Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
LEKSIKASI
Reja: 1. Hozirgi o‘zbek tili lug‘at tarkibining asosiy qatlamlari haqida ma’lumot. 2. O‘z qatlam va unda umumturkiy hamda o‘zbekcha so‘zlarning tutgan o‘rni. 3. Arabcha so‘zlar. 4. Forscha-tojikcha so‘zlar. 5. Ruscha-baynalmilal so‘zlar. Tayanch iboralar: tarixiylik jihatdan o‘zbek tili leksikasi, o‘z qatlam, umumturkiy so‘zlar, o‘zbekcha so‘zlar, arabcha so‘zlar, forscha-tojikcha so‘zlar, ruscha-baynalmilal so‘zlar, o‘zlashma so‘zlar, so‘z o‘zlashtirish, yangi paydo bo‘lgan so‘zlar. Topshiriq. Matnni o‘qing, ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning qaysi tilga tegishli ekanligini aniqlang. Tabib atamasining ma’nosi va tarixi borasida tarixiy va tibbiy adabiyotlarda ma’lumotlar ko‘p. Adabiyotlarda hakim atamasi ham uchraydi. Tabib so‘zining asosi arabcha tib bo‘lib, da’vo ma’nosida ishlatiladi. Hakim esa hikmat so‘zidan olingan bo‘lib, donishmandlik, donolik ma’nolarida qo‘llangan. Arab tilida salomatlikni asrash, davolash va dori-darmon bilan bog‘liq amaliyotni ifodalovchi so‘zga tabobat deyiladi. Turkiy tillarda tabib ma’nosini ifodalovchi otachi, emchi, atasag‘un so‘zlari bo‘lgan. Ulardan faqat emchi so‘zi iste’molda saqlanib qolgan. (X.Jumanazarov) Tilning eng muhim belgilaridan biri bu – so‘zlarni jamg‘arib borish vazifasi sanaladi. Har bir xalq, millat o‘zining lug‘at jamg‘armasiga ega. Bu jamg‘arma asrlar davomida shakllanib, taraqqiy topib boradi. Xalq hayotida ro‘y bergan barcha o‘zgarishlar aslida mana shu jamg‘armadagi so‘zlar orqali tarixga muhrlanadi. Masalan, kishi, inson, odam, shaxs; ko‘k, osmon, gardun, falak, samo, xalq, el, millat, budun; hisobchi, muhosib, buxgalter; muharrir, redaktor kabi so‘zlarni oladigan bo‘lsak, ularda xalqimiz bosib o‘tgan uzoq va mashaqqatli yo‘lning quvonchu alamlari aks-sado berib turgandek tuyuladi kishiga. Mazkur leksik birliklar tilimiz tarixining ma’lum bir bosqichlarida arab, fors-tojik, rus va boshqa tillardan o‘zlashtirib olingan. Tilda mavjud bo‘lgan barcha so‘zlarning yig‘indisi shu tilning lug‘at jamg‘armasi sanaladi. Mazkur jamg‘arma asrlar davomida to‘planib, sayqal topib, boyib boradi. U tilning qanday ahvolda ekanligini ko‘rsatib turuvchi o‘ziga xos barometr hisoblanadi. Lug‘at sostavi qancha boy va xilma-xil bo‘lsa, til ham shunchalik boy va taraqqiy topgan bo‘ladi. Dunyoda sof til yo‘q. Bundan o‘zbek ili ham mustasno emas. Hozirgi o‘zbek adabiy tilining lug‘at tarkibi quyidagi qatlamlardan iborat. I. O‘z qatlamga oid so‘zlar. U o‘z navbatida ikki guruhga bo‘linib ketadi: 1) umumturkiy so‘zlar; 2) o‘zbekcha so‘zlar. II. O‘zlashgan qatlam. 1. Arabcha so‘zlar. 2. Fors-tojik tilidan kirgan so‘zlar. 3. Ruscha-baynalmilal so‘zlar. Bulardan tashqari, tilimizda xalqimizga qo‘shni yoki o‘tmishda ota- bobolarimiz bilan yaqin aloqada bo‘lgan hind, xitoy, mo‘g‘ul kabi xalqlarning tillaridan kirgan so‘zlar ham uchraydi (but – hind tilidan, tuman – mo‘g‘ul tilidan, choy, lag‘mon, shiypon – xitoy tilidan va h.k.) I.1. Umumturkiy so‘zlar. Ko‘pchilik turkiy tillarda hozir ham ishlatiladigan, barcha turkiy tillar uchun umumiy bo‘lgan so‘zlar. Masalan: kishi, ot, qo‘l, oyoq, ko‘z, bir, ikki. . ., o‘n, bor, kel, ol, ur, yaxshi, to‘g‘ri. 2. O‘zbekcha so‘zlar. O‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti davomida yuzaga kelgan so‘zlar. Masalan: ishxona, ayacha, so‘roq, ulfatchilik, bog‘dorchilik. II. 1. Arab tilidan kirgan so‘zlar. Arabcha so‘zlar o‘zbek tiliga VII-VIII asrlardan boshlab o‘zlashdi. Bu hol arablarning shu davrda O‘rta Osiyoni zabt etishi bilan bog‘liq jarayon sanaladi. Hozirgi o‘zbek tilida arab tilidan kirgan tubandagi so‘zlar mavjud: kasb, kosib, qassob, san’at, sanoat, muassasa, asbob, xizmat, mehnat, bino, imorat, hovli, ovqat, g‘alla, asal, hayvon, fil, parranda, hasharot, odam, inson, ayol, oila, a’zo, amma, xola, avlod, sherik, dimog‘, me’da, ittifoq, millat, rais, idora, askar, xavf, hujum, marra, jasur va boshqalar. Arabcha so‘zlar, avvalo, ta’lim-tarbiya, odob-axloq, diniy tushunchalar orqali kirib kelgan bo‘lsa, (maktab, kitob, dars, qalam, mutolaa, davlat, haq, huquq, maorif kabi), ikkinchidan, eroniy tillar orqali o‘zlashgan. 2. Fors-tojik tilidan kirgan so‘zlar. O‘zbek tilining lug‘at sostavida bunday so‘zlar ancha ko‘p o‘rinni egallaydi. Hozirgi o‘zbek tilida tubandagi forscha-tojikcha so‘zlar bor: dasturxon, dazmol, xokandoz, barkash, obdasta, xum, chiroq, parda, gugurt, gilam, choyshab, poyandoz, paypoq, paytava, poshna, chok, astar, marjon, marvarid, zarbob, dog‘, charm, movut, chit, taxta, g‘isht, guvala, sarrov, sinch, xari, panjara, ustun, poydevor, paxsa, xoda, cho‘p, toqi, gumbaz, ohak, dahliz, dasta, reja, ship, rang, daricha, darvoza, deraza, zina, narvon, ohang, dutor, tanbur, nay, surnay, karnay, chang, g‘ijjak, rubob, doston, bazm va boshqalar. 3. XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyoning, jumladan, O‘zbekiston hududlarining Rossiyaga qo‘shib olinishi va sal kam 130 yil davomida o‘zbek xalqining mazkur mamlakat tarkibida yashagani tilimizda o‘z izini qoldirdi. Rus tilidan stol, stul, tok, ruchka, shkaf kabi so‘zlar o‘zlashdi. Rus tili orqali o‘zbek tiliga o‘zlashgan quyidagi lotincha so‘zlar hozirda ham tilimizda faol qo‘llanmoqda: respublika, nota, metall, refleks, gumanizm, rezina, general, geniy, imperator, imperializm, kapital, kandidat, kanal, konstitutsiya, plan, direktor, plan, direktor, radio va boshqalar. Quyidagi so‘zlar hozirgi italyan tilidan o‘zlashgan: benzin, gazeta, konsert, pianino, novella, temp, teatr, pomidor va hokazo. Shuningdek, tilmizda grek tilidan: grammatika, pedagog, parallel, talant, tezis, tema, kafedra, taktika, poema, poeziya, metr, ideya, neft va boshqalar; nemis tilidan: raketa, kran, front, shaxta, platskarta, rolik, politsiya, galstuk va boshqalar; ingliz tilidan: miting, chek, chempion, futbol, pijama, dollar, tank va boshqalar; fransuz tilidan: roman, revolyutsiya, evolyutsiya, palto, kostyum, shapka, marshal, serjant, ministr, reforma, bank, kompaniya, marshrut va boshqalar kabi leksemalar uchraydi. Respublikamiz o‘z mustaqilligiga erishgandan so‘ng tillararo munosabatlarda yangicha sifat bosqichiga qadam qo‘yildi. O‘zbek tili chet tillari bilan to‘g‘ridan- to‘g‘ri aloqaga kirisha boshladi va buning natijasida tilimizda spiker, briffing, kompyuter, diskovod, paynet, skaner, telegramm, fleshka, sayt, veb-sayt, monitoring kabi behisob leksik birliklar paydo bo‘ldi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling