Feoxromositoma. Katexolaminlar (adrenalin, noradrenalin) ishlab beradigan xromofin to‘qimadan neyroektodermal kelib chiqqan o‘sma bo‘lib, ko‘proq buyrak usti bezi miya qatlamidan rivojlanadi (90% hollarda). Feoxromositomani (paraganglioma) 10% hollarda buyrak usti bezidan tashqarida (aksariyat simpatik paraaoratal gangliyalarda, qovuqda, orqa ko‘ks oralig‘ida) joylashgani aniqlanadi. Yolg‘iz va ko‘p sonli, xavfsiz va xavfli bo‘lishi mumkin. Kasallik ko‘pincha katta yoshdagi erkaklarda uchraydi. Feoxromositomaning oilaviy tabiati to‘g‘risida ham ma'lumotlar bor.
Feoxromositomali bemorlarda kelib chiqadigan buzilishlar patogenezida katexolaminlar gipersekresiyasi va ularning umumiy qon oqimiga vaqti - vaqti bilan ko‘p mikdorda tushishi asosiy ahamiyatga ega. Kriz vaqtida katexolaminlar, xususan noradrenalin darajasi normadan bir necha o‘n barobar oshadi, ularning ortiqcha miqdori alfa va betta adrenoreseptorlarining qo‘zg‘alishini chaqiradi, bu esa arteriolalar darajasida yaqqol spazmga, umumiy periferik qarshilikning keskin ortishiga olib keladi, buning natijasida sistolik bosim ham, diastolik AQB ham oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |