Denov tadbirkorlikva pedagogika instituti
QUYI ZARAFSHON VOHASIDAGI SHAHARLAR
Download 156.5 Kb.
|
zarafshon muhayyo
2.2 QUYI ZARAFSHON VOHASIDAGI SHAHARLAR.
Quyi Zarafshon vohasida ilk o’rta asrlar davriga tegishli Arbinjon, Dabusiya, Karmana, G’ijduvon kabi yirik, ijtimoiy-iqtisodiy shaharlari vujudga keldi. Ulardan biri Rabinjon Buyuk ipak yo’lida joylashgan Dabusiya qal’asining sharqidagi qadimiy shaharlardan biridir. Rabinjon ayrim manbalarda Arbinjon deb ham yuritiladi. U So’g’diyona davlati konfederatsiyasiga qarashli Rabinjon viloyatining ma’muriy va iqtisodiy markazi bo’lib, 100 gektardan ortiq maydonni tashkil etadi. Shahar to’rt tomondan qo’sh devor bilan o’rab olingan atrofida handaqlar qazilib suv bilan to’ldirilib qo’yilgan. Uch tomondan sarhovuzlari, bozorlari, rastalari mavjud bo’lgan. Shahristondan qadimiy Fay (Nahri poy) kanali o’tgan. Shahristondagi dastlabki mudofaa devori va inshootlar milodiy IV asrda paxsadan bino qilingan. Shahar keyinchalik So’g’dning tayanch shaharlaridan biriga aylanib, Somoniylar davrida yanada rivojlanadi. Hududdagi yana qadimiy shaharlardan biri Karmana bo’lib, arab tarixchilari asarlarida Karminiya ko’rinishida berilgan. Karmanaliklar o’ziga xos shahar madaniyatini yaratgan bo’lib, uning tarixi ham Samarqand, Buxoro, Qarshi shaharlarining tarixi kabi kam emas. Uzoq o’lkalardan chiqqan savdogarlar aynan ushbu shaharda joylashgan Raboti Malik karvonsaroyida qo’nib o’tishgan. Shahar o’zaro savdo va madaniy aloqalar bilan bog’laydigan markaz vazifasini ham bajargan2. V asr oxiri – VI asr boshlarida Varaxshada sug’orish tarmoqlari qayta tiklanib, Varaxsha va uning atroflari obod bo’ladi, gullab yashnaydi. Bu davrga kelib, shahar atrofi mustahkam mudofaa devor bilan o’rab olinadi, uning janubiy qismida esa Ark a’lo va qasr bunyod etiladi. Ana shu davrdan boshlab Varaxsha Buxoroning feodal hokimlari buxorxudotlarning asosiy qarorgohiga aylanadi. Varaxsha shahri va uning atroflarida yangi turarjoylar, bog’u rog’lar, sug’orish inshootlari, ekinzorlar barpo etilib, yanada obodonlashtirilgan3. O’rta asrlarda Buxoro O’rta Osiyoning eng yirik siyosiy va madaniy markazlaridan biri bo’lgan. X asrga kelib esa Somoniylar davlatining poytaxtiga aylangan. Buxoro Samarqanddan farqli ravishda hozirgi joylashgan o’rnida tarixiy davrlarda mavjud bo’lib kelgan. Shaharning rejasi shaharga bir necha marotaba ko’chmanchilar hujum qilishiga qaramasdan ming yillar davomida o’zgarmasdan qolgan. Somoniylar davrida Buxoroning ko’handiz, shahriston va rabot qismlari yagona shahar devori ichida joylashgan alohida maxsus shahar hududlarini tashkil etgan. Buxoro shahristonidan g’arbda yoki aniqrog’i Arkdan g’arb tomonda Somoniylar davri Registon deb atalgan maydonda hukmdor saroyi joylashgan. Arkdan g’arb tomonga qarab islomdan avvalgi paytdan boshlaboq, kichik saroylar qad rostlagan. Registonda buxorxudot saroyi Abul Hoshim al-Kinoniy saroyi joylashgan. Buxoroning me’morchiligi shahar qudrati bilan mos ravishda rivojlanib borgan. Dastlab arablar davrida shahar arkida joylashgan eski ibodatxona o’rnida masjid barpo etilib, keyingi xalifalar va Somoniylar davrida qal’a devorlari tashqarisida yangi masjidga asos solingan. Somoniy Nasr II tomonidan 943 yilda Registonda katta saroy va 10 ta devonxona binolari qurilgan4. Al-Muqaddasiy Buxoro va uniig atrofidagi qasabaga katta joy ajratadi, binolarining zichligi, arxitektura jihatidan mukammalligi nuqtai nazaridan uni Misrdagi Fustat bilan qiyoslaydi5. Ibn Battutaga Buxoroning u kelgan paytdagn ahvoli yoqmagan. U qahr bilan yozadi: “Bu shahar bir vaqtlar Jayhuning u sohilidagi shaharlarning eng ulug’i edi. La’nati mo’g’ul Tengiz (Chingiz) uni shu qadar xarob qilganki, masjidu madrasalar, bozorlar deyarlik bari vayrona bo’lib yotibdi. Odamlari shu qadar tahdirlanganki, johillikka, yolg’on da’volarga, munkirlikka yuz tutganlaridan Xorazm va boshqa yurtlarda ularning guvohligi tan olinmaydi. Hozir ular orasida bilim — fandan xabardor yo unga kiziquvchi biron kimsa yo’q”6 . Buxoro haqida butun Xuroson uchun boshqaruv idorasi Buxoroda joylashganligi, boshqa biror bir shahar aholi soni jihatidan unga teng kelolmasligini, Buxoro shahristonining Samarqand, Balx, Marvnikidan farqli ravishda yettita darvozasi bo’lganligini ta’kidlagan. Istaxriy va Narshaxiylarda shahar darvozalari nomlari Birinchi Bozor, ikkinchi Shahriston, uchinchisi Banu Sa’d, to’rtinchisi Banu Asad, beshinchisi Qo’rg’on, oltinchisi Haqq-roh, yettinchisi Yangi darvoza deb atalgan. Muqaddasiy buxoroliklar ipak va shoyidan libos kiyishini, oltin va kumush idishlarda ichimlik ichishini aytib o’tgan. Ilk o’rta asrlar davrida Buyuk ipak yo’li orqali borilgan keng ko’lamdagi iqtisodiy va madaniy aloqalar eftaliylar, Turk hoqonligi, Xitoy, Hindiston, Eron va Vizantiya bilan O’rta Osiyo qadimgi viloyatlari o’rtasidagi tarixiy-madaniy va savdo-sotiq jarayonlarining taraqqiy etishida muhim ahamiyatga ega bo’lgan edi. Bu jarayonda ilk o’rta asrlar davri So’g’d shaharlarining o’rni beqiyos bo’lgan. Janubiy So’g’ddagi ilk o’rta asrlar yirik ko’hna shaharlardan biri Qal’ai Zahoki Maron hisoblanadi. Ushbu shahar Qashqadaryoning quyi oqimi chap qirg’og’ida, Qarshi vohasida miloddan avvalgi II–I asr boshlarida asos solingan. Uning markazi saroydan iborat bo’lib, uch qatorli devor bilan o’rab olingan. Milodiy IV–V asrlar shaharning ikkinchi qurilish davri bo’lib, devorlarining ikki qatori va qal’a qayta quriladi. Quyi Qashqadaryo oqimlaridagi ilk o’rta asrlarda paydo bo’lgan yirik ko’hna shaharlardan biri Nasaf hisoblanadi. Bu ko’hna shahar arab va fors manbalarida Nasaf yoki Naqshab nomi bilan tilga olinadi va shaharning qal’a hamda ko’handizidan tashqari shahristoni, to’rt tarafda darvozasi ham bo’lganligi eslatib o’tiladi. Darg’om kanalining chap qirg’og’i, Afrosiyobning janubiy ostonasida joylashgan Kofirqal’a xarobalari ilk o’rta asrlarda yirik madaniy va savdo markazlaridan biri hisoblanadi. Ushbu ko’hna shahar milodning I–VIII asrlarida mavjud bo’lib, shahar aholisi asosan hunarmandchilik bilan shug’ullangan. Shahar uch qismdan ark, shahriston, rabotdan iborat bo’lib, himoya devorlari bilan o’ralgan kvadrat shaklidagi umumiy maydoni 16 gektarni tashkil etgan. So’g’dning yana bir ko’hna shaharlaridan biri hozirgi Buxoro shahri bo’lib, ushbu shahar va arki taxminan miloddan avvalgi VI asrning ikkinchi yarmida paydo bo’ladi va qo’rg’on devor bilan o’rab olinadi. Devorlar to’g’ri burchak shaklida bo’lib, taxminan 35 gektar maydonni egallagan. Miloddan avvalgi III–I asrlarda ark hududlari ya’ni 1–2 gektar maydon paxsadan qilingan devor bilan o’rab olinadi. Milodiy VI asrning ikkinchi yarmida esa ularning ustidan ikkinchi qator himoya devorlari bunyod etiladi. Bu davrda shahar ark, shahriston va shahar atrofidan iborat uch qismdan tshkil topadi. Somoniylar hukmronligi yillarida Samarqand Movorounnahrning iqtisodiy, madaniy va ilmiy markaz bo’lib qolaverdi. Arxeologlar Afrosiyobda X asr Somoniy hukmdorlarining hashamdor xonalari bo’lgan qasrlarini topganlar. Bu esa IX–X asrlarda Samarqand yana gullab- yashnagani, Movorounnahrning eng yirik savdo hunarmandchilik va madaniy markaziga aylandi va hududi kengaydi. XI asrda Samarqand Qoraxoniylar davlati qo’l ostiga mulk sifatida kirdi, keyin ushbu davlat G’arbiy tarmog’ining poytaxti bo’lib qoldi. Ana shu vaqtda shahar hayotida yangi bosqich boshlandi7. IX–XII asrlarda Samarqand Sharq madaniyatining yirik markazlaridan biriga aylandi. Bu davrda Eron, Iroq, Xurosondagi yirik shaharlari bilan madaniy aloqalar jadal rivojlandi. So’g’d zodagonlari Abbosiy xalifalarning eng obro’li a’yonlaridan, turk qo’shinlari esa uning tayanchi bo’lib qoldi. Avval Sosoniylar so’ng esa Qorahoniylar davrida ko’plab qurilish ishlari olib borildi. Samarqand hajm va aholisining soni jihatidan har doim Movorounnahrda birinchi shahar bo’lib qolavergan. Hattoki, Somoniylar davrida davlatning poytaxti Buxoro bo’lganda ham Samarqand yuqoridagi holatlar bo’yicha Buxorodan oldinda bo’lgan. Shahardagi binolar loy va yog’ochdan qurilib, aholisi chiroyli ekanligi, o’zlariga xarajat hamda hamxo’rlik qilishda sahiy bo’lganligini e’tirof etib, har jihatdan Movorounnahr shaharlaridan ustun turishi keltirilgan8. Istahriyning Samarqandga bergan ta’rifida, shahar qasrlari uning daraxtlari soyasida qolib ketganligi, bog’larining go’zalligi, hovuz suvlari jilvalanib aks etishini ta’riflagan. Shaharga suv maxsus qo’rg’oshin quvur Jo’yiarziz orqali keltiriladi. U Markaziy Ras ut toq bozori qubbalari ostidan shahar devori orqali o’tkazilgan bo’lib, yer osti suv o’tkazgich quvurlari bilan qasr va jom’e masjidiga olib borilishi haqida yozib qoldirgan. Ibn Havqal 960–970 yillar orasida Samarqandga kelganda shahar Movorounnahr nozik ta’b odamlari yig’ilgan joy bo’lib, ularning eng yaxshilari Samarqandda tarbiyalanganlar9. Shaharning sharqda Xitoy, g’arbda Navbahor, shimolda Buxoro, janubda Katta darvozalari bo’lib, ularning barcha balandda joylashgani keltirilgan10. Download 156.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling