Milliy matbuot taraqqiyoti va ashurali zohiriy
Download 21.41 Kb.
|
Жавҳарова Н (Қўқон ДПИ)2
MILLIY MATBUOT TARAQQIYOTI VA ASHURALI ZOHIRIY Nilufar Javharova, Qo‘qon DPI magistranti ANNOTATSIYA Ushbu maqolada Ashurali Zohiriyning ,,Yurt’’ jurnalining 1-soniga kiritilgan ,,Maqosid va a’molimiz’’ maqolasining sharhi yuzasidan fikrlar bildirilgan. ,,Yurt’’ jurnalining maqsad va vazifalari tahlil qilingan, jurnalning mataachilik tarixidagi jurnallar bilan o‘xshash va farqli jihatlari misollar bilan ko‘rsatilgan. Kalit so‘zlar: jurnal, matbaachilik, gazeta, jaded, jadidchilik XX asr boshlarida Ashurali Zohiriy matbuotni millat taraqqiyotiga yetaklovchi eng asosiy vositalardan biri sifatida ko‘rar ekan, 1917-yilda ,,Yurt” yurt jurnaliga asos soladi. Jurnaldagi birinchi maqola ,,Maqosid va a’molimiz’’ deb nomlanadi. [2:228] Maqosid so‘zi arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, maqsad so‘zining ko‘plikdagi shaklidir. A’mol esa amal so‘zining ko‘plik ko‘rinishi hisoblanadi. Ushbu maqolani o‘qish barobarida ,,Yurt’’ jurnali chop etilishidagi maqsad va vazifalarni shartli ravishda quyidagicha keltirishimiz mumkin. Matbuotning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini ommaga tushuntirish. Mazkur maqolada ,,Yurt jurnalining tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad va vazifalar aniq va ravshan qilib ko‘rsatiib o‘tiladi. Davr adabiy jarayoni bilan ommani tanishtirish. Eng so‘nggi nashr etilgan asarlar haqida ma’lumotlar berish. ( Jurnalning 1- soni oxirida Alisher Navoiyning ,,Muhokamat ul-lug‘otayn’’ asari nashrdan chiqqanligi haqida so‘z boradi. Aholining quyi qatlamini huquqiy bilimlar bilan tanishtirish.( 1- sondagi ,,Istemolchilar jamiyati’’) Maqola avvalida Zohiriy XX asr boshlarida jamiyat oldida turgan eng dolzarb masalalardan birini tilga oladi: ,,Yangi hayot ochiladur! Eski haqiqat! Bu eski azaliy va abadiy bir qonundir. Har zamon har makonda hayoti milal qonung‘a tobe’dur. Tobe’ bo‘lg‘usi kelmaganlar tarix shohiddurki, majbur bo‘la kelganlar va mahv munqarizdurlar. Bizning qoshimizda taxminan bundan 10-15 yillar avval-da bir hayot masalasi qo‘zg‘oldi. U eskicha, eskilikni taqdis taxfiz etmak yoki Ovro‘pa va rus madaniyatini qabul etib, tarixdan yangi bir davr ochmoq mas’alasi edi.’’ Haqiqatan ham, jamiyat oldida turgan eng asosiy vazifa yashash tarzi va faoliyat ko‘rinishlarini belgilab olmoqdir. Bu masalani aholi o‘rtasida targ‘ib etish, ushbu dolzarb tanlov bilan xalq ommasini tanishtirib boorishda matbuotning zaruriyati va bu borada uning ahamiyati juda kattadir. Zohiriy G‘arb dunyosining taraqqiyoti va amaliy tajribalaridan kelib chiqqan holatda o‘z nuqatai nazarini bayon etib o‘tadi. ,,Biz mas’alani Ovro‘pa madaniyatini qabuli ma’nosinda hal etdik. Bu sababdan yangi usul maktablar, qiroatxonalar, kutubxonlar, gazeta idorlari, matbaalari, jamiyati xayriya va maorif ochdik.’’ Ma’lumki, doimiy nashrga ega bo‘lgan vaqtli matbuot Yevropada XV asrning o‘rtalarida yuzaga kelgan. Keyinchalik, Yevropa ma’rifatparvarlarining cherkovdan norozi bo‘lgan va jamiyatni isloh qilishga uringan reformatsiyachi qatlamlari ham o‘z gazetalarini nashrdan chiqarganlar. Bu orqali aholining tafakkuri yuksalishiga umid bog‘laganlar. Savdo hamda madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishgan Venetsiyada ma’rifatparvarlik ruhidagi ,,Notizise scritte’’ gazetasi 1556-yildan chop etilgan. G‘arb taraqqiyoti tarixidan yaxshi xabardor bo‘lgan Zohiriy yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda ,,Ovro‘pa madaniyatini qabuli ma’nosinda hal etdik.’’ degan yechimni beradi. Ushbu fikrlarni yashash tarzini, madaniyatining qabuli ma’nosida tushunmaslik lozim. Chunki Ashurali Zohiriy milliy madaniyatni yo‘qotmaslik va o‘zlikdan yiroq tushmaslik g‘oyalarini takror-takror tilga olib o‘tadi. Ushbu o‘rinda gap matbuot va aholining tafakkurini o‘stirish xususida bormoqda. ,, Gʻaflat daryosida botgan bu xalq ichida ulum va maorif va afkori jadida ta’minig‘a xizmat etdik va etadurmiz. Faqat bu zamong‘acha xizmat va faoliyatimiz e’tirof etmak vojibdurki, nihoyat darajada oz, oz, ozdur.’’[1:3] degan so‘zlari orqali esa millat uchun qilingan ishlar haqida gapirar ekan, o‘z faoliyatidan qoniqmaydi. Insonlarni yana va yana xalq uchun, millat taraqqiysi uchun xizmat etmoqlikka da’vat etadi. XX asning 20-yillariga kelib aholi o‘rtasida savodsizlik bir qancha qisqartirilgan bo‘lsada, hali insonlar millat, taraqqiyot, o‘zlik, ma’rifat tushunchalarining tub mohiyatiga yetib bormagan edi. Insonlar savod chiqarib, harf tanigan bo‘lsalar - da, hali millat uchun borini berib harakatlanmoq darajasiga yetmagan edilar. Buni chuqur his qilgan Zohiriy ,, Lashkari jaholat yiqilg‘on, faqat yengilgani yo‘q. Ishni etmom etmak kerak. Vaqtdan iste’foda etib, dushman amon va o‘zini to‘plamoq uchun imkon bermasdan muttasil urushmoq bir zarba orqasidan darhol ikkinchi zarbani solmoq vazifamizdur. Bu zarbalarning eng qattig‘i va biz uchun mufidlaridan biri, shubhasiz, matbuotdir’’ deya avom qalbidagi siyohliklarni tag tomiri bilan sug‘irib tashlash kerakligi va bu yo‘lda insonlarga eng yaxshi ta’sir vositasi matbuot ekanligini aytadi. Yuqoridagi jumlalar orqali ,,Yurt’’ jurnalining chop etilishi sabablarining birinchisini izohlaydi. Yuqorida Zohiriyning milliy madaniyat targ‘ibida faol bo‘lganligini ta’kidladik. Ajdodlardan faxrlanish, ularga munosib voris bo‘lish g‘oyasi hamisha Zohiriy maqolalarida yetakchi mavzulardan biri bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan ,,Maqosid va amolimiz’’ maqolasida ham ajdodlar haqida fikr yuritar ekan shunday deydi: ,,Abu Nasr Forobiy, Ulug‘bek, Imom Buxoriy, Navoiy, Temur va Boburshohlarg‘a o‘xshash nomlari bilan shoyoni iftixor alloma, faylasuf, shuaro, xotiflarning ibratlik faoliyatlaridan, g‘ayratlaridan, fidokorliklaridan tariximiz, xarobalarimiz va osori atiqalarimiz har biri shahodat berib turur.’’ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev Turkiya Republikasi Prezidenti devoni kutubxonasi ochilish marosimida so‘zlagan nutqlarida ,,Biz milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari bormoqdamiz va bizga hamisha ajdodlarimiz qoldirgan me’ros kuch berib turadi’’[1:5] deya ta’kidlaydilar. Chindan ham XX asrda Ashurali Zohiriy tomonidan aytilgan fikrlar bugun ham o‘z ahamiyatini aslo yo‘qotmagan. Taraqqiyot, yuksalish avvalo, milliy o‘zlikni anglashdan boshlanadi. O‘tgan asr boshlarida xalqning ajdodlarni unutishga yuz tuta borganligi, Sobiq tuzumning asl maqsadi ham shu ekanligini anglagan Zohiriy millatdoshlariga takror-takror shu masalani eslatadi. Rus generali Mixail Skobelev ,,Millatni yo‘q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, tilini, san’atini, tarixini yo‘q qilsang bas, tez orada o‘zi tanazzulga uchraydi’’ degan edi. Ma’lumki, tarix bu kelajak avlod uchun xatolardan saqlanish qurolidir. Qaysiki xalq bu quroldan oqilona foydalanar ekan, ajdodlarning ming yillik tajribalaridan kerakli xulosalarni chiqarar ekan u taraqqiy etib boraveradi, aksincha qaysi millat tarixini unutsa, undan yuz bursa tanazzulga mahkumdir. Ajdodlari dunyoni aqli bilan tebratgan millat vorislarining ,,mabzur’’, ,,maddudul ofoq’’ hayot kechirishi Zohiriyni tashvishga soladi. ,,Biz bo‘lsak, mabzur, miskinul fikr, madudul ofoq va tanbal bir hayot kechirmoqdamiz. Ham hozirgi kunlarda muhim tarixiy voqealar oldida turamiz.’’ Yuqorida matbuotning kuchiga Zohiriy yuqori baho berganligi haqida gapirib o‘tdik. Ashurali Zohiriy tashkil etgan ,,Yurt’’ jurnalida maqolalar, feletonlar va badiiy parchalardan tashqari hukumatning yangi qaroralrari va farmonlari ham berib borilgan. Bundan esa o‘z navbatida aholining huquqiy savodxonligi ortishi maqsad qilingan edi. “Yurt” vositasi birla hozirgi yangi hukumatning fikri bilan yurtimizni, elimizni tanishtirub, yurt va elimizningg taraqqiy va taoliysig‘a say’ va ijtihod etmakchimiz, o‘z maromnomamizni diqqat va nazari oliylaring‘izg‘a taqdim etsak yurt doim bir huru minbari haqiqat bo‘ladirki, andan har bir xulusi niyatlik mujohidi jaholat o‘z fikrini loyihasini millatga arz etmakka haqqi bordur.’’ Eng avval “Yurt” yangi hukumat fikrig‘a yordam-da bo‘lib, harakat, musovot, adolat bayrog‘ini ko‘tarub, yurtini siyosiy va ijtimoiy masalalari bilan oshnolashtirib turadi. Buning orqasida Turkiston hayotini yangi nuqtalar tarafig‘a tortmoqg‘a harakatda bo‘lur. Vaalloh attaffiq”. Maqola davomida Zohiriy o‘quvchiga ,,Yurt’’ jurnalining maqsadi, unda beriluvchi xabarlarning mazmuni, turlari haqida ma’lumot berib o‘tadi va maslak jihatidan ikki turga ajratadi. Birinchi qismida ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, tarbiyaviy ahamiyatga molik materiallar bo‘lsa, ikkinchi qismda yurtning agrar masalalariga bag‘ishlangan xabarlar bilan to‘ldirilgan. Bu xuxusida muallifning o‘zi quyidagicha yozadi: ,, Maslak jihatidan: “Yurt” avomparvar bo‘lib, umuman, ikki qismga bo‘linadi. Birinchi qismidagi sahifalar: nasoyili adabiya, siyosiya, ijtimoiyya, tarixiya, oilaviya, huquqiya, ta’lim va tarbiyaga xusr etilsa, ikkinchi qismidagi sahifalari: qishloqiylar va qishloq maishatiga va oning ehtiyoji rozu niyozlarig‘a, xususan, mayda qarzi xona (melkiy kredit)larg‘a operasiya etishlarig‘a vaqf etiladi.’’[1:4] Ma’lumki, jurnallar ma’lum bir soha yoki yo‘nalishga ixtisoslashgan bo‘ladi, ma’lum bir fan yoki hayotning bir tarmog‘ini yoritib boradi. Dunyo tarixidagi birinchi jurnal Fransiyada ,,Jurnal de savan’’ nomi bilan 1665-yilda bosib chiqilgan. Unda asosan adabiyot, falsafa sohalarida turli davlatlarda bosib chiqilgan kitoblar haqida ma’lumotlar berilgan. Shundan so‘ng Buyuk britaniya poytaxti London shahrida ,,Qirollik jamiyatidagi falsafiy o‘zgarishlar’’ nomli jurnal nashr etilina boshlangan. Ushbu jurnal ham kitoblar sharhi sohasiga ixtisoslashgan edi. Keyinchalik jurnallar mavzu ko‘lamiga ko‘ra ikki guruhga bo‘lina bordi. Birinchisi, ma’lum sohaga yo‘naltirilgan jurnallar, ikkinchisi turli xil yo‘nalishlarni qamrab olgan jurnallar. ,,Yurt’’ jurnalini ham shu ikkinchi turga kiritishimiz mumkin. Ya’ni u ham ikki xil maqsadni namoyon qilgan edi. Bu xususida Ashurali Zohiriyning o‘zi maqolada shunday deydi: ,,Ehtimol o‘qug‘uvchilarimiz mas’alani muncha ko‘paytmag‘imizg‘a baridan yozmay ikki-uch masalalarg‘a “Yurt”ni taxsisni qilmag‘imizni tarjih qilurlar. Bu to‘g‘ridur. Lekin bu bitmastuganmas masalalarni taqsim etarlik desak, “Yurt”dan boshqa hech kim ko‘rinmaydir, u sababdan biz imkon boricha yuqoridagi har mas’aladan yozmoqqa himmat qildik va majbur bo‘ldik. Kichik va faqir shahar yoki qishloqlarda bir do‘kong‘a kirsangiz hammasi tofiladur. Baqqoliya mollari ham, non va ham chit bo‘ladir. Shunga o‘xshash biz ham “Yurt” ni har bob “unibersol” rutbag‘a qo‘ydik. Xoliq taolo muvaffaqqiyat bersa, xalq o‘qimoq bilan yordam qilsalar, albatta “Yurt” ga xizmat ko‘rsata olurmiz.”[1:4] O‘zida qamrab olingan masalalar ko‘lami jihatidan ,,Yurt’’ jurnali muallif aytganidek ,,unibersol’’ darajaga ko‘tariladi. ,,Yurt’’ jurnali o‘z davri uchun matbuot standartlariga to‘la javob bera oladigan vaqtli nashr edi. Uning Turkistonning Toshkent, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro singari yurik shaharlarida hamda Rossiyaning ichkari hududlarida ham muxbirlari faoliyat yuritadi. Adabiyotlar: 1.Mirziyoyev Sh. Turkiya Prezidenti devoni kutubxonasi ochilishidagi nutqidan. 2020-yil 21-fevral. Anqara. 2. Kobilova Z. Grief of the land and nation.ISSN 2277-3630 (online), Published by International journal of Social Sciences & Interdisciplinary Research., under Volume: 11 Issue: 09 in September-2022https://www.gejournal.net/index.php/IJSSIR Copyright (c) 20 3..Abduhakimova M. Millatparvarlar din isyoniga jo‘r bo‘lgan , tabarruk, turkona tilim. Til.gov.uz.2021 4.Yurt’’ jurnali 1-son. 1917-yil 1-iyun. Qo‘qon adabiyot muzeyi fondi 5. www.ziyouz.com. Download 21.41 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling