Dissertatsiya
Download 94.92 Kb.
|
Munira
- Bu sahifa navigatsiya:
- BOB YUZASIDAN XULOSALAR
Nazar Eshonqul. Isteʼdodli yozuvchi Nazar Eshonqul 1962 yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Tersota qishlogʻida tugʻildi. 1979 yili oʻrta maktabni tugatib, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida (1981–1986) hamda shu universitet aspiranturasida (1986–1991) tahsil oldi. Shundan keyin Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida, “Yozuvchi” gazetasida, “Jahon adabiyoti” jurnalida ishladi. 1997 yildan buyon Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida faoliyat yuritib keladi.
Nasrimizning oʻtgan asr 80-90 yillaridagi yangilanish odatiy anʼanaviy yoʻldan birmuncha oʻzgacharoq kechdi, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Gʻarbda paydo boʻlgan adabiy oqimga oʻxshash sifatlar boʻy koʻrsatdi. Hozirgi nasrimizdagi mazkur ijodiy izlanishlar darhol adabiy jamoatchilik diqqatini tortdi. Bu hol oʻzbek nasrining tahlil hududi kengayib, tasvir qamrovining kengligi, shakli, mazmuni, maqsadi borasida yangi-yangi jihatlarni namoyon etdi. Xususan, obʼyektiv olam, voqea-hodisalar tasviri, qahramon xatti-harakatlari, uni oʻrab turgan muhit va sharoit, zamon va makon endi toʻgʻridan-toʻgʻri badiiy toʻqimaga aylantirilmay, ularning inson tasavvuri, shuuriga taʼsiri, qahramonning unga ongli munosabati badiiyatga aylantirildi. Endi kitobxon qahramon bilan emas, balki uning tafakkuri bilan muloqotga kirishadigan, uning tafakkur jarayoni bilan bahslashadigan boʻldi. Shu maʼnoda, Nazar Eshonqul oʻzbek nasriga, ayniqsa, hikoyachiligiga yangi ovoz, yangi ruh olib kirdi. U mana shu janrni Sharq va Gʻarb adabiyoti anʼanalari bilan uygʻunlashtirayotgan adiblardan biridir. Ilk asari – “Urush odamlari” qissasidan (1989) soʻng, “Ufq ortidagi quyosh”, “Maymun yetaklagan odam” (2004), “Shamolni tutib boʻlmaydi” (2005), “Momoqoʻshiq” (1991), “Yalpiz hidi” (1996), “Shaftoli guli” (2011) nomli kitoblari nashr qilingan.16 Adabiyotshunos U.Normatov taʼkidlaganidek: «Milliy adabiyotdagi har bir ijodiy hodisaning sababini tashqi omillardan emas, avvalo shu milliy zaminning o‘zidan, real voqelikdan, zamona ehtiyojlaridan izlamoq darkor... Bu tamoyillar ayniqsa Nazar Eshonqul ijodida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Muallifning «Maymun yetaklagan odam» va «Muolaja» asarlaridan tortib «Bevaqt chalingan bong», «Istilo», «Tobut» hikoyalarigacha - barchasi ifoda va talqin yo‘sini jihatidan o‘zbek adabiyotida yangi hodisa bo‘ldi». Nazar Eshonqul asarlarida ham ijodkorning o'ziga xosligi, hech kimnikiga o'xshamagan yo'li, asarlarida oddiy qishloq insonlarining hayotini tasvirlashdan tortib salmog'i Alber Kamyuning "Begona" romani darajasidagi absurd roman (Go'r o'gli yohud hayot suvi) gacha uchratishingiz mumkin. Yozuvchi ijodida dastlabki davrda oddiylik ko'zga tashlangan bo'lsa, keyinchalik uning asarlarida mavhumlik, o'quvchining tafakkur olamini tubdan o'stiradigan, uning ong ostiga ta'sir ko'rsata oladigan G'arb adabiy jarayonidan oziqlangan ajoyib hikoyalar, qissalar va roman ham paydo bo'ldi. Har bir davr o'zining yangi qarashlari va tamoyillarini yuzaga keltirishi tabiiy hol. Modern ruhidagi asarlarning yuzaga kelishi va oʼzbek adabiyotida xonakilashuv jarayoni davr mahsulidir. Toʼgʼri, modernizm umuman olganda, adabiyotda yangi yoʼnalish emas. U gʼarb adabiyotida allaqachondan beri mavjud. Lekin u oʼzbek adabiyotiga yangi tamoyildir. Jahon adabiyoti va taʼsirdorlik hozir biz yashab turgan dunyoning yalpi holati ekan, u ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga ta‟sir oʼtkazgani singari, badiiy adabiyotimiz, uning tur va janrlariga ham muayyan oʼzgarishlar, oʼzgacha ruh hamda yangi talqin va ohanglar olib kirmoqda. Quyida yangi davr oʼzbek hikoyachiligida sodir boʼlgan oʼzgarishlar, mustaqillik davri taʼsirida paydo boʼlgan yangi tamoyillar haqida soʼz yuritiladi. Jahon adabiyotidagi oʼzgarish va rivojlanish bizga ham oʼz taʼsirini koʻrsatdi. Chunki hech bir bir xalq, mamlakat yoki millat oʻz qobigʼiga oʼralib yashay olmasligi tarixdan maʼlum. Xuddi ana shu maʼnoda oʼzbek hikoyanavislari ham Gʼarb adabiyotidan taʼsirlanib, unga xos boʼlgan tasvir va ifoda tarzini turli usullar bilan adabiyotga olib kirdilar. Buning sababi tuzum siyosati va mafkurasiga borib taqaladi. Bizning adabiyotda modernizm mustaqillik arafasida shakllana boshladi. Mustaqillikdan soʼng ancha rivojlandi, turli xil bahslarga sabab boʼldi. Nasrda modernizm yoʼlini boshlab bergan va eng koʼp asarlar yozgan Nazar Eshonquldir. Yozuvchining ko'pchilik аsаrlаri qаtori hikoyаlаri hаm uning bolаligi o'tgan muhitgа borib hаm bog'lаnаdi, yoki umumiy holаtdа o'zbеk millаtining bosib o'tgаn hаyot yo'lining yaqqol dаlili sifаtidа hаm tаsаvvur qilish mumkin. "Yozuvchi ana shu birgina hikoyasi bilan umr shomini boshidan kechirayotgan katta bir tuzum ustidan o'zining badiiy hukmini o'qigan edi. Uning tili-tasviri beshafqat, ba'zan me'daga tegadigan darajada qora bo'yoqlarga boy, lekin ifodalar beshafqatligi, qora rangning quyuqligi zamirida bedod tuzum tufayli barbod bo'lgan umrga, umrlarga nisbatan rahm-shafqat to'la edi. Bir qarashda hikoya bir xil ohangda yozilganligi uchun ham zerikarli tuyuladi. Biroq uni tahlil qilish jarayoni bundan mustasno. Nazar Eshonqul hikoyalarining mazmun va mohiyatiga e'tibor bersak, ularda ko'proq tundlik, zulmat, qorong'ulik kabi holat tasvirlari juda ko'p uchraydi. "17 Yozuvchi asarlaridagi qahramonlarga xos milliylik, voqealarning sirli tarzda vositalar orqali, ba’zan sahna ortida imo-ishoralar bilan ko‘rsatilishi, eng asosiysi, asarlaridagi voqealar “men” tilidan hikoya qilinishi va doimo o‘zini-o‘zi taftish-u tahlil etib borishi, o‘z gunohlariga iqrorligi adabiyotdagi, nainki milliy mustaqillik davri o‘zbek hikoyachiligi, balki butunicha nasrimizdagi yangicha uslubiy yo‘nalish sifatida o‘rganishga sazovordir. Bu xususda yozuvchi Nazar Eshonqulning o‘zi shunday fikr bildiradi: “Adabiyot hech qachon yakka holda taraqqiy etgan emas. Bir insonni fikridan qaytarish yoki o‘z haqiqati bo‘lgan shaxsning qarashlarini o‘zgartirish oson emas. Chunki inson o‘z maslagidan voz kechishi, bosib o‘tgan yo‘lini, yashash tarzini inkor etishi, men adashibman, deya osongina tan olishi hazilakam gap emas. Bu qalb va iroda bilan kechadigan jarayon. Axir, umr davomida singdirilgan mafkurani yangilashning o‘zi bo‘lmaydi-da! Jahon adabiyoti dunyodagi yuzlab xalqlarning adabiyoti, shu jumladan bizning ham. U bizga begona adabiyot emas. Shuning uchun jahon adabiyoti tushunchasiga cho‘chib, xavotirlanib qarash noo‘rin. An’analar adabiyotdan adabiyotga o‘tadi. Kimda nimaga ehtiyoj bo‘lsa, o‘shani oladi. Men ham o‘z ehtiyojimga yarasha olganman. Kimga kerak bo‘lsa bizdan oladi. Men ta’sirni juda oddiy tushunaman, shu sababli cho‘chimayman. “Boshqacha yozish” agar o‘ziga xos yozish bo‘lsa, bu muqarrar hodisa. Agar u chiranish, oliftachilik bo‘lsa, u hech narsa, hatto taqlid ham emas. Taqlid ham taqlid qilinayotgan narsaga mos bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa u karnay bo‘laman deb chirangan surnayning holiga tushadi. Gap taqlid yoki ta’sirda emas: gap iste’dodda. Yozilgan asarda iste’dod seziladimi, yo‘qmi? Agar sezilsa, xavotir noo‘rin. U baribir ta’sir doirasini yorib chiqadi” Adib asarlari mantiqiy va ramziy jihatdan bir -birini davom ettirib keladi. "Maymun yetaklagan odam" hikoyasining ramziy ma'nodagi davomi sifatida "Tobut" hikoyasi. Xuddi shunday "Xaroba shahar surati" nomli hikoya esa "Tobut" hikoyasining mantiqiy davomidir. Ushbu davomiylikdan kelib chiqib aytish mumkinki, Nazar Eshonqul hikoyalarida va umuman ijodiyotida bir asarda boshlangan faryod ikkinchi bir asarda alanga olgan cho'g' kabi gʻalayon ko'taradi. "Nazarning barcha asarlarida qadimiy vazmin va ma'yus musiqa yanglig' saqlanib kelayotgan birdek tanish ohang kitobxonlarimizni ham ta'sirchan, sirli va mushohadakor o'ylarga toldiradi".18 Xurshid Abdurashid soʻzi bilan aytganda: "Nazar Eshonqul – o‘zbek adabiyotining kimyogari. U hech qachon tajriba qilishdan cho‘chimaydi. U – butun ijodiy umri tajribalar ustida o‘tayotgan yozuvchi. Uning laboratoriyasini o‘rganish kelgusi avlod uchun ham katta adabiy-ilmiy maktab bo‘lishi turgan gap. Nazar Eshonqul jamiyatdagi zohiran nosog‘lom, botinan qaraganda ichki ruhiy konfliktlar girdobida qolgan odamlarga tashxis qo‘yib yurgan shifokorga o‘xshaydi. Bugun inson ruhiyati og‘ir taloto‘plar orasida qolgan bir paytda bunday shifokorning borligi ruhiyat ozuqasi bo‘lmish adabiyot uchun nihoyatda zarurdir".19 I BOB YUZASIDAN XULOSALAR Ushbu bobimizda biz tarjima sohasida amalga oshirilgan ishlar va rivojlanishlar haqida soʻz yuritish barobarida bu soha rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan mohir tarjimonlar, taqdiqotchilar nomlarini amalga oshirgan ishlari bilan birgalikda keltirib oʻtdik. Shuningdek Kafkashunoslik maktabi jonkuyarlari, Frans Kafka va Uilyam Folkner asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishda jonbozlik koʻrsatgan Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Mirzaali Akbarov, Muhammadjon Xolbekov, Ahmad Otaboy, Erkin Ernazarov, Poshali Usmon, Vafo Fayzulloh va Ibrohim Gʻafurov kabi qalami oʻtkir tarjimonlarni ham e'tirof etishni lozim topdik. Bundan rashqari hikoyanavislik sohasidagi ishlar koʻlami xususida va jahon hikoyalari tarjimalarini oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilishda muhim roʻl oʻynayotgan "Jahon adabiyotix jurnalini ahmaiyati haqida soʻz boradi. Bobning ikkinchi qismida uchala adibimizni dunyoqarashi va asarlari falsafasiga doir maʼlumotlarni koʻplab manbalardan toʻplangan tarjimai holi, shaxsiyati va ijodiga doir faktlar asosida ochib berishga qaror qildik. Keltirilgan fikrlardan shu xulosaga kelishimiz mumkinki, Folkner taʼbiri bilan aytganda" ilhomni albatta yozuvchi atrofidan oladi". Atrofida sodir boʻlayotgan voqealar yozuvchini ijodga undaydi. Natijada Frans Kafkadek buyuk adiblar "yozmaslikni iloji yoʻqligidan " shunday buyuk asarlarni dunyoga keltiradilar. Albatta yozuvchilar shaxsiy hayoti, yashash tarzi, hayot haqidagi falsafalari asarlariga zamin yaratadi. Buni kichik detallarda ham koʻrishimiz mumkin. Nazar Eshonqul hikoyalarida oʻzi tugʻilgan qishloq Tersota nomini ishlatadi. Uilyam Folkner asarlarida ham vatani atrofidagi Jefferson, Karkasson kabi shaharlar nomini uchratishimiz mumkin. Ayniqsa Frans Kafka va Uilyam Folknerning ijodiy konsepsiyasini ochib berishda uning shaxsiyatiga aloqador maʻlumotlar juda qoʻl keldi. Kafkaning otasi bilan munosabatlari yomonligi hatto uning asarlarida ham aks etgan. Folkner asarlaridagi irqchilik va klassizm muammolari bevosita asar konsepsiyasiga taʼsir qilgan. Nazar Eshonqul asarlarida esa Sobiq ittifoq tuzumiga mutlaqo qarshilik butun ijodini chulgʻab olgan. Download 94.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling