Davlat qarzi taraqqiyotga xizmat qiladi(MI)?
Download 19.67 Kb.
|
DAVLAT QARZI TARAQQIYOTGA XIZMAT QILADIMI
DAVLAT QARZI TARAQQIYOTGA XIZMAT QILADI(MI)? Muallif: Toshkent Moliya Instituti BNG`70-guruh talabasi Xamroqulov O. O`zbekistonda davlat qarzi va tashqi qarz bilan bog`liq holatni muntazam nazorat qilish, uning xavfsiz chegarasini belgilash hamda bu boradagi xavf-xatarlarning oldini olish kabi masalalar doimiy e`tiborda. Bir qarashda oddiygina ifodalangan bu so`zlar mazmun-mohiyatiga ko`ra, davlat qarzi va davlat tashqi qarziga oid tushuncha hamda fikrlarimizni ancha teranlashtirishimizni talab etadi. Darhaqiqat, har qanday mamlakatda iqtisodiy holatga qarab qarz olishga bo`lgan ehtiyoj tug`ilishi tabiiy. Unga talab nafaqat iqtisodiy inqiroz yoki turg`unlik holati, balki ayrim strategik ahamiyatga ega loyihalar yoki dasturlarni amalga oshirish uchun ham bo`ladi. Masalan, mamlakat infrastrukturasini ravnaq toptirish, kambag`allikni qisqartirish, kichik va o`rta biznesni rivojlantirish, mudofaa qobiliyatini kuchaytirish va hokazo. Davlat byudjeti bunday yukni ko`tara olsa yaxshi, aks holda ko`zda tutilgan muhim vazifalardan voz kechish kerak bo`ladi yoki Davlat byudjetining yuzaga kelgan taqchilligini qarz hisobiga yopish zarurati tug`iladi. Taqchillikni yopishning ham ikkita manbasi bor: birinchisi — soliqlarni oshirish, ikkinchisi — qarz jalb qilish. Dunyoda birorta mamlakat yo`qki, davlat qarzi muammosiga duch kelmagan bo`lsa. Ichki va tashqi manbalar hisobiga jalb qilingan qarz mablag`lari, agar u samarali boshqarilmasa, har qanday mamlakatning moliyaviy barqarorligi va investisiyaviy muhiti uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi tayin. Bu haqda ko`p yozilgan bo`lsa ham aytish joizki, 2008-2009 yillarda dunyo iqtisodiyotida yuzaga kelgan iqtisodiy bo`hronning asosiy sabablaridan biri sifatida qarz bilan bog`liq tahlika hamda tahdidlarni hisobga olmaslik va davlat qarzini boshqarishda ushbu tahdidlarni tez ilg`ab, unga qarshi choralar ko`ra oladigan tizimning yo`qligi tan olingan. Chetdan olingan qarz bir qancha xatarlarni keltirib chiqaradi. Chet el valyutasida katta miqdorda olingan qarz valyuta kursining keskin o`zgarishiga hamda moliyaviy bosim ortishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham bu muammo, ayniqsa, rivojlanayotgan va iqtisodiyoti o`tish davrida bo`lgan mamlakatlarni xavotirga soladi. Lekin, shunga qaramasdan, dunyo iqtisodiyotida qarzga bo`lgan talab borgan sari oshib bormoqda. Va bunday holat bir qancha savollarni keltirib chiqarishi tabiiy. O`zbekistonda holat qanday? Yuqorida keltirilgan tahlillardan ko`rinib turibdiki, davlat qarzi, ayniqsa, tashqi qarz xavf-xatarlar bilan bog`liq bo`lishiga qaramasdan rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar ushbu mablag`lardan iqtisodiy o`sishni ta`minlashda muhim manba sifatida foydalanib kelmoqda. O`zbekiston ham bundan mustasno emas. Mamlakatimizda keyingi besh yil ichida davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarz sezilarli darajada oshganligini ko`ramiz. 2021 yilning 9 oy yakunlariga ko`ra, davlat qarzining qoldig`i 25 mlrd. AQSh dollari miqdorini, yoki YaIMga nisbatan 38,4 foizni tashkil qilmoqda. Uning 90 foizga yaqini tashqi qarzlardir. Ayni chog`da ijtimoiy tarmoqlarda “Qarz oshib ketyapti, bunga ehtiyoj bormidi, hukumat bizni va kelajak avlodlarimizni qarzga botirmoqchimi?” kabi savollar oqimi to`xtamayapti. Bu savollarga iqtisodchilarimiz, ekspertlar va siyosatchilar ham javob berishga harakat qilishdi, lekin ayrim “tanqidchilar” qoniqish hosil qilmasdan, odamlar orasida islohotlarga bo`lgan ishonchsizlik kayfiyatini uyg`otishga urinishmoqda. Demak, bizga (O`zbekistonga) chetdan qarz nimaga kerak? O`zbekiston 2017 — 2021 yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasida mamlakatda o`sha paytda yuzaga kelgan bir qancha ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni echishni oldiga maqsad qilib qo`ygan edi. Ushbu maqsadga eltuvchi vazifalar qo`shimcha mablag` talab etardi. Ichki mablag`larni davlat boshlab bergan islohotlarni amalga oshirishga jalb qilish imkoniyatlari keskin cheklangan (deyarli yo`q desa ham bo`ladi) sharoitda birdan-bir umid chetdan qarz ko`tarish edi. Bizda ham Yaponiya singari qarzga ichki manbalarni jalb qilish imkoniyati bo`lganda edi, eng avvalo, undan foydalanilardi. Lekin afsuski, yaponlardek tejamkor emasmiz — katta-katta to`ylar qilishni, qavat-qavat uylar qurishni, qo`sha-qo`sha mashinalar minishni xush ko`ramiz. Qisqacha aytganda, orzu-havaslarimizning cheki-chegarasi yo`q. Aksiga olib, bozor munosabatlariga o`ta boshlaganimizning dastlabki chorak asri davomida qimmatli qog`ozlar bozorini rivojlantirishni ham paysalga solib kelganmiz. Bunday sharoitda chetga ochilib, xalqaro moliya tashkilotlari va hamkorlarimiz ishonchini qozonib, chetdan jalb etilgan mablag`larni iqtisodiy o`sishni ta`minlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va dolzarb ijtimoiy muammolarni echishga yo`naltirish eng to`g`ri yo`l bo`lganligini hayotning o`zi ko`rsatib turibdi. Shu o`rinda aytish joizki, chetdan qarz o`z-o`zicha oqib kelgani yo`q. Buning uchun O`zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini tiklash, qarz beruvchilar ishonchini qozonishning o`zi bo`lmagan. Agar bunday imkoniyat avvallari ham bo`lganda chetdan qarz, albatta, olingan bo`lar edi. O`shanda 7-8 foizlik iqtisodiy o`sish sur`atlarimiz faqat qog`ozlarda emas, balki amalda ham kuzatilgan bo`lardi. Agar tashqi va ichki qarz belgilangan mezon ko`rsatkichlaridan ortib ketmagan holda mamlakatning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta`sir ko`rsatmasa hamda rivojlantirish davlat dasturlari doirasida eng dolzarb va natijador loyihalarga yo`naltirilsa, bunday xarajatlar iqtisodiy xavfsizlik nuqtai nazaridan muammo keltirib chiqarmaydi. Buning uchun davlat qarzini samarali boshqarishning huquqiy asoslari va mexanizmlari takomilga yetkazilgan bo`lishi kerak. Xulosa o`rnida aytganda, bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining bir-biriga bog`liqligi ortib borayotgan bir sharoitda O`zbekiston iqtisodiyotining ochiqligini ta`minlash, xohlaymizmi, yo`qmi, baribir davlat qarzi masalasini keltirib chiqaradi. Chunki milliy iqtisodiyotimizni tez sur`atlarda o`stirish evaziga aholi jon boshiga YaIMni 2026 yil yakuni bilan 2,8 ming AQSh dollariga, 2030 yilga borib esa 4 ming AQSh dollari miqdoriga etkazish juda katta, mas`uliyatli va og`ir vazifa hisoblanadi. Buning uchun iqtisodiyotimiz ichki va tashqi qarz manbalariga muhtoj. Chunki ijtimoiy rivojlantirish, infrastrukturani zamon talablari darajasida shakllantirish hamda atrof-muhitni saqlash, ekologik vaziyat bilan bog`liq muammolarni hal etish zamonaviy loyihalarni amalga oshirishni, texnologiyalar, qo`shimcha investisiyalar jalb qilishni talab etadi. Mana shunday sharoitda O`zbekiston uchun tashqi qarz manbalari bilan birgalikda ichki manbalarni ko`proq yo`naltirishning zamonaviy mexanizmlarini ko`zda tutuvchi ichki qarz bozorini rivojlantirish, bizga qarz beruvchi mamlakatlar bo`yicha qarz tarkibini milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda diversifikasiyalashtirish, davlat qarzini boshqarish bo`yicha ishlab chiqiladigan strategiyaning asosiy masalalari sifatida qaralishi lozim. Chunki davlat qarzi, ayniqsa, tashqi qarz xavf-xatarlar bilan bog`liqligi bu, bor haqiqat. Shuning uchun ham iqtisodiy xavfsizligimiz nuqtai nazaridan Prezidentimiz tomonidan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar va ularga yo`naltirilgan chora-tadbirlar qarz mablag`larini, eng avvalo, iqtisodiy o`sishni ta`minlashga qaratilgan rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ijtimoiy, infrastruktura va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga undaydi. Bu esa O`zbekistonda davlat qarzi muammolar emas, taraqqiyot eshigini keng ochishga xizmat qilishiga ishonchimiz komil. Download 19.67 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling