Elektr motorlarning konstruksiyasini tanlash. Motor konstruksiyasini tanlashda atrof-muhit sharoiti ham hisobga olinadi. Bunda motorni tashqi muhit ta’siridan himoyalash kerak bo’lsa, ikkinchi tomondan, motorlarda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan uchqunlardan atrof- muhitni (agar yonuvchi changlar, portlovchi gazlar va aralashmalar va shunga o’xshashlar mavjud bo’lsa) himoya qilish kerak bo’ladi. Shuning uchun ham motorlar ochiq, himoyalangan, yopiq va portlashga xavfsiz ko’rinishda ishlab chiqariladi.
Ochiq motorlar hech qanday himoya vositalariga ega bo’lmaydi va changsiz, iflossiz va boshqa aralashmalarga ega bo’lmagan quruq xonalarda ishlatiladi.
Himoyalangan motorlar quyidagilarga bo’linadi:
- tok o’tkazuvchi qismlarga tasodifan tegib ketishdan va motor ichiga tashqi buyumlar tushib ketishidan himoyalangan (motorning ochiq joylarini yopib truvchi to’rlari bo’ladi);
- suv tomchilari tushishidan himoyalangan (to’rdan tashqari soyaboni ham bo’ladi).
Yopiq motorlarni zax, gazli, changli xonalarda ishlatish mumkin. Ular qopqoq hamda maxsus zichlagich bilan ta’minlanadi. Bunday motorlar ichiga tashqaridan chang, gaz va boshqa aralashmalar kirmaydi. Germetik yopiq motorni esa uzoq muddat suvga botirib qo’yilsa ham motor ichiga nam o’tmaydi.
Portlashga xavfsiz motorlar yong’in va portlash xavfi bo’lgan, xavfli gaz yoki bug’li xonalarga o’rnatiladi. Ularning korpusi shu qadar mustahkamki, portlash natijasida motor ichida hosil bo’lgan alanga tashqariga – portlash xavfi bo’lgan muhitga chiqmaydi.
Bulardan tashqari, motorlarni sovitilishi, mahkamlanishi va shu kabi boshqa shunga o’xshash xususiyatlariga qarab ham bir necha turga ajratish mumkin.
Nazorat savollari
1. Elektr dvigatel quvvati qanday tanlanadi?
2. Qisqa muddatli ish rejimi uchun motor quvvati qanday tanlanadi?
Do'stlaringiz bilan baham: |