Efir moyi qo‘shib poroshok tayyorlash
Efir moyi poroshok tarkibiga qand bilan aralashgan holda qo‘shiladi va bu aralashmani efir moy-qand aralashmasi (eleosaccharum) deb ataladi. Efir moyi poroshok tarkibiga ta’sir etuvchi va ma’lum ta’m beruvchi modda sifatida ham qo‘shiladi.
Efir moy-qand aralashmasi 2,0 g qandga 1 tomchi efir moyi qo‘shib tayyorlanadi. Ammo efir moy-qand aralashmasi atirgul va achchiq apelsin efir moyidan tayyorlanadigan bo‘lsa, u holda 4,0 g qandga 1 tomchi efir moyi qo‘shiladi. Efir moy-qand aralashmasi kerak bo‘lganda tayyorlanadi, chunki efir moylari oddiy sharoitda ham uchuvchan bo‘ladi. Тayyor efir moy-qand aralashmasi og‘zi jips berkiladigan shisha idishlarda, miqdorlarga bo‘lingani esa pergament qog‘ozlarda beriladi.
Rp.: Elaeosacchari Menthae 0,4
Natrii hydrocarbonatis 0,1
Misce fiat pulvis
Da tales doses N10
Signa. Kuniga bitta poroshokdan 3 mahal ichilsin.
Тayyorlanishi: 4 g qand kukuni hovonchaga solib yaxshilab maydalanadi, uning ustiga 2 tomchi yalpiz efir moyi tomizib aralashtiriladi. Тayyor bo‘lgan yalpiz efir moy-qand aralashmasi pergament qog‘ozga olib qo‘yiladi. So‘ngra hovonchaga 1,0 g natriy gidrokarbonat solib maydalanadi, uni ustiga tayyorlab qo‘yilgan yalpiz efir moyi-qand aralashmasi solib, sochiluvchan poroshok hosil bo‘lguncha aralashtiriladi. Тayyor poroshok 0,5 g dan pergament qog‘ozga qadoqlanib, qog‘oz xaltachaga solinadi, so‘ng kerakli yorliq yopishtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |