Tashqi muhitda meningokokklar tez nobud bo‘ladi. 50°C haroratda meningokokklar 5 minutda, 100°C da 30 sekundda o‘ladi.
Dezinfeksiyalovchi moddalar eritmalarida 1—2 min davomida o‘ladi. Ultrabinafsha nurlar ta'sirida qo‘zg‘atuvchi deyarli shu zahoti nobud bo‘ladi.
Epidemiologiyasi. Infeksiya manbai meningokokk infeksiyasiga chalingan bemor va bakteriya tashib yuruvchi hisoblanadi. Nazofaringit belgilari bo‘lgan meningokokk tashuvchilar ancha xavflidir, chunki ular tashqi muhitga ko‘p miqdorda mikrob ajratadi (yo‘tal, aksa urish orqali). Infeksiya havo-tomchi yo‘li bilan, shuningdek yaqin masofada muloqotda bo‘lganda yuqadi. Meningokokk infeksiyasida mavsumiylik qish-bahor fasliga to‘g‘ri keladi. Epidemik tarqalishlar ko‘pincha bolalar jamoalarida uchraydi.
Kasallikdan so‘ng qo‘zg‘atuvchi tipiga xos immunitet hosil bo‘ladi.
Patogenezi va patologik anatomiyasi. Infeksiyaning kirish darvozasi yuqori nafas yo‘llari, ko‘pincha burun-tomoq hisoblanadi. Qo‘zg‘atuvchi kirgan joyda yallig‘lanish jarayoni rivojlanadi: shilliq qavatlar shishadi va shilliq ajralishi kuchayadi. Ko‘p hollarda patologik jarayon shu bilan cheklanadi, ya'ni meningokokkli nazofaringit rivojlanadi.
Meningokokk mahalliy to‘siqlardan o‘tib, ayrim hollarda qonga tushadi (bakteremiya) va butun organizm bo‘ylab tarqaladi. Qonda mikroblarning ko‘plab o‘lishi natijasida katta miqdorda endotoksin ajralib chiqadi va ular ta'sirida turli a'zo hamda to‘qimalar zararlanadi. Teri, buyrak, buyrak usti bezlari, ko‘zning tomirli pardasi, endokard, bo‘g‘imlar pardasi va boshqalar meningokokksemiyaning klinik belgilarini ko‘rsatadi.
Qo‘zg‘atuvchi qon oqimi va limfatik yo‘llar bilan miya pardalariga kiradi. Bosh hamda orqa miya pardalarida yashash va ko‘payish uchun qulay sharoit yaratadi. Bu miyaning yumshoq va o‘rgimchaksimon pardalarining yallig‘lanishi (meningit) ga olib keladi. Yallig‘lanish bir necha soatlardan keyin yiringli xarakterga ega bo‘ladi. Yiringli jarayon asta-sekinlik bilan bosh miyaning barcha qavatlarini egallaydi va orqa miya pardalaridan miya moddasiga ham kirishi mumkin. Bemor o‘limiga asosan miya shishi sabab bo‘ladi. O‘lim nafas falajlanishi tufayli kelib chiqadi.
Patologoanatomik jihatdan meningeal nazofaringitda tomoq devori tomirlarining qonga to‘laligi, qoplovchi epiteliy hujayralari shishi, limfoid follikulalar gipertrofiyasi kuzatiladi; traxeya vabronxlarda yallig‘lanish jarayoni namoyon bo‘ladi; meningokokksemiyada — qon tomirlari, ayniqsa mayda tomirlar kuchli zararlanadi, teri va shilliq qavatlarga, o‘pka, yurak mushaklari, buyrak usti bezlari, miya pardalari, miya moddasi va endokard ostiga qon quyiladi. Meningitda bosh miya yumshoq va o‘rgimchaksimon pardalari, xususan bosh miya moddasining o‘zgarishlari kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |