmish adabiyotining qorong’u, tuban va nursiz” ekanini tushuntirishda ayni shu tushunchadan zambarakning o’qi sifatida foydalandi. Biroq, davr tushunchasi bilan yonma-yon ijodkor shaxs tushunchasi ham borki, busiz zamon, davr haqida fikr yuritib bo’lmaydi. Hatto zamon uslubini belgilagan Navoiy, Umarxon, Cho’lpon kabi shoirlarning ijodiy o’ziga xosligidirki, biz “zamon uslubi”ni anglatishda, uni buyuk iste’dodlar nomi bilan qo’shib aytamiz (Navoiy davri, Umarxon davri, Cho’lpon davri uslubi kabi). Fitrat buni juda noziklik va izchillik bilan tushuntiradi: “... shuning bilan Navoiy, Boyqaro, Boburdan har birining o’ziga maxsus bir uslubi bo’lgani kabi Botu, Cho’lpon, Elbeklarning ham o’zlariga maxsus uslublari bordir. Demak, uslub zamon bilan o’zgargani kabi shaxs bilan ham o’zgaradir”. Olim ijodkor shaxs uslubining o’ziga xos sifatlarini, avvalo, o’sha san’atkor yaratgan asarlarning o’ziga xos sifatlaridan kelib chiqib tushuntiradiki, “hatto, bir oz chuqurroq borib bir kishining sochim-tizim yozganida ham uslubining o’zgarib qolganini ko’ramiz”. Bu o’rinda Fitrat ijodkor uslubidan u qo’llayotgan adabiy turning ifoda yo’suniga qarab fikr yuritmoqdaki, uslubiy tahlilda bu muhim “bekat”lardan sanaladi. Bu uslubiy hodisani tushuntirishda Fitrat Navoiyning “Sahar xovar shahi uzra...” deb boshlanuvchi g’azali bilan “Mahbubul qulub”dan bir nasriy parcha, ayni tasvirga yaqin “Boburnoma”dan parcha keltirib, Cho’lponning “Tola yo’llarida” she’ridagi tuyg’ular tahlili bilan “Qor qo’ynida lola” hikoyasidagi yo’l tasvirini solishtirib: “Navoiyning uslubi tizimda hashamatli ohang bilan yuradi”, degan xulosaga keladi. Albatta, bu xulosa Navoiyning butun ijodiga emas, tahlil etilayotgan asarlarigagina tegishlidir. Biroq, mana shu ikki asar yozilish yo’sunini qiyosan o’rganish oqibatidagi umumlashmalar, Navoiy boshqa asarlari tahlilida ham aks etishi mumkinligini unutmaylik. Olim esa, yana ham chuqurlashadi: “Yana bir oz ingichkarak qarag’anda bir shoir uslubining asarning mavzu’iga ko’ra o’zgarganini ham ko’ramiz. Navoiyning “Layli-Majnun”idagi o’ynab qayag’an uslubini uning “Lisonut-tayr”ida ko’rib bo’lmaydir”. Demak, uslub ayrim xususiy hollarda badiiy asar mavzui bilan bog’liq bo’lsa ham, “biroq bu o’zgarishlar (ya’ni: asarning shakli yo mavzu’iga ko’ra bo’lg’on o’zgarishlar) asosiy emasdir. Navoiy ham Cho’lponning uslublari tizim-sochimda, yo mavzu’iga ko’ra o’zgarmak bilan ularning “o’zlik”larini (shaxsiyatlarini) yo’qotmaydir. Cho’lponning Cho’lponligi, Navoiyning Navoiyligi bu shoirlarning tizim-sochim asarlarida mavzu’ o’zgarishiga qaramasdan ko’runib turadir”. Olim anglamoqchi bo’lgan haqiqatga endi yetib keldik: milliy uslub yoki zamon uslubi kabi tushunchalar uslub mavzuiga va shaklga (ifodaga) qarab o’zgargani bilan mohiyatan shaxs, ya’ni ijodkor uslubidagina o’zining yuksak, komil bosqichiga ko’tarilar ekanki, bunday tushunchalararo qiyosiy tahlildan maqsad ayni o’sha Navoiyning Navoiyligini, Cho’lponning Cho’lponligini tanishga kitobxonni da’vat etishdir. Fitrat uslub tushunchasi orqali anglashimiz lozim bo’lgan ma’no belgilarini tahlil qilar ekan, bizning adabiyotshunosligimiz orqali tushuntiradigan yuqori uslub, quyi uslub atamalarini ham qo’llaydi va bunda “uslublari yuqori darajadagi shoirlar” (Navoiy, Boyqaro, Umarxon) bilan bir qatorda “sirtdaqi dabdabaga ko’ra, samimiylikni sevgan, elga qaratib yozgan” (Yassaviy, Qul Sulaymon, Andalibo’ adiblar ham borligini aytadi. Garchi “bularning uslublari bilan yuqori darajada shoirlarimizning uslublari orasida ham tog’lar qadar ayirma, boshqaliq” bo’lsa ham, olim hyech vaqt ularni o’zaro qarama-qarshi qo’ymagan, birini suyib, “yuqori” deb, ikkinchisini “tuban” bilmagan. Taassufki, buning raddi bo’lgan fikrlarni oliy maktab talabalari uchun chop etilgan hozirgi darsliklarimizda o’qib qolamiz: “Yozuvchi uslubi (stili)ning shakllanishida uning qaysi tabaqa o’quvchilariga mo’ljallab yozishi katta ahamiyatga ega... Bu - o’rta asrlarda adabiyotning podshohlar saroyida yaratilib, faqat ma’lumotli o’quvchilarga mo’ljallanganligi natijasidir. Alisher Navoiy asarlarining tili “yuqori uslub” deb atalmish shunday uslubning namunasidir. Shunday uslub (o’z zamonida “oliy uslub” deb hisoblangan bayon tarzi) o’zbek adabiyotida to X1X asrning oxirigacha katta o’rin tutib keldi, ya’ni ma’lum darajada “feodal davr uslubi” bo’lib qoldi”. Ushbu iqtibosga izoh bermasak ham, ziyrak o’quvchi muhtaram olimimiz o’zi “bayon tarzi” deb atagan hodisadan katta siyosiy xulosalar chiqarayotganini anglaydi. Bu esa, Fitrat nazarda tutgan “ifoda yo’suni” bilan “davr uslubi” tushunchalarining yetarli farqlanmaligi oqibatidir.
Ma’lumki, ijodkor uslubi asar tili orqali ro’yobga chiqadi. Tilda yozuvchining o’ziga xosligi ham, hayot haqiqatini qayta tiriltira olish salohiyati ham, badiiy tasvir vositalaridan foydalanish bilan mahorati ham aniq ko’rinadi. Shuning uchun ham uslubshunoslik ham, adabiyot ilmi ham tilshunoslik ilmini ajralmas bo’lagi kabi qabul qilinadi. Tilshunoslikning uslubiyat qismi, avvalo, har bir soha, shuningdek, ilmiy asarlar va badiiy adabiyotning yozilish tarzlarini farqlaydiki, Fitrat bu borada bunday deb yozadi: “Umuman, jug’rofiyo, hisob, handasa kabi ilmiy fanniy masalalar to’g’risida yozilg’on asarlarning uslubi bilan adabiy, she’riy parchalarning uslubi orasida ko’zga ko’rinarlik ayirma bor. Fanniy, ilmiy asarlardan maqsad tuyg’ularimizni o’quvchilarga o’tkazib, ularda bir turli hayajon (ruhiy to’lqun) qo’zg’atmoq emas, ilmiy bir haqiqatni onglatishdir... Mana shu ayirmani ko’zda tutib, adabiyot kitoblarida uslubni “sodda uslub”, “bezalgan yo tasviriy uslub” deb ikkiga ajratadirlar”. Bu kabi ilmiy va badiiy uslub masalalari bizning davrimizda ko’p ishlangan mavzu hisoblansa ham Fitrat uslubshunoslikda yana ham chuqurroq kuzatishlar qiladi va uslubning “umumiy” hamda “xususiy hollari” tahliliga kirishadi “... shuncha o’zgarishgan, bir holda turmag’ur bo’lgan uslubning xususiy, umumiy hollarini ajratib, aniqlab qoida shaklida ko’rsatmak mumkin bo’lmag’an bir ishdir. ”Og’irdir”. Albatta, bu kabi masalalarni o’rganishga bizning uslubshunoslarimiz (tilshunoslik yo’nalishidan borsalar ham, adabiyotshunoslik yo’nalishidan borsalar ham) hali yetib kelganicha yo’q. Fitrat “uslubning umumiy hollari” deganda “har bir uslubda topilishi matlub bo’lg’an holatlar”ni belgilab, ularni tuzuklik, soflik, ohang (ohangdoshlik) ochiqlik, uyg’unlik kabi sifatlarga ajratadi va badiiy asarda me’yor va muvofiqlikning qoidasi darajasiga ko’taradi. Shu bilan birga, bu “qoidalarga” amal qilmaslik nomuvofiqliklarga, saktaliklarga olib kelishini eslatish bilan cheklanmay, ulardan qutulish yo’llarini ham o’z o’rnida eslatadiki, o’zbek adabiyotshunosligida hali bu masalalar Fitrat davri darajasida ham o’rganilgani yo’q. “Uslubning xususiy hollari” deb Fitrat bizning adabiyotshunosligimiz badiiy til vositalari (I.Sulton) yoki tasviriy vositalar (N.Hotamov) deb tushuntirayotgan adabiy hodisalarni nazarda tutadi. Bular asosan badiiy asar uslubida qo’llanilgani uchun “uslubning umumiy hollari” kabi ilmiy uslubda ishlatilmaydi. Sifatlash, o’xshatish, istiora, kinoya, majoz, jonlantirish, so’rash, mubolag’a, undash, qarshulik, qaytish (ruju’), kesish va boshqa vositalar haqida mumtoz adabiyotshunosligimizda ayrim ilmiy asarlar yozilgani ma’lum. Abdurauf Fitrat ham bular talqinida o’shanday asarlar sirasidan Atoulloh Husayni kitobini ko’rgan bo’lishi tabiiy. Biroq, Fitrat bu o’rinda ulug’ alloma “ma’naviy san’atlar” deb atagan unsurlar tahliliga kirishibgina qolmas, ularga imkon boricha zamonaviy adabiyotdan misolar axtaradi va topganlarini mumtoz asarlardan olingan namunalar bilan qiyoslab, ularga munosib baho berib o’tadi. Kitobning “So’z o’yunlari” deb atalgan bobida muallif adabiyot tarixida lafziy san’atlar deb qaralgan tajnis, laffu nashr, saj’, ta’rix, muammo kabi hodisalarni alohida kuzatadi. Fitrat kuzatishlari shu jihatdan e’tiborliki, bizning she’rshunoslikda hamon “lafziy san’atlar” bilan “ma’naviy san’atlar” yetarli farqlanmay talqin qilinayotganini sezganidanmi, ulardan birini “uslubning xususiy hollari”, ikkinchisini “so’z o’yunlari” deb atab, o’rtadagi farqni yana ham ayiribroq ko’rsatishga intiladi. Fitrat asarining maxsus qismi she’riyatdagi vazn masalasiga bag’ishlangandir. 20-yillarda keng iste’molga kirgan, kelib chiqish nuqtai nazaridan asil turk vazni hisoblangan “barmoq” she’r tizimi haqida dastlabki ilmiy umumlashmalar qilish ham Fitrat zimmasiga tushdi. U avvalo “barmoq”ning xususiyatlari va qo’llanish imkoniyatlari haqida O’zbekiston Maorif vazirligining Ilmiy kengashi (1925)da ma’ruza qildi va o’zbek olimlari orasida birinchilardan bo’lib bu haqda o’z kitobida izchil ma’lumot berdi, bu vaznning tuzilishi haqida bahs yuritdi. Fitrat boshlab bergan bu yo’ldan qator olimlarimiz borib, maxsus tadqiqot va maqolalar yaratishdi, o’z darslik va qo’llanmalari, lug’at va maqolalarida olim asarlaridan samarali foydalandilar.
Sharq she’riyatining asos poydevorlaridan biri - aruz nazariyasini, yaxshi bilmaslik, umuman, she’r san’atidan yiroqlashish bilan barobardir, degan fikrlar mavjud. Bu sohada mumtoz adabiyotshunosligimizda ko’plab risolalar yaratilgan bo’lsa-da, Fitrat o’z asarida faqat “turk adabiyotining aruzi haqida ma’lumot” berishni niyat qiladi. Garchi ilmda “aruzi turkiy” nomi bilan mashhur bo’lgan Navoiyning “Mezon-ul-avzon”, Boburning “Muxtasar” (“Mufassal”) asarlari yaratilgan bo’lsa-da, birinchidan, o’sha davrda ularning ommaviy nashrlari yo’q bo’lib, ikkinchidan, ular ko’proq fors-arab aruzining shakliy jihatlarini bayon etishga qaratilgan ediki, Fitrat ayrim o’rinlarda hatto ustozlaridan Navoiyga: “koshki arab aruzini yozg’aning joyida turk vazni, turk musiqasi to’g’risida kitoblar yozsa edingiz” deyishgacha boradi. Fitrat adabiyotning “aruzlashishi”ni juda oddiy tushuntiradi: “Bizning tilimizga uyg’un kelaturg’an vazn albatta, milliy vaznimiz bo’lg’an parmoq (barmoq) vaznidir. Biroq, eron-arab ta’siri ostida aruz vazni ham adabiyotimizga kirgan, muhim o’rin olgan, muvaffaqiyatsiz bir shaklda keng suratda bukungacha davom etib kelgan... Aruz vazni arabnikidir. Arab shu vaznlarda she’r yozgan. Xijriy 170 yilda o’lan imom Halil ibn Ahmad bu vaznlarni yiqib, belgili qoidalar ostiga kirgizdi, aruz qoidalarini tuzdi. Arab olimi tomonidan tuzilgan aruz qoidalarini forslar ham forsiy she’rlar uchun qabul qildilar. Biroq, forsiy she’r uchun qabul etilgan aruz arab aruzining xuddi o’zi emas edi. Forslar arab aruzini tuzatdilar. Kamchiliklarini to’ldirdilar. O’zlarining milliy vaznlarini ham shu qoidalarga ergashtirib aruzga kirgizdilar. Mana shunday qilib, arab aruzini arab-fors aruzi holiga keltirdilar. Bizning O’rta Osiyo turklari tomonidan qabul etilgan aruz shul arab-fors aruzidir” deb tushuntirib beradi va bu “aruzni bizning tilga yaramaganligini” asoslashga urunadi. Biroq, ne ilojki, bizning turk tilli she’riyatimizga chuqur o’rnashib olgan aruz tizimini o’rganish majburiyati oldimizda turadi. Fitrat ayni shu majburiyat bilan, “yolg’iz o’zbek-chig’atoy tizimlarida qabul etilganlarinigina ko’rsatib o’tishni yetarli” topdi. Lekin, yuqorida tilga olganimiz majburiyat talabi bilan qariyb o’n yillarcha muddat o’tgach, olim aruz masalasiga qaytib, “Aruz haqida” risola e’lon qildi. Risola deyarli hozirgi davrimizga qadar bu mavzuda ish ko’rganlar uchun asosiy qo’llanma xizmatini o’tab keldi. Olim qo’llanmada biz mulohaza yuritgan she’riyatdagi vazn masalalari, uslubning umumiy va xususiy hollari tahliliga kirishishdan avval badiiy tafakkur jarayonida farqlanishi nihoyatda zarur bo’lgan “ifodalar”-“tizim” va “sochim” shakllariga to’xtaladi Badiiy adabiyotda ikki xil ifoda yo’sini yoki boshqacha qilib aytganda, badiiy nutqning ikki shakli mavjudligini Arastu zamonidan buyon farqlab o’rganganmiz: Bu she’riy va nasriy ifodalar bo’lib, Fitrat iborasi bilan aytganda, “tizim” va “sochim”dir. Bu ikki ifoda o’zaro keskin farqlanishi bilan birga adabiyotshunosligimizda ularni adabiy tur sifatida qo’llash (epos va lirika o’rniga) urf bo’lgan. Ayniqsa, hozirgi jarayon haqida fikr yuritilganda ular she’riyat, nasr, dramaturgiya kabi turlarga ajraladiki, bu xato tasnif ko’p yillar mobaynida epos va lirikaning o’rniga qo’llanilayotganiga shubha yo’qdir. Biroq har qanday roman (epik janrda) she’riy va nasriy yo’l bilan, har qanday doston (liro-epik janr) yana o’sha ikki xil yo’l bilan, fojia (dramatik janr) ham o’sha ikki xil yo’l bilan yozilishi hammaga ayon-ku. Shunday ekan, nasr va nazmni adabiy tur sifatida emas, balki Fitrat aytganidek, “so’zlar, gaplarni uyushtirib tuzilgan asarlar adabiy bo’lsun-bo’lmasun ikki yo’sindan birida tuziladir: “sochim, tizim (nasr, nazm)” tushuntirishni e’tiborga olsak, u adabiyotshunoslikdagi nazariy tasnif va istiloh masalalariga qanchalik noziklik bilan yondoshganining guvohi bo’lamiz. Olim bu har ikki “yo’sin”ni farqlab olgach, fors-arab aruzidagi “tizim shakllari”ni (bizning til bilan aytganda mumtoz she’riyat janrlarini) belgilashga kirishadi. U mumtoz adabiyotda keng tarqalgan g’azal, qasida, qit’a, masnaviy, ruboiy, tuyuq, mustazad, musammat (murabba’, muhammas, musaddas), tarje’band va tarkibband kabi janrlarga qisqacha ta’riflar beradi, mashhur shoirlarning bu janrdagi eng mashhur asarlari misolida bularni talqin qiladi. Fitratning bu fikrlarini hozirgi zamonaviy qo’llanmalar bilan qiyoslab muallif bergan ta’riflarning naqadar aniq va lo’ndaligi e’tiborimizni tortish bilan birga u “So’z o’yunlari” bobida bergan “muammo”, “ta’rix” kabilar yuqoridagi kitob mualliflari tomonidan janr sifatida talqin etilgan oddiy o’quvchini ham ajablantirishi mumkin. Nisbatan yangi sanalar “Adabiy turlar va janrlar” nomli jamoa tadqiqotida bu masalalarga aniqlik kiritish maqsadida “Lirik tur janrlarining mazmun va shakl jihatidan tasnifi”da birmuncha aniqlikka intilish sezilsa-da, tasnif o’ta maydalashtirib yuboriladi-da, natijada “g’azal”, “ruboiy”, “qit’a” kabilar “shakl mazmundorligi va tuzilishiga ko’ra lirika janri” deb hisoblansa, “qasida”, “muammo”, “tarix” va boshqalar “eyestetik belgi pafos va muayyan mazmun yo’nalishiga asoslanadigan janrlar” sifatida talqin etilganini ko’ramiz. Mumtoz adabiyotimizning Fitrat asarlari orqali qilingan tasniflari bu sohada ham aniqlik kiritilishiga yordam beradi, degan umiddamiz. Nihoyat, qo’llanmaning so’ngrog’ida adabiy asarlarning turlari sifatida “Lirika”, “Tomosha” (drama) va “Rivoya” (epos) tavsiya qilinadiki, Fitrat bu kabi qat’iy adabiy turlar tahlilida ham birmuncha aniqlikka erishish bilan birga turkcha (o’zbekcha), hyech bo’lmaganda, sharqona atamalar qo’llashga harakat qiladi. Lekin, bunday o’zbekchalashtirish jarayoni hozirgi kunimizda bo’layotganidek, ko’r-ko’rona, deyarli hamma Ovrupa so’zlarini sharqlashtirish yo’li bilan emas, balki ayrim tushunchalarni o’ziga mos ifodalar bilan aytishga intilishning natijasi sifatida ko’rinadi. Masalan, Fitrat “drama” so’zi arab adabiyotshunosligida ham adabiy tur va ham janr sifatida qo’llanilayotganidan ajablanib, masalani oydinlashtirish uchun adabiy tur ma’nosidagi “drama” (hozirgi dramaturgiya) o’rniga “tomosha” so’zini, “epos”, “epopeya” so’zlari bilan asosli bo’lgani uchun ham, abadiy tur nomi sifatida “rivoya”ni tavsiya etadiki, muallifning bu tajribasi istilohlarning o’ndan to’qqizi ovrupocha bo’lgan hozirgi adabiyotshunosligimiz uchun ham o’rnak bo’lishi mumkin. “Adabiyot qoidalari”ning so’nggi bobi “adabiyotdagi oqim istilohlari”ga bag’ishlangandir. Bunda Fitrat klassisizm, rasionalizm, sentimentalizm, romantizm, realizm, simvolizm modernizm, futurizm kabi tushunchalar mohiyatini juda oddiy qilib tushuntirib beradiki, muallifning bu tushuntirishlari masalaga siyosiy tus berishdan xoliligi bilan hozirgi qo’llanmalarimizdagi izohlardan ajralib turadi. Biroq, Fitrat talqinlari bugungi kitobxonlarimiz uchun birmuncha jo’n tuyulishi tabiiy. Chunki, olim bu oqim va yo’nalishlar paydo bo’lgan davrdayoq ularning tasnifiga kirishgani, oddiy kitobxonga qandaydir tushuntirish berishga intilib, asosan, sharq adabiyotidangina misollar keltirish bilan cheklanganini zukko o’quvchilarimiz kechirarlar deb umid qilamiz. Bundan tashqari, Fitrat bundan 65 yil avval yaratgan qo’llanma hyech nuqson va kamchiliklardan xoli emas, degan fikrni aytmoqchi ham emasmiz. Albatta “beayb parvardigor” deganlariday, bu kichik qo’llanmada ham bugungi nazar bilan qaralganda, talay yetishmovchiliklarni kuzatish mumkin. Biroq, ezgu niyat bilan bajarilgan xayrli ishning avvalo go’zal tomonlarini ko’rish maqsadida, ular haqida keng to’xtalishni joiz ko’rmadik.

Download 40.26 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling