24-modda. Mahsulotni fermer xo‘jaligi tomonidan realizatsiya qilish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Fermer xo‘jaligi o‘zi yetishtirayotgan mahsulotni realizatsiya qilish, shu jumladan davlat ehtiyojlari uchun realizatsiya qilish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar bilan xo‘jalik shartnomalari tuzish huquqiga ega. Shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda taraflar qonunchilikda yoki shartnomada belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(24-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunining V-bo‘limiga (“Shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik”) qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Fermer xo‘jaligi yetishtirayotgan mahsulotning eksportga yetkazib berilishi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(24-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
25-modda. Fermer xo‘jaliklarining birgalikdagi faoliyati
Fermer xo‘jaliklari ixtiyoriylik asosida birlashishi, mahsulot yetishtirish, xarid qilish, uni qayta ishlash va sotish, moddiy-texnika ta’minoti, qurilish, texnikaviy, suv xo‘jaligi, veterinariya, agrokimyo, maslahat berish yo‘sinidagi va boshqa xil xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha uyushmalar hamda boshqa birlashmalarga kirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Fermer xo‘jaliklarining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi majburiydir.
(25-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-apreldagi O‘RQ-533-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2019-y., 03/19/533/2885-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |