Ey inson farzandi, sen ilmli va adabli bo‘l. Ilm va adab senga mushfiq otangdek bo‘lsin


Download 18.92 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi18.92 Kb.
#1608838
Bog'liq
Ilmning fazilati


Ilmning fazilati
— Buyuk alloma Mahmud az-Zamaxshariy “Ey inson farzandi, sen ilmli va adabli bo‘l. Ilm va adab senga mushfiq otangdek bo‘lsin” degan ekan. Sharqda azaldan kitob ko‘rgan odamlarning ilmi va amali bir bo‘lgan. Ammo bugun zamonaviy bilimlarni puxta egallayotgan ayrim yoshlar adab masalasida biroz xomdek… Mayli, zohiriy ko‘rinish mayda gapdir, ammo qalb tarbiyasi dolzarb masala. Inson hayotida ilm nechog‘lik muhim? Adab-chi?
— Ilm-ma’rifat, odob-axloq masalasi kishilik jamiyatida, bashariyat hayotida hamisha alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Xalqimiz qadimdan elning ilmli kishilariga ishongan, ularga ergashgan. Misol uchun, Islom dini bizning mintaqamizda 725—730 yillarda mahalliy aholi tomonidan qabul qilindi. Birinchi galda ilmli kishilar din bilan tanishib, Qur’oni Karimni o‘qib, hadislarni o‘rganib, bu nafaqat muqaddas din, balki buyuk ta’limot ekanini o‘z vaqtida to‘g‘ri anglashdi, xalqqa ham to‘g‘ri tushuntira olishdi. Ziyoli, ma’rifatli insonlar imon keltirishgachgina el-ulus ham Islomni qabul qildi. Bizning baxtimiz shundaki, ilmli ajdodlarimiz haq yo‘lni tanlay bilishdi. 
Qur’oni Karimda 800 dan ortiq o‘rinda ilm haqida bayon qilingan. Ilm-ma’rifat yuksak ta’riflangan. Ilmning xosiyati haqida ko‘plab hadislar bor. “Eng yaxshi ibodat ilm olmoqdir” deyiladi hadisi sharifda. Demakki, ilm olmoq ibodat darajasida ulug‘langan. 
Har bir mo‘min kishi u kim bo‘lishidan qat’i nazar, professormi, tadbirkormi, dehqonmi yuragining bir burchida “Menga ham jannat nasib bo‘larmikan?” degan o‘y bilan yashaydi. Hadislardan birida “Hamma narsaning bir yo‘li bor. Jannatga yo‘l ilm olish bilan egallanadi” deyiladi. Garchi hayotning turli jabhalarida faoliyat yuritsa-da, ilmga tashnaligi, kitobga mehri bo‘lgan odam, albatta, solih kishidir. 
Yana bir o‘rinda “Islom — bu ilmdir” deyiladiki, bunda faqatgina diniy bilimlar nazarda tutilmaydi. Ezgulikka boshlovchi hamma ilmlarni o‘rganmoq farzdir. Bizning dono ajdodlarimiz bu hadislarga qat’iy amal qilganlar. Islomning ustunlari ilm deganlar. Alohida faxr bilan aytish kerakki, musulmon olamida dastlabki madrasalar bizda ochilgan. Ularni o‘z davrining universitetlari darajasida tushunish kerak. Chunki madrasada diniy ta’limot bilan birga, tarix, falsafa, astranomiya, tabobat kabi dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan. Buxoro, Samarqand, Shosh, Termiz, Nasaf kabi qadimiy shaharlarimizda ana shunday ziyo maskanlari bo‘lgan. Taassufki, biz hali madrasalarimiz tarixini to‘la tadqiq qilganimiz yo‘q. Ularni o‘rganishga ajdodlar oldida qarzdormiz.
Men o‘tgan asrning 70-yillarida uch yil Bag‘dodda tarjimon bo‘lib ishladim, yashadim. U yerda chiqadigan “Jumhuriya” gazetasida doktor Noji Ma’ruf degan olimning “Madrasalar tarixi” nomli maqolasini o‘qib qoldim. Bu maqoladan shunday ta’sirlandimki, uning muallifini izlab Bag‘dod universitetiga bordim.
“Men Movarounnahrdan keldim”, deya uning xonasiga kirdim. U ochiq chehra bilan “Xush kelibsan” deya kutib oldi-yu, vatanim haqida, tarixi haqida so‘radi. Men u paytlarda yosh edim, hozirgidek to‘liq ma’lumotlarga ega emasdim. Shu suhbatda doktor Noji Ma’ruf “Birinchi madrasalar sizlarda ochilgan” degan edi. Bu so‘zdan shunchalik faxrlangan edimki, buni shunchaki ta’riflab bo‘lmaydi. 
Darvoqe, odob haqida. Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy(736—798) degan alloma haqida o‘qigandirsiz. U Turkmanistonda tug‘ilgan, ammo umrining ko‘p qismi Samarqand va Buxoroda o‘tgan. Qashqadaryoning Muborak tumanida mutafakkirning ramziy qabri bor. Imom Buxoriy, Imom at-Termiziylar undan hadislar rivoyat qilishgan. Shu alloma asarlaridan birida “Men ilmni yigirma yil o‘rgandim, odob-axloqni esa o‘ttiz yil” degan ekan. 
Donishmand ajdodlarimiz ma’rifat va axloqni egiz tutishgan. Misol uchun, buyuk alloma Al Hakim at-Termiziy (820—932) ma’rifatlilik va donishmandlikni toza xulqi bilan bezagan inson bo‘lgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan. Uning ta’limotida qalb musaffoligi masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan.
— Ammo tarbiya mutelik degani emas. Imom Buxoriy hazratlariga o‘sha paytlardagi Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad Zuhliy vakil jo‘natib “Menga va farzandlarimga “Jome’ as-Sahiyh”, “Tarix” va boshqa kitoblaringizni olib kelib, o‘qib bering” deydi. Imom Buxoriy u yerga borishdan bosh tortadilar. So‘ng amir yana vakil yuborib, boshqalarga qo‘shmasdan uning farzandlariga alohida dars berishini so‘raydi. Ammo yana rad javobini oladi. O‘sha davrda Buxoriyni o‘jarlikda, ta’bir joiz bo‘lsa, amirga nisbatan hurmatsizlikda ayblaganlar ham bo‘lgan. 
— Sharqona tarbiya degani haq-nohaqning oldida bosh egib turaverish, noto‘g‘ri ishlarda ham royish berish emasligini ham unutmasligimiz lozim. Bizning axloqimiz iymon bilan, vijdon bilan, qat’iy hayot pozitsiyasi bilan bog‘liq masala. O‘zbekona tarbiya odobsizni odob bilan yengishni o‘rgatadi. Ya’ni bahs-munozaralarning ham go‘zal qoidalari borki, bu g‘arbdagi arzimagan narsaga ayyuhannos solib, yoqalashish degani emas. Bizda e’tiroz bildirmoqda ham, birovni rad etmoqda ham odob bilan yondashiladi. Bunga tarixiy misollar juda ko‘p.
Al-Buxoriy bilan bog‘liq voqeaga kelsak. Avvalambor, tarixiy voqeani to‘g‘ri talqin qilish juda muhim:
Imom Buxoriy uzoq yillik safardan so‘ng ona yurtiga qaytgach, o‘z hisobidan katta rabot, zamonaviy tilda aytganda katta majmua qurdiradi. Uning tarkibida madrasa, masjid, oshxona, mehmonlar uchun turar joy kabi binolar bo‘ladi. Shu qurilishda hazratning o‘zlari ham bevosita qatnashadi. Ha, endi, bular imom Buxoriydek ulug‘ zot shaxsiyati oldida mayda gaplar. Xullas, shu jarayonda amir Xolid ibn Ahmad Zuhliy vakilini yuborib, Imomdan huzuriga kelishini so‘raydi. O‘sha kunlarda allomadan hadis eshitaman deb keladiganlarning oxiri yo‘q edi. Bu yoqda qurilish avjida. Xullas, Buxoriy borolmasligini, agar amir istasa kelishini, unga bajonu dil saboq berajagini aytadi. Ammo o‘rtadagi vakillar bu javobni juda qo‘pol tarzda amirga yetkazishadi. Biroz vaqt o‘tgach, Ahmad Zuhliy yana vakil jo‘natib, farzandlariga alohida ilm berishini so‘raydi. Ammo Buxoriy har bir inson kim bo‘lishidan qat’i nazar, ilm olishga teng haqli ekanini chiroyli tushuntiradi va taklifni rad etadi. Buni qarangki, o‘rtadagi vakillar yana qo‘shib-chatib amirga javobni yetkazishadi. Shundan so‘ng Buxoriyga qarshi fitnalar boshlanadi. Shu voqea ham al-Buxoriy fe’lidagi moddiyatdan ko‘ra ma’naviyatni ustun qo‘yish, xalq manfaati oldida xudbinlik qilmaslik kabi fazilatlarini ko‘rsatadi. 

Navbahor tuman Uchtut jome masjidi imom xatibi B. Tursunov.
Download 18.92 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling