Ер низоларининг судловлиги


Download 46 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi46 Kb.
#1545223
Bog'liq
Yer nizolarining sudlovligi


Yer nizolarining sudlovligi
Yuridik adabiyotlarda uzoq vaqtlar yer nizolarini tasniflash­ning yuridik omili sifatida ularni hal etishning tartibi qo`lla­nilib kelingan. Bu omilga ko`ra nizolar ma`muriy va sud tartibida hal bo`ladigan turlarga bo`lingan. Hozirda esa bu tartib dolzarb bo`lmay qoldi, chunki Yer kodeksi yer nizolarini hal etishning sud tartibini belgilagan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi 3-sonli yer kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to`g`risidagi qarorida belgila­nishicha, Davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi fuqarolarni huquqlarini buzuvchi xatti-xarakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar va yerga oid huquqiy munosabatlar yuzasidan kelib chiqqan nizolar sudlarga taalluqlidir.
Yerga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan quyidagi nizolar: yer uchastskasini olib qo`yish to`g`risidagi qakolatli organlarning qarorini bekor qilish va u bilan bog`liq yetkazilgan zararni o`rnini qoplash; yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish va qayta sotib olish natijasida yetkazilgan zarar o`rnini qoplash; yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda yoki yer to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda foydalangani­da yer uchastkasini olib qo`yish; servitutni belgilash yoki bekor qilish; yer uchastkasiga egalik qilish va foydalanish huquqi bilan bog`liq bo`lmagan huquq buzilishlarini bartaraf etish; birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasidan foydala­nish tartibini belgilash va uni bo`lish; yer uchastkasini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish; yer uchastkalariga bo`lgan huquqlarni tugatish; yer kodeksining 86, 87-moddalarida nazarda tutilgan hollarda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zarar o`rnini qoplash; yer uchastkalarining ijara shartnomasi bilan bog`liq va boshqa nizolar da`qo ish yuritish tartibida ko`riladi.
O`zbekiston Respublikasi Xo`jalik protsessual kodeksining 23-moddasiga muvofiq, yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan xolda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibda tadbirkor maqomiga ega bo`lgan fuqarolar o`rtasida kelib chiqqan xo`­jalik sudlariga taalluqli nizolardan tashqari qolgan barcha ishlar O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 31-moddasi­ning 1-bandiga asosan umumyurisdiksiya sudlariga taalluqli bo`ladi.
Nizolarning subyektlari ham yer nizolarini tasniflash belgisi bo`lishi mumkin. Ushbu belgi bo`yicha tasniflashning mohiyati shundaki, nizoning subyektiga bog`liq ravishda nizoning kimning qaramog`ida ekanligini farqlash amalga oshiriladi. Shu nuqtai nazardan, tomonlaridan biri yoki har ikki tomoni fuqarolar bo`lgan nizolarni hamda yuridik shaxslar o`rtasida vujudga keladigan nizolarni farqlaymiz.
Tomonlaridan biri yerga egalik qilish yoki yerdan foydalanish huquqini amalga oshirayotgan fuqaro bo`lgan yer nizolarining o`ziga xos belgisi shundaki, bunday hollarda nizo fuqaroviy-protsessual huquqining umumiy normalarini qo`llagan holda fuqarolik sudda ko`rib chiqiladi.
Yuridik shaxslar o`rtasida vujudga keladigan nizolarning o`ziga xosligi shundaki, bunday nizolar faqatgina xo`jalik sudi muhokamasining protsessual normalarini qo`llagan holda xo`jalik sudida qo`rib chiqiladi. Ammo bu yerda shuni ta`kidlash kerakki, nizolarni hal etishning moddiy-huquqiy asosi har ikki holda ham bir xil bo`ladi.
Yerdan foydalanuvchilar va yerga egalik qiluvchilar o`rtasida vujudga keladigan nizolarni esa yerdan foydalanish va yerga egalik qilish bitta yoki boshqa-boshqa turlarga taalluqli ekanligiga bog`liq ravishda bir-biridan farqlash mumkin. Bu belgi bo`yicha shirkatlar o`rtasidagi, fuqarolar o`rtasidagi, shirkatlar va dehkon xo`jaliklari o`rtasidagi nizolarni ajratib ko`rsatish mumkin. Noqishloq xo`jalik yo`nalishidagi yerlardan foydalanish doirasida bitta idoraga qarashli bo`lgan korxonalar va muassasalar o`rtasidagi nizolarni va turli idoralar o`rtasidagi nizolarni ko`rsatish mumkin.
Yerdan foydalanuvchilar va yerga egalik qiluvchilar o`rtasida paydo bo`ladigan nizolarning o`ziga xosligi shundaki, bular yerdan foydalanish huquqining amalga oshirilishi jarayonida vujudga keladi hamda turli toifadagi yerdan foydalanuvchilar va yerga egalik qiluvchilarning qonuniy huquqlari va manfaatlarining g`ayrihu­quqiy xatti-harakatlari natijasida buzilishiga bog`liq bo`ladi.
Shahar yerlarida, shuningdek, dala hovli va kurort poselkalarida va qishloq aholi punktlariga ajratib berilgan yerlarda joylashgan binolarning mulkdorlari o`rtasida paydo bo`ladigan nizolar yer nizolarining turli toifalariga xos bo`lishi mumkin.
Bozor munosabatlarining taraqqiyoti, xo`jalik yuritish shakllarining va mulkchilik subyektlarining o`zgarishi yer-huquqiy nizolari xarakterining o`zgarishiga katta ta`sir ko`rsatdi. Agar ilgari yer nizolari qishloq xo`jaligi sohasida yerdan foydalanish huquqi subyektlari o`rtasida yer uchastkalarini taqsimlash va qayta taqsimlash yuzasidan vujudga kelgan bo`lsa, hozirga kelib yer nizolarining nafaqat subyektiv tarkibi, balki shu bilan birga xarakteri ham o`zgarib bormoqda.
Respublikamizda yer munosabatlari taraqqiyotining birinchi bosqichlarida yer nizolarining asosiy qismi yerga nisbatan bo`lgan huquqlarni amalga oshirish bilan bog`liq ravishda yerdan foydalanuvchilarning mavjud huquqlari yuzasidan vujudga kelgan bo`lsa, yerga egalik qilish institutining kiritilishi bilan bog`liq ravishda hozirgi kunda yerdan foydalanuvchilar va yerga egalik qiluvchilar, shuningdek yerdan foydalanuvchilar va yerga egalik qiluvchilar hamda yerlarni tasarruf qilish funksiyasini amalga oshiruvchi davlat organlari o`rtasida bo`lg`usi huquqlar yuzasidan vujudga kelmoqda.
Buning sababi shundaki, yerlar hozirgi kunda asosan yerdan foydalanuvchilar va yerga egalik qiluvchilar o`rtasida taqsimlangan. Bozor munosabatlarining rivojlanishi, yangi ishlab chiqarish binolarining qurilishi, transport yo`llari va shaharlarning barpo etilishi xalq xo`jaligining turli tarmoqlarida faoliyat ko`rsatayot­gan yerdan foydalanuvchilar o`rtasida yerlarni qayta taqsimlab chiqishni taqozo etadi. Bu esa tez-tez alohida yerdan foydalanuvchilar o`rtasida yer nizolarining kelib chiqishiga sabab bo`lmoqda.
Nodavlat iqtisod sektorining taraqqiy etishi, shuningdek sanoat, transport va xalq xo`jaligining boshqa sohalarining rivoj­lanishi sanoat, qurilish va boshqa noqishloqxo`jalik sohalari yo`li­da shirkatlar va qishloq xo`jaligi sohasida faoliyat ko`rsatayotgan boshqa yerdan foydalanuvchilardan olib qo`yilayotgan qishloq xo`jaligi yo`nalishidagi yerlardan foydalanishga olib keldi.
Shu sababdan, yer nizolarining asosiy qismi ba`zi shaxslarda yerdan foydalanish va yerga egallik qilish huquqining paydo bo`lishi hamda boshqalarda bu huquqning cheklanishi yoxud batamom tugatilishi bilan bog`liq ekanligiga hozirgi paytda ajablanmasa ham bo`ladi.
Noqishloqxo`jalik maqsadlariga yer ajratib berish va yerlarni olib qo`yish bilan bog`liq ravishda yuzaga keladigan yer nizolarini tasniflashda qo`yidagilarga e`tibor qaratish lozim. Amaldagi qonunchilikka binoan yer uchastkalarini ajratib berish to`g`risida iltimosnomani qondirish bir qancha bosqichlarda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda obyektning joylashgan joyini kelishib olish xususida tegishli davlat organlariga iltimosnoma beriladi. Unda yer uchastkasining taxminiy maydoni hamda ushbu obyektning rejalashtirilayotgan joyi ko`rsatiladi. Tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkasini tanlash uchun komissiya tashkil qiladilar. Komissiya tarkibida mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari bilan bir qatorda yer tuzish xizmati xodimlari, korxonalar, muassasalar, yer uchastkasining berilishidan manfaatdor tashkilotlar vakillari va foydalanishi yoki egaligidan yeri olib qo`yilayotgan tashkilotlar vakillari bo`ladi.
Aynan mana shu bosqichda yerning olib qo`yilishi bilan bog`liq turli kelishmovchiliklar va nizolar yuzaga keladi. Bu kelishmovchi­liklar yuqorida tilga olingan komissiya tomonidan qimmatbaho mahsuldor yerlarni asrab qolish zaruriyatini hisobga olgan holda hal etiladi.
Komissiya faoliyati natijalari yer uchastkasi ajratib berilgan­ligi to`g`risidagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya­ning yerni olib qo`yish to`g`risidagi qaroridan norozi bo`lgan tomon qarorni bekor qilishni so`rab xo`jalik sudiga murojaat qilishi mumkin.
Yer uchastkalarini berish tartibining ikkinchi bosqichi bevosita yer uchaskasini berish to`g`risidagi iltimosnomani taqdim etish va ko`rib chiqishdir. Qoida bo`yicha bu bosqichda yer nizolari yuzaga kelmaydi, chunki olib qo`yilayotgan yer uchastkasining maydoni va joylashgan joyi allaqachon hal etilgan va obyekt joylashgan joy to`g`risida dastlabki kelishib olinganlik materiallari yer uchastkasi­ni berish uchun yer tuzish ishlarining ajralmas qismi bo`ladi.
Yerdan foydalanuvchilar va yerga egalik qiluvchilardan yer olib qo`yilayotganda yerni olib qo`yish natijasida yetkazilgan zararni qoplash to`g`risidagi mulkiy nizolar ham yuzaga kelishi mumkin. Hozirgi paytlarda qishloq xo`jalik ishlab chiqarishini yuritish bilan bog`liq bo`lmagan holdagi maqsadlar uchun qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlarni asossiz ravishda olib qo`yish hollari keng tarqalganligi sababli qishloq xo`jaligi sohasida yerdan foydalanuv­chilarga ularning yerlarini olib qo`yish bilan bog`liq ravishda yetkazilgan zararni qoplash xususidagi nizolar soni ko`payib bormoqda.
Qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlarni olib qo`yish bilan bog`liq ravishda yetkazilgan zararni qoplash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan chiqarilgan normativ hujjat bilan tartibga solinadi. Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 15 iyundagi 282-sonli «O`zbekiston Respublikasida yerlarning qishloq va o`rmon xo`jaligini yuritish bilan bog`liq bo`lmagan ehtiyojlar uchun olinishi munosabati bilan qishloq xo`jaligi va o`rmon xo`jaligi ishlab chiqarilishi nobudgarchiligi xajmlarini aniqlash to`g`risida»gi qaroriga binoan zararni qoplashning amaldagi yer qonunchiligiga qo`proq mos keladigan yangi tartibi belgilandi.
Obyektning joylashgan joyini dastlabki kelishib olish bosqi­chida yerlarni olib qo`yish va ularni noqishloqxo`jalik ehtiyojlari uchun berishda yerga egalik qiluvchilar, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ko`rgan zararlar va yo`qotishlarning miqdori ushbu normativ hujjat bilan tartibga solinadi va yer uchastkalarini olib qo`yish hamda berish bosqichida aniqlanadi. Bunday hollarda yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo`yish yoki vaqtinchalik egallash oqibatida yetkazilgan zarar, shuningdek yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar huquqlarining cheklab qo`yilishi (tabiatni muhofaza qilishi va sog`lomlashtirish ahamiyatidagi yerlar atrofida sanitariya muhofazasi zonalarining tashkil etilishi hollari bundan mustasno) yoki korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning faoliyati natijasida yerlarning sifati yomonlash­ganligi oqibatida yetkazilgan zarar ko`rgan yerga egalik qiluvchilarga, yerdan foydalanuvchilarga va ijarachilarga to`liq hajmda to`lanishi kerak.
Qishloq xo`jaligi yerlarini qishloq xo`jaligini yuritish bilan bog`liq bo`lmagan maqsadlarda olib qo`yilishi oqibatida qishloq xo`jalik ishlab chiqarishida yuzaga kelgan hamda qishloq xo`jaligida foydalaniladigan maydonlarning kamayib yoxud butunlay yo`q bo`lib ketishida yoki korxonalar, muassasalar, tashkilotlar faoliyati ta`si­rida ularning sifatining buzilishi, hosildorligining kamayishida ifodalanadigan yo`qotishlar qishloq xo`jalik ishlab chiqarishi darajasini saqlab qolish maqsadida qishloq xo`jalik yerlari maydon­larini tiklash, ularning sifatini yaxshilash yo`li bilan qoplanadi.
Yerga egalik qiluvchilar va yerdan foydalanuvchilardan yerlar olib qo`yilganda yuzaga keladigan yer nizolarining asosiy turlari mana shulardir. Bular yerdan foydalanish va yerga egalik qilish huquqining tugatilishi bilan bog`liq nizolar deb ham ataladi. O`z-o`zidan ko`ri­nib turibdiki, bunday turdagi nizolar vakolatli davlat organlari­ning qonuniy xatti-harakatlari sababli yuzaga keladi, natijada yerga egalik qiluvchilar, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarning yerdan foydalanish huquqi tugatiladi.


,
Download 46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling