Konsentratlardan foydalanib ko‘z tomchilari tayyorlash
Dorixonada ayrim ko‘z tomchilari tarkibini qayta -qayta takrorlanishini hisobga olgan holda ularning konsentratlarini tayyorlash maqsadga muvofiqdir. Bu esa ko‘z tomchisi tayyorlashni tezlashtiradi, shuningdek dorixona xodimlarining vaqti tejaladi.
Konsentrlangan eritmalar aseptik sharoitda tayyorlanadi: 0,02% riboflavin, 10% kaliy yodid, 10% askorbin kislota, 20% glyukoza, 10% natriy yodid, 10% kalsiy xlorid, 1% rux sulfat, 4% borat kislota va boshqa konsentrlangan eritmalar tayyorlab qo‘yiladi.
Konsentrlangan eritmalarni saqlash muddati 195-sonli Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan chiqarilgan buyruqda qayd etilgan.
Rp: Solutionis Acidi borici 2% — 10 ml
Riboflavini 0,001
Misce. Da. Signa. Ko‘z tomchisi.
Bu ko‘z tomchisidagi riboflavin miqdori juda kam bo‘lganligi sababli eritmaning osmotik bosimiga ta’sir etmaydi. Ammo borat kislotasining miqdori ko‘p bo‘lganligi uchun eritmani osmotik bosimi tekshirib ko‘riladi. Borat kislotasining natriy xlorid bo‘yicha ekvivalenti 0,53 ga teng bo‘lib, hisoblash natijasi, ko‘z tomchisining osmotik bosimi 1,06% natriy xlorid eritmasining osmotik bosimiga teng bo‘lib, ya’ni bu me’yordan oshmaganligini ko‘rsatadi.
Bemorga beriladigan shisha idishga pipetka yordamida 0,02% riboflavin eritmasidan 5 ml va 4% borat kislota eritmasidan 5 ml quyiladi. Shisha idish rezina tiqin va alyumin qalpoqcha bilan mahkam berkitiladi. Ko‘z tomchisi harakatlanuvchi bug‘ yordamida 30 daqiqa sterillanadi. So‘ngra tayyor ko‘z tomchisiga tegishli yorliq yopishtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |