Erkin iqtisodiy zonalarda valyuta muomalasini takomillashtirish
Download 73.5 Kb.
|
01.03.2023.Rashidov M.K. maqola
Keywords: free economic zone, currency regime, currency circulation, foreign investor, financial reporting, international accounting standard.
Erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi va rivojlanishiga bir qator omillar ta`sir ko`rsatsa-da, ular ichida tashkil etilgan zonalar faoliyati samaradorligining jahon iqtisodiyoti va alohida davlat iqtisodiyoti o`sish darajasidan ham bir necha barobarga yuqori ekanligini alohida keltirib o`tish lozim. Jumladan, “EIHlarda foyda me’yori o`rtacha 25-30 %ni, Osiyodagi EIHlarda 35-40 %dan yuqorini tashkil etadi. Mazkur hududlarda kapital qo`yilmalarning qoplanish muddati 2-3 martaga qisqa hisoblanadi. Odatda, kiritilgan mablag„lar 3-3,5 yilda qoplansa, bunday qo„yilma me’yordagi hisoblanadi. Ko`pgina rivojlanayotgan mamlakatlarda EIHlar orqali ular iqtisodiyotiga jami xorijiy investitsiyalarning 30 % dan 80 % gacha qismi kirib keladi”[1]. Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va ularni samarali faoliyat yuritishini takomillashtiriishga bugungi kunda yuqori e’tibor qaratilmoqda. Respublikamiz Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi PF-4853-son Farmoni, hamda ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan 2016 yil 29 dekabrda Vazirlar Mahkamasining 418-son “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinganligi, 2017 yil 12 yanvarda Prezidentning “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Xazarasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi Farmonlarining e’lon qilinishi bu boradagi ishlar mamlakatimiz rivoji uchun katta ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi[1]. Ushbu farmonlar va qarorlar ijrosi yuzasidan erkin iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligiga oid nizomlar loyihalari muhokama qilinmoqda. Jumladan, erkin iqtisodiy zonalarda alohida valyuta rejimi, soliq va bojxona imtiyozlari, ma’muriy imtiyozlar va boshqalarni aytishimiz mumkin. Xususan, alohida valyuta rejimi bo‘yicha erkin iqtisodiy zonalar doirasida ishtirokchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijiy valyutada hisob-kitob qilish va to‘lash, respublikamizning boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari tomonidan etkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovni xorijiy valyutada to‘lash, shuningdek, eksport va import qilinadigan tovarlar uchun to‘lovlarni o‘zlariga qulay bo‘lgan valyutada to‘lash, hamda hisob-kitob qilishlari mumkin. Erkin iqtisodiy zonalarda valyuta muomalalari “Erkin iqtisodiy zonalarda alohida valyuta rejimi faoliyati tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi va bu Nizom yurtimizdagi barcha erkin iqtisodiy zonalarda valyuta rejimi bo‘yicha amal qiladi. Erkin iqtisodiy zonalarda alohida valyuta rejimi belgilanib, valyuta muomalalari amalga oshirilar ekan, valyuta muomalalarini umumlashtirish va ular to‘g‘risida ishonchli axborotlarni shakllantirishda valyuta muomalalarining hisobi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan, valyutalarning hisob raqamlarga kelib tushishi va sarflanishi qonunchilikka asosan uzluksiz ravishda hisobga olinadi. “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonun va buxgalteriya hisobining milliy standartlari valyuta muomalalari hisobini tashkil etish, yuritish va moliyaviy hisobotni tuzishga doir tartib va talablarni belgilaydi. Erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilari xizmat ko‘rsatish uchun vakolatli banklarni mustaqil tanlaydi va O‘zbekiston Respublikasining bir yoki bir necha vakolatli banklarida xorijiy valyutada hisob raqam ochadi. Ichki valyuta bozorida xorijiy valyutalarni sotib olish va sotish erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilari tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilari eksport va import shartnomalari monitoringi tashqi savdo muomalalari yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Eksport qiluvchilar etkazib berilgan tovarlar, ko‘rsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlar yuzasidan o‘z hisob raqamlariga o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushmagan valyuta mablag‘lari bo‘yicha javobgar hisoblanadi. Xorijiy valyutada ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning qiymati,buxgalteriya hisobida aks ettirish maqsadida milliy valyuta (so‘m)da qayta hisoblanadi. Xorijiy valyutada ifodalangan aktivlar va majburiyatlar qiymatini so‘mda qayta hisoblash ana shu xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan Markaziy bank joriy kurslari bo‘yicha amalga oshiriladi. Valyuta muomalalarini asoslovchi boshlang‘ich hujjatlarni rasmiylashtirish sanasidagi xorijiy valyuta kursidan kelib chiqib so‘m ekvivalentida aks ettiriladi. Erkin iqtisodiy zonada tovar (ish va xizmat)larga narxlarni xorijiy valyuta ekvivalentida belgilaydigan, o‘zaro hisob-kitoblarni esa milliy valyuta - so‘mda amalga oshiradigan xo‘jalik sub’ektlari tovarlarni etkazib berish, xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish sanasidan boshlab to‘lov kelib tushgan sanaga qadar davr ichida Markaziy bank kurslarining o‘zgarishi munosabati bilan yuzaga keladigan kurs farqlarini moliyaviy faoliyatdan olingan daromad yoki xarajat sifatida moliyaviy natijalarga kiritiladi. Import qilingan tovar-moddiy zaxiralar va boshqa aktivlarning xarid qiymati Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish hamda bojxona bojlari va yig‘imlarini, shuningdek, “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom, “Tovar-moddiy zaxiralar”nomli 4-son va “Asosiy vositalar” nomli 5-son Buxgalteriya hisobi milliy standartlariga muvofiq shakllanadigan, xarid qilish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni to‘lash sanasida Markaziy bank kursi bo‘yicha belgilangan import qilingan tovar-moddiy zaxiralarning shartnoma qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Erkin iqtisodiy zona qatnashchilarining ustav fondi (ustav kapital)ning miqdori xorijiy valyutada belgilanadi va har bir muassis tomonidan ulushlar kiritilishi kiritish paytidagi Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi. Erkin iqtisodiy zona qatnashchisining ustav fondi (ustav kapital)ni shakllantirish chog‘ida ta’sis hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish sanasi va ustav fondi (ustav kapital)ga mablag‘larni haqiqatda kiritish sanasidagi Markaziy bank kurslari o‘rtasidagi kurs farqi buxgalteriya hisobida qo‘shilgan sarmoya sifatida aks ettiriladi. Hozirgi kunda, erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilari faoliyatida valyuta muomalalari hisobi bilan bog‘liq quyidagi muammoli holatlar mavjud: - erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar aksariyat xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan bo‘lib, faoliyat yuritayotgan korxonalarning moliyaviy hisobotlarini chet ellik investorlarga xorijiy valyutada ifodalash orqali davriy taqdim etish talab etiladi. Ammo, ushbu holat bo‘yicha aniq tartib mavjud emas; - erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilarining ustav fondi (kapitali)ga xorijiy investorlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, o‘rnatiladigan uskunalar, kapital qo‘yilmalar va tovar-moddiy zaxiralar ulush sifatida kiritilgan. Xorijiy investorlar xorijiy valyutada kiritilgan resurslarni valyuta kurslaridagi tafovutlar natijasida yo‘qotishni xohlashmaydi. Shu sababdan, investorlarni asosan ushbu resurslar to‘g‘risidagi xorijiy valyutada ifodalangan davriy hisobotlar qiziqtiradi. Chunki, bu holat tabiiydir, lekin xorijiy valyutada ifodalangan hisobotlarni tuzish bo‘yicha milliy tartib belgilanmagan; - “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra xo‘jalik sub’ektlari qonunchilik talablari asosida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini qo‘llashi mumkinligi, belgilangan. Ammo, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari tarkibida valyuta muomalalariga oid standart mavjud emas. Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilari soliq idoralariga O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligiga ko‘ra buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarni topshirishlari belgilanganligi o‘z-o‘zidan milliy qonunchilik talabalari asosida ishlab chiqilgan buxgalteriya hisobining milliy standartlarini qo‘llashni taqozo etadi[2]. “Valyuta kurslaridagi o‘zgarishlarning ta’sirlari” nomli 21-son Buxgalteriya hisobining xalqaro standartiga ko‘ra, ushbu standart xo‘jalik sub’ektining moliyaviy hisobotlarini xorijiy valyutada taqdim etishga nisbatan qo‘llaniladi. Ushbu standart natijaviy moliyaviy hisobotlarni Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq, deb aks ettirilishiga nisbatan talablarni belgilaydi[3]. Shu talablarni qanoatlantirmaydigan moliyaviy ma’lumotlarni xorijiy valyutaga o‘tkazish bo‘yicha ochib berilishi talab etiladigan ma’lumotlarni belgilaydi. Ushbu standart xorijiy valyutadagi pul mablag‘lari oxirgi kursdan, xorijiy valyutada boshlang‘ich qiymat bo‘yicha hisoblangan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy zaxiralar muomala sanasidagi valyuta kursidan, xorijiy valyutadagi haqqoniy qiymat bo‘yicha hisoblangan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy zaxiralar haqqoniy qiymat baholangan sanasidagi valyuta kurslaridan foydalangan holda bir valyutadan boshqa valyutaga o‘tkaziladi. Valyuta muomalalari hisobi bo‘yicha yuqorida ko‘rib o‘tilgan holatlar bo‘yicha aniqlikni ta’minlash maqsadida “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi” nomli 22-son buxgalteriya hisobi milliy standartini “Valyuta kurslaridagi o‘zgarishlarning ta’sirlari” nomli 21-son buxgalteriya hisobining xalqaro standartiga moslashtirish maqsadga muvofiq. Download 73.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling