54-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining mehnat va ijtimoiy ta’tillari
Davlat fuqarolik xizmatchisiga davomiyligi yigirma yetti kalendar kunidan kam bo‘lmagan
yillik asosiy ta’til beriladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga ko‘p yillik xizmati va alohida mehnat sharoitlari uchun yillik
qo‘shimcha mehnat ta’tillari beriladi.
Ko‘p yillik xizmati va alohida mehnat sharoitlari uchun yillik qo‘shimcha mehnat ta’tillarini
berish tartibi hamda ularning davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimining toifasiga qarab qonunchilikda yillik asosiy va qo‘shimcha
mehnat ta’tillarining boshqacha davomiyligi belgilanishi mumkin.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga ijtimoiy ta’tillar berish mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda
belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
55-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti va sog‘lig‘ini majburiy sug‘urta qilish
Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti va sog‘lig‘i davlatning muhofazasida bo‘ladi hamda
qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy sug‘urta qilinadi.
56-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining hayotiga, sog‘lig‘iga va mol-mulkiga
yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti yoki sog‘lig‘iga mehnatda mayib bo‘lishi, kasb
kasalligiga chalinganligi yoki sog‘lig‘i o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi chog‘ida boshqacha
tarzda shikastlanganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qonunda belgilangan tartibda davlat
organi tomonidan qoplanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat majburiyatlarini bajarayotganda vafot etgan taqdirda,
uning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolariga davlat organi tomonidan vafot etgan shaxsning o‘rtacha
yillik ish haqining olti baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa ularning
soniga teng taqsimlangan holda beriladi.
Xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda davlat fuqarolik xizmatchisining mol-
mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari
hisobidan to‘liq hajmda qoplanadi, ushbu summa miqdori keyinchalik aybdor shaxslardan regress
tartibida undiriladi.
Ushbu moddaning
birinchi
va
ikkinchi qismlarida
nazarda tutilgan ziyonning, zararning
o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari hisobidan
amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |