Cho’lponing adabiy-tanqidiy qarashlari xususida
Cho’lponning adabiy-tanqidiy qarashlari
Download 40.26 Kb.
|
2-amaliФитрат, Чўлпон адабий танқидий қарашлари
Cho’lponning adabiy-tanqidiy qarashlari
Abdulhamid Sulaymon o’g’li Cho’lpon XX asr yangi o’zbek adabiyotining yorqin siymolaridan biri. Uning “Buloqlar”, “Tong sirlari”, “Uyg’onish” dastlabki she’riy to’plamlarida jadidchilik-ma’rifatchilik g’oyasi ilgari surildi. Cho’lpon she’rlarida yangicha lirik qahramon qalbi, boyligi rang-barang bo’yoq, ohanglar orqali ochib berilgan. Cho’lpon she’rlarida erkparvarlik, haqsizlikka, zulmga qarshi kurash taronalari, Vatan, ona tabiat, sevgi mavzulari yetakchi o’rinda turadi. Samimiylik, tuyg’ular tiniqligi ichki dramatizm - Cho’lpon lirikasini harakatga keltiruvchi omillardir. Cho’lpon she’r tuzilishi, vazni, musiqasi, ifoda vositalari bobida ham yangiliklar olib kirdi. Cho’lponning “Yorqinoy” dramasi romantik va realistik xususiyatlarda ifodalangan bo’lib, Yorqin va Po’lat obrazlari yaratilgan. Cho’lponning “Hamlet” tarjimasi madaniy hayotimizda muhim hodisa bo’ldi. Cho’lponning “Kleopatra”, “Oydin kechalar”, “Novvoy qiz” kabi hikoyalar ham yozgan. Cho’lponning “Kecha va kunduz” romani tarixiy o’tmish haqiqatining o’ziga xos yirik talqini bo’ldi. Romanda kolonial siyosat mohiyati, imperiya qiyofasi va tanazzulning mahdudlik va mutaassiblikning yurt taraqqiyoti, inson erki yo’lida to’g’anoq bo’layotganligi kuyunchaklik bilan ifodalanadi. Romanda Zebi va uning oilaviy muhiti tasviri orqali ijtimoiy mute’lik fojiiy oqibatlari ochib berildi. Miryoqub timsolida yangi tug’ilayotgan ishbilarmon kishiga xos xususiyatlar ko’rsatilgan va asarda boshqa xarakterlar tasviri ham rang-barang buyoqlarda tasvir etib berilgan. Umuman, asarda inson ruhiyati teran tahlil etilgan. “Kecha va kunduz” asari o’zbek romanchiligi taraqqiyotiga katta ta’sir o’tkazdi. Cho’lpon adabiyotshunos olim va tanqidchi sifatida keng tanildi. Uning adabiy-tanqidiy maqolalarida yangi davr adabiyoti, san’ati masalalari, jadid-ma’rifatchilik g’oyalari ilgari surildi. Cho’lponning adabiy-tanqidiy maqolalarini 4 guruhga bo’lib o’rganish mumkin. 1.Cho’lpon maqolalarida go’zallik, badiiylik, ma’naviy-ruhiy olam haqidagi qarashlar aks etishi: “Muhtaram yozuvchilarimizga”, “Sho’rolar hukumati va sanoye nafisa”, “Chig’atoy gurungi” nomli maqolalari orqali kechdi. 2.Cho’lponning jahon adabiyoti, buyuk san’atkorlar, o’lmas asarlar betakror adabiy qahramonlar haqidagi fikr-mulohazalari “Ulug’ hindi”, “Malikai Turondot” va boshqa maqolalari orqali kechdi. 3.Cho’lponning o’zbek mumtoz adabiyoti va uning nomoyondalari haqidagi maqolalari. 4.Cho’lpon-teatrshunos va tanqidchi. Cho’lponning adabiyotshunos va tanqidchi sifatida 60 dan ortiq maqolalar yozgan. Cho’lpon o’zini professional munaqqid yoki muayyan akademik qoidalar asosida ish yurituvchi adabiyotshunos olim deb hisoblamasa ham, yoki estetika bobida, san’at nazariyasida yangi sahifa ochgan bo’lmasada, jahon san’atini va san’atshunosligini batamom yangi yo’llarga burib yuboradigan tugal ta’limot yaratmagan (O.Sharafiddinov) bo’lsa ham, lekin shunga qaramay yangi o’zbek adabiyoti tarixini Cho’lponning adabiy-tanqidiy faoliyatisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Yangi o’zbek adabiyotini shakllantirishda, 20-30-yillardagi g’oyat murakkab ijodiy kurashlar muhitida unda izchil realistik uslubning ustivorligini ta’minlashda Cho’lponning adabiy-tanqidiy qarashlarining ahamiyatini kamsitish mumkin emas. Cho’lpon munaqqid sifatida, birinchi navbatda, adabiyot va san’atning amaliy masalalari bilan shug’ullangan, yanada aniqroq aytganda, ma’naviy uyg’onish va madaniy rivojlanish asosida adabiy jarayon davomida ko’ndalang bo’lgan dolzarb muammolarga javob topishga intilgan, shu tarzda adabiyotni o’z davrining ilg’or g’oyalari bilan boyitishga, Sharq va G’arbning bebaho tajribasini yangi o’zbek adabiyotiga olib kirishga harakat qilgan. Har bir maqolaning yugurik misralari ortidan Cho’lponning o’zi qarab turganday bo’ladi. Har bir maqolada Cho’lpon shaxsiyatining aniq muhri borki, xuddi shu narsa ularni bir yaxlit holga keltirib qo’yadi. Cho’lponning adabiy-tanqidiy merosi bu ulug’ adib shaxsiyatining turli qirralarini, madaniy saviyasini, e’tiqodi va dunyoqarashini o’rganishda, ijtimoiy hayotning muhim jihatlariga uning munosabatini aniqlashda, ijodiy biografiyasining ba’zi nuqtalarini to’laroq yoritishda ham g’oyat ahamiyatlidir. Biz bu merosni muayyan tartibda o’rganish natijasida Cho’lponning g’oyaviy-estetik evolyusiyasi qanday kechgani haqida tasavvurga ega bo’lamiz. Cho’lponning birinchi tanqidiy asari “Adabiyot nadur?” degan maqola bo’lib, “Sadoi Turkiston” gazetasida 1914 yil 4 iyun kuni e’lon qilingan. Cho’lpon bu maqolani 16 yoshda yozgan. Umuman, 10 yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, adabiyot nadur, shoir nadur degan savollar qo’yilib, bu sohada ko’plab maqolalar e’lon qilingan edi. “Cho’lpon “Adabiyot nadur?” maqolasida adabiyotning ijtimoiy mohiyati to’g’risida fikr yuritadi. Uning fikricha, adabiyot millatni taraqqiy ettirish vositasi, uning ma’naviyatini ta’minlaydigan omil. Cho’lpon bu xulosaning chinligiga shu qadar ishonganki maqolada hyech qanday e’tirozga o’rin qoldirmaydigan tarzda “adabiyot yashasa-millat yashar” deya ta’kidlaydi. “Ha, to’xtamasdan harakat qilib turgan vujudimizga suv, havo naqadar zarur bo’lsa, maishat yo’lida har xil qora kirlar bilan kirgan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa - millat yashar. Adabiyot o’lmagan va adabiyotining taraqqiyotiga aralashmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotdan, o’ydan, fikrdan mahrum qolib sekin-sekin iqroz bo’lur”. Cho’lpon ma’rifatparvarlik harakatining qanotlarida ijod maydoniga kirib keldi. U mustaqil o’qib o’rganish oqibatida g’oyat yuksak madaniy saviyaga ega edi. Sharq klassiklari, ayniqsa, turk va hind yozuvchilarining asarlari bilan, shuningdek, Ovro’pa va rus adabiyoti bilan puxta tanish edi. Shuning uchun 15-16 yoshlaridayoq ma’rifatparvarlik g’oyalarini qabul qilishga har jihatdan tayyor edi. Shuning uchun Cho’lpon yoshligiga qaramay, Turkistonning taqdiri to’g’risida, millatning istiqboli haqida chuqur qayg’urish bilan o’ylay boshladi. U ham jadidlarga ergashib, xalqni jaholat va nodonlik, erksizlik va qashshoqlik botqog’idan qutqarib olishning birdan-bir yo’li ma’rifat degan etiqodga keldi. Millatni ravnaq toptirish uchun, birinchi navbatda, uni mustamlaka asoratidan xalos etish kerak, buning uchun esa xalq o’zini o’zi tanigan bo’lmoqi, hammani birlashtiradigan, yakdil qiladigan milliy iftixor tuyqusiga ega bo’lmoqi kerak. Cho’lpon xalqni shu darajaga yetkazishga yordam beradigan imkoniyatlar, chora-tadbirlar izlaydi va adabiyot ularning eng samaralisidir degan to’xtamga keladi. Shuning uchun ham yosh munaqqid komil ishonch bilan hatto millatning yashashini adabiyotning yashashiga bog’liq qilib qo’ydi. “Adabiyot nadur?” maqolasining kishini lol qoldiradigan yana bir juda muhim tomoni shundaki, 16 yoshlik munaqqid adabiyotning ijtimoiy vazifasini ta’kidlash bilan cheklanmaydi, balki uning spesifikasiga, ya’ni obrazli tabiatiga alohida urg’u beradi. Yosh munaqqid uchun adabiyot quruq g’oyalar majmuasi emas, balki birinchi navbatda, inson ruhiyati bilan bog’liq bo’lgan hodisadir. U odamlarning shuurigagina emas, his-tuyg’ulariga ham ta’sir etishi, ularni quvontirib, yohud mahsun ahvolga solib, shu orqali ijtimoiy burchini o’tashi zarur. Cho’lpon bu fikrlarni o’ziga xos obrazlarda bunday ifodalangan: “Adabiyot chin ma’nosi ila o’lgan, so’ngan qaralgan, o’chgan, majruh yarador ko’ngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tezlaydurgan, o’tkir yurak qirralarini yuvadurg’on toza ma’rifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorug’ va ravshan qiladurgan, chang va tuproqlar to’lgan ko’zlarimizni artub tozalaydurg’on buloq suvi bo’lganlikdan bizga g’oyat kerakdur”. Cho’lpon adabiyotning yangi g’oyaviy mazmuni uchungina emas, ayni chog’da uning yuksak badiiyati uchun ham kurashganida, albatta, o’sha davrdagi adabiy jarayonning xususiyatlariga tayangan. Cho’lpon 1917 yil mustabid tuzum o’rnatilganidan keyin ham o’zining estetik qarashlari va tamoyillarini shakllantirib bordi. U ko’pgina maqolalarida konkret ijodkorlar misolida yoki muayyan asarlar tahlili orqali realizmning turli-tuman masalalarini o’rtaga qo’ydi. Jumladan, uning maqolalarida talant va ijodiy mehnat, hayotiylik va haqqoniylik, samimiyat va sun’iylik, matn ustida ishlash, badiiy tasvirning chinligi va rangdorligi, tabiat manzaralari va psixologizm kabi masalalar qalamga olingan va ular to’g’risida bugun ham ahamiyatini yo’qotmagan qimmatli fikrlar aytilgan. Masalan, Cho’lpon maqolalaridan birida adabiyotning “tugallanishi” ya’ni takomillashishiga katta e’tibor berib, bunga adabiyotga kira olmagan narsalarni shafqatsiz sur’atda maydondan haydash” bilan va badiiy asar tilini soddalashtirish orqali erishilar deb hisoblaydi. Cho’lpon “Chig’atoy gurungi”ga mansub odamlar xuddi shu yo’lda faoliyat ko’rsatganini aytadi. Ma’lumki, sho’ro adabiyotshunosligida “Chig’atoy gurungi” ijodiy tashkilotini hamisha panturkistik tashkilot sifatida, aksin inqilobiy g’oyalarni oldinga surgan guruh sifatida qaralanib kelindi. Buning natijasida biz bugun “Chig’atoy gurungi” haqida deyarli hyech narsa bilmaymiz. Bugunga kelib bilganimiz shu bo’ldiki, “Chig’atoy gurungi” haqida aytilgan gaplarning bari buhton ekan. Shuning uchun Cho’lpon maqolasidan olingan quyidagi parcha shoirning chin adabiyot uchun kurashini ko’rsatish bilan birga, o’sha to’garak haqida qisman bo’lsa-da, ma’lumot beradi: “...u jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmak maqsadini asos qilib ushlaganlari holda o’zbek adabiyotining tugallanishiga ham katta ahamiyat berdilar. Tugallanadurg’on adabiyot chin adabiyot bo’lmog’i kerak. Shuning uchun ular adabiy asarlarga haqiqiy qiymatini berib, adabiyotga kiraolmagan narsalarni shafqatsiz suvratda maydondan hayday boshladilar... “Chig’atoy gurungi” asosini mahkam qurg’onlig’i va chinakam to’g’ri chizg’onligi uchun o’zi yo’q ketsa ham, o’zbekning yangi adabiyotida yangi, porloq, sharafli sahifalar ochdi va ochmoqda davom etadur”. 1918 yilda Cho’lponning o’zi ham “Chig’atoy gurungi” to’garagining faol a’zosi bo’lganini aytsak, “chin adabiyot” uchun kurashda uning xizmatlari ayon bo’ladi. 1925 yil “Maorif va o’qituvchi” jurnalining 7-8 qo’shma sonida Cho’lponning “Ulug’ hindi” maqolasini chop ettirdi. Bu maqola bir qarashda buyuk hind shoiri va mutafakkiri Rabindranat Tagor siymosini targ’ib qilishga bag’ishlanganday ko’rinsada, aslida Cho’lpon Tagor bahonasida o’zbek adabiyotining rivoji qay yo’ldan borishi kerakligi haqida mulohazalarini bayon etadi. Cho’lpon klassik adabiyot namoyondalarini o’qib ularni “bir xil, bir xil, bir xil!” deb baholaydi yoki Oybek va Julqunboylar faqatgina quvontira olishinigina aytadi, shuningdek Cho’lpon Sharq adabiyotidan ham G’arb adabiyotidan ham ko’ngli uncha to’lmasligini aytadi, bu adabiyotlar yo “ortiqcha sharqliligi” yoxud “ortiqcha g’arbliligi” bilan taassuf tug’dirishini izhor qiladi. Savol tug’iladi: nima uchun Cho’lpon bir varakayiga ham o’zbek, ham tatar, ham azarbayjon, ham turk adabiyotlarining namunalaridan qoniqmaslik tuyg’ularini izhor etayapti. Buning sababi shuki Cho’lpon uyg’onish davrining odami bo’lgani uchun adabiyotning ham yangicha bo’lishini xohlagan. Yangi adabiyot uyg’onish davrining mohiyatiga mos keladigan, xalq hayotiga yaqinroq turadigan adabiyot bo’lmog’i kerak, degan masalani qo’ygan. 1927 yilda “Yer yuzi” jurnalining, 6-sonida Cho’lponning “Yana uylanaman” degan maqolasi chop etilgan va muallif unda shu nomdagi pyesasi haqida ma’lumot beradi. Bu pyesa matni yo’qligi uchun ham mazkur maqola qimmatlidir. Adabiyotshunos olimlar N.Karimov va O.Sharafiddinovlar ham shu fikrda. Cho’lpon “Ota-bola san’atkorlar” maqolasida ota-bola Matyoqub va Matyusuf Harratovlar ijodi gapirib Ovro’pa muzikasini o’rganish masalasini qo’yadi. Ma’lumki, Sho’rolar hokimiyati yillarida 1927 yildan boshlab roppa rosa 50 yil mobaynida hukmron mafkura muhiblari Cho’lponni ashaddiy millatchilikda ayblab keldilar. Guyo uning butun ijodi millatchilik og’usi bilan zaharlangan, guyo u hamisha rus xalqiga, uning madaniyati va adabiyotiga qarshi chiqqan, xalqlarning o’zaro hamkorligini, do’stona aloqalarda bo’lishini ko’rolmagan, guyoki u o’zbek xalqini boshqa xalqlardan ajralgan holda o’z qobig’iga o’ralib olib yashashga undagan va hokazo...Cho’lpon ijodi bilan tanishganda, xususan, uning maqolalarini o’qiganda bularning bari behayo tuhmatdan, ashaddiy buhtondan boshqa narsa emasligiga ishonch hosil qilamiz. Aksincha, Cho’lponning butun ijodi kabi adabiy-tanqidiy maqolalari ham shundan dalolat beradiki, shoir hamma xalqlarni birday hurmat qiladigan, ularning madaniy boyliklarini qadrlaydigan, an’analarini e’zozlaydigan chinakam baynalmilalchi inson bo’lgan. U maqolalarida turli xalqlarning adabiyotdagi yutuqlarini, san’atdagi muvaffaqiyatlarini quvonib yayrab targ’ib qilgan. Cho’lpon turk va hindilar, ozarlar va tatarlar, forslar va tojiklar haqida qanday ehtiros bilan qalam tebratsa, ruslar haqida ham, italyan, fransuz, ingliz, xitoy adabiyotining namoyondalari va namunalari to’g’risida ham shunday to’lqinlanib, hayajonlanib, to’lib-toshib yozgan. U faqat Pushkin yoxud Tolstoy kabi klassiklari, yoki Meyerxold va Vaxtangov kabi ulug’ rejissyorlar to’g’risida ko’plab fikrlar bayon etgan... Shunday ekan, turli xalqlarga, ularning madaniyatiga, o’zining hurmat-ehtiromini namoyon etayotgan odamni millatchi deb bo’ladimi? Yo’q, albatta. Cho’lpon “Mey Lan Fon” maqolasida Xitoy klassik san’atining biz uchun ibratli tomonlarini ajratib ko’rsatadi: “Mey Lan Fonning teatri juda ziyoli teatr. Uning direktori bilan direktor o’rinbosari professor darajasiga ega bo’lgan san’at olimlari Mey Lan Fonni o’zini ham doktor deb ataydilar. Bu - ming yillarning teatri, bu - an’ana teatri, bu - yuksak san’at teatri. Biz esa hali shakl jihatidan yoshmiz. 15 yilligimizni endi o’tkazdik”. Bularning bari Cho’lponning millatchilik haqidagi safsatalarni rad etuvchi dalillardir. Cho’lpon 1924 yilda yozilgan “500 yil” maqolasida birinchilardan bo’lib Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini o’tkazish masalasini qo’yadi va birinchi marta o’laroq Alisher Navoiyning daho san’atkor ekani to’g’risida mulohaza yuritadi. Uning “Mirzo Ulug’bek” maqolasida tub joy xalqi bunday ulug’ siymolarni yetarli ardoqlamasligi to’g’risida taassuf bilan yozadi-da, ularni munosib taqdirlash masalasini qo’yadi. 1924 yilda “Farg’ona” gazetasida bosilgan “Qalamning toyilishi” maqolasida Moskvada Glavxlopkom degan tashkilot paxta haqida kitob chiqarib “russkiy xlopok” degan ibora ishlatganini “russkiy xlopok” deyish mumkin bo’lsa, nima uchun “russkiy Turkistan” deyish mumkin bo’lmasin? deya istehzo bilan so’raydi. 1935 yilda “Guliston” jurnalida Cho’lponning “Ashulaga ishqiboz” degan maqolasi bosiladi. Bu maqola Halima Nosirovaga bag’ishlangan. Cho’lponning adabiy-tanqidiy merosi endigina o’rganila boshlandi. Hozircha shu narsa ayon bo’ldiki, bu merosning juda zo’r fazilatlari ham, o’ziga yarasha qusurlari ham bor. Ularda Cho’lpon bosib o’tgan murakkab yo’l muhrlanib qolgan. Bu meros o’zining jamiki fazilatlari va qusurlari bilan adabiy tafakkurimiz tarixining qimmatli sahifasini tashkil qiladi. Download 40.26 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling