Davlat va huquq
Download 0.89 Mb. Pdf ko'rish
|
davlat va huquq nazariyasi
Qonuniylik huquqning mavjudligi, jamiyatda chinakam
demokratik muhit va huquqiy rejimning o‘rnatilganligidan dalolat beradi. Zero, buyuk bobomiz Amir Temur ta’kidlaganlaridek: “Qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo‘ladi”. Jamiyatda qonuniylikning buzilishi quyidagi hollarda yuzaga kelishi mumkin: birinchidan, oliy davlat hokimiyati organlari tomonidan konstitutsiya va qonunlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishida; ikkinchidan, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarga va qonun osti hujjatlariga hamda inson huquq va erkinliklariga rioya etmasligida; uchinchidan, davlat organlarining konstitutsiya va qonunlarga zid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishi va ular asosida faoliyat yuritishida; to‘rtinchidan, vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning amaldagi huquq normalarini noto‘g‘ri qo‘llashida va h.k. Jamiyatda qonuniylikni ta’minlanishiga erishish qabul qilinayotgan barcha normativ-huquqiy hujjatlarni mavjud qonunlarga muvofiq bo‘lishi va ularga zid bo‘lmasligi hamda huquqiy normalarni qonunlarga muvofiq qabul qilinishini taqozo etadi. Qonunlar qanchalik takomillashsa, ijtimoiy hayot talablari qanchalik to‘la aks ettirilsa, ular kishilar ongiga shunchalik chuqur ta’sir etadi hamda fuqarolarning bu huquqiy normalarni o‘z ixtiyorlari bilan amalga oshirishlariga erishish mumkin. 2-§. Qonuniylik prinsiplari va kafolatlari Jamiyatda qonuniylikni ta’minlashga bir qancha amaliy prinsiplarga rioya qilish orqali erishiladi. Qonuniylikning o‘ziga xos xususiyatlari uning quyidagi prinsiplarida ifodalanadi: 1. Qonuniylikning yagonaligi. Qonunlar mamlakatning barcha hududida bir xilda qo‘llaniladi. Qonunlar mamlakatning butun hududida yagona ma’no kasb etishini, bir xilda qo‘llanishini, hammaning qonun oldida tengligini, aholining biron-bir guruhlari 304 uchun imtiyoz va cheklashlar yo‘qligini bildiradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”. Respublikamizda qonunning yagonaligi va barcha fuqarolarning qonun oldida tengiligi, birinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarini uning barcha hududida amal qilishini va barcha normativ-huqiy hujjatlar qonun asosida qabul qilinib, ularga zid bo‘lmasligini talab qiladi. Ikkinchidan, O‘zbekiston qonunlari uning ijtimoiy va davlat tuzumini, barcha millat va elatlarning manfaatlarini qo‘riqlaydi. Uchinchidan, mamlakatning butun hududida qonunlar bir xilda qo‘llaniladi. 2. Qonunning ustuvorligi va hamma uchun majburiyligi. Jamiyatda qonunlar oliy yuridik kuchga ega, boshqa normativ- huquqiy hujjatlarning hammasi qonun asosida qabul qilinadi. Biror bir huquqiy norma qonunga zid bo‘la olmaydi, maboda qonun bilan boshqa huquqiy norma o‘rtasida shunday nomuvofiqlik paydo bo‘lgudek bo‘lsa, bunday holda qonun amal qiladi. Bu tamoyil Konstitutsiyamizning 15-moddasida mustahkamlangan bo‘lib, unda shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar”. 3. Qonuniylik va maqsadga muvofiqlik tamoyili. Mamlakat hududida amaldagi qonunlarni va boshqa normativ huquqiy hujjatlarni aniq bajarish har bir davlat organi, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxs va fuqarolar uchun shartdir. Ammo barcha fuqarolar ham amaldagi qonunlarga bir xilda rioya qilavermaydi. Ayrim fuqarolar qonunlarga rioya qilmaydi va bunga vaj qilib, amaldagi qonunlarning eskirib qolganligi hamda ularni hozirgi davr talablariga javob bermasligini ro‘kach qiladi. Mamlakatdagi o‘rnatilgan qonunchilik tartibiga ko‘ra vakolatli organ tomonidan amaldagi qonunlar rasmiy ravishda bekor qilingunga qadar u yuridik kuchga ega bo‘ladi va unga rioya qilish hamma uchun majburiydir. Jamiyatda hech bir qonun yo‘qki, u o‘zining yuridik ahamiyatini 305 yo‘qotgan. Agarda qonunlarning birortasi jamiyat manfaatlariga zid yoki uning talablariga to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lsa, bunday holda qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar mazkur qonunlarni bekor qilish to‘g‘risidagi tashabbus bilan Oliy Majlisga taqdim etadi va o‘rnatilagan tartibda qonun bekor qilinadi va shundagina u o‘zini yuridik ahamiyatini yo‘qotgan hisoblanadi. 4. Qonuniylikning aholining madaniy darajasi bilan bog‘liqligi. Qonuniylik madaniyatni oshirishga, madaniyatning rivojlanishi esa qonuniylikni mustahkamlashga yordam beradi. Qonuniylik bevosita aholining huquqiy madaniyat darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, qonunlarga rioya qilish va ularning bajarilishi shunchalik yuqori darajada bo‘ladi. Agarda aholining huquqiy ongi va madaniyat darajasi shakllanmas ekan, bunda qonuniylikka erishish amrimaholdir. Negaki fuqarolar qonun chiqaruvchining qonunlarda mustahkamlangan erki, unda qo‘yilgan talablarni bilmas ekan, bunday hollarda ijobiy natijalar kutilmaydi. Asosiy sabab xalq qonunlarda qanday imtiyozlar berilgan yoki qanday harakatlar taqiqlanganligidan bexabar bo‘ladi. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirshda hamda qonuniylikni samarasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1997-yil 29-avgustda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi” qabul qilingan bo‘lib, bu huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishdagi dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakatda qonuniylikni ta’minlashda ularni kafolatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyatda qonunlar bilan kishilar o‘rtasidagi munosabatlar tartibga solinar ekan, qonunlarni hayotda to‘g‘ri qo‘llash uchun qonuniylik tegishli usullar orqali amalga oshiriladi. Bunday usullar davlat tomonidan belgilangan bo‘lib, qonuniylikning kafolati deb ataladi. Qonuniylik kafolatlari – bunda huquqlardan foydalanish va yuridik burchlarni amalga oshirishga imkon beradigan ijtimoiy taraqqiyotning obyektiv shart-sharoitlari va davlat hamda jamoat tashkilotlari tomonidan maxsus ishlab chiqilgan turli-tuman usul va vositalar tushuniladi. Qonuniylikni kafolatlash jamiyatda qabul qilingan qonunlarni ijtimoiy hayotga tatbiq etilishining garovi hisoblanib, davlat ularni 306 qo‘riqlash va mustahkamlashni ta’minlovchi iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, yuridik, ma’naviy va boshqa omillarga tayanadi. Agarda qonunlar davlat tomonidan kafolatlanmas ekan, u ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda o‘zining yuridik ahamiyatiga ega bo‘lmaydi. Qonuniylikni amalga oshirishning quyidagi kafolatlari mavjud: Iqtisodiy kafolat davlatning iqtisodiy rivojlanish darajasi: samarali soliq tizimi, yuqori darajadagi ishlab chiqarish, adolatli taqsimot tizimining mavjudligi, iqtisodiyotning huquqiy bazasini yaratilganligi bilan belgilanadi. Shuningdek, qonuniylik iqtisodning yuqori va bir xildagi pog‘onasi hisoblanib, har xil turdagi mulk shakllari, monopoliyaning cheklanishi, ijtimoiy inqirozning yo‘qligi, fuqarolarning yuqori darajada ijtimoiy va moddiy ta’minlanishi bilan ham tavsiflanadi. Jamiyatdagi har bir qabul qilingan qonun o‘zining iqtisodiy bazasiga ega bo‘lishi lozim, chunki qonundagi normalar amaliyotga tatbiq etilishi uchun u muayyan bir darajadagi sarf-xarajatlarni talab qiladi. Masalan: «Ichki ishlar idoralari xodimlarini ijtimoiy kafolatlash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, uni amaliyotga tatbiq etilishi uchun, qonunda nazarda tutilgan ichki ishlar idoralari xodimlari uchun davlat katta miqdordagi moliyaviy mablag‘ni budjetdan ajratishi lozim. Agar qonun qabul qilinsa-yu, lekin iqtisodiy jihatdan kafolatlanmasa, bu kabi qonunlar amaliyotga tatbiq etila olmaydi, chunki mazkur qonun normalarini amalga oshirish bevosita iqtisodiy manbalarga tayanadi. Siyosiy kafolatlar davlat va uning faoliyatini holati yuqori darajada tashkil qilinganligi: hokimiyatlarning taqsimlanish prinsipining mavjudligi; davlat va hokimiyat organlarining Konstitutsiya asosida tashkil etilganligi; demokratik siyosiy rejimning mavjudligi, hurfikrlilik va hokazolarda namoyon bo‘ladi. Siyosiy kafolat mazmunida demokratizmning mustahkamlanishi, davlat va jamiyat qurilishi, oshkoralik tarzida jamoatchilik tomonidan ma’muriy organlar faoliyatini nazorat qilishning kengayishi, ochiq siyosiy tizimning rivojlanishi va shakllanishiga erishish tushuniladi. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan siyosiy normalarni amalga oshirish uchun davlat siyosati fuqarolarning erkin fikrlashiga sharoit yaratib berish, shuningdek, ularga nisbatan taqiqlarni, ommaviy axborot vositalariga esa senzurani bekor qilish kabi talablar qo‘yiladi va ular bajarilishi lozim. 307 Mafkuraviy kafolatlar – mafkura, asosan, insonni jamiyatning buyuk bir oliy qadriyati sifatida talqin etadi. Mafkuraviy kafolat hurfikrlilik, so‘z va fikr erkinligi, ma’naviy rivojlanish erkinligi, diniy tolerantlik, jamiyatning yuqori darajada ma’naviyatga va mafkuraga egaligida namoyon bo‘ladi. Xalqni qonunlarni muqaddas bilishi, hurmat qilishi va unga bo‘ysunish ruhida tarbiyalash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish asosida erishish mumkin. Ijtimoiy kafolat – bunda qonunlar qabul qilishda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj tabaqalarining ham manfaatlarini inobatga olinishi lozim. Chunki, davlat tomonidan qabul qilingan qonun oldida mamlakatning barcha fuqarosi teng bo‘lib, qonun talablarini xalqning barcha tabaqasi ham birday qabul qilavermaydi. Shuning uchun qonunlar qabul qilish jarayonida qonun normalaridagi talablarda jamiyatning barcha tabaqalarining manfaatlarini inobatga olishi, qonuniylikka erishishning garovidir. Shuningdek, qonuniylikka erishish uchun mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosat, ya’ni aholining bandlik darajasini yuqoriligi, ishsizlikdan himoyalanishning kafolatlanganligi, aholining kam ta’minlangan qismini davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan himoyalanishini amalga oshirmoq zarur. Jamoatchilik kafolati – qonunlarni amalga oshirishda faqatgina davlatning tashabbusi yetarli emas. Qonunlarni ijrosini ta’minlashda davlat organlaridan tashqari, mansabdor shaxslar, ayniqsa, keng jamoatchilik mahalla, maktab, xotin-qizlar kengashi, nodavlat tashkilotlari, kasaba uyushmalari muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun mazkur nomlari zikr etilgan jamoat tashkilotlari qonunlarni amalga oshirilishida hamda ularni buzilishini oldini olishda faol ishtirok etishi lozim. Huquqiy kafolat qonunchilik va huquqiy tizimning mukammalligi, jamiyat, davlat va fuqarolarning yuqori darajadagi huquqiy ong va madaniyatga egaligi; yuridik amaliyot va yuridik doktrinaning rivojlanganligi bilan belgilanadi. Huquqiy kafolat bir vaqtda yuridik kafolat ham deb nomlanib, qonuniylikni ta’minlovchi kafolatlarni boshqa turlaridan keskin farq qiladi hamda samaraliroqdir. Chunki huquqiy kafolat qonunlar uchun asosiy garov hisoblanadi. Bunda huquqiy normalarning takomillashuvi, nazoratni kuchayishi, shuningdek, huquqiy 308 normalarning buzilishini oldini olishda mansabdor shaxslarning faoliyati va javobgarligi katta o‘rin egallaydi. Jamiyatda qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlash va qo‘riqlashda huquqiy kafolat ikki usul – ishontirish va majburlash usullariga tayanadi. Ishontirish – keng xalq ommasiga qonunlar va huquqiy normalarni tushuntirish orqali, ular ongiga singdirish va boshqa tarbiyaviy choralar ko‘rish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Majbur qilish usulida qonunlar va boshqa huquqiy normalar buzilgan taqdirda davlat organlari tomonidan uning zo‘rlik kuchi bilan majburiy choralar ko‘rish amalga oshiriladi. Umuman qonunchilikni ta’minlash va rivojlantirishda, avvalambor majburlash emas, balki ishontirish asosiy o‘rin tutadi. Bu, demak, qachonki ishontirish istagan natijani bermasa, huquqiy normani buzuvchi amaldagi huquqiy tartibotga va ijtimoiy-axloqiy normalarga qarshi o‘z harakatini davom ettirsa, shu vaqtdagina majburlash usulini qo‘llash mumkin. Majburlash hamma vaqt ishontirishga asoslanadi. Ishontirish usuli huquqda ko‘rsatilgan yurish-turish qoidalarini ta’minlash uchun jamiyat a’zolarining ongiga davlat va jamoat tashkilotlarining faol, maqsadga muvofiq ta’sir qilishiga erishishdir. Qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlash uchun kurashda jamoatchilik rolining yanada oshirilishi huquqiy davlatning haqiqiy bir belgisidir. 3-§. Huquqiy tartibot tushunchasi, jamoat tartiboti. Intizom. Huquqni amalga oshirish va huquqiy normani bajarish qonuniylikning asosiy talabidir. Bu talabning amalga oshirilishi, erkin ijtimoiy munosabatlarda shunday tartibni o‘rnatishga olib kelishi kerakki, bunda subyektiv huquq qarshiliksiz amalga oshirilishi, huquqiy burch esa og‘ishmay bajarilishi lozim bo‘ladi. Qonuniylik asosida o‘rnatilagn bunday tartibot huquqiy tartibot deyiladi. Demak, huquqiy tartibot talablarini amalga oshirish asosida vujudga kelgan ijtimoiy munosabatlarning ma’lum tuzilishidir. Qonuniylik bilan huquqiy tartibot bir-biridan farq qiladi: qonuniylikning mazmuni huquqiy normalarga qat’iy va og‘ishmay rioya etishlarida ifodalansa, huquqiy tartibot esa ijtimoiy 309 munosabatlarda qatnashuvchilarining yurish-turishlari ularning subyektiv huquq va burchlariga muvofiq kelishida ifodalanadi. Davlat jamiyatda o‘rnatilgan huquqiy tartibotning kafolatidir. Shunday qilib, huquqiy tartibot huquqiy munosabatlar doirasida shu munosabatlarning ishtirokchilari o‘z subyektiv huquqlarini amalga oshirishlari va huquqiy burchlarini bajarishlari natijasida vujudga keladi. Qonuniylikni amalga oshirish huquqiy tartibotni ta’minlash vositalaridan biri bo‘lsa, huquqiy tartibotni mustahkamlash esa, o‘z navbatida qonuniylikni mustahkamlashga yordam beradi. Huquqiy tartibot – huquqiy normalar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabat tartiblarini o‘zida ifodalaydi. Bu tartiblar qonunlarning aniq amalga oshirilishi vositasi bilan o‘rnatiladi va uning ifodalanishi shundaki, fuqarolar va tashkilotlarning huquqiy holati saqlanadi va ularning huquqiy layoqati qarshiliksiz amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Qonunlarsiz qonuniylik bo‘lmaganidek, huquqiy munosabatlarsiz huquqiy tartibot ham bo‘lishi mumkin emas. Shu bilan birga, huquqiy tartibot bilan huquqiy munosabatlarning yig‘indisini tenglashtirib bo‘lmaydi. Ma’lum ijtimoiy munosabatlarning huquq bilan tartibga solinishi huquqiy munosabatlar yig‘indisini tashkil qiladi, ya’ni shu munosabat ishtirokchilari uchun qonunda aniq huquq va burchlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ammo huquqiy tartibot uchun bu yetarli emas, buning uchun subyektiv huquqlarning amalga oshirilishini, yuridik burchlarning qat’iy bajarilishini ta’minlovchi kafolatlangan imkoniyatlar bo‘lishi zarurdir. Huquqiy tartibot huquq bo‘lgan joyda, davlat huquqiy normalarining amalga oshirilishi ta’minlangan joyda bo‘ladi. Huquqiy tartibot va jamoat tartiboti har xil tushunchalardir. Huquqiy tartibot jamoat tartibotining bir qismidir. Jamoat tartibi – huquqiy normalarning amalga oshirishini va jamiyat turmush qoidalarini (shu jumladan, axloq, odob va boshqa huquqiy bo‘lmagan ijtimoiy yurish-turish qoidalarini) hurmatlashni talab qiladi. Jamoat tartibini buzish faqat huquqiy normalarni emas, balki turmush qoidalarini hurmat qilmaslik natijasida ham kelib chiqishi mumkin, bunda javobgarlik, albatta, qonun chiqaruvchi organ tomonidan ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Jamoat tartibi huquqiy tartibotga nisbatan kengroq ma’noni anglatadi. Jamiyatda huquqiy tartibotning o‘rnatilishi va amalga oshirilishi 310 muayyan bir rahbariy g‘oyalar, prinsiplar asosida amalga oshiriladi. Huquqiy tartibot prinsiplari qonuniylik, huquqiy tartibotning yagonaligi, ierarxiyaga asoslanganlik, adolatlilik, huquqiy tartibotning kafolatlanganligi, normativligi kabi turlardan iborat. Qonuniylik – davlat organlari, mansabdor shaxslar va oddiy fuqarolarning mavjud normativ-huquqiy hujjatlarga og‘ishmay amal qilishi. Huquqiy tartibotning yagonaligi – mamlakatning butun hududida yagona huquqiy muhit, huquqiy tartibot o‘rnatiladi, mazkur huquqiy tartibotga to‘g‘ri kelmaydigan boshqacha tarzdagi tartib o‘rnatish qat’iyan man qilinadi. Ierarxiyaga asoslanganligi – ierarxiyaning mazmuniga ko‘ra quyi turuvchi idoraning yuqori turuvchi idoraga bo‘ysunishi, yuqori turuvchi organning quyi turuvchiga nisbatan hokimiyat xarakteriga egaligi tushuniladi. Huquqiy tartibotni amalga oshirishda fuqarolar, avvalambor, qonun va qolaversa, qonunosti normalari bilan tartibga solingan ijtimoiy tartibotga rioya etishlari lozim. Adolatlilik – huquqiy tartibotning eng asosiy prinsipi hisoblanadi. Jamiyatda o‘rnatilgan huquqiy tartibot adolatli tarzda bo‘lishi lozim, shundagina shaxslar bunday huquqiy tartibotga ixtiyoriy rioya qilishlari mumkin. Huquqiy tartib jamiyatning barcha a’zolari uchun maqbul bo‘lishi talab etiladi. Huquqiy tartibotning kafolatlanganligi – jamiyatda o‘rnatilgan har qanday huquqiy tartibot davlat majburlov kuchi bilan ta’minlanadi. Huquqiy tartibotni ta’minlashda yetakchi o‘rinni huquqni muhofaza qiluvchi organlar egallaydi. Ayniqsa, sud, prokuratura va ichki ishlar idoralari muhim o‘rin tutadi, chunki ular kundalik faoliyatida doimiy ravishda jamoat tartibini saqlash, jamoat xavsizligini ta’minlash kabi vakolatlarini amalga oshiradilar va bu orqali huquqiy tartibot o‘rnatiladi. Huquqiy tartibotning normativligi. Huquqiy norma orqali ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi. Huquqiy munosabat subyektlarini aniq belgilaydi va ularga subyektiv huquq va yuridik majburiyat beradi hamda huquqiy munosabatlarni vujudga keltiruvchi, o‘zgartiruvchi hamda bekor qiluvchi yuridik faktlarni ajratadi. Huquqiy munosabat ishtirokchilarining harakatlarini aniqlashtirib beradi. Nazoratga olinganligi – huquqiy tartibot davlat va jamiyat tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, uning o‘rnatilishini 311 ta’minlaydi. Huquqiy tartibot o‘rnatilgan jamiyatda inson huquq va erkinliklariga rioya etiladi, fuqarolar o‘z majburiyatlarini ixtiyoriy bajaradi. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy xulq-atvorini amalga oshirish, qonun va qonunosti hujjatlarini sifatli tarzda yaratishga hamda huquqni to‘g‘ri qo‘llashga erishiladi. Yuqorida qayd etilgan prinsiplarga tayangan holda jamiyatda huquqiy tartibot o‘rnatiladi. Yuridik adabiyotlarda huquqiy tartibotni turlarga ajratish, ya’ni tasniflash mavjud bo‘lib, u bir necha shakllarda namoyon bo‘ladi: – birinchidan, hududiy miqyosiga ko‘ra mamlakat, viloyat va tuman miqyosida o‘rnatilgan huquqiy tartibot; – ikkinchidan, huquq sohasiga ko‘ra: konstitutsiyaviy, moliyaviy, ma’muriy, jinoiy-huquqiy, boshqa huquq sohalariga asosan o‘rnatilgan huquqiy tartibot; – uchinchidan, huquqiy ta’siriga ko‘ra umumhuquqiy, sohaviy va alohida normalar bilan tartibga solingan huquqiy tartibot. Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish ma’lum tartibini joriy qilish, kishilarning o‘zaro munosabatlarida mustahkam intizomni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Qonuniylik, huquqiy tartibotni o‘rnatishga kuchli intizom orqali erishiladi. Intizom – davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek, korxona va muassasalarda o‘rnatilgan, amal qilinishi lozim bo‘lgan ichki kun tartibi qoidalari. Huquqshunoslikda intizomni tasniflashning ko‘p turlari bo‘lib, lekin shartli ravishda ularni uch guruhga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Ular davlat intizomi, harbiy intizom va mehnat intizomi kabi turlardan iborat. Davlat intizomi – muayyan davlat tomonidan o‘rnatilgan va shu hududda yashovchi barcha fuqarolar uchun majburiy ahamiyatga ega tartib-qoidalarga rioya qilishdir. Davlat intizomi muayyan davlat hududida o‘rnatiladi, mazkur davlat fuqarolari uchun taalluqli bo‘ladi, intizomni buzish yuridik oqibatlarni keltirib chiqaradi, o‘rnatilgan intizom davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Harbiy intizom – barcha harbiy xizmatchilarning qonun, harbiy Nizomlar, komandirlar (boshliqlar) buyruqlari bilan belgilangan tartib va qoidalarga qat’iy va aniq rioya etilishi tushuniladi. Harbiy intizomga harbiy burch, shaxsiy mas’uliyat va mislsiz sadoqat kabi omillar orqali erishiladi. 312 Yuksak harbiy intizomga erishishning asosiy yo‘nalishlari bo‘lib, ular quyidagilarda ifodalanadi: – harbiy xizmatchilarda yuksak axloqiy-ruhiy va jangovar fazilatlarni tarbiyalash, komandirlariga ongli tarzda bo‘ysunish; – har bir harbiy xizmatchining o‘z majburiyatlari va harbiy nizomlar talablarini bajarishga mas’uliyati; – harbiy qismda ichki tartibga bo‘ysunish, barcha harbiy xizmatchilar tomonidan kundalik rejimga qat’iy rioya qilish; – jangovar tayyorgarlikni puxta tashkil etish va u barcha shaxsiy tarkibni qamrab olishi. Harbiy intizom qo‘l ostidagilarga kundalik talabchanlik, xizmatchilarning ijrochiligini nazorat qilish, harbiy xizmatchilarning sha’nini hurmat qilish va bu haqda doimiy qayg‘urish, ishontirish, majburlash, jamoatchilik ta’siri kabi omillarni to‘g‘ri uyg‘unlashtirish va o‘rnida qo‘llash kabi omillarga tayangan holda amalga oshiriladi. Mehnat intizomi deganda, mehnat jamoalarining, har bir xodimning mehnatga munosabati, xatti-harakatlarini tartib doirasida tutishi tushuniladi. Mehnat intizomi korxona rahbariyati tomonidan o‘rnatiladi va unga barcha xodimlar rioya etishlari shart bo‘lib, o‘rnatilgan intizomga rioya qilish barcha xodimlar uchun majburiydir. Xodimlar tomonidan o‘rnatilgan intizomning buzilishi tanbeh, hayfsan hamda mehnat shartnomasining bekor qilish kabi intizomiy javobgarliklarga tortiladi. Shu bilan bir qatorda xodimlar o‘rnatilgan intizomga rioya qilganliklari uchun rag‘batlantiriladi. 313 XXII BOB. DAVLAT VA HUQUQNING RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI 1-§. Fuqarolik jamiyati tushunchasi va mohiyati Download 0.89 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling