Doston va uning turlari


Download 13.77 Kb.
Sana18.01.2023
Hajmi13.77 Kb.
#1098911
Bog'liq
Doston va uning turlari


Aim.uz

Doston va uning turlari
Doston, asosan, uch: lirik doston, epik doston, dramatik doston turlariga bo‘linadi. Bulardan tashqari lirik va epik xususiyatlarning birikuvidan tashkil topgan liro-epik doston turi ham mavjud.
Lirik doston boshqalariga qaraganda, hajm jihatidan kichikroq bo‘ladi. Voqea, qahramon xarakteri, asosan, lirik yo‘sinda ochiladi. Obrazlar aksar hollarda, bir, ikki kishi bilan chegaralanadi. Lirik qahramon sifatida ko‘pincha shoirning o‘zi ishtirok etadi. Muallif «men» ostida o‘zga personaj nomidan gapirishi ham, o‘zga qahramonni tasvirlashi ham mumkin. Lirik poeziyada voqea, hayot, xarakter, ko‘pincha, lirik qahramonning ichki dunyosi, ruhiyati, voqeadan hissiy ta’sirlanishi yoki voqelikka munosabati orqali yoritiladi.
Lirik dostonga Mirtemirning «Surat», Abdulla Oripovning «Yuzma-yuz» dostonlari misol bo‘la oladi.
Epik dostonda hayot manzaralari, ko‘tarilgan muammo keng va chuqur yoritiladi. Qahramonlar ko‘payadi, hajm kengayadi. Unga xalq hayotining, qahramon taqdirining muayyan katta bosqichlari asos qilib olinadi. O‘y-fikrlar, ichki dunyo, bevosita voqea va hodisalarning o‘zi, qahramon harakati, xarakter keng miqyoslarda aks ettiriladi. Oybekning «Davrim jarohati», Shayxzodaning «Toshkentnoma», Erkin Vohidovning ”Istambul fojiasi» epik doston turiga kiradi.
«Shaytonning tangriga isyoni» (Fitrat), «Jannatga yo‘l» (A. Oripov) asarlari dramatik dostondir.
Dramatik doston bilan she’riy dramaning farqi bor. Dramatik doston ham sahnada qo‘yilishi mumkin, lekin u, asosan sahnalashtirishdan ko‘ra, o‘qish uchun mo‘ljallab yozilgan bo‘ladi. Unda doston janrining xususiyatlari ustunlik qiladi. She’riy drama esa she’riy shaklda yozilib, janr tabiatiga ko‘ra sahnalashtirish uchun mo‘ljallanadi. Uning she’r kabi sahnadan tashqarida deklamatsiya qilish, ijro etish imkoniyatlari ham bo‘ladi.
Lirik ruhdan qat’iy nazar dramatik dostonda epik xususiyatlar kuchliroq. Lekin drama janrlarining xususiyatlari mavjud bo‘lgani bois unda voqelik, muammo, hodisalar bevosita o‘zi ko‘rsatilishidan ko‘ra, qahramon harakati, ichki dunyosi, xarakterida tajassum topadi.
Dostonning mumtoz adabiyotimizdagi Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» singari mahobatli epik turi ham mavjud. Ular XX asr o‘zbek adabiyotida yaratilgan dostonlarning epik turidan ko‘ra, epos turidagi she’riy-roman janriga yaqinroq turadi.
Download 13.77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling