Estetik munosabat tushunchasining mohiyati. Nafosatning ma’naviy qadriyat sifatidagi ahamiyati


Nafosatning ma’naviy qadriyat sifatidagi ahamiyati


Download 141 Kb.
bet2/4
Sana18.06.2023
Hajmi141 Kb.
#1567057
1   2   3   4
Bog'liq
Estetik munosabat va estetik faoliyat. Estetik anglash va uning tuzilmasi

Nafosatning ma’naviy qadriyat sifatidagi ahamiyati
Nafosat bir tomondan real voqelikni, ikkinchi tomondan ilmiy tushunchani anglatadi. U real voqelik sifatida inson hayotining barcha sohalarini nurlantirib turuvchi qamrovli ma’naviy hodisa, tushuncha sifatida esa estetika faniga oid yuzlab, ehtimol, minglab atamalarni o‘z ichiga olgan eng yirik istiloh, ovro‘pacha ta’rifda – metakategoriya. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, nafosatning «hududi» nihoyatda keng: u ob’ektiv voqelik sifatida narsa-hodisalarning estetik xususiyatlarini bildirsa, sub’ektiv voqelik tarzida insonning ana shu xususiyatlarni anglash va idrok etish borasidagi botiniy faoliyatidir.
SHu o‘rinda estetik xususiyatlar o‘zi nima, ularning mavjudlik shartlari nimalar bilan belgilanadi, degan masalaga to‘xtalib o‘tish joiz.
Odatda go‘zallik, ulug‘vorlik, fojeaviylik, kulgililik singari istilohlar haqida gap ketganida, biz ularni estetikaning mezoniy tushunchalari yoki asosiy kategoriyalari deymiz. CHunki ular estetika fanining mezonlarini belgilab beradigan istilohlar hamda fan salmog‘ini ko‘rsatadigan o‘lchov tushunchalar vazifasini bajaradi, ya’ni ular yuqorida aytilganidek, o‘zlari voqelik bo‘lmagani holda estetik voqelikning mohiyati, tuzilmasi shakli v. h. to‘g‘risida fikrlash uchun maxsus kalit bo‘lib xizmat qiladilar. Deylik, go‘zallik tushunchasi tabiat, jamiyat yoki san’atda mavjud bo‘lgan estetik ob’ektning go‘zalligini sharhlash, tadqiq va talqin etish, uchun zarur; lekin u narsa-hodisaning ob’ektiv reallikdagi estetik xususiyatini izohlar ekan, ayni paytda shu xususiyat to‘g‘risidagi ilmiy talqin mezonlarini belgilab berish vazifasini ham o‘taydi. Ana shu ob’ektiv reallikdagi estetik xususiyatlar (go‘zallik, ulug‘vorlik, fojeaviylik, mo‘‘jizaviylik va boshqalar) nafosatni tashkil etadi. Bu xususiyatlar ham san’at, ham tabiat, ham jamiyat olamidagi ob’ektlarda mavjud bo‘ladi. Masalan, CHotqol tog‘ tizmalariyu, tungi yulduzli osmonning va Samarqanddagi Registon majmuasiyu, Buxorodagi Arslonxon minorasining ulug‘vorligi, bahordagi rang-barang lolazorlaru, qoyani yorib chiqqan tog‘ gulining va Berta Davidova ijro etgan «Munojot» qo‘shig‘iyu, CHo‘lpon qalamiga mansub «Go‘zal» she’rining go‘zalligi har ikkala turdagi – tabiat va san’atdagi ob’ektlarga mansub estetik xususiyatlardir. Bundan tashqari, bu kabi estetik xususiyatlarni biz ishlab chiqarishda – texnika sohasida, dizaynda, atrof-muhitni go‘zallashtirishda, oilaviy turmushdayu, sportda va boshqa sohalarda ham ko‘rishimiz mumkin. Bularning bari bizni o‘rab turgan estetik muhit bo‘lmish nafosatni tashkil etadi.
Biroq, bu – nafosatning bir tomoni, uni shartli ravishda tashqi nafosat yoki ob’ektdagi nafosat deyishimiz mumkin. Nafosatning ikkinchi tomoni ham borki, o‘zini ichki nafosat yoki sub’ektdagi nafosat tarzida namoyon qiladi. Ana shu ikkinchi jihat estetik jarayonni vujudga keltirish xususiyatiga ega bo‘lgan falsafiy hodisa - voqelikni estetik anglash orqali izohlanadi.

Download 141 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling