Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
Topshiriq. Alisher Navoiy ijodidan olingan she’rni o‘qing, unda ilgari surilgan g‘oya haqida suhbatlashing. So‘zlardagi unli va undosh tovushlarga e’tibor bering. To hirsu havas xirmani barbod o‘lmas, To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas, To zulmu sitam jonig‘a bedod o‘lmas, El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas. Olam murakkab ko‘rinishga ega. Uning boshlanish va tugash nuqtasi hech kimga ma’lum emas. Dunyodagi narsalar, voqea va hodisalar son-sanoqsiz va tuganmasdir. Ular ichida harakatlanishi, olamga ta’sir o‘tkazib, uni o‘zgartira olishi bilan INSON yagona jonzot sanaladi. Tabiatda insonga noma’lum bo‘lgan va har doim uni o‘ylantirib kelgan muammolar ko‘p. Shulardan biri til masalasidir. Boisi inson olamni tili vositasida his qiladi, o‘rganadi va biladi. Bu jarayon markaziy nerv sistemasiga tana, ta’m-maza, ko‘rish, eshitish kabi sezgi a’zolari yordamida uzatilgan axborot orqali amalga oshiriladi. Qizig‘i, bu kabi sezgi a’zolari boshqa jonzotlarda ham mavjud, ammo tirik mavjudodlarning eng oliy shakli sifatida inson ularda bor bo‘lmagan yana bir betakror va mo‘jizakor qo‘shimcha bilish vositasiga – nutqqa ham ega. Insonda kelayotgan ta’sirlarga javob qaytarish qobiliyati bor. Ilm-fanda bu xususiyatga birinchi va ikkinchi signal sistemasi deb qaraladi. Birinchi bilish vositalarini mashhur ruhshunos P. Pavlov birinchi signal sistemasi, keyingisini esa ikkinchi signal sistemasi deb nomlagan. Ikkinchi signal sistemasini namoyon etishda til muhim o‘rin tutadi. Til yaxlit bir butunlik sifatida o‘z ichida bir nechta tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi. Mazkur tarkibiy qismlarning poydevorida nutq tovushlari turadi. Shunga ko‘ra tilni o‘rganish, eng avvalo, nutq tovushlarini o‘rganishdan boshlanadi. Nutqimizni qismlarga ajratadigan bo‘lsak, uning oxirgi bo‘linish nuqtasi tovushlar bo‘ladi. Masalan, “Yoshlar jamiyatni harakatlantiruvchi asosiy kuchdir” jumlasi yoshlar, jamiyat, harakatlantiruvchi, asosiy, kuchdir so‘zlariga, bu so‘zlar, o‘z navbatida, yosh-lar ja-mi-yat-ni ha-ra-kat-lan-ti-ruv-chi a-so-siy kuch- dir bo‘g‘inlariga, bo‘g‘inlar esa yo-sh-l-a-r j-a-m-i-ya-t-n-i h-a-r-a-k-a-t-l-a-n-t-i- r-u-v-ch-i a-s-o-s-i-y k-u-ch-d-i-r singari tovushlarga bo‘linadi. Bo‘linishning oxirgi nuqtasi bo‘lgan va boshqa mayda bo‘laklarga bo‘lish mumkin bo‘lmagan nutq bo‘lagi (akustik-artikulyatsion birlik) tovush hisoblanadi. Inson o‘z aqli, tafakkuri, fikrlash qobiliyati bilan alohida ajralib turadi. Shuning uchun ham hazrat Alisher Navoiy bu haqda shunday deb yozgan edi: So‘z judo ayladi insonni hayvondin, Bilki, guhari sharifroq yo‘q ondin. Har bir inson o‘zi yashayotgan jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi sanaladi va mazkur jamiyatning o‘zidan boshqa a’zolari bilan muntazam aloqada bo‘ladi. Bu aloqa nutq tovushlari (yozma nutqda esa harflar ketma-ketligi) yordamida amalga oshiriladi. Aloqa jarayonida axborot uzatuvchi – so‘zlovchi, eshituvchi esa tinglovchi sanaladi. Tinglovchi olamdagi narsa va hodisaning umumlashgan obrazini so‘zlovchi uzatgan nutq tovushlari yordamida o‘zining miyasida tiklaydi va bunga munosib javob qaytara oladi. So‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi mazkur jarayon nutqiy faoliyat sanaladi. Nutqiy faoliyat insonlar o‘rtasidagi eng muhim aloqa vositasi sanalgan til orqali yuzaga chiqadi. Uning yozma ko‘rinishi ham mavjud. Shu o‘rinda til va nutqni farqlash lozim. Buni shveytsariyalik olim Ferdinand de Sossyur birinchilardan bo‘lib farqlagan va nutqiy faoliyatning til va nutq zidlanishi asosida amalga oshishini ta’kidlab ko‘rsatgan edi. Hali voqelanmagan imkoniyat tarzidagi, ma’lum jamiyat azolari uchun barobar xizmat qiluvchi ijtimoiy-ruhiy aloqa vositasi – til, shu tilning muayyan shaxs nutqiy faoliyatida bevosita namoyon bo‘lishi, voqelanishi nutqdir. Til va nutq umumiylik – xususiylik, imkoniyat – voqelik, mohiyat – hodisa tarzida bir-biriga zidlanadi va bunday zidlanish har bir til sathlariga xos birliklarda ham o‘z ifodasini topadi. Tilning fonologik (fonetik) sathining birligi fonema bo‘lsa, fonemaning real talaffuz qilingan, quloq bilan eshitilgan ko‘rinishi tovush yoki fon (allofon) hisoblanadi. Til belgilar sistemasi sifatida o‘z ichida bir qancha bo‘laklarga tarkibiy qismlarga ajraladi. Tilni material jihatidan ta’minlab turuvchi, uning tashqi tomonini gavdalantirib turuvchi eng muhim qismlairdan biri fonetikadir. Fonetika so‘z grekcha phone so‘zidan olingan bo‘lib, tovush degan ma’noni bildiradi va tilning tovush tizimini o‘rganadigan bo‘limi sanaladi. Avvalo, til tovushlari va nutq tovushlarini bir-biridan farqlamoq kerak. Til tovushlari fonologiyada, nutq tovushlari fonetikada o‘rganiladi. Nutq tovushlari, ularning bir-biriga zidlanishi, unli va undosh tovushlar, tovushlarning paydo bo‘lish qonuniyatlari, rivojlanishi, ularning kombinator va pozitsion o‘zgarishlari, bo‘g‘in va uning tuzilishi, urg‘u kabi hodisalar fonetikada o‘rganiladi. Nutq apparati, uni tashkil qiluvchi a’zolar ham shu bo‘limning o‘rganish obyekti sanaladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, fonetika tabiat va jamiyatdagi har qanday tovushlarni emas, balki ijtimoiy qiymatga ega bo‘lgan nutq tovushlarinigina o‘rganadi. Shu jihatdan mazkur bo‘lim ilm fanning bir qator tarmoqlari, chunonchi falsafa, biologiya, anatomiya, fizika, psixologiya bilan chambarchas bog‘liq holda yashaydi. Nutq tovushlari tildagi so‘zlarning tovush qobig‘i hisoblanadi. Ularni talaffuz etmay turib, shuningdek, eshitmasdan turib tevarak-olamdagi narsa-hodisalar haqida muayyan tushunchalarga ega bo‘la olmaymiz. Real narsalar va hodisalar tovush yoki tovushlar kompleksidan iborat bo‘lgan yaxlit obraz shaklida ongimizda qayta gavdalanadi. Muhimi, tovushlarning ketma- ketligi, o‘ziga xos ma’no zanjiri vositasida bizga axborot yetkazadi. Insonlar nutq tovushlari yordamida fikr berib, fikr oladilar. Fonetikada aynan mana shu hodisalar o‘rganiladi. Fonetika leksika va grammatikaning moddiy asosi, material tomoni sanaladi va tilning leksika, morfologiya, sintaksis kabi bo‘limlari bilan chambarchas aloqadadir. Shu bois, fonetikani yaxshi o‘zlashtirish boshqa bo‘limlarni ham bilib olish uchun yo‘l ochib beradi. Tilning tovush sistemasi ko‘p qirrali va murakkab hodisa sanaladi. Fonetikada tovushlar turli jihatdan bo‘yicha o‘rganiladi. Shunga asosan fonetikaning quyidagi bo‘limlari farqlanadi. 1. Umumiy fonetika. Bu bo‘limda fonetikaning umumiy tomonlari, nutq tovushlari, ularning hosil bo‘lishi, turlari, tovush o‘zgarishlari o‘rganiladi. 2. Tarixiy fonetika. Bu bo‘limda muayyan tilga xos bo‘lgan tovushlarning tarixiy taraqqiyot yo‘li o‘rganiladi. Tovushlarning kelib chiqishi tildan tilga o‘zlashish qonuniyatlari analiz qilinadi. Masalan, o‘zbek tilining dastlabki bosqichlari uchun “a” lashish hodisasi xarakterli hodisa sanalar edi. Keyinchalik fors-tojik tilining ta’sirida o‘zbek tilida “o” tovushi paydo bo‘ldi va u ona tilimizdagi singarmonizm hodisasining susayishiga birmuncha ta’sir ko‘rsatdi (ata-ota, bala-bola, bardim-bordim kabi). 3. Qiyosiy fonetika. Fonetikaning bu bo‘limida nutq tovushlari bir-biriga nisbatan qiyoslab o‘rganiladi. Bu jarayon uch ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. a) bir til ichidagi sheva va dialektlarga xos bo‘lgan nutq tovushlari bir-biriga solishtiriladi; b) qardosh tillarning tovush tizimi bir-biriga qiyoslab o‘rganiladi; v) turli sistemaga oid bo‘lgan tillardagi nutq tovushlari bir-biriga qiyoslanadi. 4. Tavsifiy fonetika. Bunda ma’lum bir tilga xos bo‘lgan fonetik tizim bugungi kun nuqtai nazaridan o‘rganiladi. Nutq tovushlariga sinxron aspektdan turib baho beriladi. 5. Eksperimental fonetika. Bu bo‘limda nutq tovushlari maxsus apparatlar, asboblar yordamida o‘rganiladi. Ularning tovush kuchi, qisqaligi va cho‘ziqligi, akustik xususiyatlari chuqur tekshiriladi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling