Darsdan tashqari mashg’ulotlarning turlari


Darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, nazorat qilish va baholash usullari


Download 63.5 Kb.
bet2/3
Sana08.11.2021
Hajmi63.5 Kb.
#171662
1   2   3
Bog'liq
savollarga javob. Ta'lim boshqa.... Xo'jaahmadova Nafisa

Darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, nazorat qilish va baholash usullari

Biz quyida o‘quvchilarning darsdan tashqari ishini tashkil etish, nazorat qilish va baholash yuzasidan maktablarda amalga oshirilayotgan tadbirlardan birining tafsilotini keltirib o‘tmoqchimiz.

O‘qituvchi o‘quvchilarga Said Ahmadning “Sarob” hikoyasini o‘qib, o‘rganish, tahlil qilishni vazifa qilib topshirgan. Savol va topshiriqlar oldindan tayyorlanib, ular o‘quvchilarga tanishtirilgan. Savollar quyidagi mazmunda bo‘lib, ular o‘quvchilar hikoya matni bilan tanishib bo‘lgach, taqdim qilingan:


  1. Nima uchun yangi kelgan mahbuslar lagerning zo‘ravonlariga yoqmadi, deb o‘ylaysiz?

  2. Olimjon domlaning oftobda yalang‘och yotganlarga qarab ichi yonib, kuyib, o‘rtanib, ko‘zlaridan oqqan yosh soqollariga tomib turishini qanday izohlaysiz?

  3. Maktabga kelgan notanish odam o‘z maqsadini amalga oshirish uchun nimaga aynan Kimsanboyni tanladi, deb o‘ylaysiz?

  4. Pavlik Morozov kim? U haqda nimalarni bilasiz?

  5. Kimsanboyning Mansurov bergan tilxatni bir o‘qib chiqiboq darhol imzolashini qanday izohlaysiz?

  6. Domla qamalgandan keyin odamlarning u haqda salbiy fikr bildirishlarini izohlang.

  7. Mansurovning xatti-harakati sizda qanday fikr uyg‘otdi?

  8. Tergovdagi ota va o‘g‘il yuzlashganda otaning “E-e, attang, attang!”- deb peshonasiga shapillatib urishi sizda qanday fikr tug‘dirdi?

  9. O‘ng qo‘li sinib, qiyshiq bitib qolgan, yurganda boshi u yoq bu yoqqa og‘ib ketaveradi, deb ta’riflangan Kimsanboyning bunday ahvolga tushib qolishining sabablarini aytib bering.

  10. 10.  Kimsanboyning o‘z joniga qasd qilishini qanday izohlaysiz?

  11. 11.  Olimjon domla Kimsanboyning jasadiga uzoq tikilib o‘tirib, o‘kirib yig‘lagani holda, nima uchun janoza o‘qilib dafn qilinishini xohlamadi, deb o‘ylaysiz?

  12. 12.  Hikoyaga nima uchun “Ota qarg‘ishi misoli o‘q – u oxiratda emas, shu dunyoning o‘zida nishonga tegadi”, degan jumla epigraf qilib olingan?

  13. 13.  “Sarob” so‘zining lug‘aviy ma’nosini izohlang, hikoyaga nima uchun shu so‘z sarlavha qilib olingan?

  14. 14.  Hikoyada aks etgan voqeaning bugungi hayotimizga daxldor jihatlari haqida gapirib bering.

  15. 15.  Asardagi roviy-rassom obrazi haqida fikr bildiring.

O‘qituvchi topshiriqning bajarilishini boshqacha yo‘sinda nazorat qildi, ya’ni savollarga beriladigan javoblarni har bir o‘quvchidan alohida qabul qilish amaliyotidan voz kechib, “Sarob” hikoyasi yuzasidan kitobxonlik kechasi tashkil qildi.

Dastlab o‘qituvchi hikoya muallifi Said Ahmad ijodi haqida ma’lumot berdi. So‘ng muammoli ta’lim metodidan foydalanib, hikoya yuzasidan bahs-munozara tashkil qildi. Bahslashuvchilarning fikrlari turli-tuman bo‘ldi, bu tabiiy hol edi. Aslida o‘qituvchi uchun shunisi muhim edi. Masalan, “Kimsanboyning Mansurov bergan tilxatni bir o‘qib chiqiboq darhol imzolashini qanday izohlaysiz?” degan savolga o‘quvchilar shunday javob berdilar:

1-o‘quvchi: Mansurov Kimsanboyni shon-shuhratga qiziqtirdi. Uning “Biz aytgan ishlarni bajarsang, seni Butunittifoq pionerlarining “Artek” nomli lageriga yuboramiz. Faol pionerlarning Moskvada bo‘ladigan slyotida ham qatnashasan. O‘sha erda buyuk ustozimiz, dohiymiz Stalinni ko‘rasan”, degan gaplari 12 yoshli Kimsanboyni qiziqtirmasligi mumkin emas edi.

2-o‘quvchi: Kimsanboy otasi haqida ma’lumot to‘plab berishi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunadigan yoshda edi.

3-o‘quvchi: Kimsanboyning bunday yo‘l tutishida otaning ham aybi bor-ku! Ota o‘z o‘g‘liga e’tiborsiz qaragan. Asarda “Domlaning bo‘yiga etib qolgan egizak qizlari bor edi. SHu egizaklardan keyin ko‘rgan bolalari turmadi. Bir yoshga to‘lar-to‘lmas vafot etaverdilar”, deyiladi. Menimcha, ota intizor bo‘lib kutgan yolg‘iz o‘g‘lini erkalab o‘stirgan bo‘lishi mumkin. “SHu bola o‘n ikki yoshga kirdi. Beshinchi sinfda o‘qiydi. Domla kitob titish bilan ovora. Tong otguncha o‘tirib, nimalarnidir yozadi”, - deydi yozuvchi. Bu parchadan otaning o‘z ishlari, tashvishlari, ilm bilan bo‘lib, o‘g‘liga e’tibor bermaganligini payqash mumkin.

2-o‘quvchi: Asarda Olimjon domlaning Lenin, Stalin haqida yozilgan she’rlarni jon-dili bilan deklamatsiya qilayotgan, rayon, viloyat miqyosida o‘tadigan tantanali yig‘inlarda, slyotlarda, konferentsiyalarda qatnashayotgan o‘g‘liga “Bolam, unaqa havoyi ishlarga juda ham berilib ketma, yo artist bo‘lmoqchimisan? Yaxshisi, darsingni tayyorla”, deb nasihat qilishi haqida ham aytilgan. Kimsanboy uchun otani ayblash noto‘g‘ri.

O‘quvchilarning “Domla qamalgandan keyin odamlarning u haqda salbiy fikr bildirishlarini izohlang”, – degan topshiriqqa ham javoblari turlicha bo‘ldi:

1-o‘quvchi: Asarda aytilishicha, domla qamalgandan keyin “Maorifga uya qurgan quzg‘unlar” nomli maqola e’lon qilinadi. SHuning uchun ayrim kishilar domla haqida salbiy fikr bildirishlari tabiiy edi.

2-o‘quvchi: Hikoyada tasvirlanishicha, domla o‘ta bilimdon, dono kishi. Tabiiyki, uni ko‘rolmaydiganlar, har bir yutug‘iga hasad bilan qaraydiganlar bo‘lgan. Ig‘volar, baland-past gaplar shunday kishilar tomonidan o‘ylab topilgan bo‘lishi mumkin.

3-o‘quvchi: Menimcha, ko‘pchilik domlaning yaxshi inson ekanligini biladi. Lekin zamon og‘ir bo‘lgan. Odamlar birin-ketin aybsiz qamalavergan, hadik, qo‘rquv hukmronlik qilgan. Har kim o‘z jonini o‘ylagan. Nazarimda, yozuvchi shu holatni ifodalamoqchi bo‘lgan.

“Mansurovning ishi sizda qanday fikr tug‘dirdi?” – deb qo‘yilgan savolga o‘quvchilar shunday javob berdilar:

1-o‘quvchi: Mansurov kabi kimsalar xalqimiz boshiga qancha musibatlarni solgan. Asl farzandlar, o‘zbek yozuvchilaridan A.Qodiriy, CHo‘lpon, U.Nosir, qoraqalpoq ziyolilaridan Q.Avezovlar qatag‘onga uchrashida Mansurovlarning “xizmati” katta.

1-o‘quvchi: Mansurov bolaning yoshligidan, g‘o‘rligidan foydalandi. Uni yolg‘on-yashiq, tuhmat, ig‘vo ishlarga aralashtirdi, soxta shon-shuhrat ketidan quvlashga o‘rgatdi.

O‘qituvchi shu kabi bahs-tortishuvlar, munozaralardan xulosa chiqarishni ham o‘quvchilarning ixtiyoriga berdi.

Hikoyada aks etgan voqeaning bugungi hayotimizga daxldor jihatlari haqida gapirar ekanlar, o‘quvchilar bugungi kunda ham yoshlar hayotiga suqilib kirayotgan yot illatlar borligini, ulardan ehtiyot bo‘lish lozimligini ta’kidladilar. Mansurov, Kimsanboy YOlqinovlar xalq boshiga solgan kulfatlar, musibatlar yana takrorlanmasligi uchun yoshlar, o‘smirlar va ota-onalar ogoh bo‘lishi; hushyorlik boy berilmasligi; terrorizm, giyohvandlik kabi illatlar chuqur ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligiga diqqat qaratdilar.

Munozaradan so‘ng o‘quvchilar kichik guruhlarga ajraldilar. Ular quyidagicha nomlandi:



  1. “Adabiyotshunoslar guruhi”.

  2. “Tilshunoslar guruhi”.

  3. “Rassomlar guruhi”.

  4. “Stsenariychilar guruhi”.

Dastlab 10 daqiqa, so‘ng qo‘shimcha berilgan 3 daqiqa, jami 13 daqiqa ichida o‘quvchilar topshiriqlarni bajarish uchun o‘z jamoasida ishladilar.

“Adabiyotshunoslar” asarning badiiy xususiyatlari, obrazlar haqida fikr bildirdilar. Hikoya janri xususiyatlari haqida gapirib berdilar.

“Tilshunoslar” asarning til xususiyatlari haqida so‘zlab, eskirgan so‘zlarga misollar topishdi: deklamatsiya, komsomol, pioner, rayon, slyot kabilar.

“Stsenariychilar” GPU xodimi Mansurov va Kimsanboyning birinchi va ikkinchi uchrashuvlari, Olimjon domlaning Fuzuliy g‘azali mag‘zini chaqib bergan o‘rinlarni tanlab stsenariy yaratishdi va uni o‘qib berishdi.

“Rassomlar” guruhi ikkita tasvir yaratishdi. Ulardan birida Mansurov Kimsanboyga soat sovg‘a qilayotgani tasvirlangan edi. Ikkinchisida Kimsanboy o‘z joniga qasd qilishi, ko‘ksida Stalin tasviri bilan dafn qilinayotganligi aks etgan edi. Ikkinchi rasmda jasadga teskari qarab o‘tirgan 2-3 kishi tasvirlangan bo‘lib, “Rassomlar” bu holni Kimsanboy o‘z joniga qasd qilib azob-uqubatdan qutulmoqchi bo‘ldi, lekin ota va el g‘azabidan, nafratidan o‘lib ham qutulolmaydi, deb izohladilar.

Hikoyadan olgan taassurotlarini o‘rtoqlashar ekanlar, o‘quvchilar quyidagi fikrlarni bildirishdi: “Olqish olmasam ham qarg‘ish olmaslikka intilaman”, “Ota qarg‘ishini olmaslik lozim”, “O‘zgalar tomonidan aldanmaslikka harakat qilish lozim”, “Uydagi gapni ko‘chaga chiqarish yomon oqibatlarga olib keladi” va shu kabilar.

O‘qituvchi Said Ahmadning “Qorako‘z majnun” kitobidan o‘rin olgan adabiyotshunos olim Umarali Normatovning “Sarob” hikoyasi haqidagi fikrlari bilan kechaga yakun yasadi va hikoya yuzasidan insho yozishni topshiriq sifatida tayinladi.

SHuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, o‘quvchilar o‘z qarashlarini ifodalar ekanlar ayrim jumlalarni juda jo‘n tuzganlar. Tasvirni yaqqol aks ettirishga xizmat qiluvchi sifatlovchilardan kam foydalandilar. Ona tilining salbiy ta’siri, ya’ni interferentsiya sezildi, xususan, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilmaslik, qo‘shimchalarni noto‘g‘ri qo‘llash kuzatildi. (Fuzuliy emas, Fizuliy; do‘stidan emas, do‘stinan; kechirim emas keshirim kabilar). O‘qituvchi mumkin qadar o‘quvchilarning xato va kamchiliklarini to‘g‘rilab borishga intildi. Muhimi shuki, darsdan tashqari tadbirlarni o‘tkazish jarayonida o‘quvchilar nutqidagi kamchiliklarni ko‘proq aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.

 Albatta, bunday mashg‘ulotlarni tashkil qilish o‘qituvchidan ham, o‘quvchidan ham g‘ayrat, shijoat talab qiladi. Kundalik darsda o‘quvchilar tayyor bo‘lmasalar, o‘qituvchi o‘zining mahorati bilan bu holatdan qutilib keta oladi. Biroq darsdan tashqari mashg‘ulotlarga o‘quvchilar tayyorgarliksiz kelsalar, ishni tashkil etish murakkablashadi. O‘qituvchi “Menga ayt, esimdan chiqaraman, menga ko‘rsat, eslab qolishga harakat qilaman, meni qatnashtir, hammasi meniki bo‘lib qoladi”, – degan xitoy xalq maqolini shior qilib olsa, bu maqol mazmunini o‘quvchilar ongiga singdirsa, maqolni ularning mulkiga aylantirsa, o‘quvchilarni mustaqil mutolaaga qiziqtirsa, yaxshi natijalarni oldindan bashorat qilish va unga erishish osonlashadi. Ta’lim qoraqalpoq tilida olib borilayotgan maktablar o‘quvchilari o‘zbek adiblarining asarlarini o‘qib-o‘rganishga tashna. Hatto o‘qituvchilar o‘quvchilarining adabiyot darslarini ko‘proq tashkil qilishni iltimos qilib murojaat qilayotganliklarini ta’kidlaydilar. Hozirgi sharoitda esa yuqoridagi kabi usullardan foydalanib o‘zbek adabiyoti namunalari bilan tanishtirib borilsa, o‘quvchilarning o‘zbek adabiyoti nazariy masalalarini chuqurroq o‘rganishlariga, adabiy tahlil ko‘nikmalarining rivojlanishi uchun imkon yaratiladi. Bu esa o‘z navbatida qoraqalpoq tilida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning o‘zbekcha so‘z boyligini oshirish, nutqiy savodxonligini rivojlantirish, ma’naviyatini boyitishda muhim omil hisoblanadi. SHu bois mustaqil ishlarni tashkil etishda munozaraga sabab bo‘luvchi badiiy asarlarni tanlab, o‘quvchilar hukmiga havola qilishdan cho‘chimaslik lozim.


Download 63.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling