Dalillar va isbot qilish tushunchasi


Download 17.03 Kb.
Sana23.01.2023
Hajmi17.03 Kb.
#1113677
Bog'liq
Dalillar va isbot qilish tushunchasi


Dalillar va isbot qilish tushunchasi
Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasiga binoan, ijtimoiy xavfli qilmishning yuz bergan va bermaganligini shu qilmishni sodir etgan shaxsning aybdor, aybsiz ekanligini va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlarning surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonunda belgilangan tartibda aniqlashlariga asos bo‘ladigan har qanday haqiqiy ma’lumotlar jinoyat ishi bo‘yicha dalil hisoblanadi.
Jinoyat protsessida dalillar tushunchasi markaziy ahamiyat kasb etadi. Haqiqiy ma’lumotlar va ularning manbalari o‘zaro bog‘liqlikda bo‘lib, ularning birlashuvi dalilning vujudga kelishiga asos bo‘ladi. Tergov va sud harakatlarining bayonnomalari ham dalil kuchiga ega. Ular sifatli, mazmunli va savodli yozilishi shart. Bayonnomani yuritish mas’uliyati surishtiruvchi, tergovchiga, sud muhokamasi bayonnomasi esa sud majlisi kotibiga yuklatilgan. Dalillar faqat qonunda belgilangan manbalardan olinishi lozim. Bu manbalar Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasida belgilangan. Agar ma’lumotlar boshqa manbalardan olingan bo‘lsa, bu ma’lumotlar ish bo‘yicha dalil bo‘la olmaydi.
Shuningdek, qonunda belgilangan talablarga rioya etilgan holda o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlarining natijalari JPK normalariga muvofiq tekshirilganidan va baholanganidan so‘ng jinoyat ishi bo‘yicha dalillar deb e’tirof etiladi.
Isbot qilish deganda subyektlarning jinoyat-protsessual qonunga asoslangan holda muayyan jinoyat ishiga tegishli bo‘lgan har qanday ma’lumotlarni protsessual tartibda to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baho berish, shuningdek davlat nomidan bu ma'lumotlarning mavjudligini tasdiqlash faoliyati tushuniladi.
Isbot qilish predmeti
Protsessual jihatdan isbotlash predmeti – bu jinoyat ishi bo‘yicha ahamiyatli va barcha aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar yig‘indisidir
Isbotlash predmetiga chambarchas bog‘liq bo‘lgan isbotlash doirasi esa isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar, dalillar va ularning manbalarining hajmi, chegarasini belgilaydi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasida isbotlash predmetiga quyidagi isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar kiritilgan: jinoyat obyekti: jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyati va miqdori, jabrlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar; sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek jinoyat kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan boshqa holatlari; qilmish va ro‘y bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish; jinoyatning ushbu shaxs tomonidan sodir etilganligi; jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd bilan yoxud beparvolik yoki o‘z-o‘ziga ishonish oqibatida sodir etilganligi, jinoyatning sabablari va maqsadlari; ayblanuvchi, sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar. Isbotlash jarayonida jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek Jinoyat kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan boshqa holatlar, qilmish va ularning ijtimoiy xavfli oqibatlari o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishni o‘rganish muhim o‘rin egallaydi.
Isbot qilish doirasi
Isbotlash doirasi – bu jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan dalillarning kerakli yetarli birligi bo‘lib, jinoyat ishini adolatli hal qilish uchun yordam beradi.
Jinoyat protsessida isbotlash doirasi deganda, ish bo‘yicha chiqarilgan xulosalarning asosliligini tasdiqlash uchun dalillar, ularning manbalari hajmi, shuningdek tergov versiyalari, isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirish chegarasi, doirasini belgilab beruvchi faoliyat tushuniladi.
Jinoyat protsessida ish bo‘yicha isbotlash doirasi shunday aniqlanadiki, ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan, isbotlash predmetiga kiruvchi barcha holatlar yetarli, to‘liq darajada tekshirilib, to‘plangan materiallar bilan ularning xususiyatlari to‘liq aniqlanishiga olib keladi.
Jinoyat protsessida isbot qilish predmeti ish bo‘yicha nimalar aniqlanilishini bildirsa, isbotlash doirasi esa ish bo‘yicha mavjud holatlarning tekshirish hajmi va chegarasini belgilaydi.
Dalillarning xususiyatlari
Jinoyat protsessida dalil va isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar eng muhim masalalardan hisoblanib, jinoyatni ochish, ayblanuvchini fosh etish, jazoni muqarrarligini taminlashda muhim ahamiyatga ega. Dalillarning quyidagi xususiyatlari mavjud: faqat haqiqiy ma’lumotlar dalil hisoblanadi; ular qonunda belgilangan manbalardan olingan bo‘lishi shart; ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan holatlar haqidagi ma’lumotlarga asoslanishi lozim; haqiqiy ma’lumotlar isbotlash predmetiga aloqador bo‘lishi shart. Dalillarning birinchi xususiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, haqiqiy ma’lumotlar ikki qismga bo‘linadi: faktlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar; daliliy faktlar.
Daliliy faktlar deganda esa ishonchliligi shubha tug‘dirmaydigan, tekshirilgan ma’lumotlar tushuniladi.
Dalillarni tasniflanishi va ularning amaliy ahamiyati
Dalillarni tasniflash – bu ma’lum bir asoslarga, mezonlarga ko‘ra, ularni guruhlarga, toifalarga bo‘lish, ajratishdir. Dalillarning tasnifi ularning ayrimlariga tavsif berish hamda ulardan to‘g‘ri foydalanishda katta ahamiyatga ega. Dalillarni qaysi manbalardan olinganligi, ma’lumotlarning isbotlash predmetiga taalluqli bo‘lgan sharoitlarga aloqadorligi yoki bu sharoitlarni tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi boshqa sohaga daxldor ekanligiga qarab tasniflash va turli guruhlarga ajratish mumkin.
Dalillar quyidagicha tasniflanadi:
Dastlabki va hosila dalillar. Olinish manbasiga qarab dalillar dastlabki va hosila dalillarga bo‘linadi. Bunda tergovchi yoki sudning ma’lumotlarni boshlang‘ich yoki boshqa manbalardan olganligi nazarda tutiladi.
Dastlabki dalillar – bu aniqlanishi lozim bo‘lgan holat to‘g‘risidagi ma’lumot birinchi manbadan olingan dalillardir. Masalan, guvohning shaxsiy kuzatuvlari asosida bergan ko‘rsatuvlari hamda uni so‘roq qilish bayonnomasi dastlabki dalil hisoblanadi. Ekspertning xulosasi ham dastlabki dalil sifatida e’tirof etiladi.
Hosila dalillar esa isbot qilinishi lozim bo‘lgan holat to‘g‘risidagi ma’lumot birinchi manbadan emas, balki boshqa manbadan yoki oddiy til bilan aytganda “ikkinchi manbadan” olingan dalillardir.
Dastlabki va hosila dalillar bir-biridan manbasining shakllanishi bilan farqlanadi. Hosila dalillarning shakllanish jarayonida oraliq bo‘g‘in mavjud bo‘ladi. Agar hodisaga bir shaxs shohid bo‘lib, so‘ngra bu haqda boshqasiga xabar bergan bo‘lsa, shuningdek ushbu ikkinchi shaxs guvoh sifatida hodisa haqida ko‘rsatuvlar berayotgan bo‘lsa, bunday ko‘rsatuvlar hosila dalil hisoblanadi.
Ayblovchi va oqlovchi dalillar. Dalillarni ayblovchi va oqlovchilarga bo‘linishi olingan ma’lumotlar va aniqlangan dalillarning mazmuniga bog‘liq.
Ayblanuvchining aybini tasdiqlovchi, uning javobgarligini og‘irlashtiruvchi dalillar ayblovchi dalillar deb ataladi. Bunday dalillarga ayblovga asos bo‘lgan dalillar yoki ayblanuvchining javobgarligini og‘irlashtiruvchi holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiradi.
Oqlovchi dalillar – bu ayblovni inkor qiluvchi, ayblanuvchining aybsizligini tasdiqlovchi, ayblanuvchining javobgarligini yengillashtiruvchi holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek ayblanuvchiga qo‘yilgan ayblovni shubha ostiga oluvchi dalillardir.
Dalillarni ayblovchi va oqlovchi dalillarga bo‘lish shartli xususiyatga ega, chunki bir dalil ish yuritish davomida o‘z xususiyatini o‘zgartirishi va ish yuritish davomida ayblovchi dalillar oqlovchi dalillarga aylanishi ham mumkin.
To‘g‘ri va egri dalillar. Isbotlash predmetining bosh fakti bo‘lgan isbotlash tezisiga, ya’ni shaxsning aybdorligi yoki aybsizligiga nisbatan dalillar to‘g‘ri va egri dalillarga bo‘linadi.
Isbot qilinadigan holatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita belgilaydigan dalil to‘g‘ri dalil, “oraliq”, “yordamchi”, “isbotlovchi” faktlar orqali bu holatni belgilaydigan dalil esa egri dalil deb ataladi.
Shaxsiy va ashyoviy dalillar. Shaxsiy dalillar – xabarlar bo‘lib, bunda insondan olinuvchi ma’lumotlarni aks ettiruvchi dalillar nazarda tutiladi (guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi va boshqa shaxslardan olingan ko‘rsatuvlar, ekspert xulosasi, hujjatlar).
Xabar deganda, inson sezgi organlari orqali qabul qilgan va ongida qayta ishlangan axborotning uzatilishi tushuniladi. Shu sababli, bunday dalillarda subyektiv elementlar mavjuddir. Shaxsiy dalillar og‘zaki (yozma) xabar shaklida (ayblanuvchi, gumon qilinuvchi, guvohning ko‘rsatuvlari va hokazo) hosil bo‘ladi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 87-moddasida sanab o‘tilgan tergov va sud harakatlarining bayonnomalarida aks ettiriladi.
Ashyoviy dalillar deganda moddiy dunyodagi ashyolardan olinuvchi dalillar tushuniladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 203-moddasiga ko‘ra, kelib chiqishi, kimga tegishliligini, ma’lum maqsadlarda foydalanilganligini yoki foydalanishga yaroqliligini, qo‘ldan qo‘lga o‘tganligi yoki turgan joyi o‘zgarganligi, u yoki bu moddalar, narsa, jarayon va hodisalar ta’sir etganligini aniqlash mumkin bo‘lgan fizikaviy alomatlar yoki belgilarga, shuningdek ish holatlarini aniqlashga xizmat qiladigan har qanday boshqa xususiyatlarga ega bo‘lgan narsalar ashyoviy dalil hisoblanadi.
Izlardan olinadigan qoliplar, katta hajmli jismlarning maketlari, fotosuratlari, hujjatlarning nusxalari ashyoviy dalillarga yaqin turadi va ilmiy adabiyotda original – obyektdagi axborotni o‘zgartirgan holda qayta aks ettirgani tufayli ko‘pincha hosila ashyoviy dalillar deb ataladi. Isbotlash jarayonida mumkin qadar birlamchi, asosiy ashyoviy dalillardan foydalanishga intilish mavjud, lekin bu hosila ashyoviy dalillarning ishonchli xulosalarga olib kelmasligini anglatmaydi.
Tekshiruvchi dalillar. Boshqa dalillarning ishonchliligini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi dalillarga tekshiruvchi dalillar deyiladi (masalan, ekspertning vakolatlari to‘g‘risida, guvohning manfaatdorligi to‘g‘risida, uning eshitishi, ko‘rishining ahvoli to‘g‘risida).
Muammoli savollar va kazuslar
1. Jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar qonunda aniq belgilangan. Jinoyat ishi bo‘yicha muhim deb hisoblangan har bir holat to‘la, har tomonlama, xolisona tekshirilishi lozim. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad haqiqatni aniqlashdir. Isbotlash jarayoni dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashdan iborat. Muayyan holat yuzasidan dalillarni guruhlarga tasniflang va o‘zaro qiyoslang. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari” to‘g‘risidagi 2018-yil 24-avgustdagi 24-son qaroriga asosan nomaqbul dalillar deb nimaga aytiladi?
2. Jinoyat protsessida dalil va isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar eng muhim masalalardan hisoblanib, jinoyatni ochish, ayblanuvchini fosh etish, jazoni muqarrarligini taminlashda muhim ahamiyatga ega. Isbotlash doirasi bilan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Isbot qilish doirasi va predmetining o‘zaro nisbatini tahlil qiling.
Kazus
Yunusobod tumani 7-daha hududida 2018-yil 1-fevral kuni sodir qilingan JKning 97-moddasi 1-qismi bo’yicha tergov qilinayotgan jinoyat ishida asosiy gumon qilinuvchi Usmonovning mazkur jinoyatga aloqadorligini isbotlash maqsadida tergovchi tomonidan Usmonovning so’nggi 1 oy davomidagi barcha telefon qo’ng’iroqlarining pelengatsiyasi va detalizatsiyasi to’g’risida ma’lumot taqdim etish yuzasidan UCELL va Beeline aloqa kompaniyalariga so’rovlar yuborildi. Аloqa kompaniyalari tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko’ra, jinoyat joyida u sodir qilingan vaqtda Usmonovning bo’lganligi aniqlandi hamda tergovchi tomonidan Usmonovni ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo’llash to’g’risida iltimosnoma kiritish uchun makur ma’lumot asos bo’ldi.
Mazkur qarorga Usmonovning himoyachisi tomonidan shikoyat bildirilib, JPKda telefon qo’ng’iroqlarining pelengatsiyasi va detalizatsiyasi to’g’risida ma’lumot olish tergov harakati mavjud emasligi, telefon qo’ng’iroqlari shaxsiy ma’lumot ekanligi va uni olish uchun prokuror sanksiyasi talab qilinishini, bundan tashqari jinoyat sodir qilingan hududda boshqa o’nlab shaxslar bo’lganligini bildirib mazkur qarorni bekor qilishni va iltimosnomani qaytarib olishni so’radi.
Mazkur vaziyatni jinoyat-protsessual qonunchiligi hamda tegishli qonun va qonunosti hujjatlari asosida tahlil qiling.
Dalillar manbalarining tushunchasi va turlari
Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasida «Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart» deb belgilab qo‘yilgan.
Ayblanuvchi nafaqat sodir etgan jinoyatini, balki jinoyatni sodir etishga ko‘rgan tayyorgarligi, jinoyatning tashkilotchisi, dalolatchisi, jinoyat sodir etilishiga yordam bergan yordamchilari va boshqalar to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgan shaxsdir.
Jinoyat-protsessual kodeksining 112-moddasiga binoan, «Gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi ko‘rsatuvlari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, bu iqror bo‘lish mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina, uni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining bergan ko‘rsatuvlari bilan aniqlangan holatlar, ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan taqdirda ham, o‘zining aybdor ekanligini inkor qilgan taqdirda ham ishning hamma holatlari bilan bog‘langan holda boshqa dalillar kabi tekshirib chiqilishi va baholanishi lozim».
Mazkur mavzuni o‘rganishda o’quvchilar dalillar va ularga qo‘yilgan talablar, ularning tasniflanishi, isbot qilish predmeti va isbotlash doirasiga oid masalalarni ko‘rib chiqishlari, Oliy sud Plenumining tegishli qarorlari va tarmoq qonunlarni qiyosiy-huquqiy tahlil qilib, jinoyat ishlarini yuritishda dalillarning rolini aniqlashlari lozim.
Download 17.03 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling