Dunyoqarash


Download 79 Kb.
bet1/5
Sana30.04.2023
Hajmi79 Kb.
#1413574
  1   2   3   4   5
Bog'liq
Dunyoqarash


Dunyoqarash
Reja:



  1. Dunyoqarash va uning strukturasi

  2. Dunyoqarashning tarixiy tiplari

  3. Falsafiy dunyoqarash

  4. Falsafaning asosiy funksiyalari

  5. Falsafaning ilmiyligi

1. Dunyoqarash va uning strukturasi
Falsafa olamiga qadam qo‘yar ekanmiz, odatda u yoki bu muammosi, ba’zi faylasuflarning nomlari bilan tanish ekanligimiz ma’lum bo‘ladi. Chunki bolalik chog‘larimizdanoq olam haqidagi ilk bilimlarimizni jamlash bilan birga insoniyat taqdiri, kishilar hayoti va mamoti, orzu-umidari, tashvishlari va quvonchlari haqida o‘yga tolamiz. Shu tariqa ongimizda faylasuflarni asrlar mobaynida tashvishga solib kelgan muammolar yuzasidan fikrlar, mulohazalar shakllani boradi.
Olam qanday yaralgan? Undagi moddiylik bilan ma’naviylik o‘rtasida qanday aloqadorlik mavjud? Olamga zaruriyat ustunmi yoki tasodifmi? Olamdagi o‘zgarishlar qay tarzda yuz beradi? Harakat nima, progresschi? Progresning asosiy mezonlari nimalardan iborat? Haqiqatni yolg‘ondan qanday ajratmoq lozim? Vijdon, ma’suliyat, halollik, adolat, go‘zallik deganda nimani tushunish kerak? Shaxsning jamityatdagi o‘rni qanday? Inson hayotining mazmuni va ma’nosi nimadan iborat?
Ushbu abadiy savollar ko‘lami turli muammoal hisobiga boyib bormoqda. Insonparvar, demokratik jamiyat nima? Bunday jamiyatni barpo etish retsepti mavjudmi? Bugungi kunda sayyoramizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy va ekologik vaziyatni qanday baholash kerak? Insoniyatga tahdid solayotgan xavf-xatarlardan qutulish imkoni bormi? Qanday qilib insonparvarlik g‘oyalarini saqlab qolish mumkin?
Hazrati inson olamda o‘z o‘rnini aniqlashga, belgilashga intilishi tufayli bunday mulohazalarga ehtiyoj tug‘ilgan. Kishining falsafa bilan g‘oyibona tanilishining sababi ham ana shunda. Falsafiy tafakkur olamiga qadam qo‘yayotgan har bir kishi yuqoridagi muammolarga o‘zining kundalik turmushidagi xulosalarga asoslanib javob beradi. Falsafiy mushohada esa insondan o‘z fikrlarini har tomonlama ilmiy isbotlashni talab qiladi. Shuningdek, falsafani o‘rganishga kirishishimiz bilan ba’zi tasavvurlarimizning noto‘g‘ri, xatoligiga amin bo‘lamiz. Zero, falsafa kishining mulohazalarini xatolardan xoli qiladi, rivojlantiradi, olam va odam to‘g‘risidagi qarashlarni sistemalashtiradi. Dunyoqarash muammolariga ongli munosabatda bo‘lish esa shaxsni shakllantirishning zaruriy shartidir.
Barcha kasb sohiblari uchun falsafa suv-havo kabi zarurdir. Chunki falsafa har bir mutaxasisga o‘z sohasini mukammal o‘rganishi uchn zamin yaratadi, olamni yaxlit holda tasavvurqilish imkonini beradi. Darhaqiqat, har bir kishi o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lishi bilan birga keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. Dunyoqarash esa insonning amaliy faoliyati tufayli boyib, rivojlanib boradi. Shuning uchun ham falsafani o‘rganishni dunyoqarash strukturasi tahlil qilishdan boshlash maqsadga muvofiqdir.
Dunyoqarash – inson ongining zaruriy qismidir. Biroq u ongning elementlaridan biri emas, ularning murakkab yig‘indisidir. Bilimlar, e’tiqodlar, fikr-mulohazalar, kayfiyatlar, his-tuyg‘ular dunyoqarash strukturasidan joy olar ekan, kishilarning olam haqidagi yaxlit tasavvurlarini, tushunchalarini vujudga keltiradi.
Dunyoqarash – integral tuzilma bo‘lib, uning barcha elementlari o‘zaro aloqadordir. Dunyoqarash strukturasida esa eng asosiy o‘rinni umumlashtirilgan bilimlar egallaydi. Ushbu bilimlar hajmi qanchalik bo‘lsa, inson dunyoqarashi ham shunchalik keng bo‘ladi. Ulardan tashqari dunyoqarash strukturasida qadriyatlar ham alohida ahamiyatga egadir.
Ko‘rinib turibdiki, inson dunyoqarashi ikki mustahkam asosga tayanadi: ulardan biri bilimlar bo‘lsa, ikkinchisi qadriyatlardir. Xullas, dunyoqarash – qarashlar, baholar, prinsiplar yig‘indisidan iborat yaxlit sistema bo‘lib, uning eng asosiy komponentlari bilim, e’tiqod va xulq-atvordir.
Kishilarning aqliy va hissiy tajribalari dunyoqarashning turli shakllarida turli tarzda o‘z ifodasini topadi. Uning hissiy-ruhiy tomonini dunyoni his etish deb atasak, kishining olam haqidagi tasavvurlarini dunyoni idrok qilish deymiz. Dunyoqarashning intelektual tomonini dunyoni tushunish taklif tashkil etadi.
Turli dunyoqarashlaring “aqliylik koeffitsiyenti” turlicha bo‘ladi. Shuningdek, ularning his-tuyg‘ularga asoslanganligi darajasi ham farq qiladi. Biroq bundan qat’iy nazar, har qanday dunyoqarash ikkala qutbni ham o‘z ichiga oladi. Hatto eng yetuk dunyoqarash ham faqat aqliylik komponentidan iborat emas, aksincha, hatto eng rivojlanmagan dunyoqarash ham faqat his-tuyg‘ulardan iborat emas, chunki dunyoqarash birgina aql mahsuli emas, u inson his-tuyg‘ulariga asoslanadi va aksincha, dunyoqarash birgina his-tuyg‘ular mahsuli emas, u aqlga asoslanadi.
Turmush tashvishlari turli his-tuyg‘ular, kayfiyatlarni vujudga keltiradi. Ba’zilar olamni faqat yaxshiliklar, ezguliklar va bayramlardan iborat, deb tasavvur qilsalar, boshqalar uni “qora ranglarda” tasvirlashga moyilroqdirlar. Kishining dunyoni his etishi ham ana shunday tuyg‘ularga bog‘liq. Shu boisdan ba’zilar optimist bo‘lsalar, boshqa birovlar pessimistik kayfiyat og‘ushida yuradilar. Darvoqe, kishi kayfiyatiga uning jamiyatdagi o‘rni, millati, yoshi, sog‘lig‘i va hokazolar ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Aytaylik, mutlaq sog‘lom kishi bilan bedavo dardga chalingan kishi dunyoni turlicha his etadilar.
Dunyoqarash strukturasida aql va his-tuyg‘ular iroda bilan chatishib, birlashib ketadiki, bu butun strukturaga o‘zgacha xarakter baxsh etadi. Dunyoqarashga birlashgan elementlar amaliyotda sinovdan o‘tganidan keyin, ya’ni shubha ostiga olingan fikr-mulohazalarning to‘g‘riligiga amin bo‘lganidan so‘ng e’tiqodga aylanadi. E’tiqod kishilar tomonidan o‘z ehtiyojlari va manfaatlariga mos tarzda o‘zlashtirilgan, qabul qilingan qarashlar yig‘indisidir. Biroq shuni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozimki, shak-shubhasiz qabul qilingan, amaliyotda qo‘llanmay o‘zlashtirilgan qarashlar dogmatizmni vujudga keltiradi. Achchiq tajribamizdan bizga ma’lumki, bunday pozitsiya jamiyat taraqqiyotini sekinlashtiradi, turli kulfatlarga sabab bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda qarashlarning haddan ziyod shubha ostiga olinishi boshqa bir illat – skeptitsizmni yuzaga keltiradi. Oqibatda inson hech qanday g‘oyaga ishonmay, hech qanday idealga xizmat qilmay qo‘yadi. Insonparvar, demokratik jamiyat barpo etish jarayoni ketayotgan bugungi sharoitda ham dogmatizm, ham skeptitsizm – xavfli illat hisoblanadi. Chunki ulardan biri islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qilsa, ikkinchisi oldimizga turgan buyuk maqsad yo‘lida fuqorolarni birlashtirishga g‘ov bo‘ladi.
Ijtimoiy taraqqiyotning barcha bosqichlarida sog‘lom mulohazaga, amaliy tajribaga asoslangan qarashlar muhim ahamiyatga ega. Bunday qarashlarni ba’zan “hayot falsafasi” deyishadi. Dunyoqarashning stixiyali tarzda shakllanadigan bu shakli jamiyatning turli qatlamlariga xos bo‘lgan dunyoni his etishni va aqlning yo‘nalishlarini ifodalaydi.
Hayotiy-amaliy dunyoqarash bir xil bo‘lmaydi, chunki uning sohiblarining ma’lumot darajasi, intellektual, ma’naviy madaniyatning saviyasi, millati va dini turlichadir. “Hayot falsafa” ko‘lamining kengligi ham shundadir.
Hayotiy-amaliy dunyoqarashning o‘ziga xos turi kishilarning turli faoliyat sohalaridagi bilim va tajribalari asosida shakllangan qarashlari bilan bog‘liq. Chunonchi, olim dunyoqarashi amaldor dunyoqarashidan tubdan farq qiladi. Shuningdek, ilmiy, badiiy, siyosiy ijodiyot davomida yaralgan g‘oyalar ham ijtimoiy dunyoqarashga, ham professional faylasuflar tafakkuriga katta ta’sir o‘tkazadi. Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining mamlakatimiz falsafasiga ta’siri buning yorqin dalilidir.
Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, hayotiy-amaliy dunyoqarash ijobiy tajribalar, an’analarnigina emas, xurofot va taassublarni ham o‘zida jamlaydi. Dunyoni bunday tushunish xato va yanglishishlardan ham xoli emas, ba’zida esa nosog‘lom kayfiyatlar (masalan, shovinizm, millatchilik, irqchilik va hokazolar) ta’siri ostiga ham tushib qolishi mumkin. Eng asosiysi, unda sistemalik va izchillik yo‘q.
Sistemalilik, izchillik va asoslanganlik – olamni tushunishning nazariy darajasiga xos bo‘lgan xislatlardir. Falsafa ham dunyoni tushunishning aynan shu darajasiga taalluqlidir. Dunyoqarash tushunchasining hajmi falsafa tushunchasining hajmidan kattaroqdir.
Eyler doiralarida buni ayniqsa aniq ifodalasa bo‘ladi (1-chizmaga qarang). Dunyoqarashning boshqa shakl va tiplaridan farqli o‘laroq falsafaning barcha g‘oyalari nazariy jihatdan asoslangan, mantiqan izchildir. Faylasuf esa nafaqat ana shunday dunyoqarash sohibi, balki dunyoqarashning strukturasini tahlil qilishni o‘ziga kasb etgan zotdir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, dunyoqarash – bilimlar va qadriyatlar, intelekt va his-tuyg‘ular, e’tiqodlar va gumonlar yig‘indisidir. Shuning uchun ham uning uch tomoni mavjud: dunyoni his etish, dunyoni tushunish, dunyoni idrok etish. Sistemaliligi, “izchilligi”, g‘oyalarning asoslanganligi holatiga qarab dunyoqarashni ikki darajaga bo‘lamiz: hayotiy-amaliy dunyoqarash va nazariy dunyoqarash.



Download 79 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling