Djurabayeva Z. A. Ona tili
-§. ONA TILINING FONETIK VOSITALARI: NUTQ
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
10-§. ONA TILINING FONETIK VOSITALARI: NUTQ TOVUSHLARI, URG‘U, OHANG Reja: 1. Nutq tovushlari haqida ma’lumot. 2. Urg‘u va uning turlari. 3. Nutqda ohangning tutgan o‘rni. Tayanch iboralar: nutq tovushlari, urg‘u, so‘z urg‘usi, ma’no urg‘usi, ohang, ona tilining fonetik vositalari, segment birlik, ustsegment birlik. Topshiriq. Alisher Navoiy qalamiga mansub hikmatli so‘zlarni o‘qing. So‘zlarga tushayotgan urg‘ularga e’tibor bering. Ochiq chehrali odam ikkiyuzlamachilikdek nuqsondan yiroq bo‘ladi. Ochiq yuzidan xaloyiqqa xursandlik; chuchuk so‘zidan el-yurtga xurramlik. Odamiylik bilan ko‘ngillarga sevimli; insoniylik bilan jonlarga yoqimli. Undan do‘st-dushman xotirjam. Bunday kishi umridan baraka topgay. Tabiat va jamiyatda narsa va hodisalar yakka, alohida holda mavjud bo‘lmaydi. Ular muayyan zamon va makondan o‘rin topadilar va muttasil ravishda bir-birlari bilan muomala-munosabatda bo‘ladilir. Bu munosabat ularning bir- birlariga ta’siri, tegishi, ishqalanishi vositasida amalga oshiriladi va bu jarayonda juda ko‘p tovushlar hosil qilinadi. Masalan, daryoning shovullashi, barglarning shitirlashi, shamolning g‘uvullashi ostida o‘ziga xos tabiat hodisalari yotadi. Ularning paydo bo‘lishi ma’lum bir fizik qonuniyatlar asosida ro‘y beradi. Jismlarning bir-biriga ishqalanishi, tegishi bunga sabab bo‘ladi. Fizik tovushlar fizika fanining akustika bo‘limida o‘rganiladi. Tabiatda tovushlar behisob. Havo to‘lqinlari orqali qulog‘imiz bilan eshitiladigan barcha hodisalarga tovush deymiz. Har qanday tovush ma’lum tashqi ta’sir yordamida havo oqimining tebranishi natijasida hosil bo‘ladi. Masalan, ip yoki simni tarang tortib, uni qo‘lingiz bilan chertsangiz havoni tebratadi va tovush chiqadi. Tovushlar tabiiy va inson tovushlariga bo‘linadi. Tabiatdagi narsa va hodisalarning bir-biriga tegishi, ishqalanishi yordamida hosil bo‘ladigan tovushlar tabiiy tovushlar sanaladi. Masalan, shamolning esishi, yomg‘irning shitirlashi, momoqaldiroqning gumburlashi kabi. Nutq tovushlari tabiiy tovushlardan batamom farq qiladi va ular nutq apparati yordamida hosil qilinadi. Nutq apparati o‘pka, bo‘g‘iz, tovush paychalari, og‘iz bo‘shlig‘i, tanglay, til, lab, burun, tish kabi a’zolardan iborat. Nutq tovushlarining paydo bo‘lishi uchun esa nutq apparatining bo‘lishi shart. Nutq tovushlari faqat tirik organizmlarga, xususan, insonlarga xos. Inson tovushi ma’noga ega ekanligi bilan tabiat va jamiyatdagi barcha tovushlardan batamom farqlanadi. Nutq tovushlarining uch tomoni mavjud. 1. Nutq tovushlari insonning nutq apparati, ya’ni a’zolari harakati natijasida maydonga keladi. Bu ularning fiziologik (talaffuz) tomoni sanaladi va bu holat fiziologiya fani bilan uzviy bog‘liqlikda o‘rganiladi. Masalan, a, o, i, e, d, t, z, s kabi tovushlarni talaffuz qilganimizda nutq a’zolari turlicha holatlarda bo‘ladi. Shunga ko‘ra tovushlar bir-biridan farqli aytiladi. 2. Har qanday tovush havoning tebranishi natijasida hosil bo‘ladi va u boshqalar tomonidan eshitiladi. Tovushlarning balandligi, kuchi (yoki tezligi), miqdori (yoki uzunligi) va tembri kabi sifat belgilari mavjud. Tovushlarning bu tomoniga akustik tomon deyiladi va u fizika fani bilan aloqadorlikda o‘rganiladi. 3. Nutq tovushlari ijtimoiy qiymatga ega. Tovushlarning ketma-ket talaffuz qilinishi orqali insonlar bir-birlari bilan muloqotga kirishadi, muayyan ma’lumotlar boshqalarga uzatiladi. Masalan, tub – tup, qaram – karam, oxir – axir so‘zlari birgina tovushlar yordamida farqlanmoqda. “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” jumlasi orqali juda katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan fikr berilmoqda. Tovush va fonema tushunchalarini farqlash darkor. Nutq jarayonida real talaffuz qilingan, qulog‘imiz bilan eshitgan eng kichik va boshqa mayda bo‘lakka bo‘linmaydigan nutq bo‘lagiga tovush deyiladi. Tovushning ongimizda boshqalaridan farqli ravishda gavdalanadigan mavhum obrazi, tasavvuri bor. Biz muayyan tovushni aynan mana shu obraz yordamida boshqalariga solishtiramiz, qiyoslaymiz va nutqda o‘z o‘rnida ishlatamiz. Masalan, “O‘tganlarni yod etish hammamizning ular oldidagi burchimizdir” gapi tarkibida qo‘llanilayotgan yod so‘zidagi d tovushini uning jarangli jufti t bilan almashtiradigan bo‘lsak, aks ma’no chiqib qoladi. Fonema ongimizda gavdalanadi, tovush esa uning nutqda namoyon bo‘lishi, reallashuvidir. Demak, so‘zlarni bir-biridan farqlash vazifasini bajarishga xoslangan, ketma- ketlik jihatdan boshqa mayda bo‘lakka bo‘linmaydigan tilning eng kichik til birligi fonema, nutq birligi tovush sanaladi. Nutq tovushlarini aytamiz va eshitamiz. Ularning yozuvdagi ifodasi harf sanaladi. Harflarni ko‘ramiz va yozamiz. Tovushlarning hosil bo‘lishida o‘pkadan chiqayotgan havoning og‘iz bo‘shlig‘ida to‘siqqa uchrab yoki uchramasdan chiqishi muhim rol o‘ynaydi. Harflar esa qo‘l yoki turli xil texnik apparatlar yordamida yoziladi. Harflar davriy ahamiyatga ega. Masalan, arab, kirill, lotin yozuvlarida a, b, v, g, d va shu kabi barcha tovushlar turlicha yoziladi, lekin ular yagona artikulyatsion bazaga egadir. Harf tovushning yozuvdagi ifodasidir. Inson boshqalar bilan aloqa-aralashuvga kirishgan paytida asosan og‘zaki nutq shakllaridan foydalanadi. Og‘zaki nutq tovushlar ketma-ketligiga aoslanadi va u bo‘linuvchanlik xususiyatiga ega. Tilshunoslikda bunday tovushlar qatoriga segment birliklar qatori deyiladi. Og‘zaki nutq o‘ta murakkab jarayon bo‘lib, unda so‘zlovchining his-hayajoni, shodlik va xursandchiliklari, qayg‘u va alamlari, murojaatlari, chaqiriqlari, bir so‘z bilan aytganda, voqea va hodisalarga shaxsiy munosabati yuzaga chiqadi. Buning uchun so‘zlovchi o‘z nutqida darak, buyruq, his-hayajon bilan bog‘liq nutqning emotsional bo‘yog‘idan, to‘xtamdan, urg‘udan unumli foydalanadi. Bu nutqning ta’sirchan, ishonarli, yengil yuzaga chiqishini ta’minlaydi. Misol uchun Abdulla Qahhorning “O‘jar” hikoyasidan olingan quyidagi parchaga e’tibor beraylik. Zargarovning bu bo‘htoniga darrov, isig‘ida javob bergisi keldi. – Hozir, hozir, – dedi. – Suyar! Ho, Suyar! Bu yoqqa chiq, o‘g‘lim! E, yotganmiding? Mayli, bu yoqqa o‘tir. Bizga bir narsani hal qilib ber: Saltikov katta yozuvchimi, SHedrin katta yozuvchimi? Suyar goh otasiga, goh Zargarovga qarar va hayron edi. Yo‘q, siz savolni noto‘g‘ri qo‘ydingiz, – dedi Zargarov. – Bunday: Saltikov ilgari o‘lganmi, SHedrin? Ikkovi bitta odam-ku! – dedi Suyar nima gap eknaini bilolmay. Zargarov qiyqirib kuldi, chapak chaldi va bunga ham qanoat qilmay o‘rnidan turib o‘yinga tushdi. Qutbidinov do‘q urdi: Saltikov bilan SHedrin-a? Kim aytdi senga? O‘zim bilaman, kitobda bor. Kitobda bor? Shaxmatni ko‘proq o‘yna, itvachcha! Parchada uchta shaxs o‘rtasidagi muomala jarayoni yuksak darajadagi san’atkorlik bilan ochib berilgan. Qutbiddinovning avval o‘z farzandiga nisbatan “o‘g‘lim” deb murojaat qilishi, so‘ngra achchig‘i chiqqanida “itvachcha!” deya qattiq gapirishi ostida ustsegment birliklar: urg‘u, to‘xtam, nutqning emotsional bo‘yoqdorligi o‘z aksini topgan va bularning barchasi birikib turib, nutq ohangini tashkil etadi. Demak, og‘zaki nutqimiz segment birliklar bilan ustsegment birliklarning o‘zaro munosabatidan iborat bo‘ladi. Ko‘pincha bunga imo-ishoralar, mimikalar qo‘shilib, nutqimizni yana ham ta’sirchan, bo‘yoqdor bo‘lib yuzaga chiqishi uchun xizmat qiladi. Nutq ketma-ketlik asosiga qurilgani bois, avval tovushlar, so‘ngra bo‘g‘inlar va so‘zlar talaffuz qilinadi. Bu jarayonda bo‘g‘inlarning hammasi bir xil ohang bilan aytilmaydi, balki muayyan bo‘g‘in boshqalariga nisbatan kuchliroq talaffuz etiladi. So‘zlarning talaffuzida bo‘g‘inlardan birining nutq talabiga ko‘ra boshqalariga nisbatan kuchliroq talaffuz etilishiga urg‘u deyiladi. Urg‘u yordamida nutqning jozibadorligi, ta’sirchanligi ortadi, eshituvchiga yoqimli bo‘ladi, uni zeriktirmaydi. Turkiy tillarda, jumladan, o‘zbek tilida urg‘u o‘rniga ko‘ra ko‘chib yuruvchi urg‘u sanaladi. Masalan: uy, uylár, uylargá Ko‘rinadiki, o‘zbek tilida urg‘u, asosan, so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi va so‘zni gap tarkibidagi boshqa so‘zlardan ajratish vazifasini bajaradi. Lekin, doim shunday emas. O‘zbek tiliga arab, fors-tojik, rus va boshqa yevropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlarda urg‘u barqaror o‘ringa ega. Bu urg‘uning o‘sha tillardagi ahamiyati bilan bog‘liqdir. Masalan: rektor, direktor, samolyot, aviatsiya, litsey, kollej, davlat, mamlakat, mauassasa, tashkilot, kitob, muallim kabi so‘zlarda urg‘u o‘z o‘rniga ega. Urg‘u ikkiga bo‘linadi: 1. So‘z urg‘usi. So‘z urg‘usi so‘zdagi bo‘g‘inlardan biriga tushadi. akadémik litsey, ákademik (ilmiy unvon). 2. Ma’no (frazaviy) urg‘usi. Ma’no urg‘usi gapdagi ma’lum bir so‘zning boshqalariga nisbatan ta’kidlab, ajratib aytilishini ta’minlaydi. Masalan: Toshkent (boshqa biron-bir shahar emas) o‘zbek madaniyati va san’atining markazlaridan biridir. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling