Erkin A’zam navoiyni o’qigan bolalar


Download 32.16 Kb.
Sana27.12.2022
Hajmi32.16 Kb.
#1068940
Bog'liq
Navoiyni o\'qigan bolalar


Erkin A’zam
NAVOIYNI O’QIGAN BOLALAR
Erkin A’zam 1950 yil 10 avgustda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1998). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1972). Dastlabki hikoyalar to‘plami – «Chiroqlar o‘chmagan kecha» (1977). «Otoyining tug‘ilgan yili» (1981), «Olam yam-yashil» (1984), «Javob» (1986), «Bayramdan boshqa kunlar» (1988), «Pakananing oshiq ko‘ngli» (2001), «Kechikayotgan odam» (2002) kabi qissa va hikoyalardan iborat kitoblari nashr etilgan. «Chantrimore», «Piyoda», «Pakana», «Dilxiroj», «Erkak» kabi ekran asarlarining hammuallifi.
Hazrat Navoiy hamda bir navoiyshunosga bag’ishlanadi.
1
Malikaning «ketaman» deganiga parvo qilmabmiz – na men, na Janob. Parvo qilgulik holatda emas edik: o‘yin-kulgi, sarmastlik. Yangi yil kirgan, yangi yil boshlangan. Yosh umrning yana bir yili, uzundan-uzoq. Shuning dastlabki kechasi, bir kechaginasi. Yaldo kecha, yallo kecha. Vaqt degani, soat millari go‘yo bir nuqtada to‘xtab qolgan – yoshlikka, yoshlik zavqlariga mahliyo. Qo‘shiq aytib charchamaymiz, tinglab charchamaymiz, tomoqlar bo‘g‘ilmaydi, bosh og‘rimaydi, irg‘ishlayverib tolmas oyoqlar battar xuruju xumor qiladi. Mayli, vaqt o‘tsa o‘taversin, oldinda mo‘l. Faqatgina tong otmasa – bas.
– Oyim dori ichib o‘tirgan bo‘lsalar kerak, men ketdim!
Ko‘chaga chiqqanimizda dunyoni qor bosgan edi. To‘zon, tuman. Bir qadam narini ko‘z ilg‘amaydi. Shu qiyomatda Yalang‘ochga yetib borish kerak. Iloj yo‘q, oyisi dori ichib o‘tiribdi. Yana birpasgina kutsa-ku olam guliston edi – hademay tong otadi. Ana o‘shanda dori ichadimi, sirkami – ko‘ngli tortgani. Injiq, besabr xotin ekan. Onasini ko‘rginu qizini ol. Yo‘q, Malika… yaxshi baribir!
Janob Malikaning to‘rvasini (Yangi yil bazmiga somsa pishirib kelgan edi) ko‘tarib olgan. Xushomad. Sadoqatli it. Xira pashsha. Ham g‘ashim keladi, ham kulgim qistaydi: zarurga-ku zarur, qudag‘ay xola, sizga nima zarur?
Shunaqa bir alomat toifa bor. Doimo ergashib, suykalishib yuradi. Soya, sharpa. O’zi mustaqil holda biron ishning uddasidan chiqolmaydi. Sevib-sevolmaydi, ketib-ketolmaydi. Mudom birovlarning ma’shuqasiga ko‘z tikkani tikkan. Kulgili va ayanchli joyi shundaki, gohida o‘sha oshiq-ma’shuqlar o‘rtasida vositachilik ham qiladi: gap tashish, xat-pat degandek. Oqibat – pinhona umidlar bilan yura-yura, dog‘da qolib ketadi. Bechora Janob! Qo‘lida kattakon to‘rva, mashina tutaman deb yelib-yugurishini qarang. Joni jabborniki. Mayli, yuzta joni bo‘lsa, bari-bari o‘shaning, ya’ni– Malikaning yo‘lida nisor! Shu qiliqlarini yuziga solsangiz, «Sen uchun-da, jo‘ra! Birga o‘qiymiz-ku, jo‘ra!» deydi yerga qarab. Mehribon jo‘ra, shum raqib!
Qor qo‘ynida, harir-ko‘kish to‘zon ichra xira miltillagan uchta chiroq bazo‘r sudralib kelayotir. Nihoyat! Ikkitasi yer bag‘irlagan, uchinchisi teparoqda. Ikki qo‘lida ikkita dur, peshonasida oltin jig‘a…
Janob yo‘lning o‘rtasiga chiqib fidoyilarcha turib oladi.
Ko‘k belbog‘li sariq mashina, milisaning mashinasi. Ichida ikki odam, hokimiyat vakillari – yonlamasiyu ko‘ndalangiga kamar taqqan, yelkalarida zarrin tasma, peshonada to‘g‘a, mis to‘g‘a… Xudo urdi!
Janob tap tortmaydi. Anovinaqa ashyo-anjomlardan unda yo‘q, albatta, lekin g‘ururi o‘ziga yarasha, til-jag‘dan ham xudo qismagan. Bir yoqda Malikaning oldida mulzamlik, boz ustiga o‘lgudek sovqotib ketyapti.
– Yangi yil muborak, taqsirlar!
– Qulluq, qulluq.
– Bizlarni lutfan Yalang‘ochga olib borib tashlanglar, iltimos.
– Qizilidan bitta bo‘ladimi? . – Insof qiling-da, taqsir!
– Eshikni yop! Taqsiir!..
Xayriyat, savdomizni Malika eshitmaydi. U bozor joyidan nariroqda – bekatda qunishibgina, mushfiq bir qiyofada turibdi. O’n so‘m emish-a! O’n so‘mga o‘n marta borib kelsa bo‘lar Yalang‘ochga. Shu tobda ikkalamizning cho‘ntagimizni qoqishtirib qaraganda ham o‘n so‘mga yetishi gumon. O’zimizni qo‘shib hisoblaganda ham. Ayniqsa, hozir, shu yupun, mirquruq holimizda. Lekin – ko‘ngil qurg‘ur osmoni falakda, osmon barobar g‘ururu da’voga to‘la. Qizdan pul so‘ramoq – gunohi azim, o‘limning o‘zginasi. Birimiz shoiru birimiz Janob bo‘lsak! Yana deng – ikkalamiz ham oshiq. Birimiz oshkora, birimiz pinhona. Cho‘ntaklar bu ahvol. Ma’shuqa bekatda sovuqdan diydirab turibdi. Oyisi uyda dori bilan suvning nisbatini chamalayapti. O’jar, o‘zboshimcha qiz esa, xushtorlari bo‘lmish ikki landavurning noshudligiga chidab, qorbo‘ron kechasi allaqayoqlarda tentirab yuribdi.
Ko‘p o‘tmay boshqa bir mashina ko‘rinadi.
– Besh so‘mingni chakkangga yopishtir, uka! Yalang‘och dunyoning ketida-yu!
Ko‘chada qorovullik kilayotganimizga bir soatlar bo‘lay deyapti. Yana andak chidab bersak tong otadi. Malikamizning ko‘ziga ko‘rinmaslik uchun ikkalamiz yo‘lning ikki yoqasiga go‘yoki arqon tutganmiz.
Yana bir mashina. Oldingi o‘rindiqlarda po‘stinga o‘rangan ikki yigit. Janob jonholatda oynaga yopishib, yolvoradi:
– Jon og‘aynilar, iltimos!..
Insof degani bor ekan-ku!
Apil-tapil kirib mashinaga o‘rnashamiz. Ikki po‘stin o‘zaro g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qiladi. Gaplari qulog‘imizga kirmaydi – izg‘irin etni uvada, ustixonlarni ilma-teshik qilgan. Malikaning qo‘lini kaftlarim orasiga olganman: muz, barmoklari zirillaydi.
– Qaysi tomonga, akaxonlar? – deb so‘raydi po‘stinlardan birovi.
– Aytdik-ku, Yalang‘och tarafga!
– Bular-chi?
– O’sha yoqqa.
– Sizlar-chi?..
Mashina negadir yo‘l yoqasida to‘xtaydi. Gap so‘ragan po‘stinli Janobdan «bir minutga» chiqishni iltimos qiladi. Ular sal nari ketib, nima haqdadir so‘zlasha boshlaydi. Bir mahal eshik shartta ochilib, Janob qo‘limdan tortadi:
– Tushinglar! Tez! Bu mashinada ketmaymiz!
Malika ikkovimiz hang-mang bo‘lib mashinadan tushamiz. Mashina shu zahoti kiyim-boshimizga qor aralash shaltoq sochib shiddat bilan jo‘nab qo‘yadi.
– Nima bo‘ldi o‘zi? – deyman gangib.
Janob meni chetroqqa boshlaydi.
Bizlarni, sen bilan meni uy-uyimizga olib borib qo‘ymoqchi…
– Nega… Malika-chi?
– Uni… uni.. – Janob yuzini chetga buradi. – «Biz opketaylik», deydi maraz!
Battar, tovonimga qadar muzlab ketaman. Alam, tahqir va sovuqdan dod deb yuborgim keladi. Qani, ovoz chiqsa! Chiqqanida kim eshitardi? Eshitganda nima!
Endi mashina kutish befoyda. Malikani o‘rtaga olib chor-nochor yayov yo‘lga tushamiz. Yo‘l toyg‘oq, manzil uzoq. Bir-birimizga suyanishib ketib boryapmiz. So‘z yo‘q, sado yo‘q. Sovuqdanmi, charchoqdanmi, shu qadar karaxt bo‘lib qolibmizki, allaqanday mashina yonginamizga kelib to‘xtaganini ham payqamabmiz. Qordek oppoq «Volga».
– Yo‘l bo‘lsin, yoshlar?
Umidsiz, hafsalasizlik bilan, ammo uchalamiz ba-avar javob beramiz:
– Yalang‘ochga.
– O’tiringlar.
Tushimizmi bu, o‘ngimiz? Ishonar-ishonmas mashinaga kiramiz. Ichkarida, haydovchining biqinida bir juvon ham bor ekan. Egnida qorqizlar kiyadigan yoqa-engi paxmoq po‘stincha, boshini ixchamgina qilib oq sholro‘mol bilan tang‘ib olgan.
– Yaxshimisizlar? Yangi yilinglar bilan! – deb qo‘yadi u eshitilar-eshitilmas ovozda.
Xijolatdan shosha-pisha biz ham ularni bayram bilan qutlagan bo‘lamiz.
Mashina sekin qor kechib jiladi. Issiqdan a’zoyi badanlarimizga jon oralay boshlaydi. Orqadagi ko‘rinmas karnaylardan o‘ychan bir navo taralmokda. Tanbur. Xushbo‘y atir hidi… Janob ikkalamizning ham xayolimizda bir o‘y: bu rohat-farog‘at hali qanchaga tusharkan? Kamida yuz so‘m so‘raydi-yov. Mayli, Malikani uyiga eltib qo‘yaylik, qolgani bir gap bo‘lar. Bor-budimizni qoqishtirib beramiz. Besh so‘m ham chiqmasa kerak. So‘ka-so‘ka tushirib yuborar. Bu yog‘i tong yaqin, o‘lib qolmasmiz. O’lib qolsak ham Malika ko‘rmas. Unamasa, izza qilamiz, yonidagi juvondan uyalar. Ayol kishining oldida bizdaqa qashshoq talabalar bilan savdolashib o‘tirmas, o‘ldimi! Xushro‘y juvonga o‘xshaydi. Ma’shuqasimikan? O’zi qari-ku, o‘ttiz beshlarda bor… Bo‘lmasa kimi? Qaysi ahmoq bayram kechasi xotinini bunday davron qilib mashinaga solib yuradi?!
To‘pori Janob, hech kutilmaganda, ehtirosli tovush bilan baytxonligini boshlab qoladi:
Oshiq o‘ldum, bilmadim, yor o‘zgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundog‘ balolar bor emish…
Tun. Qor. Mashina shahar markazi bo‘ylab ohista yeladi. Ikki yonda, boshlar uzra rangin chiroqlar silsilasi. Biz tushgan kema ana shu turfa yog‘dular bag‘rida suzib borayotir. Quloqlar ostida tanbur navosi. Tantanavor bir namoyish. Oldinda bir juft oshiq-ma’shuq, orqada bir juft. Birgina odam ortiqcha. Lekin bu safar bazmini, bu fusunkorlikni shu kimsaning dardli ovozi, o‘qiyotgan otashin misralari uyg‘unlashtirib, obod etib turibdi.
O’rtanurmen, ko‘ngliga andin asar bo‘lg‘aymu deb,
Bo‘lsa ta’sir, anga holimdin xabar bo‘lg‘aymu deb…
Bildik, Malikaning oldida o‘zlarini ko‘rsatmoqchi! Izhori muhabbat, ochiq-oshkor! Qarasam, haddidan oshyapti, tobora xiralashib ketyapman. Yodaki bisotimni kavlashtirib, «Sango-mango» laqabli domlamiz tazyiq ostida o‘rgatgan g‘azallardan ayni shu vaziyatda kinoyaomuzroq jaranglaydigan bir bayti xayolimga keladi:
Ishq ayladi yuz oqilu farzonani rasvo,
Ne ayb, agar qildi bu devonani rasvo.
Shu tariqa zimdan kurash boshlanadi: sen zo‘rmi, men zo‘r? Malika, o‘zing bahola! Malika esa taajjubda: bir balo bo‘lganmi bularga, favqulodda g‘azalxonlik, begona birovning mashinasida!..
«Begonalar»ga bizning bu qilig‘imiz negadir erish tuyulmaydi, dalda bergan kabi juvon qarab-qarab qo‘yadi. Chamasi, bu hol ularning ham ko‘ngliga hamohang.
Sirasi, biz – ikki talabgor hozir istihola nimaligini bilmasdik. Ko‘r edik, kar edik. Bizning ilohimiz hozir – yakkash muhabbat, bayt, g‘azal, qo‘shiq. Bunga esa ayni tobda hamma narsa muhayyo edi.
– Ke, endi «jon» payroviga o‘tamiz, – deydi otashin qiyofaga kirgan Janob.
Shoh baytlar. Navoiy bobo qulog‘imizga shivirlab turibdi.
Janob boshlaydi:
Jong‘a yo‘q ko‘nglumdinu ko‘nglumg‘a yo‘q jondin xabar,
Menga ne o‘zdin xabar, ne ko‘nglum olg‘ondin xabar.
Men kursimizdagi Safar no‘noqqacha hamma yod biladigan mashhur baytni shafe keltiraman:
Jism aylarmu fig‘on, bo‘lg‘och nafas jondin judo,
Aylagil ondin judo, qilg‘uncha jonondin judo.
Janob tap-tayyor:
Jong‘a zulmungni nechakim ko‘nglung istar, oncha qil,
Men cheka olg‘oncha demon, sen qila olg‘oncha qil.
Navbat meniki. Ammo hadeganda mendan sado chiqavermagach, yakkam-dukkam bisotim ado bo‘lganini sezib, raqibim mushoira maydonida yolg‘iz qoladi. Battar avju tantana qiladi u:
Mehr ko‘p ko‘rguzdim, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromijone topmadim.
Shunda men ham bo‘sh kelmaslikka tirishaman:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.
– E, xo‘sh-e, salomat bo‘lgaylar! – deydi Janob tirsagimdan chimdib. – Mirzo Bobur-ku bu!
– Navoiyniki emasmi?
Janobning jig‘ibiyroni chiqadi:
– Navoiy deganing nimasi! Tabarruk zotlarning nomlarini toq aytib bo‘lmaydi. Shakkoklikka yotadi bu. Nizomiddin Mir Alisheri Navoiy, muxtasarroq aytish lozim bo‘lganda – mavlono yoki hazrati Navoiy degan ma’qul.
– Ma’qul, ma’qul, – deb qo‘yaman irimiga, bemavrid bu saboqdan ensam qotib.
Biz bugun yigirma birinchi asr bo‘sag‘asida turibmiz. O’tgan asrlar adabiyotiyu ularning namoyandalari olisda qolib ketgan. Biz endi Lorka, Ximenes, Uitmen, Neruda ruhida yashamoqqa oshiqamiz. «Navoiy zamonida qolib ketgan» yolg‘iz odam kursimizda mana shu – Janob, Janobiddin Sayfiddinov; laqabi – Janobiddin Savdoyi yoki janob Janob. U hamon Navoiy zamonida yashaydi, o‘sha qadim Hirot muhitidan nafas oladi. Shundan, gap-so‘zlari odamga erishroq, o‘zi ham picha savdoyiroq tuyuladi. (Qaydam, o‘z navbatida biz uning nazarida havoyilarga o‘xshab ko‘rinsak kerak.) Qizlarimiz uni ochiqdan-ochiq «nenormalniy» deb ataydi, biz esa masxara aralash – «navoiyshunos».
Darhaqiqat, uning gapirgan gapi – Navoiy, Navoiyga doir biron yangilik topmagan kuni darsga kelmaydi. «Menga qolsa, hazrati Navoiyni o‘qiganga – nomzodlik, uqqanga doktorlik unvonini berardim, – deydi. Keyin o‘zicha kuyunib, komil ishonch bilan ta’kidlaydi: – Toki ul zotni o‘qimas ekan, uqmas ekan, bu xalq odam bo‘lmaydi». Biror nimadan nolib, hasrat qilsangiz yoki besabab, bemavrid suyunsangiz – xullas, unga sharhi dil aylasangiz, mudom bir xil, qisqagina maslahat olasiz: «Hazrati Navoiyni mutolaa qiling, hamma javobni o‘sha kishidan topasiz». U turib-turib, masalan, olamshumul bir jiddiyat bilan gapirib qoladi: «Kecha tun bo‘yi kamina o‘zimcha fikr etdim va shunday xulosaga keldimki, Navoiy hazratlari odam bolasi emas ekanlar…» «Ie-ie, bu nima deganing?» «Avliyo ekanlar, payg‘ambar! Negakim, oddiy odam bolasining quvvai iqtidori bunchalikka qodir bo‘lmas. Yo‘q, ishonmayman, hargiz!»
Biz, oddiy odam bolalari, hali aytilganidek, darsda Navoiyni o‘tib bo‘lganmiz, Janob esa hamon o‘sha muhit, o‘sha mavzular bilan mashg‘ul: kurs ishi, eski-tuski qo‘lyozmalar, ilmiy jamiyat, navoiyshunoslar yig‘ini… Qandaydir to‘plamda bir-ikkita kichik-kichik maqolalari chiqib, «Sango-mango» domlamizning yaqin maslahatgo‘yiga aylandi, kursda ham birmuncha obro‘ qozongandek bo‘ddi.
Bizni bog‘lab turgan narsa – u bilan ikkalamiz bir yurtdanmiz, birga o‘qiymiz, keyin… yo‘q, bu bizni bog‘lab turmasdi, bizni o‘zaro raqibga aylantirgan edi. Mana, shu baytbarakning mazmunidan ham ayon.
Uni deb shunchalik jangu muhoraba ketyapti-yu, Malikaning parvoyi falak, to‘g‘rirog‘i, xayoli boshqa yoqda: oyisi bor dorilarini ichib bitirmay uyga yetsam deydi…
Manzilga yetganimizda qiziq bo‘ldi. Malikalarning torko‘chasi boshida mashinadan tushib, Janob ikkovimiz iymana-iymana cho‘ntaklarimizni titkilayotgan edik, mashinaning egasi qo‘l siltadi:
– Qo‘yinglar-qo‘yinglar, kerakmas!
Bizning o‘zi quruq «rahmat»dan bo‘lak hech vaqomiz yo‘q edi.
– O’zlaringga rahmat. Omon bo‘linglar, – dedi u mashinasini iziga burib olarkan. – Navoiyni… hazrat Navoiyni unutmagan o‘zbek bolalaridan pul olsak, uyat bo‘lar, gunoh! Shunaqa emasmi?
Uchalamiz ko‘cha boshida serrayib turib qoddik.
– Ana, qaranglar, – dedi Janob hayajon bilan, – hazrati Navoiyning ruhi poklari bizni qo‘lladi!
Afsuski, bundan bu yog‘iga uni hech kimning ruhi qo‘llamadi: Malika menga mayl bildirgani ko‘rinib turar, uni endi bir o‘zim kuzatishim lozim edi. Shunda, xayrlashuv pallasi Janob ikkovimiz bir daqiqa bir-birimizga tikilib, boya boshlagan mushoiramizni xayolan yakunlagan bo‘ldik.
Janob:
«Voyu yuz ming voykim, tarki muhabbat qildi yor,
Bilmayin qoldim menu qilmay xabar ayrildi yor».
Men:
«Hildi dushman rahm baskim, qildi javr izhor do‘st,
Ey ko‘ngul, dushman top emdi, tutmag‘il zinhor do‘st».
– Janob:
«Ko‘nglung istar yorlar birla hamisha shod bo‘l,
Mendinu kimdinki, ko‘nglung istamas, ozod bo‘l».
2
Men Malika bilan yaqinlashgan sari Janob mendan uzoqlashardi. Mendangina emas, jamoatdan ham. Hech kimga aralashmaydigan odamovi, yakkamoxovga o‘xshab qoldi. Endi ko‘rgan-ko‘rishganda sovuqqina salom-alik qilardik, xolos. Bu orada o‘qishlarni bitirdik, ko‘cha-ko‘chasini topib har kim har yoqqa to‘zib ketdi. Yurtdoshlik, kursdoshlik hurmati, bir paytlardagi chatish xotiralar haqqi, atayin xabar yuborganimga qaramay, Janob to‘yimizga kelmadi. Balki to‘g‘ri qilgandir, uning o‘rnida men bo‘lganimda ham bormas edim.
Shu tariqa begonalashib, Janobiddin mening, Malika ikkimizning hayotimizdan go‘yo chiqib ketdi. Xuddi o‘zaro kelishib olgandek, umumiy bir gunohimizdek, uni eslamay ham qo‘ydik. Aytishlaricha, sharqshunoslik institutida yurganmish. Eski qo‘lyozmalarning changini artib. Uzoq yili qaysi bir jamoat yig‘inida ko‘rdim ham. Ko‘zoynak taqib olibdi. Fan nomzodi. Navoiyshunoslikka oid bahstalab mavzularda sharhlari chiqib turadi. Shu borada shov-shuvli bir masalani qo‘zg‘ab yurgani ham qulog‘imga chalingan edi.
Uylanmadi. Eshitishimcha, «Hazrati Navoiy tutgan yo‘riqdan borib, toq o‘tmoqni ixtiyor etdim», der emish…
Keyin – mana shu xabar…
3
…O’sha kuni u kechki reys bilan Samarqandga uchishi kerak ekan. Qo‘lida Navoiy davriga oid kashfiyot darajasida muhim hujjat, navoiyshunoslar anjumanida qatnashishi, ma’ruza qilishi lozim. Ilmiy sessiya ertaga ertalab ish boshlaydi.
Lekin aeroportda nima hamdir bo‘ladi-yu, samolyotga chiqish oldidan «Kechiqdingiz, odam to‘lib qoldi» degan bahona bilan uni reysdan qoldirib yuboradilar. Bu so‘nggi reys ekan. Alamiga chidayolmagan navoiyshunos to‘polon ko‘taradi, yo‘lini to‘sgan haligi ma’mur bilan jiqqamusht bo‘lishgacha boradi. Mojaroga shu atrofda aylanib, jamoat o‘rtasida tartib o‘rnatib yurgan militsiya kapitani aralashadi. Mashg‘ulot topilganidan quvonib, u shartta kelib navoiyshunosning qo‘lini qayirib oladi. Tartibbuzarni xosxonasiga eltib, hujjatlarini tekshiradi, so‘roq qilgan bo‘ladi. Gap-so‘zlari birmuncha havoyiroq tuyulganiga qaramay, dardu da’vosini eshitgach, yumshaydi, yupatadi: «Hechqisi yo‘q, og‘ayni. Bunaqasi bo‘lib turadi bizda. Birortasini shoshilinch uchirib yuborish kerak bo‘lgandir-da. Sizga maslahat: bu kecha uyga borib maza qilib damingizni oling. Ertaga azonlab kelsangiz, men o‘zim tonggi reys bilan jo‘natib yuboraman».
Bu va’dani omonat cho‘ntagiga joylab sal-pal hovuridan tushgan navoiyshunos, kapitanning huzuridan chiqqach, o‘ylab boshi qotadi. Ijara uyi shaharning narigi chekkasida, azonlab bu yerga yetib kelmog‘i dargumon. Boz ustiga xo‘jaykasi bilan aytishib qolib, boshqa joyga ko‘chmoqchi, uch kundan beri esa bir talaba hamqishlog‘ining katalagida tunab yuribdi. Sho‘ppayib bu kech ham kirib borishi noqulay – ertalab xayrlashib chiqqan.
Daf’atan xayolida bir fikr tug‘ilib, aeroportning biqinidagi baland binoga qarab yuradi. Bir hisobda samolyotdan qolib ketgani foydaga. Bu kecha shu yerda bafurja o‘tirib qo‘lidagi qog‘ozlarni saranjomlaydi, anjumanda bayon etajak mulohazalarini puxtalab olaDI…
Qachon, qaysi mehmonxonada bo‘sh joy bo‘lgan?! Ammo, navoiyshunos xiralik qilib yopishib olgach, ma’mur xotin iygandek bo‘lib uning pasportini varaqlab ko‘radi-yu, basharasiga otib yuboradi: «Propiskangiz shaharda-ku, boring, uyingizga borib yoting!»
Masalaning bu jihatini o‘ylab ko‘rmagan navoiyshunos sarosimada qoladi. Keyin zo‘r berib yalinmoqqa tushadi. Foyda chiqmagach, do‘q-siyosatga o‘tadi. Ma’mur xotin ham bo‘sh kelmaydi, tahdid chorasini qo‘llaydi: «Hoziroq bu yerdan daf bo‘lmasang, milisa chaqiraman!» «Milisani men o‘zim chaqiraman», deydi navoiyshunos ko‘nglida bir ilinj bilan va mehmonxonadan chiqib boyagi maslahatgo‘yining oldiga yuguradi. Kapitanga ahvolni tushuntirib, «Mehmonxonaga sim qoqib, bir kechaga joy olib bering, taqsir, – deya iltimos qiladi. – Navoiyshunoslikka hissa qo‘shgan bo‘lasiz».
Kapitan nimadandir diqqat bo‘lib o‘tirgan ekanmi, boyadan beri qimmatli vaqtini o‘g‘rilab bezor qilgan bu nusxaning o‘zini tutishi, gap-so‘zlari endi shubhaliroq tuyulib, ijirg‘anish bilan so‘raydi: «Nimalar deyapsiz o‘zi, og‘ayni? Qanaqa navoiyshunoslik?» «She’r, g‘azal deganini tushunasizmi o‘zi? – deydi navoiyshunos uning bepisand ohangidan ranjib. – Mir Alisher Navoiy degan zotni eshitganmisiz?» «Ha, «Munojot»ni yozganmi?» Navoiyshunos bu gapga sal tirishadi-yu, sir boy bermay: «Mana, u kishi nima debdilar…» deya g‘azal o‘qimoqqa kirishadi.
She’r ohangi ta’sir qiladimi yo omi ko‘ringisi kelmaydimi, kapitan: «Bizning ulug‘imiz ham yozadilar, u kishi qo‘shiq yozadilar! – deydi faxr-iftixor bilan va tortmasidan piyozning po‘stidek yupqagina bir kitobcha olib, mehr bilan avaylab stolga qo‘yadi: – Mana, u kishining kitoblari! Ayniqsa, bitta qo‘shiqlari bor, zo‘r! Eshitgandirsiz, «O-o, kechalar…» deb aytadi».
«Ha endi, sizning ulug‘ingiz qayoqdayu hazrati Navoiy qayoqda! – deydi navoiyshunos, dardi-holi esida yo‘q, astoydil bahsga kirishib. – Unaqalar butun bor – ertaga yo‘q. O’tadi-ketadi. Hazrati Navoiy esa… Mana, quloq soling…»
Hazrat Navoiyning davri o‘tgan, bugun o‘zgacha davron ekan. Kapitan ana shu davronning fidoyi, ko‘ru kar gumashtalaridan edi. U qo‘shiqnavis ulug‘ining muxlisi, muxlisi ne, sadoqatli quli, sanoqsiz mirg‘azablaridan biri edi. Bir muddat odamshavanda bo‘lib ko‘ringan bu kimsa, mirg‘azabligi esiga tushib, yana asliga qaytadi. Yaqin bir soatdan buyon boshini qotirayotgan mana bu telbanamoning andishasizligiga achchig‘i keladi. O’zidan pastroq bir mirg‘azabga buyuradiki, bu shakkokni anovi xonaga olib kirib boplab adabini bersalar, to ulug‘ning ulug‘vor qo‘shiqlariga hamnavoz bo‘lmagunicha darralasalar…
«Kimsani dard ahli deb, sirrimga mahram ayladim,
O’z-o‘zumni kuch bilan rasvoi olam ayladim».
Shakkok boltadan qaytmaydigan xilidan bo‘lib chiqadi. Hammayog‘i mo‘mataloq, og‘zi-burni qon holiga, boyagi lafzini qo‘ymaydi: «Ulug‘ing shoir-poir emas, o‘tkinchi! O’shanga sig‘ingan senlar esa – qonxo‘r jallod!» Keyin o‘z-o‘zidan sovuq iljayib bayt o‘qiydimi-ey, g‘azal o‘qiydimi-ey…
«Dahrdin mehru vafo qilma havas,
Elidin g‘ayri jafo qilma havas».
Hibsxonaga oq xalat kiygan ikkita norg‘ul-norg‘ul yigit kirib kelganda shakkok, ko‘zlarida yoshi shashqator, hamon ovozini baralla qo‘yib g‘azal o‘qiyotgan bo‘ladi. Norg‘ullar uni tappa yerga bosib, oyoq-qo‘lini bog‘lashadi, a’zoyi badanini ombirdek siqqan allaqanday ridoga o‘rab, «Tez yordam» mashinasiga tiqishadi.
Shakkok bu yerda bemorga aylanib, bir em bilan besh kun ko‘zini ochmay yotadi. Oltinchi kuni o‘ziga ke-lib, hovliga o‘rmalaydi. Qaerga tushib qolganini qo‘rib, ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi. Ammo hech kim parvo qilmaydi, hech kim hayron ham bo‘lmaydi. Chunki bu yerda undan ham qattiqroq ho‘ngrab yig‘laydiganlar serob ekan.
Shu zayl asta-sekin ahvoliga ko‘nikadi, bundagi tartib-qoidaga bo‘ysuna boshlaydy; o‘ziga o‘xshagan birodarlariga aralashib, elakishib, baytu g‘azallar o‘qib yuradi. Ular orasida «Navoiy», «shoir» degan laqablar orttiradi. Ilk daf’a bundan xabar topganida, ya’ni – kimdir «Ho‘ Navoiy» deb chaqirganida u birdan ko‘karib ketadi, so‘ng shifoxonani boshiga ko‘targudek to‘polon qiladi. Shunda uni tutib olib yana emlaydilar…
Bir kuni yo‘laqda farrosh kampirga pul qistirib, sharhi ahvoli bayon etilgan maktubni jo‘natishni so‘raydi.
Xizmatdosh hamkasblari hech gapdan bexabar, uning Samarqandda bunchalik uzoq qolib ketganiga ajablanib, o‘sha yoqda kasal-pasal bo‘lib qoldimikan, degan gumon bilan yurishgan ekan. Tezda bu yerga yetib kelishibdi. Ahvolni ko‘rib, avval hayron, so‘ngra darg‘azab bo‘lishibdi: bu qanday shafqatsizlik, bu qanday qabohat! O’sha kuniyoq zudlik bilan ishxonalaridan vakolatnomayu kafolatnoma uyushtirishibdi. Biroq, shifoxona ma’muriyati bu qog‘ozlarni inobatga olmabdi: boshqa joydan boshqa ko‘rsatma kelgan ekan.
Nihoyat, yigirma kunlardan keyingina unga javob beriladi. Kutilmaganda ruxsat tekkani bois, yonida birga ketadigan hech kim yo‘q, o‘zi yolg‘iz ekan.
Oqibati shu bo‘libdiki, ijara uyiga ketayotib, metroning oxirgi bekatiga kelganda, «Bu o‘zimning uyim-ku, nega bo‘shatar ekanman?!» deya da’vo kilib turib olibdi…
Yana o‘sha mirg‘azablar, yana o‘sha oq xalatli norpolvonlar, yana em… Keyin…
4
…Dafn marosimidan ezilib qaytdim.
Sho‘rlikning so‘raydigan kiroyi kimsasi yo‘q – besoyib; amakisimi, tog‘asi bor ekan, u ham yetib kelolmadi shekilli, shahardagi qabristonlardan biriga dafn etildi.
Mozordan qaytishda ba’zi birovlar o‘limi tafsilotini muhokama qilishdi: o‘shandoq joyda qanday ro‘y berishi mumkin bunday hodisa, beparvolik, sovuqqonlik; nahotki, hech kim ko‘rmagan bo‘lsa; arqonni qayoqdan topdi ekan… Marhum Samarqandga olib jo‘nagan o‘sha muhim hujjat haqida gap bordi, har xil tusmol-taxminlar aytildi, bahs bo‘ldi: qo‘lyozma chindan ham kashfiyotmidi; qaerda qoldi ekan; taqdiri nima kechdi; nahotki, shunday noyob hujjat yo‘qolgan bo‘lsa… Bu borada hech kim tayinli biror gap aytolmadi.
Keyin kimdir marhumning fe’l-atvoriga oid ehtiyotsizroq bir gap qilgan edi, dafn ahli o‘sha kishiga baravariga o‘qrayib qaradi.
5
Uyga kelgach, Malikani ko‘rib yana bezovta bo‘ldim. Bu hodisani unga aytgim kelaverdi. Ammo… tilim bormadi. Kelib-kelib endi, rashkka o‘rin qolmagan bo‘lsa-da (qabohat-ku bu!), aytolmadim. Ko‘rqdim, nimadandir qo‘rqdim. Hanuz qo‘rqaman…
Lekin, o‘sha tushdek qorbo‘ron kechasini hayotimizdan o‘chirib tashlab bo‘lmasligiga ham aqlim yetadi. Ushanda bizga unutilmas bir himmat ko‘rsatgan kimsani eslab esa ko‘ngil taskin topgandek bo‘ladi.
Download 32.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling