Soliq bazasi - Quyidagilar soliq bazasidir:
1) soliq kodeksi 411-moddasi ikkinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — o‘rtacha yillik qoldiq qiymati.
Ko‘chmas mulkning qoldiq qiymati ushbu mol-mulkning boshlang‘ich (tiklanish) qiymati bilan soliq to‘lovchining hisob siyosatida belgilangan usullardan foydalanilgan holda hisoblab chiqilgan amortizatsiya miqdori o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Bunda to‘liq amortizatsiya qilingan bino bo‘yicha uning uch yilda kamida bir marta aniqlanadigan qayta baholangan (bozor) qiymati soliq bazasidir;
2) soliq kodeksi 411-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — tugallanmagan qurilishning o‘rtacha yillik qiymati;
3) soliq kodeksi 411-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida belgilangan obyektlar bo‘yicha — mazkur obyektlarning o‘rtacha yillik qiymati (realizatsiya qilinmagan qismi bo‘yicha).
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan soliq bazasi ushbu mol-mulkning o‘rtacha yillik qiymatidir.
Soliq bazasini aniqlash tartibi - Soliq solish obyektlarining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati (o‘rtacha yillik qiymat) soliq davridagi har bir oyning oxirgi kunidagi holatga ko‘ra soliq solish obyektlarining qoldiq qiymatlarini (o‘rtacha yillik qiymatlarini) qo‘shishdan olingan summaning o‘n ikkidan bir qismi sifatida ortib boruvchi yakun bilan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha soliq bazasi mazkur obyektlarga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan qiymat asosida aniqlanadi.
Soliq bazasi har bir soliq solish obyekti bo‘yicha alohida aniqlanadi.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliqni to‘lash nazarda tutilmagan faoliyat turlari amalga oshirilgan taqdirda, soliq bazasi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan mol-mulk hisobini alohida-alohida yuritish asosida aniqlanadi. Alohida-alohida hisob yuritishning imkoni bo‘lmasa, soliq bazasi soliq to‘lanishi nazarda tutilgan faoliyatdan olinadigan sof tushumning jami sof tushum hajmidagi ulushiga qarab aniqlanadi.
Soliq imtiyozlari - Soliq hisoblab chiqarilayotganda soliq bazasi quyidagilarning o‘rtacha yillik qoldiq qiymatiga (o‘rtacha yillik qiymatiga) kamaytiriladi:
1) madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort obyektlari mustasno), jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy ta’minot obyektlarining;
2) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash uchun, shuningdek ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari balansida bo‘lgan mol-mulkning.
Do'stlaringiz bilan baham: |