Djurabayeva Z. A. Ona tili


Download 1.49 Mb.
Pdf ko'rish
bet197/214
Sana05.01.2022
Hajmi1.49 Mb.
#225945
1   ...   193   194   195   196   197   198   199   200   ...   214
Bog'liq
66onatilipdf

8- bob. MORFEMIKA 
 
39-§.MORFEMIKA VA MORFEMA HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT. 
MORFEMA VA UNING TURLARI. O‘ZAK MORFEMA 
 
Reja: 
1. Morfemika (so‘z tarkibi) haqida umumiy ma’lumot. 
2. Morfemalarning turlari. O‘zak morfema. 
3. Ko‘makchi morfema va uning so‘z tarkibidagi tutgan o‘rni.  
 
Tayanch iboralar: morfema, so‘z tarkibi, o‘zak morfema, yetakchi morfema, 
asos, ko‘makchi morfema, tub ma’noli  qism, agglyutinativ til.   
 
1-topshiriq.  Gapni  o‘qing,  tagiga  chizilgan  so‘zlarni  morfemalarga  ajratib, 
ularga izoh bering. Birovning yolg‘onchiligi mashhur bo‘lib qolgach, har qancha 
chin gapirsa ham, unga ishonmaydigan bo‘lib qoladilar. (Alisher Navoiy)  
 
2-topshiriq. 
Lovullamoq, 
tinchliksevar, 
osoyishtalikka, 
limonzorga, 
baliqpazning,  bahorgi,  bolajonlardan  so‘zlarini  tarkibga  ajrating,  morfemalarga 
ta’rif bering.   
 
Alisher  Navoiyda  “Ma’dani  inson  guhari  so‘zdurur,  Gulshani  odam  samari 
so‘zdurur” degan ibora bor.  Bu hozirgi tilimizda “So‘z insoniyatning qimmatbaho 
gavhar  konidir,  Odamizot  chamanining  mevasi  ham  so‘zdir”  degan  ma’noni 
bildiradi. So‘zning qudrati, inson hayotidagi betakror o‘rni shu bilan o‘lchanadiki, 
ular insonlarni bir-biriga bog‘laydi va muomala-munosabatlar jarayonida “ko‘prik” 
vazifasini  o‘taydi.    Bu  jarayonda  so‘zlovchi  tildagi  so‘zlardan  keraklisini  tanlab 
oladi  va  o‘z  nutqida  ishlatadi.  Masalan,  yurtimizda  bo‘layotgan  bugungi 
o‘zgarishlar  haqida  gapirgan  inson  bunyodkorlik,  yaratuvchanlik,  shaharsozlik, 
zamonaviy,  uy-joy,  qurmoq,  barpo  etmoq  kabi  so‘zlardan  foydalanishi  tabiiy. 
Mazkur  so‘zlar  ishtirokida  “Yurtimizdagi  har  bir  bino  va  inshoot  zamonaviy 
shaharsozlik  andozalari  asosida  bunyod  etilmoqda”  qabilida  gap  tuzib,  undagi 
shaharsozlik  so‘ziga  e’tibor  beraylik.  Mazkur  so‘z  tilimizda  shaharlik,  shaharlar, 
shaharcha, shahri, shahrimizdan, shahrimizning, shahrimizga va hokazo shakllarda 
uchraydi.  Ko‘rinadiki,  shahar  so‘zi  so‘z  yasovchi  -lik,  sintaktik  shakl  yasovchi                 
-ning,  lug‘aviy  shakl  yasovchi  -cha  qo‘shimchalari  bilan  birgalikda  ishlatilishi 
mumkin.  Nutq  talabiga  ko‘ra  qo‘llanilayotgan  qo‘shimcha  o‘rnida  boshqasini 
ishlatmoqchi bo‘lsak, meyor buziladi, gapda mantiqsizlik yuzaga keladi. Masalan, 
shaharsozlik so‘zi tarkibida kelayotgan -soz qo‘shimchasi o‘rnida  -boz, -do‘z, -bon 
qo‘shimchalarini  qo‘llab  bo‘lmaydi:  shaharbozlik,  shahardo‘zlik,  shaharbonlik 
kabi  yoki  uni bozlikshahar, do‘zshaharlik,  likshaharbon ko‘rinishida qo‘llash  sira 
mumkin emas.   


So‘zlash  jarayoni  muayyan  lisoniy  tizim  –  tilning  o‘ziga  xos  ichki 
qonuniyatlari asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonda so‘zlarni tarkibiy qismlarga 
bo‘lish,  asos  va  qo‘shimchalarni  ajratish,  ularning  bir-biriga  birikish 
qonuniyatlarini aniqlash  muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, har bir so‘z tarkibiy 
qismlarga, ya’ni morfemalarga ajratiladi.  
Morfema  yunoncha  morphe  –  shakl    so‘zidan  olingan  bo‘lib,  o‘z  ma’nosiga 
ega  bo‘lgan,  boshqa  ma’noli  qismlarga  bo‘linmaydigan  eng  kichik  til  birligi 
sanaladi.  
Morfemalar haqidagi ta’limot morfemikada o‘rganiladi. Morfemalar yetakchi 
(asos)  va  ko‘makchi  (qo‘shimcha)  morfemalarga  ajraladi.  Masalan,  kitob  so‘zi 
asosida  kitob+xon,  kitob+xon+lik,  kitob+ga,  kitob+ning,  kitob+se+var+lar, 
kitob+cha kabi so‘zlar hosil qilinadi.  
So‘zning  tub  ma’noli  qismini  bildirib,  boshqa  ma’noli  qismlarga 
ajralmaydigan  bo‘lakka  asos  deyiladi.  Yuqoridagi  so‘zlarning  asosi  kitob  shakli 
sanaladi.   
Tilda  so‘zlar  asosan  o‘zak  shaklida  uchraydi.  Ilm,  qalam,  ish,  tosh,  uzum, 
mard  kabi.  Nutq  talabi  bilan  ularga  turli-tuman  grammatik  vositalar  qo‘shiladi: 
ilmparvar,  ilmsiz,  ilmiy,  ilmli,  ilmga,  ilmdan;  qalamdon,  qalamli,  qalamsiz, 
qalamkash,  qalamning;  ishchi,  ishsiz,  beish,  ishchan,  ishsizlik;  toshloq,  toshli, 
toshcha,  toshdan,  toshni;  uzumzor,  uzumli,  uzumni,  uzumning,  uzumga,  mardlar, 
nomard,  mardona,  mardlarga    kabi.      Morfemik  jihatdan  o‘zak  asosga  to‘g‘ri 
keladi.  Qo‘shimchalar  o‘zakka  qo‘shilib,  undan  so‘ng  ma’no  tarmoqlanishi  ro‘y 
beradi.  Qalam  –  o‘quv  quroli,  qalamga  –  yo‘nalishni  anglatmoqda,  qalamdon  – 
qalam  solish  uchun  mo‘ljallangan  quti,  qalamkash  –  shaxs  nomi  va  hokazo. 
Odatda, o‘zak (asos) qism o‘zgarmaydi, shu holaticha ma’no anglatadi. Tabiat, til, 
dor,  gilam  kabi.  So‘zlarga  qo‘shimcha  qo‘shish  bilan  ma’no  butunlay  o‘zgarib 
ketadi: tabiatshunos, tilchi, dorboz, gilamdo‘z singari. Shunga ko‘ra o‘zak yetakchi 
qism  (yetakchi  morfema)  deb  ham  yuritiladi.  Solishtiring:  o‘rinli,  o‘rinsiz, 
o‘rindosh,  o‘rindoshlik,  noo‘rin,  beo‘rin  kabi.  Qo‘shimchalarning  asos  qismga 
qo‘shilishi  ketma-ketlik  asosida  ro‘y  beradi.  Avval  so‘z  yasovchi  qo‘shimchalar, 
so‘ng  lug‘aviy  shakl  yasovchi  qo‘shimchalar,  oxirida  sintaktik  shakl  yasovchi 
qo‘shimchalar keladi: shahar+lik+lar+ga kabi.        
Bir  asosdan  yasalgan  so‘zlarga  asosdosh  so‘zlar  deyiladi.  Bunga  suv+chi, 
suv+chilik, ser+suv, suv+don, suv+siz, suv+siz+lik kabi so‘zlar bunga misol bo‘la 
oladi.  
Asosga  qo‘shilib,  unga  leksik  va  grammatik  ma’nolarni  yuklab  keladigan 
qismning umumiy nomiga ko‘makchi morfema deyiladi. 
O‘zbek  tili  agglyutinativ  tillar  sirasiga  kirganligi  bois  qo‘shimchalar  asosan 
asosdan so‘ng qo‘shilib keladi: boshliq, boshsiz, boshcha kabi.  Ba’zi bir hollarda 
qo‘shimchalar  asosdan  oldin  kelishi  mumkin.  No+xolis,  no+qulay,  ba+savlat, 
ba+davlat,  ser+o‘t,  ser+suv,  be+farosat,  be+xosiyat  kabi.    Asosga  har  ikki 
tomondan  qo‘shimchalarning  qo‘shilishi  holatlari  ham  uchraydi:  ser+suv+lik, 
no+mard+lik, ba+davlat+lik singari. 
 

Download 1.49 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   193   194   195   196   197   198   199   200   ...   214




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling