Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
- 2-topshiriq.
8- bob. MORFEMIKA
39-§.MORFEMIKA VA MORFEMA HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT. MORFEMA VA UNING TURLARI. O‘ZAK MORFEMA Reja: 1. Morfemika (so‘z tarkibi) haqida umumiy ma’lumot. 2. Morfemalarning turlari. O‘zak morfema. 3. Ko‘makchi morfema va uning so‘z tarkibidagi tutgan o‘rni. Tayanch iboralar: morfema, so‘z tarkibi, o‘zak morfema, yetakchi morfema, asos, ko‘makchi morfema, tub ma’noli qism, agglyutinativ til. 1-topshiriq. Gapni o‘qing, tagiga chizilgan so‘zlarni morfemalarga ajratib, ularga izoh bering. Birovning yolg‘onchiligi mashhur bo‘lib qolgach, har qancha chin gapirsa ham, unga ishonmaydigan bo‘lib qoladilar. (Alisher Navoiy) 2-topshiriq. Lovullamoq, tinchliksevar, osoyishtalikka, limonzorga, baliqpazning, bahorgi, bolajonlardan so‘zlarini tarkibga ajrating, morfemalarga ta’rif bering. Alisher Navoiyda “Ma’dani inson guhari so‘zdurur, Gulshani odam samari so‘zdurur” degan ibora bor. Bu hozirgi tilimizda “So‘z insoniyatning qimmatbaho gavhar konidir, Odamizot chamanining mevasi ham so‘zdir” degan ma’noni bildiradi. So‘zning qudrati, inson hayotidagi betakror o‘rni shu bilan o‘lchanadiki, ular insonlarni bir-biriga bog‘laydi va muomala-munosabatlar jarayonida “ko‘prik” vazifasini o‘taydi. Bu jarayonda so‘zlovchi tildagi so‘zlardan keraklisini tanlab oladi va o‘z nutqida ishlatadi. Masalan, yurtimizda bo‘layotgan bugungi o‘zgarishlar haqida gapirgan inson bunyodkorlik, yaratuvchanlik, shaharsozlik, zamonaviy, uy-joy, qurmoq, barpo etmoq kabi so‘zlardan foydalanishi tabiiy. Mazkur so‘zlar ishtirokida “Yurtimizdagi har bir bino va inshoot zamonaviy shaharsozlik andozalari asosida bunyod etilmoqda” qabilida gap tuzib, undagi shaharsozlik so‘ziga e’tibor beraylik. Mazkur so‘z tilimizda shaharlik, shaharlar, shaharcha, shahri, shahrimizdan, shahrimizning, shahrimizga va hokazo shakllarda uchraydi. Ko‘rinadiki, shahar so‘zi so‘z yasovchi -lik, sintaktik shakl yasovchi -ning, lug‘aviy shakl yasovchi -cha qo‘shimchalari bilan birgalikda ishlatilishi mumkin. Nutq talabiga ko‘ra qo‘llanilayotgan qo‘shimcha o‘rnida boshqasini ishlatmoqchi bo‘lsak, meyor buziladi, gapda mantiqsizlik yuzaga keladi. Masalan, shaharsozlik so‘zi tarkibida kelayotgan -soz qo‘shimchasi o‘rnida -boz, -do‘z, -bon qo‘shimchalarini qo‘llab bo‘lmaydi: shaharbozlik, shahardo‘zlik, shaharbonlik kabi yoki uni bozlikshahar, do‘zshaharlik, likshaharbon ko‘rinishida qo‘llash sira mumkin emas. So‘zlash jarayoni muayyan lisoniy tizim – tilning o‘ziga xos ichki qonuniyatlari asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonda so‘zlarni tarkibiy qismlarga bo‘lish, asos va qo‘shimchalarni ajratish, ularning bir-biriga birikish qonuniyatlarini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, har bir so‘z tarkibiy qismlarga, ya’ni morfemalarga ajratiladi. Morfema yunoncha morphe – shakl so‘zidan olingan bo‘lib, o‘z ma’nosiga ega bo‘lgan, boshqa ma’noli qismlarga bo‘linmaydigan eng kichik til birligi sanaladi. Morfemalar haqidagi ta’limot morfemikada o‘rganiladi. Morfemalar yetakchi (asos) va ko‘makchi (qo‘shimcha) morfemalarga ajraladi. Masalan, kitob so‘zi asosida kitob+xon, kitob+xon+lik, kitob+ga, kitob+ning, kitob+se+var+lar, kitob+cha kabi so‘zlar hosil qilinadi. So‘zning tub ma’noli qismini bildirib, boshqa ma’noli qismlarga ajralmaydigan bo‘lakka asos deyiladi. Yuqoridagi so‘zlarning asosi kitob shakli sanaladi. Tilda so‘zlar asosan o‘zak shaklida uchraydi. Ilm, qalam, ish, tosh, uzum, mard kabi. Nutq talabi bilan ularga turli-tuman grammatik vositalar qo‘shiladi: ilmparvar, ilmsiz, ilmiy, ilmli, ilmga, ilmdan; qalamdon, qalamli, qalamsiz, qalamkash, qalamning; ishchi, ishsiz, beish, ishchan, ishsizlik; toshloq, toshli, toshcha, toshdan, toshni; uzumzor, uzumli, uzumni, uzumning, uzumga, mardlar, nomard, mardona, mardlarga kabi. Morfemik jihatdan o‘zak asosga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimchalar o‘zakka qo‘shilib, undan so‘ng ma’no tarmoqlanishi ro‘y beradi. Qalam – o‘quv quroli, qalamga – yo‘nalishni anglatmoqda, qalamdon – qalam solish uchun mo‘ljallangan quti, qalamkash – shaxs nomi va hokazo. Odatda, o‘zak (asos) qism o‘zgarmaydi, shu holaticha ma’no anglatadi. Tabiat, til, dor, gilam kabi. So‘zlarga qo‘shimcha qo‘shish bilan ma’no butunlay o‘zgarib ketadi: tabiatshunos, tilchi, dorboz, gilamdo‘z singari. Shunga ko‘ra o‘zak yetakchi qism (yetakchi morfema) deb ham yuritiladi. Solishtiring: o‘rinli, o‘rinsiz, o‘rindosh, o‘rindoshlik, noo‘rin, beo‘rin kabi. Qo‘shimchalarning asos qismga qo‘shilishi ketma-ketlik asosida ro‘y beradi. Avval so‘z yasovchi qo‘shimchalar, so‘ng lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimchalar, oxirida sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalar keladi: shahar+lik+lar+ga kabi. Bir asosdan yasalgan so‘zlarga asosdosh so‘zlar deyiladi. Bunga suv+chi, suv+chilik, ser+suv, suv+don, suv+siz, suv+siz+lik kabi so‘zlar bunga misol bo‘la oladi. Asosga qo‘shilib, unga leksik va grammatik ma’nolarni yuklab keladigan qismning umumiy nomiga ko‘makchi morfema deyiladi. O‘zbek tili agglyutinativ tillar sirasiga kirganligi bois qo‘shimchalar asosan asosdan so‘ng qo‘shilib keladi: boshliq, boshsiz, boshcha kabi. Ba’zi bir hollarda qo‘shimchalar asosdan oldin kelishi mumkin. No+xolis, no+qulay, ba+savlat, ba+davlat, ser+o‘t, ser+suv, be+farosat, be+xosiyat kabi. Asosga har ikki tomondan qo‘shimchalarning qo‘shilishi holatlari ham uchraydi: ser+suv+lik, no+mard+lik, ba+davlat+lik singari. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling