Etika kategoriyalarining o'ziga xos xususiyatlari. Reja


Download 29.69 Kb.
bet2/8
Sana08.04.2023
Hajmi29.69 Kb.
#1342368
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Etika kategoriyalarining o\'ziga xos xususiyatlari

Muhabbat va nafrat. Muhabbat bosh mezoniy tushuncha sifatida deyarli barcha asosiy tushunchalarda va tamoyillarda o’z “hissa”siga ega. Shu jihatdan atoqli tasavvufshunos Najmiddin Komilov: “Juda ko’p irfoniy tushuncha-istilohlarning sharhi muhabbatga borib taqaladi”, - der ekan, ayni haqiqatni aytadi3. Na ezgulikni, na yaxshilikni, na vatanparvarlikni, na insonparvarlikni muhabbatsiz tasavvur etib bo’lmaydi. O’tgan boblarning ba’zilarida biz bu tushunchaning mohiyati, turlari haqidagi Ilohiy Og’ustin, Imom G’azzoliy, Erix Fromm singari mutafakkirlar fikrlarini keltirgan edik. Qo’shimcha qilib shuni aytish mumkinki, muhabbat – insoniy mohiyatning erkin tarzda namoyon bo’lishidir, u zo’ravonlik yoki zo’rma-zo’rakilik bilan chiqisha olmaydigan hodisa. U me’yorlar, an’analar, qonunlarga bo’ysunmaydi, lekin yuksak axloqiylik ifodasi tarzida insonga ulkan mas’uliyat yuklaydi, uni jasoratga chorlaydi, u - insonni tashqi va transtsendental olam bilan bog’laydigan, uni yolg’izlikdan olib chiqadigan buyuk kuch.
Muhabbatning ob’ekti doimo go’zallik, manfaatsiz go’zallik. U - Allohmi, Vatanmi, yormi muhabbat egasiga undan-da go’zalroq narsa yo’q. Ayni paytda bir ob’ektni sevgan kishi boshqa ob’ektlarni ham sevishi tabiiy. Deylik, yorga bo’lgan haqiqiy muhabbat Vatanga, insoniyatga muhabbatni inkor etmaydi, aksincha, barqaror qiladi. Zero, “o’z-o’zicha”, “yakka”, “xudbin” muhabbatning bo’lishi mumkin emas. Inson o’zi o’zgaga aylanganida, o’zgani o’ziga aylantira olganida haqiqiy muhabbat egasi hisoblanadi. Mana shu ob’ekt bilan sub’ekt orasidagi farqning “yo’qolishi” eng buyuk, eng mukammal lazzatdir. Buni mavlono Fuzuliy nihoyatda go’zal qilib, bir baytda shunday ifodalaydi:
Ishqdir ul, nasha’i komilkim, andandir mudom
Mayda tashviri harorat, nayda ta’siri sado4.
Komil nash’a, komil lazzatga faqat komil insongina erisha oladi. Demak, muhabbat inson axloqiy hayotining cho’qqisi, komillik belgisidir. Shu bois haqiqiy muhabbat egalari yoshlar tomonidan doimo axloqiy ideal tarzida qabul qilinadi: Farhod va Shirin, Romeo va Juletta, Otabek, Kumush va h.k. Shunday qilib, muhabbatni shaxs erkinligining axloqiy zarurat sifatidagi o’ziga xos ko’rinishi, baxtga erishuvning asosiy omili deyish mumkin.
Ta’kidlash lozimki, muhabbat – oliy tuyg’u, shu ma’noda u oliy tushuncha. Lekin uni tuban, quyi narsa-hodisalarga nisbatan ham qo’llash hollari uchrab turadi. Chunonchi, Fromm singari g’arblik mutafakkirlar, ba’zi rus faylasuflari muhabbat tushunchasini o’likka(nekrofil), mol-dunyoga, pulga nisbatan qo’llaydilar. Ularga nisbatan “o’chlik”, “ruju”, “hirs” singari tushunchalarni qo’llash ma’qul emasmikan?
Muhabbat ham, Etikadagi ko’pgina tushunchalardek, “juftlik” xususiyatiga ega, uning ziddi – nafrat. Nafrat tushunchasi, albatta, muhabbat singari keng qamrovli emas. U aksil muhabbat tarzida namoyon bo’ladi, ob’ektdan chetlashishni, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanch hissi nafratning kundalik turmushdagi tor, “mayda” ko’rinishidir. Nafratning ularga nisbatan “yirikligi” uning ijtimoiy hodisa sifatida mavjudligidir.
Ayni paytda, nafrat g’azabdan keskin farq qiladi. U, g’azabga o’xshab, o’z ob’ektini yo’qotishga intilmaydi, undan faqat yuz buradi. Uni muhabbat egasida o’z muhabbati ob’ektiga nisbatan tashqi bir kuchning noinsoniy, adolatsiz, noinsoflarcha munosabati tufayli o’sha kuchga qarshi qo’zg’aladigan hissiyot deyish mumkin. U davomiylik tabiatiga ega, g’azab kabi o’tkinchi hodisa emas. Agar g’azabning asosida inson fe’lining salbiy holati - oniy badjahllilik yotsa, nafrat uchun chuqur o’ylab qabul qilingan uzil-kesil qaror yotadi. Ko’rinishdan nafrat kishida yoqimsiz taassurot uyg’otsa-da, ko’p hollarda u illat emas, axloqiy fazilat sifatida insonning vijdonliligidan, botiniy jasoratidan dalolatdir. Shu o’rinda buyuk frantsuz yozuvchisi Emil Zolyaning “Nima menda nafrat uyg’otadi”, - degan estetikaga doir kitobiga yozgan so’zboshisidan olingan quyidagi fikrni keltirish maqsadga muvofiq.
“Nafrat – muqaddas. Nafrat bu – kuchli va qudratli yuraklarning noroziligi, bu – o’rtamiyonalik va pastkashliklardan qahrlanadigan odamlarning jangovar jirkanchi. Nafratlanmoq – sevmoq degani, o’zida otashin va mardona qalbni his qilmoq, nimaiki sharmandalik va nodonlik bo’lsa, o’shanga nisbatan chuqur hazar tuyg’usini tuymoq degani. Nafrat engillik beradi, nafrat adolat o’rnatadi, nafrat yuksaltiradi”5.
Nafratdan tashqari yana rashk tushunchasi borki, u - ijtimoiy hodisa emas, ko’p hollarda jinsiy muhabbat bilan yonma-yon keladi. Ma’lumki, muhabbat egasi o’z sevgisini va sevgilisini qizg’anib, asrab qolishga harakat qiladi. Ana shu qizg’anish hissi me’yoridan oshib ketganda rashkka aylanadi. Rashk esa, uni qanchalik ta’rif-tavsif qilmaylik, me’yorning buzilishi, illat. Chunki uning mohiyati xudbinlikka borib taqaladi: muhabbat egasi muhabbat lazzatiga noil bo’lgani holda uning iztirobidan qochishga intiladi; o’zi chekishi lozim bo’lgan iztirobni o’z muhabbat ob’ektiga o’tkazishga harakat qiladi. Natijada ba’zan iztirobni yo’qotishga intilish muhabbat ob’ektining o’zini yo’q qilishga, fojiaga olib keladi.

Download 29.69 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling