Dunyoqarash


Falsafaning asosiy funksiyalari


Download 79 Kb.
bet4/5
Sana30.04.2023
Hajmi79 Kb.
#1413574
1   2   3   4   5
Bog'liq
Dunyoqarash

4. Falsafaning asosiy funksiyalari

Falsafa – ko‘p qirrali soha. Falsafiy tadqiqot maydoni nihoyatda keng, muammolari turli–tumandir. Falsafa ijtimoiy – tarixiy tajribaning barcha jabhalari xususida mulohaza yuritadi. Buni ayniqsa Gegel falsafasining strukturasidan yaqqol ilg‘ab olsa bo‘ladi. Falsafiy konsepsiya qanchalik boy bo‘lsa, unda madaniyatning shunchalik ko‘p sohasi qamrab olinadi. Buni moychechak shaklida tasavvur etish mumkin. (3-chizmaga qarang): uning har bir gulbargi madaniyatning turli sohalariga to‘g‘ri keladi (masalan: axloq falsafasi, texnika falsafasi, tabiat falsafasi, tarix falsafasi, siyosat falsafasi, huquq falsafasi, san’at falsafasi, din falsafasi va hokazolar). Olamni falsafiy bilish ko‘lami asta – sekinlik bilan kengayib borgani tufayli bunday gulbarglar soni ko‘payib boradi.


Falsafani madaniy – tarixiy voqea sifatida tahlil qilish uning dinamik xarakterga ega bo‘lgan muammolarini mumkin qadar kengroq qamrab olish imkonini beradi. Kishilar ijtimoiy turmushini madaniy – mantiqiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, uning madaniy – tarixiy qadriyatlar tarnslyatsiyasi, eskirgan tajribalarni tanqidiy bartaraf etish, yangi shakllarni qabul qilish va shu kabilar bilan bog‘liq bo‘lgan yaxlit jarayon ekanligiga chuqur ishonch hosil qilamiz.
Xo‘sh, ijtimoiy – tarixiy hayotda falsafaning asosiy funksiyalari nimalardan iborat? Mulohazaardan ko‘rinib turibdiki, falsafa nafaqat borliqning turli shakllari va ular orasidagi o‘zaro aloqadorlik haqidagi ma’lumotlarni ma’lumotlar yig‘indisidan, balki bilish prinsiplari majmuidan, faoliyatning umumiy metodlari yig‘indisidan iborat. Shu asosda falsafaning turli funksiyalarini ikki asosiy guruhga - dunyoqarashga oid funksiyalarga va metodologik funksiyalarga bo‘lish mumikn.
Falsafaning turli muammolari ichida inson muammosining ahamiyati o‘zgachadir. Shu boisdan falsafaning dunyoqarashiga oid funksiyalari turkumida insonparvarlik, gumanistik funksiyasi uchtivor ahamiyatga ega.
Biror bir kishi yo‘qki, hayot va mamot muammolariga, o‘z umrining intihosi xususida hayolga tolmasa. Yashab o‘tilgan har bir kun o‘lim sari qo‘yilgan bir qadamdir. Har qanday kelajak oxir – oqibatda o‘limga eltadi – bunga kunmay, ko‘nikmay ilojimiz yo‘q. Umrning cheklangani inson hayotining mazmuni, yashashdan maqsadi haqidagi mulohalarga o‘zgacha tus, ma’no bag‘ishlaydi.
Falsafa, albatta, abadiylik hadya eta olmaydi, lekin harqalay hayotning mazmunini anglab yetish, ruhan tetik bo‘lish uchun imkon yaratadi. Mazkur muammolar ekzistensializm falsafasining nomoyondalari M.Xaydegger, K. Yaspers, J.P.Sartr, A.Kamyular tomonidan ayniqsa chuqur tahlil qilinadi. Daniyalik mutafakkir S.Kyerkegorning g‘oyalarini rivojlantirar ekanlar, ular falsafa insonni bema’ni, uqubatlarga to‘la hayotdan qutqazadi va osoyishta mazmunli hayot kechirishga ko‘maklashadi, degan xulosaga keladilar.
O‘z hayotining mazmunini anglab olish inson uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki mazmunsiz, bema’ni hayotdan dahshatliroq fojea bo‘lmaydi. Shu sababdan ham hayotidan, turmushidan mazmun topa olmagan kimsalar aksariyat hollarda o‘z hayotlariga qasd qiladilar. Falsafa esa insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilar ekan, hayotning mazmuni xususidagi xulosalar va mulohazalarni ilgari surar ekan, Hazrati insonga yashash uchun kuch – quvvat ato etadi.
Falsafa insonni jamiyatdagi salbiy holatlardan ham sug‘urta qiladi, insonning insoniylik ibtidosini rivojlantiradi. Sufiylarning bu foniy dunyoning yolg‘ondakam lazzatlaridan voz kechib, tasavvufdan panoh izlaganlari ham bejij emas.
Yigirmanchi asrning eng katta ijtimoiy illatlaridan biri bo‘lmish begonalashuv inson ma’naviy dunyosiga ayniqsa katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekistonda bu illat milliy qadriyatlardan benasib bo‘lib qolishda, qiyofasiz qiyofalarning, manqurtlarning katta avlodi shakllanishida namoyon bo‘ldi. Shu munosabat bilan insonparvar, demokratik jamiyat barpo etilayotgan bugungi kunda mustaqil shaxsni shakllantirishda muhim ahamit kasb etadigan falsafiy dunyoqarashning qimmati yanada oshdi.
Falsafaning dunyoqarashiga oid funksiyalarning yana biri ijtimoiy – aksiologik funksiyasidir. Falsafa turli ijtimoiy qadriyatlar haqidagi tasavvurlarni shakllantirish bilan cheklanib qolmasdan, voqelikni talqin va tahlil, vata’rif va tanqid etadi. Shu jumladan, ijtimoiy ideal haqidagi tasavvurlarni vujudga keltirish ham falsafa zimmasidadir.
Ijtimoiy idealni shakllantirish bilan bog‘liq muammolar falsafa bilan siyosiy tuzum o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar xarakteriga borib taqaladi. Bir qarashda falsafa barcha zamonlar ijtimoiy ideal, siyosiy tuzum, hokimiyat haqidagi mulohazalarni yaratganu, davlat, siyosiy tuzum ularni ro‘yobga chiqarishga intilgandek tuyuladi.
Bu fikrda jon bor albatta. Platonning “Davlat”, Abu Nasr Farobiyning “Fozil shahar aholilarining fikrlari”, Amir Temur “Temur tuzuklari”, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy”, Iogann Fixtening “Nemis millatiga murojaatlar”, Fridrix Nitsshenning “Zardo‘sht tavallosi” kabi o‘nlab asarlarida davlat va uni boshqarish, siyosiy tuzum va hokimiyat muammolari tahlil qilinadi. Ularda amaliy – siyosiy faoliyatda qo‘llashga mo‘ljallangan tavsiyalar ham ko‘plab uchraydi. Masalan, jamiyatda adolatni qaror toptirish uchun Platon xususiy mulkchilik va oilani bekor qilishni tavsiya etsa, Farobiy davlatni sog‘lom, botir, aqlli va adolatpesha kishilar boshqarishi kerakligini ta’kidlaydi. Temur tartib, qonun va e’tiqodga asoslanmagan davlatning shukuhi yo‘qolishini ko‘rsatib o‘tsa, Navoiy shohning eng avvalo ma’rifatli, o‘qimishli bo‘lishi zarurligini o‘qtiradi. Fitxe jamiyatda osoyishtalikni ta’minlash uchun politsiya nazoratini kuchaytirish zarurligini aytsa, Nitsshe hokimiyatni g‘ayritabiiy qobiliyatga, kuchli irodaga bo‘lgan, olomondan farqli fikrlay oladigan kishiga ishonib topshirish mumkin, deb hisoblaydi. Tarixdan bizga ma’lumki, ko‘pgina siyosiy tuzumlar shu kabi falsafiy ta’limotlarni o‘zlarining mafkuralari sifatida e’tirof etganlar.
Biroq falsafiy ta’limot siyosiy hokimiyatning xatti – harakatlari, oqibatlari uchun javobgar bo‘la olmaydi. Axir, falsafadan siyosatga eltuvchi yo‘llar turfa xil, ya’ni bir falsafiy bilimdan turlicha xulosalar chiqarish mumkin. Chunonchi, “davlat tartibga asoslanishi kerak, mamlakatda tartib bo‘lmog‘i zarur”,- degan fikr asosida qonun ustivorligini ta’minlash ham, Stalin va Pinochet kabi minglab kishilarni o‘limga hukm qilish ham mumkin.
Falsafa ijtimoiy idealni shakllantirish bilan birga voqelikni tahlil va tanqid ham qiladi, ya’ni faylasuf ijtimoiy ideal bilan voqelik o‘rtasidagi tafovutni aniqlashga intiladi. Tanqid subyektning noroziligini ifodalaydi. Norozilikni esa turlicha ifodalash mumkin. Ba’zi hollarda voqelikni tahlil qilishdan voz kechish, “sukut saqlash” ham norozilik ifodasi bo‘ladi.
Falsafaning dunyoqarashga oid funksiyalari orasida madaniy – tarbiyaviy funksiyasining o‘rni ham beqiyosdir. Falsafa madaniyatli shaxsni shakllantirishda hal qiluvchi omil vazifasini o‘taydi. Madaniyatli shaxsning eng asosiy fazilatlaridan biri – aqliy zukkolikdir. Aqliy zukkolik – shaxsning tabiat va jamiyatdagi sodir bo‘layotgan turli hodisa va voqealarni, jarayonlarni kuzatish, uning mohiyatini ilg‘ab olish, sabablarini tushunish, oqibatlarini oldindan ko‘ra bilish, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish qobiliyatining, shuningdek, fahm – farosati, zehni, ziyrakligining rivojlanganligi holatini ifodalovchi kategoriyadir. Uning asosiy komponentlarini bilimlar, tafakkur yuritish qobiliyati, aql mustaqilligi, ijodkorlik tashkil etadi. Ushbu komponentlarning barchasi yuksak darajada shakllangandagina fikrlash madaniyati yuksaladi. Shaxsning voqea va hodisalardagi ziddiyatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish qobiliyati esa fikrlash madaniyatining mezoni hisoblanadi.
Falsafa informatsiyalar to‘plash funksiyasini ham bajaradi. Uning asosiy vazifalaridan biri - hozirgi zamon fani, tarixiy amaliyot hamda bugungi inson intellektual salohiyati talablariga javob bera oladigan dunyoqarashni shakllantirishdan iborat. Buning uchun esa obyektni to‘g‘ri aks ettirish, uning komponentlari va elementlari, ularning o‘zaro aloqadorligi haqida ishonchli ma’lumotlar to‘plash zarur bo‘ladi. Falsafa, fan kabi, yangi ma’lumotlar olish maqsadida turli informatsiyalarni yig‘ish va tahlil etish, qayta ishlash va sistemalashtirish bilan shug‘ullanadi. Bu informatsiyalar turli falsafiy kategoriyalarda o‘z ifodasini topadi.
Kategoriyalar – borliq, materiya, predmet, hodisa, jarayon, - xossa, munosabat, o‘zgarish, taraqqiyot, sabab – oqibat, butun – bo‘lak, element – struktura kabi universal tushunchalarni ifodalaydi.
Ularni har qanday inson intelektining asosini tashkil etadi. Kategoriyalar yaxlit bir sistemani vujudga keltiradiki, ushbu sistemaning quyidagi bo‘limlari bor: falsafiy ontologiya (borliq haqidagi falsafiy ta’limot), gnoseologiya (bilish nazariyasi), dialektika (o‘zaro aloqadorlik, o‘zgarish va taraqqiyot haqidagi ta’limot), ijtimoiy falsafa, umumiy etika, nazariy estetika, fanlarning falsafiy muammolari, din falsafasi, falsafa tarixi, falsafa falsafasi yoki metafilosofiya (falsafiy bilim nazariyasi).
Falsafa yuqorida tilga olingan dunyoqarashga oid funksiyalar bilan bir qatorda metodologik funksiyalarni ham bajaradi. Ular orasidagi eng asosiysi – everistik funksiyadir. Bu funksiyaning mohiyati ilmiy bilimlarning kengayishi, yangi kashfiyotlar uchun zamin tayyorlashdan iborat. Falsafa metodlari formal logika metodlari bilan birgalikda yangi bilimlarning dunyoga kelishi uchun poydevor yaratadi. Buning natijasida kategoriyalar sistemasi ekstensiv va intensiv tarzda o‘zgarib, takomillashib boradi. Yangi informatsiyalar bashorat vazifasi ham o‘tashi mumkin. Zero, falsafa nazariy va metodologik xarakterga ega bo‘lgan kashfiyotlarni oldindan bashorat qilishni ta’qiqlanmaydi.
Falsafa borliqning turli shakllariga oid yangi muammolarni aniqlash va kun tartibiga qo‘yish, ushbu muammolarni tadqiq etish imkonini beradigan tushunchalar apparati, prinsiplar va metodlarni shakllantirish, yangi gepotezalar tuzish va oxir – oqibatda yaxlit ilmiy nazariyani vujudga keltirish bilan ham shug‘ullanadi.
Metodologik funksiyalar turkumiga muvofiqlashtirish funksiyasi ham kiradi. Ma’lumki, biror obyektni tadqiq etishda bir metodni qo‘llash kifoya emas. Fanlar o‘rtasidagi qat’iy chegara yo‘qola borayotgan, turli fanlar “chorrahasida” yangi fanlar (astrofizika, biofizika, agrobiologiya) tug‘ilayotgan bir sharoitda “bir predmet – bir metod” prinsipining qo‘llanishi tadqiqot samarasini pasaytiradi. Masalan, molekulyar biologiya obyektlarini o‘rganish uchun tarixiy – biologik metoddan foydalanish bilan cheklanmasdan, organik ximiya, molekulyar fizika, polemar birikmalarning fizik ximiyasi, kibernitika metodlariga ham asoslanish kerak bo‘ladi. Shu boisdan ilmiy tadqiqotlar uchun turli metodlarni tanlash, ularni muvofiqlashtirish zaruriyati yuzakga keladi. Bu vazifani esa falsafa o‘z zimmasiga oladi.
Falsafa integritiv funksiyani ham bajaradi. XVIII-XIX asrlardagi fan taraqqqiyotining muhim tendensiyalaridan biri turli yangi, mustaqil fanlarning shakllanishi bo‘ldi. Bu turli obyektlarni har tomonlama o‘rganish imkonini yaratdi. Lekin shu bilan birga fanlar orasidagi aloqadorlik, yaxlitlik so‘na bordi. Natijada fan inqirozi yuzaga keldi. Bunday sharoitda ilmiy bilimlarni integratsiya qilish va shuning asosida olamningg yaxlit manzarasini chizish zaruriyati tug‘ildi. Bu muammoni hal qilish uchun olamning yaxlitligi haqidagi falsafiy prinsipga asoslanish kerak. Vaholanki, olam yaxlit ekan, uning in’ikosi ham yaxlit, bitta bo‘lmog‘i shart.
Falsafaning yana bir metodologik funksiyasi – mantiqiy – gnoseologik funksiyasidir. Mazkur funksiyaning mohiyati shundan iboratki, falsafa o‘z metodlarini, normativ prinsiplarini ishlab chiqish, ilmiy bilimlarning tushunchalar apparatini va nazariy strukturasini mantiqan asoslab berish bilan shug‘ullanadi.
Shunday qilib, falsafa qator o‘ziga xos funksiyalarga ega. Falsafa borliqning turli shakllari va ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik haqidagi informatsilar sistemasi sifatida quyidagi dunyoqrarshga oid funksiyalarni bajaradi: a)insonparvarlik (gumanistik) funksiyasi; b) ijtimoiy – aksiologik funksiya; v) madaniy – tarbiyaviy funksiya; g) informatsiyalar to‘plash funksiyasi. Shuningdek, falsafa bilish prinsiplari majmuidan, bilish faoliyatining umumiy metodlari yig‘indisidan iborat bo‘lgani tufayli quyidagi metodologik funksiyalarni ham bajaradi: a) evristik funksiya; b) muvofiqlashtirish funksiyasi; v) integrativ funksiya; g) mantiqiy –gnoseologik funksiya. Ushbu funksiyalar bayoni, fikrimizcha, “Falsafa kerakmi?”- degan savolga aniq javob berish uchun kifoyadir.

Download 79 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling