Esse mavzu: Davlat krediti va davlat qarzini samarali boshqarish


Download 19.75 Kb.
Sana28.12.2022
Hajmi19.75 Kb.
#1011968
Bog'liq
ESSE


ESSE
Mavzu:Davlat krediti va davlat qarzini samarali boshqarish
Qarz munosabatlari dunyodagi juda koʻplab mamlakatlarga xos boʻlib, uning ildizlari qadimgi davrlarga borib taqaladi. Qadimgi zamonlarda odamlar urug‘larni sotib olish uchun qarz olgan, qarzni esa hosilni yig‘ib olgandan keyin qaytarishgan. “Hozir ham banklar va kreditorlar kelajak taraqqiyot uchun urug‘lar ekishda muhim rol oʻynamoqda. Shu bilan birga tarix hech narsa bilan kafolatlanmagan kredit ajiotaji jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga olib kelgani kabi qarz berishning salbiy tomonlarini ham biladi. Bunday muammolardan qochish uchun qarz olishga e’tiborliroq boʻlish hamda uning oʻrniga investitsiyalarga koʻproq ahamiyat berish zarur”
Globallashgan dunyoda har qanday davlatning asosiy vazifasi makroiqtisodiy barqarorlikka erishish, aholining farovonligini oshirish va yuqori oʻsish sur’atlariga
erishish hisoblanishi hech kimga sir emas. Oʻzbekiston Respublikasi ham soʻnggi yillarda jahon hamjamiyati bilan faol iqtisodiy va siyosiy integratsiyaga kirishmoqda.
Xususan, tashqi moliyaviy resurslar va qarzlar jalb qilishda Oʻzbekiston juda faol tarzda qatnashmoqda, ya’ni mamlakatimizning yalpi davlat qarzi 2016-yilda 9,5 mlrd. AQSh dollarini (YaIMga nisbatan 11,6 foiz) tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil 1-yanvar holatiga bu koʻrsatkich 26,3 mlrd. AQSh dollari yoki YaIMning 38 foizini tashkil etmoqda. Bu statistik ma’lumotlar bir tomondan bizni tashvishga solishi ham turgan gap, ya’ni rivojlanayotgan davlatlarda qarzlardan foydalanish samaradorligi ancha past hamda shaffoflik masalasi ham jiddiy masala ekanligi tashvishga soladi. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi tavsiyasiga koʻra rivojlanayotgan davlatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda ham davlat qarzining YaIMga nisbatan xavfsiz darajasi 55-60 foizni tashkil etishi aytib oʻtilganini hisobga oladigan boʻlsak, Oʻzbekistonning davlat qarziga xizmat koʻrsatish darajasi barqaror deya e’tirof etishimiz mumkin. Shu bilan birga qarzlarning iqtisodiy taraqqiyotga qoʻshayotgan hissasi qarzning darajasidan ham koʻproq ahamiyat kasb etadi. Shu xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev bu borada o‘z fikrlarini aytib oʻtdilar: “Tashqi qarz shu xalqimizning farovonligiga xizmat qilyapti. Eng muhimi - tashqi qarz miqdori qonun doirasida. Tashqi qarz ham hamma davlatlarga berilmaydi: ishonch borki, bizga taqdim qilishyapti. Hammasi maqsadli ishlatilyapti va vaqtida qaytariladi. Boshqa davlatlar tashqi qarzi bilan solishtirganda bizniki ancha past koʻrsatkichda”. Oʻzbekiston oʻzining mustaqil taraqqiyoti davrida qisqa muddatli spekulyativ kreditlardan voz kechib, chet el investitsiyalarini oʻrta, uzoq muddatli va imtiyozli foiz stavkalar boʻyicha jalb etish tamoyillariga doim amal qilib kelmoqda. Davlat qarzlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega ekanligi, hozirgi paytda O‘zbekistonning davlat qarzi jadallik bilan o‘sayotganligi mavzuning dolzarbligini ko‘rsatadi.

Davlat krediti quyidagi bir necha belgilarga koʻra klasssifikatsiya qilinadi:


1) emitentlar boʻyicha:
✓ markaziy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar;
✓ hududiy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar;
2) joylashtirilish joyiga qarab:
✓ ichki qarzlar;
✓ tashqi qarzlar.
3) bozorda muomala qilishiga (aylanishiga) qarab:
✓ bozorli qarzlar;
✓ nobozorli qarzlar.
Bozorli qarzlar erkin sotiladi va sotib olinadi. Ular byudjet defitsitini moliyalashtirishda asosiy boʻlib hisoblanadi. Nobozorli qarzlar erkin ravishda oʻz egalarini almashtirishi mumkin emas. Ular qimmatli qog‘ozlar bozorida muomalada
boʻlmaydi. Maʼlum bir investorlarni jalb qilish uchun bunday qarzlar davlat tomonidan chiqariladi va shu investorlarning oʻziga xos boʻlgan manfaatlariga mos keladi. Masalan, g‘arb mamlakatlarida nobozorli davlat obligatsiyalari nodavlat pensiya fondlari, sug‘urta kompaniyalari va kichik investorlarning mablag‘larini jalb qilish uchun chiqariladi.
4) mablag‘larni jalb qilish muddatiga koʻra:
✓ qisqa muddatli (bir yilgacha qaytarish muddati bilan);
✓ oʻrta muddatli (bir yildan besh yilgacha);
✓ uzoq muddatli (besh yil va undan yuqori)
Qisqa muddatli qarzlardan byudjet daromadlarining kelib tushishi va xarajatlarini amalga oshirishdagi qisqa muddatli uzilishlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi. Odatda, bunday maqsadlar uchun veksellar chiqariladi. Italiyada g‘aznachilik veksellari 3, 6, 12 oylik muddatlarda, Yaponiyada - 60 kunlik, Buyuk Britaniyada – 91 kunlik muddatlarda chiqariladi. G‘aznachilik veksellari ikki yilgachalik muddatlarda chiqariladigan Germaniya bundan mustasnodir.
Baʼzi bir mamlakatlarda nisbatan uzoq muddatlar uchun mablag‘larni jalb qilishda g‘aznachilik notalaridan foydalanilib, ular veksellarga nisbatan kamroq tarqalgandir. Italiyada bunday g‘aznachilik notalari 2-3 yillik qaytarilish muddati bilan, АQShda bir yildan oʻn yilgacha qaytarilish muddatlarida chiqariladi. Uzoq muddatlar uchun mablag‘larni jalb qilish, odatda, obligatsiyalar yordamida amalga oshiriladi.
5) qarziy majburiyatlarning taʼminlanganligiga qarab:
✓ garovli;
✓ garovsiz.
Garovli obligatsiyalar konkret yoki aniq mulk bilan taʼminlanadi. Bunday obligatsiyalar xorijning rivojlangan mamlakatlarida tez-tez mahalliy hokimiyat organlari tomonidan muomalaga chiqariladi. Garovsiz obligatsiyalar aniq bir narsa taʼminlanmaydi: uning taʼminlanish asosi boʻlib davlatning yoki mahalliy hokimiyat
organlarining jami mulki hisoblanadi. Markaziy boshqaruv organlari, odatda, garovsiz obligatsiyalarni muomalaga chiqarishadi. Ularning ishonchliligi juda yuqori boʻlganligi uchun ular qoʻshimcha kafolatga ehtiyoj sezmaydi.
6) toʻlanadigan daromadning xarakteri boʻyicha:
✓ yutuqli qarziy majburiyatlar;
✓ foizli qarziy majburiyatlar;
✓ nol kuponli qarziy majburiyatlar
Yutuqli obligatsiyalar boʻyicha daromadlarning toʻlanishi lotereyalar asosida amalga oshiriladi. Bu obligatsiyalar katta talabga ega emas. Chunki investorlar tasodifga tayanib emas, balki barqaror daromad olishga intiladilar. Yutuq olishni istaganlar esa lotereya chiptalari sotib olishni ixtiyor etadilar. Bu turdagi qarziy majburiyatlarning asosiysi foizli obligatsiyalar boʻlib, ular boʻyicha daromad kuponlar asosida yilda bir, ikki yoki toʻrt marta toʻlanadi. Investorlarning juda koʻpchiligi ana shunday qarziy majburiyatlarni ma’qul koʻrishadi.
Davlatning qisqa muddatli qarziy instrumentlari kuponlarga ega emas. Ular nominalidan chegirmalash asosida sotiladi va nominal boʻyicha sotib olinadi. Ayrim
uzoq muddatli qarziy majburiyatlar ham kuponlarga ega boʻlmasligi mumkin. Ular
boʻyicha barcha daromadlar asosiy qarzning summasi bilan birgalikda toʻlanadi. Xuddi qisqa muddatli obligatsiyalar singari ular ham nominalidan chegirmalash orqali sotiladi va nominali boʻyicha sotib olinadi. Amaliyotda bunday obligatsiyalar nol kuponli obligatsiyalar nomini olgan.
Davlat qarzlarini boshqarish va u bilan bog‘liq risklarni oldini olish keng qamrovli huquqiy, iqtisodiy va texnologik asoslar orqali amalga oshiriladi. Shu paytga qadar davlat tashqi qarzi bilan bog‘liq barcha munosabatlar 1996-yil 29-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Xorijdan mablag‘ jalb qilish toʻg‘risida”gi 263-I-son Qonuni orqali tartibga solingan boʻlib, davlat qarzlarini iqtisodiy oʻsishni rag‘batlantirish, kreditorlarga oʻz vaqtida ishonchli tarzda toʻlovlarni amalga oshirish, davlat qarzining YaIMga nisbatan yillik limitlarni belgilash va boshqa davlat qarzi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish zaruriyati “Davlat qarzi tog‘risida”gi qonunni ishlab chiqishni taqozo etdi deyishimiz mumkin. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi 2021-yilning 12-noyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritildi.
Bu qonun loyihasidan avval ilk bora mamlakatimizda davlat qarzini xavfsiz darajada saqlab turish uchun uning cheklangan miqdorlarini qonun bilan belgilash amaliyoti joriy etilgan edi. “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻg‘risida”gi Qonunda 2020-yilda davlat tashqi qarzi shartnomalariga limit 5,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida qat’iy belgilab qoʻyildi. Bu amaliyot keying yilda ham mantiqan davom etgan holda Oʻzbekiston Respublikasining “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻg‘risida”gi OʻRQ-657-son Qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz koʻrsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerakligi belgilab qoʻyildi. Shuningdek, 2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 mlrd. AQSh dollari, shundan Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun - 2,2 mlrd. AQSh dollari (shu jumladan, davlat qimmatli qog‘ozlari - 5 trln. soʻm), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun - 3,3 mlrd. AQSh dollari miqdorida belgilanishi qonun bilan belgilab qoʻyildi. Bu koʻrsatkich hukumatni target emas, balki ichki va tashqi shok boʻlgan taqdirda ham davlat qarzining barqarorligini saqlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatli9. 2022-yil uchun davlat byudjetining parametrlari va 2023-2024-yillarga byudjet moʻljallari toʻg‘ridagi 742-sonli Qonunda ham yillik limit va chegarlar belgilandi va davlat qimmatli qog‘ozlarining sof qiymati degan tushuncha kiritildi. Unga koʻra, 2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSh dollari, shundan
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun -2,5 mlrd AQSh dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun - 2,0 mlrd AQSh dollari miqdorida belgilandi va Moliya vazirligi tomonidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6 trln soʻm miqdorida belgilangaligini alohida qayd etishimiz mumkin.
Davlat qarzini oʻrta va uzoq muddatli samarali boshqarish strategiyalarini ishlab chiqishda jahonda katta ta’sir kuchiga ega xalqaro moliya institutlar (Jahon Banki Guruhi va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi) alohida oʻrin tutadi. Xususan Oʻzbekistonda ham ilk bor ushbu ikki xalqaro moliya tashkilotlarining texnik koʻmagida 2019-yil oktabr oyida 2019-2022-yillarga moʻljallangan “Davlat qarzini boshqarishning oʻrta muddatli strategiya”si ishlab chiqildi va hozirda barcha qilinayotgan islohotlar ushbu hujjatga asoslanib amalga oshirilmoqda. Ushbu strategiyaga muvofiq quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:
✓ davlat qarzlarini boshqarish strategiyasini doimiy tarzda rivojlantirish va yangilab borishni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrish;
✓ yillik qarz olish rejalarini ishlab chiqish va Oʻzbekistton Respublikasining davlat byudjeti toʻg‘risidagi qonunida aks ettirish;
✓ har chorakda davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi statistik blyutenini ishlab chiqish va jamoatchilikka ochiq ma’lumotlar berish tizimini kengaytirish;
✓ davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini jozibadorligini oshirish hamda individual shaxslar va xorijiy investorlarga DQQ bozorini ochib berish choralarini koʻrish;
✓ davlat qarzlarini muddatlar, investorlar, valyutalar va boshqa muhim jihatlari boʻyicha samarali diversifikatsiya qilish choralarini koʻrish.
Davlat qarzining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib gapiradigan boʻlsak, davlat qarzi har qanday bozor iqtisodiyoti va ochiq bozor yoʻlini tanlagan mamlakatlarga xos boʻlib, agar ulardan foydalanish ustidan toʻliq samarali nazorat olib borilsa, davlat qarzi iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilgan holda aholi faravonligiga xizmat qilishi mumkin deya olishimiz mumkin. Bunga yaqqol misol sifatida Yaponiyaning iqtisodiy moʻjizasini keltiramiz, ya’ni yaponlar oʻz hukumatlariga ishongan va yetarlicha qarz bergan.
Download 19.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling