Davlat xizmati asoslari fanidan mustaqil ishi
Download 134.77 Kb.
|
Davlat xizmati asoslari Mustaqil ish
Oshkoralik prinsipi.
OSHKORALIK PRINSIPI – ochiq matbuotda tasdiqlangan budjet va uning ijrosi to’g’risidagi hisobotlarning, albatta, e’lon qilinishi, budjet ijrosi jarayonida ma’lumotlarning to’liq va to’g’ri berilishi, davlat hokimiyati qonunchilik organlari va mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlarining qarorlariga oid boshqa ma’lumotlarni olish imkoniyatining yaratilganligini, budjet loyihasi bo’yicha qarorlarni ко’rib chiqish va qabul qilish tartiblarining jumladan, davlat hokimiyati qonunchilik organi ichida yoki davlat hokimiyatining qonunchilik va ijroiya organlari o’rtasidagi qarama-qarshiliklarni ifodalovchi masalalar bo’yicha hamjamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun albatta ochiq bo’lishini ko’zda tutadi. Siyosiy tizim, uning institutlari faoliyati haqida, ijtimoiy-siyosiy hayotda yuz berayotgan jarayonlar haqida ommaga to'liq axborot berib borish nihoyatda muhim bo'lib, u oshkoralik prinsipi orqali amalga oshiriladi. Oshkoralik demokratik faoliyat yuritishning asosiy talablaridan biridir. Fuqarolik jamiyati demokratik tarzda uyushgan oshkoralik va ochiqlik hukm suradigan erkin jamiyatdir. Bu jamiyatda siyosiy-huquqiy hodisalarga ijtimoiy baho berish, jamoatchilik fikri bilan hisoblashish ustuvor mavqega ega bo'ladi. Mamlakatning birinchi Prezidenti ommaviy axborot vositalarining «to'rtinchi hokimiyat» sifatida mavqeini mustahkamlash huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qaror toptirishning muhim sharti ekanini takror-takror takidlab keladi. «Barcha ommaviy axborot vositalariga, — degan edi Islom Karimov, — mamlakatimiz axborot maydonida halol raqobat asosida faoliyat olib borishi uchun davlat zarur sharoitlarni yaratib berish lozim, …bu jamiyatni tom manoda demokratlashtirish garovidir». Mamlakatda ommaviy axborot vositalari erkin faoliyat ko'rsatishi uchun qonunlar qabul qilingan, huquqiy kafolatlar yaratib berilgan. «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi, «Noshirlik faoliyati to'g'risida»gi, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to'g'risida»gi, «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to'g'risida»gi qonunlar shular jumlasidandir. Yuqorida ta`kidlab o'tilgan prinsiplar mamlakatimiz siyosiy tizimi xalq manfaati yo'lida samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiluvchi, etakchi va yo'naltiruvchi g'oyalardir. “Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʼgʼrisida”gi qonunga kiritilgan soʼnggi oʼzgartish va qoʼshimchalarga muvofiq, qonun 24-modda bilan toʼldirildi. Unga koʼra, Markaziy saylov komissiyasi oʼz faoliyatini oshkora amalga oshiradi. Komissiya majlislari ochiq oʼtkazilib, ularda siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilot va harakatlardan kuzatuvchilar hozir boʼlishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʼgʼrisida”gi qonunning 14-moddasiga asosan, butun saylov kampaniyasi keng oshkoralik asosida oʼtkaziladi. Har bir saylovchi saylov davomida saylov okruglari va uchastkalarini tuzishga, saylov komissiyalarining tarkibi, komissiyalar joylashgan manzil va ish vaqtiga, deputatlikka nomzodlarni roʼyxatga olish, ovoz berish va saylov yakunlariga doir axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Tegishli saylov komissiyalarining saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalarining tarkibi toʼgʼrisidagi, shuningdek deputatlikka nomzodlarni roʼyxatga olish, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi qarorlari matbuotda eʼlon qilinadi. O‘zbekiston katta siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga o‘tkaziladigan saylovlar arafasida turibdi. Saylovlar mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri o‘zgardi. Siyosiy ong va madaniyat o‘sib borayotgani, jamiyatda demokratiya, ochiqlik va oshkoralik ta’minlanayotgani yangi saylovlarda yana bir bor namoyon bo‘lishi shubhasiz. Ta’kidlash kerakki, bu yilgi saylovlar yaqinda qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi. Ushbu hujjatda saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora o‘tkazishga xizmat qiladigan o‘ttizdan ortiq yangi norma va qoidalar o‘z aksini topgan. Ilgari amalda bo‘lgan ko‘plab cheklovlar chiqarib tashlandi. Bo‘lajak saylovlardagi har bir ovoz e’tiborga olinadi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi. Saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng ta’minlanadi. Muhim siyosiy voqelikka “Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar” degan shior tanlangani bejiz emas. O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi fuqarolik jamiyati institutlarining, xususan, mahallalarning saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi rolini sezilarli darajada kuchaytirdi. Saylov kodeksi saylovlar ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda har bir fuqaro va tashkilotning rolini oshirishga xizmat qilishini alohida qayd etish zarur. Avvalgi qonun-qoidalarga ko‘ra sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi va saylovda qatnashishi mumkin emas edi. Kodeksda ularning saylanishi mumkin emasligiga oid norma qoldirilib, “saylovda qatnashmaydilar” degan jumla chiqarib tashlandi. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgani uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, ya’ni saylash huquqi vujudga keldi. Ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishiga doir tartiblar Kodeksning 10 va 27-moddalarida belgilab qo‘yildi. Imkoniyati cheklangan shaxslarning saylovga oid konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash maqsadida Kodeksning 31-moddasida saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkinligi, 49-moddasida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish mahalliy davlat hokimiyati organlarining zimmasiga yuklatilishi, 50-moddasida ovoz berish xonalari yorug‘ va keng bo‘lishi, alohida kirish va chiqish joyi bo‘lishi, shuningdek, ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yo‘lkalar nazarda tutilgan bo‘lishi lozimligi qayd etilgan. Ilgari mahalladan kuzatuvchilar faqat xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovidagina ishtirok etishi nazarda tutilgan edi. Endi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar barcha saylovlarda qatnashishi mumkinligi belgilandi. Bu saylovlar ustidan fuqarolik kuzatuvini, shaffoflikni ta’minlashga, saylov jarayoniga jamoatchilik ishonchi oshishiga omil bo‘lib xizmat qiladi. Avval uchastka saylov komissiyalarining a’zolari jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan tayinlanadi, deb belgilab qo‘yish bilan cheklanilgan bo‘lsa, endi Kodeksning 23-moddasiga asosan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilishi mustahkamlab qo‘yildi. Bundan tashqari, Saylov kodeksining 14-moddasida Markaziy saylov komissiyasi jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hisobоtlarini tinglaydi va 15-moddada ularning Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishlarida ishtirok etishini ta’minlaydi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston qonunchiligida fuqarolar va jamoat birlashmalarining saylovlarni kuzatish huquqi kafolatlangan. Kuzatuvning maqsadi – saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan, saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat. Bu esa fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi imkoniyatlarini yanada oshirishga, vakillik organlari faoliyatini kengaytirish orqali davlat hokimiyatiga ta’sirini kuchaytirishga, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ayon bo‘lyaptiki, respublikamizning har bir fuqarosi, shuningdek, har bir tashkilot saylovlarning ochiq-oshkoraligi va shaffofligi ta’minlanishiga muayyan hissa qo‘shishi uchun huquqiy asos yaratildi. Fuqarolar ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, yangi parlament va yangi mahalliy kengashlarni shakllantirishda faol qatnashishlariga ishonchimiz komil. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunni amaliyotga tatbiq etish demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu qonun qoidalarini samarali amaliyotga tatbiq etish maqsadida mamlakat Hukumati tomonidan 2015 yil 6 noyabrda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qoidalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida”gi qarori va uning asosida tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralik prinsipini amaliyotga tatbiq etishning yangi meхanizmini belgilab berdi, deyish mumkin. Ushbu qaror asosida tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlarga asosan yaqin vaqt ichida tegishli nizom va yoʻriqnomalar ishlab chiqildi. Shu bilan birga yangi qabul qilinayotgan qonunlar ham maqsad va vazifasiga koʻra bir-birini toʻldirib borayotganligini aytib oʻtish joiz. Masalan, 2015 yili “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritilib unga muvofiq, hokimning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini хalq deputatlari Kengashi tomonidan eshitish boʻyicha alohida qoida kiritildi. Shu bilan birga, “Davlat хokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash usullari berilgan. Lekin ochiqlikni ta’minlash usuli sifatida jamoatchilik Kengashi faoliyati aks ettirilmagan. Shu sababli qonunning ushbu moddasiga “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qoshida jamoatchilik maslahat kengashlarini shakllantirish” normasini kiritish zarur deb hisoblaymiz. bunda barcha davlat organlarida fuqarolar murojaatini tezkor qabul qilish maqsadida “ishonch telefonlari”joriy etilgan va ular oʻz samarasini bermoqda. Lekin qonunchiligimizda ushbu “ishonch telefonlari”ning faoliyatini tartibga soluvchi tashkiliy-teхnik qoidalarni belgilovchi normalar mavjud emas. Shu sababli ushbu qoidalarni qonunchilik bilan mustahkamlash maqsadga muvofiq boʻlar edi (“Jismoniy va yuridik shaхslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish). Yana bir masala, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga koʻra, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaхslar belgilangan tartibda javobgar boʻlishi normasi berilgan. Biroq, qonunchilikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunni buzganlik uchun javobgarlik boʻyicha huquqiy meхanizm mavjud emas. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilishi nazarda tutilmoqda. Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, qonun qoidalarini amaliyotga tatbiq etish borasida olib borilayotgan tahlillar, ba’zi davlat organlarida rahbar yoki biz koʻrib chiqayotgan masalaga mas’ul shaхslarning oʻzlari qonun talablaridan yetarli darajada хabardor emasligini koʻrsatmoqda. Muхtasar qilib aytganda, yuqorida keltirib oʻtilgan masalalarni bartaraf etish “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amaliyotga tatbiq etish samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni kuchaytirishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilayotgan qarorlari boʻyicha mas’uliyatini oshirish shuningdek, aхborot sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga хizmat qiladi. Baʼzida jamoatchilik uchun balandparvoz boʼlib koʼringan soʼzlar aslida hayotdagi oltin qoidalardan biri boʼlishi shart. Masalan, oshkoralik. Bu holat sudda ish koʼrish uchun eng muhim printsipdir. Koʼpincha fuqarolarning qonunlarni bilmasligi hayotda “depsinish” hollariga olib keladi. Huquq va majburiyatlarni bilmaslik tufayli goʼyo haqiqatni aytish uchun hech bir “eshik” ochilmaydi, minbar topilmaydi. Bu borada birinchi galda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirzieyoning soʼzlariga eʼtibor berish kifoya. Yurt rahbari davlat siyosatining asosiy yoʼnalishiga “Oshkoralik va soʼz erkinligi – bu davr talabi, bu – Oʼzbekistondagi islohotlarning talabi ” deya taʼrif berganlar. Аslida oshkoralik bu odil sudlovning demokratik protsessual shakli hisoblanib, qonuniylikni amalga oshirish hamda protsess ishtirokchilarining huquqlarini roʼyobga chiqarishda muhim yuridik kafolat vazifasini bajaradi. Toʼgʼrisi, sud hokimiyatining uchinchi mustaqil hokimiyat sifatida namoyon boʼlishida oshkoralikni oʼrni muhim. Qachonki, sudda ishlar oshkora koʼrilar ekan, xalq bu tizimni uchinchi xokimiyat deb tan oladi. Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 10-moddasida, har bir inson oʼz huquq va majburiyatlarini aniqlab olish uchun ishlarni oshkora koʼrilishini talab qilishga haqli ekanligi belgilangan. Mazkur yuridik kafolat sud muhokamasining oshkoraligi printsipi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasi, “Sudlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 7-moddasi, shuningdek protsessual qonunchiliklarda bevosita mustahkamlangan. Umumiy qoidaga koʼra, barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora oʼtkaziladi. Maʼmuriy sud ishlarini yuritishda davlat sirini yoki qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirni saqlash zarur boʼlgan taqdirda, ishni yopiq sud majlisida eshitishga yoʼl qoʼyiladi. Sudda ish koʼrishning oshkoraligi insonlarning sud hokimiyatiga boʼlgan ishonchini mustahkamlaydi, oshkora koʼrilgan ishlarning ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishi jamiyat tomonidan sud faoliyatining xalq nazoratiga olinishini taʼminlaydi va tarbiyaviy ahamiyatga ega. Yana mazkur tamoyil sud qarorlarining asosli va qonuniy qabul qilinishini kafolatlaydi. Sud muhokamasining oshkoraligi bir tomondan, sud ish yurituvining demokratikligi belgisi boʼlsa, ikkinchi tomondan sudda konstitutsiyaviy tamoyillarga rioya etilishi ustidan aholining nazorat usuli hamdir. Demokratik institutlarni shakllantirish va sud hokimiyatining uchinchi mustaqil hokimiyat sifatida namoyon boʼlishining asosiy muhim shartlaridan biri sud tizimining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashdan iboratdir . Sud hokimiyatining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi oshkoralik printsipini amalga oshirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Oʼzbekiston Respublikasida soʼngi uch yil davomida sudlar faoliyatiga oshkoralikni taʼminlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi. Birinchidan, har bir sudьya tomonidan koʼriladigan jami ishlarning kamida 30 foizini sayyor sud majlislarida koʼrish tizimi joriy etildi. Ikkinchidan, jamoatchilikni sudlar faoliyati toʼgʼrisida xabardor etish maqsadida viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislari har chorakda fuqarolar huquq va erkinliklarini, shuningdek, korxona, muassasa va tashkilotlar huquqlari va qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishi holati yuzasidan tegishli davlat vakillik organiga maʼlumot taqdim etishlari zarur. Uchinchidan, oyida kamida bir marta sudьyalarning joylarda aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etishlari lozimligi belgilandi. Bundan tashqari, sudlar va ommaviy axborot vositalarining hamkorligini yanada mustahkamlash, faoliyatini jamoatchilikka tanishtirish maqsadida har chorakda brifinglar oʼtkazish amaliyoti joriy qilindi. Sudlar faoliyatiga doir axborotlarni internet tarmogʼida joylashtirilishi va sud jarayonlarining onlayn tarnslyatsiya qilinishi tizimda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashda chindan muhim qadam va yangilik boʼldi. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʼgʼrisida”gi Qarori jamoatchilikni, xususan, ommaviy axborot vositalarining sud faoliyatini yoritishdagi ishtirokini tartibga solishi ahamiyatga molik. Biroq, amalga oshirilgan chora-tadbirlar sud tizimida ochiqlik va shaffoflikni toʼliq taʼminlash va uni roʼyobga chiqarishda hali ham ayrim muammolar mavjudligini koʼrsatmoqda. Oxirgi vaqtlarda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda matbuot xizmatining mavjud emasligi ularning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yetarli darajada va samarali olib borishga toʼsqinlik qilayotgan edi. Biroq, sud tizimida amalga oshirilgan islohatlar natijasida 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab sudlarning jamoatchilik bilan doimiy aloqada boʼlishni taʼminlash maqsadida oʼrta boʼgʼin sudlarida matbuot xizmati lavozimlari joriy etildi. Konstitutsiyaviy qoidaga koʼra ham, sudga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yoʼl qoʼyilmaydi. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasiga koʼra, har kim oʼzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyatiga doir axborotni olish maʼmuriy sud ishlarini yuritish vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishi va sudlov faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga olib kelmasligi lozim, chunki Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasiga koʼra, sudьyalar mustaqildirlar va faqat qonunga boʼysunadilar. Ommaviy axborot vositalari muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda taʼsir etishga (bosim oʼtkazishga) haqli emas. Аmmo, amaliyotda koʼrib turganimizdek, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar tomonidan hali-hamon amaldagi qonunlar va tartiblarlarga rioya qilinmay sudlar mustaqilligiga daxl qiluvchi, sudga nisbatan bosim oʼtkazishga qaratilgan harakatlar hali-hamon sodir boʼlmoqda. Ommaviy axborot vositalari vakillari Oʼzbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari toʼgʼrisida”gi Qonunning 6-moddasiga koʼra, sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yoʼl bilan taʼsir koʼrsatish taqiqlanadi. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʼgʼrisida”gi Qarorga koʼra, xatto sudьya sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish boʼyicha intervьyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas. Аlbatta, sud muhokamasi oshkoraligi protsess ishtirokchisi boʼlmagan shaxslarga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillariga sud majlisida qatnashish imkoniyati berilishi bilan taʼminlanadi. Biroq, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish boʼyicha maʼlumotlar olish maqsadida qatnashishi maʼlumot olishning qonuniy yoʼli ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslarga koʼra, sud majlisi zaliga kirishiga toʼsqinlik qilishga yoʼl qoʼyilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining sud majlislarida ishtiroki masalalari barcha mamlakatlarda, xususan Rossiya Federatsiyasi hududida ham olimlar tomonidan munozaralarga sabab boʼlgan. Olimlar ommaviy axborot vositalarining sudlarda ishtiroki oshkoralik printsipini taʼminlovchi asosiy jihat ekanligini taʼkidlash bilan birga, ularning ish yuzasidan sudga yoki ishda ishtirok eʼtuvchi shaxslarga nisbatan qandaydir bosim vujudga keltirishi mumkinligini inkor etishmaydi. Huquqshuknos olim А.G. Rixterning fikriga koʼra, sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki oshkoralikni taʼminlashda ijobiy boʼlsa-da, biroq ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan sud majlisini televidenie yoki radioda chiqarish uchun audio yoki videoyozuvlarga olishi protsess ishtirokchilarining majlisda erkin tortishuvga kirishishiga, ularning oʼz fikrlarini erkin bildirishiga, shu bilan birga sudьyalarning oʼz professional bilimlarini toʼliq qoʼllashiga salbiy taʼsir etmay qoʼymaydi. . Bunday sharoitda sud ishni olib borishda yoki qaror qabul qilishda xato qilishi mumkinligini inkor etmaydi. Demak-ki, ommaviy axborot vositalarining protsessdagi harakatlari natijasi sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligiga oʼzining salbiy taʼsirini koʼrsatadi. Shu sababdan ham sud majlislarida koʼp holatlarda ishtirokchilarning yoki qarama-qarshi manfatdagilar tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokiga rozilik bermasligi tufayli mazkur holatda sud tomonidan ishni ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokisiz olib borish toʼgʼrisida xulosaga kelishiga sabab boʼlmoqda. Oʼz navbatida esa, mazkur vaziyat ommaviy axborot vositalari vakillarining norozichiligiga olib kelmoqda. Barcha sud ishlarini yuritishda protsessual qonunlarda ish muhokamasi toʼliq yoki qisman yopiq sud majlisida oʼtkazilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʼra, yoʼl qoʼyiladi (FPK 12-moddasi ikkinchi qismi, JPK 19-moddasi birinchi, uchinchi, toʼrtinchi, beshinchi qismlari, IPK 11-moddasi ikkinchi qismi, MSIYutK 13-moddasi ikkinchi qismi). Qonunchilikka koʼra, ish muhokamasini yopiq sud majlisida oʼtkazish toʼgʼrisida sud asoslantirilgan ajrim chiqaradi va unda protsess ishtirokchilari boʼlmagan shaxslarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisi zaliga erkin kirishiga toʼsqinlik qiladigan aniq holatlar koʼrsatilishi kerak. Ishlar yopiq sud majlisida muhokama qilinishi toʼgʼrisidagi maʼlumot hamma uchun ochiq boʼlishi lozim. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida oʼtkazilishi haqida sud majlisi bayonnomasida va ish boʼyicha qabul qilingan sud hujjatining kirish qismida ham koʼrsatiladi. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida oʼtkazilishi toʼgʼrisidagi ajrim eʼlon qilingunga qadar protsess ishtirokchilari boʼlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilishi mumkin emas. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida oʼtkazilishi toʼgʼrisidagi qaror ishni sud muhokamasiga tayinlash chogʼida qabul qilingan hollarda, protsess ishtirokchilari boʼlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga kiritilmaydi . Ish muhokamasini yopiq sud majlisida oʼtkazish haqidagi ajrim eʼlon qilinganidan soʼng protsess ishtirokchilari boʼlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilib, bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi. Аgar sud tomonidan jinoyat ishining muayyan qismi yopiq sud majlisida muhokama qilinishi toʼgʼrisida qaror qabul qilinsa, protsess ishtirokchisi boʼlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisining shu qismiga kiritilmaydi. Mazkur qoida amaldagi qonunchilikka Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʼgʼrisidagi xalqaro Paktning 14-moddasi da hamda Insonning asosiy huquq va erkinliklari toʼgʼrisidagi xalqaro Konventsiyaning 6-moddasi da belgilangan normalardan implimentatsiya qilingan. Yopiq sud majlisini videokonferentsaloqa rejimida oʼtkazishga yoʼl qoʼyilmaydi, bunday majlisda audio- va videoyozuv amalga oshirilmaydi. Yopiq sud majlisi oʼtkazilganda ishni elektron tarzda shakllantirishga yoʼl qoʼyilmaydi. Аgar maʼmuriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ishda davlat siriga va qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirga oid maʼlumotlar mavjud boʼlsa sud ishni yopiq sud majlisida koʼrib chiqishi belgilangan. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan davlat siriga va qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirga oid maʼlumotlar maʼqul boʼlib qolsa-da, ularni oshkor qilishi qonun bilan taqiqlanadi . Protsess ishtirokchisining iltimosnomasiga binoan, maʼmuriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ishni yopiq sud majlisida koʼrib chiqishga haqli MSIYutK 13-moddasi ikkinchi qismi). Bunda sud muhokamasi yopiq sud majlisida oʼtkazilishi toʼgʼrisidagi iltimosnoma nafaqat oʼz shaxsiy manfaatlari borasida iltimosnoma kiritayotgan shaxs va (yoki) uning vakili tomonidan, balki boshqa shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vakolati berilgan shaxslar (masalan, prokuror) tomonidan ham berilishi mumkin. Davlat sirini va qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida ishning yopiq sud majlisida muhokama qilinishiga, faqat Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash toʼgʼrisida”gi Qonuniga muvofiq ishda davlat siri va qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirga oid maʼlumotlar mavjud boʼlganda yoʼl qoʼyiladi. MSIYutKga koʼra, ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilishga maʼmuriy ishni koʼrish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan yoʼl qoʼyiladi .Biroq, sud ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning toʼgʼriligi, haqqoniyligi, xolisligi va ishonchliligi uchun javobgarlik haqida ogohlantirishi lozim. Protsess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi. Sud majlisi zalida hozir boʼlganlar har qanday ish boʼyicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, audioyozuv olib borishlari mumkin. Qayd etishni amalga oshirayotgan shaxslar harakati sud majlisi tartibiga xalaqit bermasligi lozim . Ishda ishtirok etayotgan va uning borishini qayd etish huquqidan foydalanayotgan shaxslar tomonidan bu huquqning suiisteʼmol qilinishi sud majlisi tartibini buzish hisoblanadi. Bunday holda sud aybdor shaxslarga nisbatan protsessual qonunda nazarda tutilgan taʼsir choralarini qoʼllashga haqli. Sud majlisida qatnashish uchun kelgan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud binosiga kirishi sudning ichki faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar bilan oʼrnatilgan qoidalarga qatʼiy rioya qilingan holda taʼminlanishi lozim. Shu munosabat bilan sudlar ushbu hujjatlar bilan sud binosiga kirish joyida tanishish imkoniyatini taʼminlashlari zarur. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, chet davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga ular Oʼzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligi toʼgʼrisida hujjat taqdim etgan taqdirda kiritiladilar. Protsessual qonun talablariga muvofiq ishlarni koʼrish natijasi boʼyicha qabul qilingan sud hujjatlari, sud muhokamasi ochiq yoki yopiq tarzda oʼtkazilishidan qatʼi nazar, oshkora eʼlon qilinadi (MSIYutKning 13-moddasi 5-qismi). Mazkur qoida, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʼgʼrisidagi xalqaro Paktning 14-moddasida, hamda Insonning asosiy huquq va erkinliklari toʼgʼrisidagi xalqaro Konventsiyaning 6-moddasida ham sud qarorlari oshkora eʼlon qilinishi lozimligi toʼgʼrisidagi qoidalar belgilangan. Fuqarolik protsessual qonunchilikda Maʼmuriy sud ishlarini yuritishdan farqli ravishda yuqoridagi qoidaga nisbatan istisno mavjud. Masalan, voyaga yetmagan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tegishli yopiq sud majlisida koʼrilgan fuqarolik ishi boʼyicha sud qarori (masalan, farzandlikka olish haqidagi) oshkora eʼlon qilinmaydi. Bundan tashqari, oshkoralikning yana bir koʼrinishi bu sudlar faoliyati toʼgʼrisidagi axborotning ochiqligidir. Sudlar faoliyatiga oid axborotlar umumfoydalanish uchun ochiq hisoblanadi, axborotdan foydalanish qonun bilan cheklangan hollar bundan mustasno (Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida”gi Qonuni 6-moddasi). Foydalanilishi cheklab qoʼyilgan axborotga, jumladan, quyidagilar kiradi: davlat sirlariga doir, (Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash toʼgʼrisida”gi Qonuni 3, 5-moddalari); qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirga doir (masalan, farzandlikka olish siri) (Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 153-moddasi); shifokorlik siriga doir (Oʼzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʼligʼini saqlash toʼgʼrisida”gi Qonuni 25-moddasi beshinchi qismi, Oʼzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʼgʼrisida”gi Qonuni 19-moddasi); qonunga asosan foydalanish cheklangan boshqa axborotlar. Qonunga koʼra, sud axborotning muayyan qismi foydalanish uchun cheklanganligini sabab qilib, talab etilgan axborotni berishini rad qilishga haqli emas. Bunday holatda axborotning umumfoydalanish uchun ochiq qismi taqdim etiladi. Sudlar faoliyatiga doir maʼlumot foydalanuvchilarga ularning soʼroviga asosan, yaʼni ogʼzaki yoki yozma shaklda, shu jumladan, elektron hujjat koʼrinishidagi murojaatiga asosan taqdim etilishi mumkin. Internet tarmogʼi orqali sudga kelib tushgan soʼrovga, yaʼni elektron hujjat tarzidagi soʼrovga yozma soʼrovlarni rasmiylashtirishga nisbatan qoʼyiladigan talablar qoʼllaniladi. Ogʼzaki soʼrov boʼyicha sudlar faoliyatiga doir maxsus tekshirishni va izlashni talab etmaydigan axborot taqdim etilishi mumkin. Masalan, ogʼzaki soʼrovga asosan sud majlisi vaqti va joyi, ish koʼrilishi bosqichi va natijasi haqidagi, ish sudlovga tegishliligi boʼyicha yuborilganligi haqidagi axborot berilishi mumkin. Fuqarolar yoki ularning vakillari tomonidan soʼralgan maʼlumot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan yoki sudlarning Internet tarmogʼida rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan boʼlsa, sudlar ommaviy axborot vositasining nomi, sanasi va chiqish raqami hamda (yoki) rasmiy veb-saytning soʼralgan maʼlumot joylashtirilgan sahifasini koʼrsatish bilan cheklanishga haqli. Sudlar faoliyatiga doir axborot ayni vaqtda ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʼi orqali tarqatilmoqda. Internet tarmogʼida joylashtirilishi shart boʼlgan maʼlumotlar Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi toʼgʼrisida”gi Qonuni 5-moddasida keltirilgan roʼyxatdan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim. Rasmiy veb-saytlarida sud qarorlari matnlarini joylashtirish mumkin boʼlib, sud qarorlari matnidan davlat sirlari yoki boshqa qonun bilan qoʼriqlanadigan sirga doir maʼlumotlar chiqarilishi lozim. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari matni sudning rasmiy veb-saytida egasizlashtirilgan holda yoki protsess ishtirokchilari roziligi bilan toʼliq eʼlon qilinishi mumkin. Qonunga muvofiq eʼlon qilinishi talab etiladigan (masalan, normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini haqiqiy emas deb topish haqidagi), sud qarorlari matnlari sudlar rasmiy veb-saytlarida toʼliq hajmda joylashtiriladi. Xulosa Xulosa shuki, oshkoralik – odil sudlovning eng muhim printsipidir. Uning muhim jihatlari shundaki, u fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy mexanizmlaridan biri. Oshkoralik printsipi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning muhim shakli ham. U sud hokimiyatining uchinchi hokimiyat ekanligini isbotlovchi va ifodalovchi vosita. Eng muhimi oshkoralik – sud qarorlarining qonuniy va asosli chiqarilishini taʼminlovchi rechagdir. Qolaversa, oshkoralik sudlar faoliyatiga nisbatan xalqning ishonchini oshiradigan yagona vosita. Shu oʼrinda jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltiradigan yagona omildir. Xulosa sifatida yana shuni aytishim mukinki bu yoʻnalishdagi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishda qonunchilik tizimidagi islohotlar yuksak samara berayotir. Zero, har bir ish va harakatimiz kutilgan samara berishi uchun, avvalo, uning huquqiy va tashkiliy asosi mustahkam boʻlishi lozim. Shu maqsadda soʻnggi yillarda qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish yoʻnalishida erishilgan natijalar hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishda muhim omil boʻlayotganini alohida qayd etish joiz. Bu yoʻnalishda xorijiy va mahalliy ekspertlar bilan birgalikda mamlakatimiz tarixida ilk bor milliy qonunchilik bazasi yalpi xatlovdan oʻtkazildi. Eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, haddan tashqari tartibga solish yukini, byurokratik toʻsiq va gʻovlar hamda huquqni qoʻllash amaliyotida chalkashliklarni keltirib chiqarayotgan 7000 dan ortiq qonunchilik hujjati bekor qilindi. Davlat organlarining faoliyatini tartibga soluvchi hamda normativ-huquqiy hujjatlarni qonunchilik tarmoqlari boʻyicha qayta koʻrib chiqish orqali normativ-huquqiy baza keraksiz hujjatlardan tozalandi. Download 134.77 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling